Home / YANGILIKLAR / TINCH VA OSOYISHTA YURTIMIZGA BAYRAMLAR YARASHADI

TINCH VA OSOYISHTA YURTIMIZGA BAYRAMLAR YARASHADI

Prezidentimizning qaroriga muvofiq, xalqimizning maʼnaviy hayotida alohida oʻrin tutadigan, muqaddas islom dinining ezgu gʻoyalarini yaqqol ifoda etadigan bayram — Iyd al-Fitrni munosib nishonlash, jamiyatimizda insonparvarlik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, saxovat va shukronalik tuygʻularini kuchaytirish, yoshlarimizda yuksak fazilatlarni kamol toptirish maqsadida Ramazon hayiti 2021 yil 13-15 may kunlari mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlanmoqda. Ramazon hayiti munosabati bilan davlatimiz rahbari nomiga koʻplab xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari nomidan qutlovlar kelishi davom etmoqda. Oʻz oʻrnida, Prezidentimiz tomonidan ham chet el davlatlari rahbarlariga tabriknomalar yuborildi. Shuni alohida aytish lozimki, Prezidentimizning Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Ramazon hayiti tabrigi yurtdoshlarimizni benihoya xursand qildi, barchamizga haqiqiy bayram kayfiyatini baxsh etdi.

Tabrikda xalqimizning boy va qadimiy diniy-maʼnaviy merosini tiklash va faol targʻib etish, buyuk ajdodlarimizning tabarruk qadamjolarini obod qilish boʻyicha olib borilayotgan salmoqli ishlar ham alohida taʼkidlab oʻtildi.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatida kalom ilmining atoqli namoyandasi Abu Muin Nasafiy, Namangan viloyatida tasavvuf taʼlimotining yirik vakili Sulton Uvays Qaraniy, Toshkent shahrida Suzuk ota yodgorlik majmualari bunyod etilgani, koʻplab masjid, madrasa va diniy obidalar qayta qurilayotgani yoki taʼmirlanayotgani, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi haqida toʻxtab oʻtildi. Ayniqsa, muborak Ramazon oyida buyuk Imom Buxoriy hazratlarining Samarqand viloyatidagi yodgorlik majmuasini mutlaqo yangi, zamonaviy holda barpo etishga tamal toshi qoʻyilganligi barcha yurtdoshlarimizga quvonch bagʻishlagani eʼtirof etildi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz bugungi shiddatli zamon mafkurasi, ayniqsa, dunyo miqyosida tobora keskin va shafqatsiz tus olayotgan raqobat, barqarorlikka nisbatan tahdidlar, farzandlar tarbiyasidagi doimiy hushyorlik va ogohlik masalalariga har qachongidan ham jiddiy ahamiyat berish lozimligini qayd etdi. Albatta, har birimiz bundan chuqur xulosa chiqarishimiz zarur.

Muborak Ramazon oyi davomida Prezidentimizning 2021 yil 8 apreldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan 2090 ta masjiddan 2046 tasida belgilangan qatʼiy sanitariya-gigiyena talablari asosida tarovih namozlari ado etildi. 1384 tasida xatmi Qurʼon oʻqilib, 30 dan ziyod jomeʼ masjidida oʻtkazilgan xatmlar internet orqali onlayn namoyish etildi. Tarovih namozlarida har kuni oʻrtacha 600 mingga yaqin namozxon ishtirok etdi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bugungi kunda diniy maʼrifat sohasida ham innovatsion usullarga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Koll-markaz Ramazon oyi davomida uzluksiz faoliyat koʻrsatdi. Fatvo boʻlimi tomonidan Toshkent islom instituti va Koʻkaldosh oʻrta maxsus bilim yurti mutaxassislari bilan hamkorlikda faqat roʻza ibodatiga oid savollarga 24 soat davomida javob beradigan Axborot kanali — Koll-markaz faoliyati tashkil qilindi.

Ramazon oyidagi targʻibot tadbirlaridan eng muhimi, bu albatta, iftorliklarni aholi tomonidan ixcham, isrofgarchiliksiz, milliy qadriyatlarimizga mos oʻtkazish masalasidir. Diniy soha xodimlari tomonidan mazkur masalani targʻib etish boʻyicha koʻplab maʼrifiy tashviqot ishlari olib borildi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ishlab chiqilgan Ramazon oyiga mos mavzulardagi juma tezislarida ham ushbu mavzu bilan bir qatorda joylarda narx-navoning sunʼiy oshirilishining oldini olish boʻyicha atroflicha tushuntirib borildi.

Odatda, Ramazon oyi oʻzining xayriya tadbirlariga boyligi bilan ajralib turadi. Xalqimiz qadriyatiga koʻra, bu oyda insonlar yanada saxiy, yanada muruvvatli boʻladilar. Muborak oy davomida imom-xatiblar va mahalla fuqarolar yigʻinlari faollari hamkorligida “Saxovat”, “Muruvvat” va “Mehribonlik” uylari, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, nogironlar, yolgʻiz keksalar, “Mehr” dasturi orqali olib kelingan fuqarolar hamda 23,5 mingdan ziyod kam taʼminlangan ehtiyojmand oilalarga homiylarni jalb qilgan holda, moddiy yordamlar koʻrsatildi. Bundan tashqari, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ham 5,2 milliard soʻmlikdan ziyod xayriya ishlari amalga oshirildi.

Oy davomida telekanallar orqali yirik diniy ulamolar, imom-xatiblarning Ramazon suhbatlari, shuningdek, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Anvar qori Tursunovning maʼrifiy suhbatlaridan iborat koʻrsatuvlar iftorlik va saharlik vaqtlarida namoyish etildi, radioeshittirishlar berildi. Bu, oʻz oʻrnida, hamyurtlarimiz tomonidan koʻtarinki ruhda qabul qilindi.

Oʻzbekistonning ziyorat turizm salohiyatini keng targʻib qilish maqsadida Turkiyaning TRT telekanali bilan hamkorlikda Toshkentdagi Hazrati Imom, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmualari kabi 30 ta yirik ziyoratgohlarimiz, shuningdek, allomalarimiz merosi haqida telekoʻrsatuvlar tashkil etildi.

13 may kuni yurtimizning 2021 ta masjidida 2 million 576 ming yurtdoshimiz Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan talablarga toʻliq rioya qilingan holda hayit namozini ado etdi. Hayit namozi maʼruzalarida soʻnggi yillarda din sohasidagi ijobiy oʻzgarishlar, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik va uni asrab-avaylash, hayit kunlari karantin talablariga rioya etish kabi mavzular yoritildi.

Shuningdek, Ramazon hayiti maʼruzalarida imom-xatiblar tomonidan Prezidentimizning bayram tabrigi mazmun-mohiyati yurtdoshlarimizga yetkazildi. Unga koʻra, bugungi kunda keng koʻlamli islohot va tub oʻzgarishlar natijasida yangilanib borayotgan yurtimizda xalq bilan muloqot, inson huquq va manfaatlarini, jumladan, vijdon erkinligini taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, bu borada ulkan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, koʻlami va miqyosi tobora kengayib borayotgan bunday amaliy ishlar yangi Oʻzbekistonni barpo etish, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishdek ezgu maqsadlarimizga uygʻun va hamohang boʻlib, barcha yurtdoshlarimizni ana shu gʻoyalar atrofida yanada birlashtirishga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi. Yurtdoshlarimiz tomonidan el-yurt tinchligi, mamlakatimiz obodligi, xalqimiz farovonligi, olib borilayotgan ezgu ishlarga muvaffaqiyat tilab, duolar qilindi.

Taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda yurtimizda ichki turizmni rivojlantirishga alohida urgʻu berilmoqda. Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Turizm va sport vazirligi bilan hamkorlikda Hayit munosabati bilan dam olish kunlari etib belgilangan 13 maydan 15 maygacha barcha ziyorat turizmi obyektlari karantin talablariga toʻliq rioya qilingan holda, ziyoratchilar uchun tayyorlab qoʻyildi. Yurtimizdagi 836 ta muqaddas qadamjo va ziyoratgoh, xususan, “Vaqf” fondi tasarrufidagi 189 ta ziyoratgohda tashrif buyuruvchilar uchun imtiyozli chegirmalar joriy etildi.

Darhaqiqat, bu yilgi Ramazon hayitining shukuhi oʻzgacha boʻldi. Davlat tashkilotlari va jamoatchilik oʻzaro hamjihatligini namoyon etdi. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 maydagi “Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi toʻlaqonli amalga oshirildi.

Yana bir eʼtiborli masala. Maʼlumki, yurtimizda oʻn olti diniy konfessiyaga taalluqli boʻlgan 136 dan ortiq millat va elatlar oʻzaro ahil-inoq va tinch-totuv yashab kelmoqda.

Hayit bayrami munosabati bilan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar, jumladan, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiy, Oʻzbekiston Rimkatolik markazi rahbari, yepiskop Yeji Matsulevich, Toshkent shahar Arman apostollik cherkovi rahbari, ruhoniy Aramais Grigoryan (Ovannes ota), Toshkent shahar yahudiylar diniy jamoasi raisi Arkadiy Isaxarov va Oʻzbekiston Bibliya jamiyati konfessiyalararo muloqot boʻyicha direktori Xolmatjon Ashirov Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurib, muftiy Usmonxon Alimov bilan uchrashdilar hamda barcha musulmonlarni Hayit bayrami bilan samimiy tabriklab, Oʻzbekiston xalqiga tinchlik va omonlik tiladilar.

Mehr-oqibatli, saxovatli xalqimizga, tinch-osoyishta yurtimizga mana shunday bayramlar yarashadi. Binobarin, buning shukronasini qilish, yangi bunyodkorlik ishlarida birdam boʻlish bugun barchamizga har qachongidan ham muhim.

Muzaffar KOMILOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 15 may, № 98 (354)

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …