Home / MAQOLALAR / VAQT OʻGʻRILARI

VAQT OʻGʻRILARI

Vaqt insonga berilgan eng katta neʼmatlardan biridir. Uning bebaholigi haqida koʻp gapiriladi. Lekin uni foydasiz narsalarga sarflab zoye qilish illati azaldan mavjud. Insoniyat boshqa neʼmatlar qatori vaqtni ham isrof qilishga odatlanib qolgan.

Hadisda kelganidek, “Ikki neʼmat borki, koʻp odamlar u ikkisidan gʻaflatda qoladi. Ular – sihat-salomatlik va boʻsh vaqtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Biz doimo “mening vaqtim yoʻq”, “ishlarimga ulgura olmayapman” va “kunim qanday oʻtganini bilmay qoldim” degan gaplarni tez-tez ishlatamiz, eshitib turamiz. Bu bilan vaqtni toʻgʻri taqsimlamaganimiz, undan unumli foydalanmaganimizni koʻrsatamiz, xolos. Goʻyoki vaqtimiz kamayib qolgan yoki oʻgʻirlanmoqda.

Ha, qaysidir maʼnoda vaqtimizni oʻgʻirlashmoqda. Oʻgʻrilar bizga tegishli biror narsani bizdan yashirincha olib qoʻysa, vaqt oʻgʻrilari oshkora harakat qiladi. Bunga oʻzimiz ham rozi boʻlamiz. Bular bizni kundalik vazifalarni bajarishdan chalgʻitadigan, ishimizga toʻsqinlik qiladigan narsalardir.

Vaqtimizning bir qancha oʻgʻrilari bor. Avvalo, biz koʻp vaqtni telefonga sarflaymiz. Chunki bu “hamrohimiz” oʻzida juda koʻplab imkoniyatlarni mujassam qilgan. Hozirgi paytda uning asosiy funksiyasi ijtimoiy tarmoqlar bilan aloqadan iborat boʻlib qoldi.

Insoniyat hozir “ijtimoiy tarmoqlar dunyosi”da yashamoqda. Bundan har kim turli maqsadlarda, xohlaganicha foydalanmoqda. Bu jarayonda soatlab vaqt oʻtkazmoqda. Toʻgʻri, IKT vositalaridan ishda, oʻqishda, (ayniqsa hozirgi sharoitda) va boshqa kerakli maqsadlarda foydalaniladi. Lekin koʻpchilik vaqtini behuda, shunchaki sarflab yubormoqda. Boʻsh vaqt topgan zahoti, hatto yarim tunda ham, tarmoqqa shoʻngʻiydi.

Shuningdek, kattayu kichikning yana bir ovunchogʻi televizordir. Agar kishi serial muxlisi boʻlsa, uni koʻrish uchun alohida tayyorgarlik koʻradi, bor eʼtiborini qaratadi. U beradigan “maʼnaviy ozuqa”ning foyda-zarari bilan ishi yoʻq. Uni koʻrsa, vaqtini oʻtkazsa boʻldi. Baʼzida tunning koʻproq qismini televizor qarshisida oʻtkazib yuboradi. Bu, albatta, ertangi ish kuni, kayfiyati va salomatligiga taʼsir oʻtkazadi.

Agar kishi futbol uchrashuvini tomosha qilganda, oʻyindan oldingi va keyingi tahlillarga murojaat qilmasa, atigi ikki soatni behuda sarflaydi. Tafsilotlarga beriladigan boʻlsa, bu yoʻqotish chandon-chandon koʻpayadi.

Bugungi dinamik hayotda hamma ham “bugungi ishni ertaga qoʻyma” hikmatiga amal qilavermaydi. Ajablanarlisi shundaki, bugun qilish mumkin boʻlgan ishlarning aksariyati boshqa kunga qoldirilyapti. Odamlar ertangi kunga oʻz qoʻli bilan muammo olib oʻtayapti.

Kundalik hayot va ish jarayonidagi muhim va ikkilamchi narsalarni ajaratib olmaslik vaqtni toʻgʻri taqsimlashga xalal beradi. Zarur boʻlmagan va behuda narsalarga urinish muhim va tezkor qilinishi kerak boʻlgan ishlardan chalgʻitadi. Kishi bir ishni boshlaydiyu, keyin noxosdan telefonni olib, suhbatni boshlaydi va nima qilayotganini unutib qoʻyadi.

Yuqoridagilarga qoʻshimcha qilib, eng katta vaqt oʻgʻrisi kishining oʻzi ekanini taʼkidlash kerak. Chunki ularga oʻzi ruxsat beradi, vaqtni sarf qiladigan ham oʻzi. Undan unumli, maqsadli foydalansa ham, befoyda va muhim boʻlmagan ishlarga zoye qilsa ham javobgar oʻzi boʻladi. Foydasi ham, zarari ham oʻziga. Vaqtni toʻgʻri taqsimlash, undan unumli foydalanish, xususan, boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazishni tashkil qilish muvaffaqiyatning dastlabki omili va asosiy shartlaridan biridir.

Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …