Home / XALQARO YANGILIKLAR / Buxoriy: Islom sanʼati koʻrgazmasi

Buxoriy: Islom sanʼati koʻrgazmasi

Oʻzbekistonning madaniy va tarixiy merosini targʻib qilish, islom dinining haqiqiy qadriyatlarini ochib berish maqsadida Buyuk Britaniyada boʻlib oʻtayotgan ijtimoiy fanlar xalqaro festivali doirasida islom olamining buyuk olimi Imom Buxoriy hadislaridan ilhomlangan ijod ahlining islom sanʼati koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda. Koʻrgazma Buyuk Britaniyaning Dacore IT kompaniyasi, Lester universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy halqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan va mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan.

Koʻrgazmada taniqli usta rassomlar bilan bir qatorda, xalqaro koʻrgazma va festivallarda qatnashgan yosh rassomlar ham ishtirok etmoqda. Ularning barchasini islom dini ruhiyati birlashtiradi.

Koʻrgazma ishtirokchilari orasida taniqli miniatyurachi Davlat Toshev, kitobot sanʼati boʻyicha tajribali rassom Kamoliddin Abdullayev, yosh va isteʼdodli rassomlar – xattot Sheyxa Abdullayeva, grafikachi rassom Yoqub Beknazarov va fotosuratchi Muhiddin Ali kabi taniqli madaniyat namoyandalari bor. Xalqaro miqyosda tan olingan “Soʻgʻdiyona” milliy cholgʻu-asboblari kamer orkestri koʻrgazma uchun maxsus yangi “Zikr” nomli kompozitsiyani tayyorlagan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov islom sanʼati butun musulmon dunyosida katta tarix va boy tajribaga egaligini, tabiyki, bunda koʻhna Movarounnahr va bugungi Markaziy Osiyoning hissasi beqiyosligini taʼkidladi. Shunday ekan, uni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazishda mazkur koʻrgazma beqiyos ahamiyat kasb etadi. Xattotlik va meʼmoriy saʼnat anʼanalari hanuzgacha davom etib kelmokda. Ularni yetuk ustozlar yordamida munosib shogirdlarga yetkazishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash lozim. Zero, sanʼatdan bahramand boʻlgan insondan faqat ezgulik kutiladi.

Hujjatli filmlar boʻyicha mashhur kinorejissyor, asli los-anjeleslik boʻlgan, hozir Buyuk Britaniyada faoliyat yuritib kelayotgan Ovidio (Abdulatif) Salazar koʻrgazmaga bunday taʼrif berdi:

– Kuni kecha ochilgan Buxoriy: Islom sanʼati koʻrgazmasiga meni taklif qilganingizdan behad minnatdorman. Rassomlar ijodining nihoyatda rang-barangligi meni juda hayratga soldi. Ular Imom Buxoriy toʻplamidan hadislarni badiiy ifoda etib bergani buyuk tahayyur va tahsin hislarini uygʻotadi. Bu haqiqatan ham ilhombaxsh ishdir. U nafosat va tinchlikparvarlik dini sifatida islomning anʼanalariga tayanishimiz mumkin va zarurligini namoyish etdi.

Islom sanʼati eng boy va keng tarqalgan Sharq sanʼatlaridan biridirki, hali-hanuz uning yangi-yangi qirralari kashf etilish jarayoni toʻxtamagan. Timsollarga boy boʻlgan islom sanʼati juda jozibador boʻlib, borliqning barcha moddiy va nomoddiy jabhalari orqali Xoliqni va Uning buyukligini anglashga yoʻnaltirilgan chuqur maʼnoga ega.

Islomda Yaratganni anglashning turli xil usullari (mazhablar va tariqatlar) mavjud, ammo ularning barchasi bir manbaga – Qurʼoni karimga olib keladi. Shu bilan birga, Qurʼonni tushunish barcha musulmonlar uchun namuna hisoblanmish Rasuli Akram Muhammad Mustafo (S.A.V.) orqali kelgan. Demak, islomni anglashning ikkita asosiy usuli mavjud boʻlib, ulardan asosiysi Qurʼonni oʻqish va oʻrganishdir. Shu bilan birga, Imom Buxoriy asari Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning butun sunnatlarini oʻzida mujassam qilgan muqaddas kitobdir.

Islom tarixiga nazar solsak, minglab olimlar Muhammad Paygʻambarni (S.A.V.), uning hayoti va taʼlimotini sinchkovlik bilan oʻrgangan. Ular orasida taniqli islomshunos olim, muhaddislar sultoni, sayyoh va filomat – Imom Buxoriyning tutgan oʻrni beqiyosdir. Uning “Sahihul Buxoriy” toʻplami diniy qonun va axloqiy koʻrsatmalarning asosiy manbai sifatida tan olingan boʻlib, islom olamida Qurʼondan keyingi ikkinchi muhim manba hisoblanadi.

Muhaddislikda “sahih” yoʻnalishining asoschisi hisoblanmish Imom Buxoriy minglab islom ulamolaridan 600 mingdan ortiq hadis toʻplab, ular orasidan 7275 ta eng sahihini (ishonchlisini) saralab olib, “Al-Jomiʼ as-Sahih” kitobiga kiritgan. Mazkur toʻplam hadis toʻplamlari orasida eng ishonarli va mukammalidir. Toʻplamda Paygʻambar (S.A.V.) hadislaridan tashqari, fiqh (islom huquqshunosligi), islom marosimchiligi, ahloq-odob, taʼlim-tarbiya hamda oʻsha davr tarixi va etnografiyasiga doir maʼlumotlar ham berilgani diqqatga sazovordir.

Ushbu koʻrgazma qator ijodkorlarni birlashtirdi. Ijod ahli oʻz ilhomi orqali tinchlik, donolik va bagʻrikenglikni oʻzida mujassam etgan ezgu din – islom gʻoyalarini halqaro darajada sanʼat muxlislariga taqdim etishdek xayrli maqsadni niyat qildi. Zero, bu umuminsoniy va har kimga tegishli boʻlgan qadriyatlardir.

Ushbu koʻrgazmaga qoʻyilgan barcha sanʼat asarlari “Sahihul Buxoriy” hadislaridan ilhomlanib yaratilgan ijod mahsullaridir.

Islom taʼlimoti aslida shunchalik keng qamrovliki, uni bitta koʻrgazmada namoyish etishning iloji yoʻq, albatta. Biroq islomning eng muhim va birlamchi omillaridan biri – bu nafaqat insonning tashqi, balki ichki holatiga taʼsir koʻrsatuvchi poklikdir. Shu sababli, ushbu koʻrgazmada namoyish etilayotgan ijodiy ishlar quyidagi mavzularni aks ettirishga qaratilgan:

Jism nafaqat insoniyatning, balki butun borliqning jismoniy qismi, moddiy shaklidir. Shakllar islomda yaxshi tasvirlangan boʻlib, bunda vujudning pokligi eng birlamchi ahamiyat kasb etadi. Koʻrgazmadagi ijodiy ishlarda ana shu shakllarni yanada goʻzallashtiruvchi odob va tarbiya masalari aks ettirilgan.

Tafakkur fikrlar, ilm va zehn, demakdir. Asrlar davomida ong pokligi, bilimlarni kashf etish va kengaytirish istagi islomda chuqur maʼno va anʼanalarga asoslangan. Ilmning muhimligi va falsafiy maʼnolari doimo diqqat markazida boʻlib kelgani ham shundan.

Qalb, deganda esa, his-tuygʻular hayot tarzining muhim qismi sifatida maydonga chiqishi anglashiladi. Hadislar ularni isloh etish toʻgʻrisida soʻylaydi. Hozir faol targʻib qilinayotgan emotsional salohiyat tushunchasi hamisha islom taʼlimotining ajralmas qismi boʻlib kelgan.

Ruh – tinchlik va erkinlik, deganidir. Bu mavzu odamlar uchun shunchalik ravshan boʻlish bilan birga, nomaʼlum jabha hamdirki, u ijodkorlik va izlanish uchun katta imkoniyat yaratadi.

Hayot insoniyatning butun borligʻi, botiniy va zohiriy olamlari tutashuvini nazarda tutadi.

Koʻrgazmadagi barcha ijodiy ishlar mana shu mavzularga ishora qiladi va hadis ilhomiga asoslangandir.

Shunday qilib, asarlarning tavsifi va talqini hadis orqali ifodalanadi, bu esa koʻrgazmaga tashrif buyuruvchilar uchun islomning asosiy manbalari bilan yaqindan tanishishga yordam beradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hashar uyushqoqlik bilan oʻtdi

Xalqimizga xos goʻzal urf-odat, anʼana va qadriyatlarimiz orasida hashar birdamlik, hamjihatlik ramzini ifodalaydi. U tufayli …