Home / YANGILIKLAR / MUBORAK RAMAZON HAYITI SHODIYONALARI: diniy qadriyatlar, azaliy urf-odatlar va oʻlmas anʼanalar

MUBORAK RAMAZON HAYITI SHODIYONALARI: diniy qadriyatlar, azaliy urf-odatlar va oʻlmas anʼanalar

Bismillahir rohmanir rohiym.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi hamda oʻz nomimdan yurtimizdagi barcha moʻmin-musulmonlarni, butun xalqimizni muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbdan samimiy tabriklayman.

Ushbu qutlugʻ ayyomda barchamiz, avvalo, shunday fayzli va barakotli kunlarga yetkazgani uchun Alloh taologa shukronalar aytamiz. Muqaddas Ramazon oyida tutgan roʻzalarimiz, ibodatlarimiz qabul boʻlishini Haq taborak va taolodan soʻraymiz.

Ramazon hayiti musulmonlarning eng ulugʻ ayyomlaridan biridir. U Ramazon oyi tugab, Shavvol oyi boshlanganida nishonlanadi. Ramazon hayiti “Iydul fitr” deb ham ataladi va roʻzaning tugashini bildiradi.

Darvoqe, “iyd” soʻzi arab tilida “qayta-qayta takrorlanish”, “foyda-manfaat”, degan maʼnolarni anglatadi. Hayit bayrami har yili takror va takror kelgani va unda Alloh taoloning neʼmatlari bandalariga serob boʻlgani uchun “iyd” deb nomlangan. Baʼzi ulamolar: “Bu bayram insonlarga ularning qiyinchilik va gʻam-tashvishlariga qaramasdan har yili ularga xursandchilik va shodlik bilan qayta-qayta kelgani uchun “iyd” deb nomlangan”, deganlar.

“Fitr” esa “ogʻiz ochish”, “taomlanishni boshlash” deganidir. Demak, “Iydul fitr” roʻzadan chiqib, taomlanishga oʻtish kunidir.

Hayit kuni qayta tugʻilish ramzi hamdir. Ramazonda inson jismini, ruhini poklaydi hamda nafsini tarbiya qiladi, kelajakda uni faqat Allohga maʼqul amallarni bajarishga undaydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, Alloh taolo sizlarga Ramazon oyi roʻzasini farz qildi. Men sizlarga uning kechalarini qoim qilishni sunnat qildim. Kim uning roʻzasini tutsa va kechalarini qoim qilsa, gunohlaridan onasi tuqqan kungidek forigʻ boʻladi”, deganlar.

Shubhasiz, Hayit bayrami — ulugʻ ayyom. Uning xalqimiz maʼnaviy hayotida tutgan oʻrni hamda jamiyatimizda saxiylik, shukronalik, mehr-oqibat kabi fazilatlarni qaror toptirishdagi ahamiyati beqiyosdir.

HAYIT TARIXI

Ramazon hayitining paydo boʻlishi va nishonlanishi Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan uzviy bogʻliq. Hijratning ikkinchi yilidan buyon Ramazon hayiti ulugʻ ayyom sifatida nishonlab kelinadi. Mazkur ibodatning tantanasi oʻlaroq Ramazon hayiti Alloh taolo tomonidan musulmonlar uchun bayram qilib berildi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida shahar ahli ikki kunda oʻyin-kulgi qilar edilar.

“Bu ikkisi qanday kun?” deb soʻradilar.

“Johiliyatda oʻynaydigan kunimiz edi”, deyishdi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, Alloh sizlarga bu ikkisi oʻrniga ulardan koʻra yaxshi — Qurbonlik kuni va Fitr kunini berdi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Qurbon va Ramazon hayitlari Allohning bandalariga farz qilgan ulugʻ ibodatlari: Ramazon roʻzasi va Haj ibodati ado etib boʻlingan kunning ertasiga nishonlanadi. Alloh taolo bandalarini mana shunday ulugʻ ibodatlarni ado etishga muyassar qilgani uchun ham uning shukronasiga ikki rakaat hayit namozini oʻqishni vojib qildi. Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “Bas, Robbingiz uchun namoz oʻqing va (tuya) soʻyib qurbonlik qiling” (“Kavsar” surasi, 2-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Har bir qavmning oʻz bayrami bor, bu (Iyd kuni) bizning bayramimizdir”, deganlar. Moʻmin-musulmonlar Hayit bayramini yaqinlari davrasida oʻtkazadilar. Ayniqsa, ota-onalarga yanada xushmuomala boʻlib, xursandchilik ulashishadi. Ularning duolarini olishadi. Shuningdek, muhtojlar va bemorlar holidan xabar olish, bolalarga shodlik ulashish, ularning qalblariga quvonch olib kirish katta savob amallardan biri. Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar.

HAYIT HIKMATI

Iyd — Alloh taologa qilingan toat-ibodatlar tufayli U Zotning bandalariga koʻrsatgan rahmatu magʻfirati boisidan xursandchilik izhor qilish uchun bir munosabatdir. Alloh taolo: “Allohning fazli va rahmati ila. Ana shu bilan xursand boʻlsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir”, deb ayt”, degan (“Yunus” surasi, 58-oyat).

Iyd ulugʻ ibodatni ado qilgandan soʻng bandalarga taqdim qilingan oʻziga xos rabboniy ziyofatdir. Iydul fitr — Ramazon hayiti bayrami Alloh taolo bandalariga Ramazon oyida farz qilgan roʻza ibodati ado qilinganidan keyin keladi. Banda Ramazonda Allohning roziligi uchun, U Zotning amri boʻlgani uchun yegulikdan, ichimlikdan va roʻzani ochib yuboradigan boshqa narsalardan oʻzini tiyadi. Shuning uchun Alloh taolo Oʻzining fazli, magʻfirati va bu ibodatga loyiq koʻrganidan xursand boʻlsinlar, deb bandalarini Iydul fitr ziyofatiga taklif etadi.

Hayit bayrami — inson shaʼni va qadrining nechogʻli yuksakligini koʻrsatuvchi xayr-saxovat, mehr-muruvvat ayyomi, dillardagi gina-kuduratlar zavolga ketib, oʻrnini unsu ulfat, doʻstlik va hamjihatlik egallovchi, Hazrat Alisher Navoiy taʼrifidagi kabi soʻz va koʻz ozodaligi, til va dil pokligi bayramidir.

Hayit bayrami shukrona mavsumidir. Inson oʻziga ato etilgan neʼmatlarga shukr qilishi vojib ekani buyuk allomalar tomonidan taʼkidlangan.

HAYIT FAZILATLARI

Arafa kuni kechasi, yaʼni hayit kuniga oʻtar kechasini zikru tasbih va duoi istigʻfor bilan bedor oʻtkazish savobli amallardandir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimki Ramazon va Qurbon hayitining kechasini bedor oʻtkazsa, qalblar oʻladigan kunda uning qalbi oʻlmaydi”, deganlar.

Hayit kunining tongidan gʻusl qilib, xushboʻy atirlar sepib va eng goʻzal, yangi yoki toza kiyimlarimizni kiyib, hayit namozi oʻqilguncha hech narsa yemay, namozgohga bormogʻimiz sunnat amaldir.

Hayit kunlari duolar qabul qilinadigan kundir. Bu kunda baʼzi joylarda odamlar urf qilib, toʻp-toʻp boʻlib qabristonga, azador xonadonlarga borishi, yigʻisigʻi qilishi sharʼan durust emas. Bunday nosharʼiy amallardan qaytaylik, oʻzimizni ortiqcha bidʼat amallardan saqlaylik. Buning oʻrniga Allohning tinchlik, xotirjamlik kabi neʼmatlariga shukr qilib, erta tongdan hayit namozini ado etib, koʻpchilik bilan qoʻllarimizni duoga ochsak, qalbimizdagi istaklarimizni Yaratgandan soʻrasak, insha-Alloh, buning savobi oʻzimizga ham, bizdan umidvor boʻlib yotganlarga ham yetib boradi.

HAYIT NAMOZI

Alloh taolo musulmonlarga hayit namozini oʻqishni vojib qildi. Hayit namozi tufayli musulmonlarning doʻstligi, qardoshligi yanada mustahkamlanadi. Roʻza va Qurbon hayiti kunlari bir yerga jam boʻlib, diniy aloqalari kuchayadi. Paygʻambar alayhissalom musulmonlarni yigʻib, ikki rakaat namoz oʻqir, ularning safini yanada jipslashtirib, gʻanimlarni yengishda Allohdan madad soʻrab iltijo qilardilar.

Xutba oʻqib, doʻstlik, birodarlikni ragʻbatlantirib, dolzarb masalalarni aytib oʻtardilar. Namozdan keyin musulmonlar bir-birini tabriklar, masjiddan chiqqan kambagʻal, beva-bechoralarga roʻzai fitr sadaqasini berishar, qalblari shodlikka toʻlib-toshardi. Alloh taolodan bizni ham doʻst-birodar qilishini soʻraymiz.

HAYIT ANʼANALARI

Hayit kunlarida tabarruk otaxon, munis onaxonlarga yimon, yoshlarga tavfiqu hidoyat tilanadi. Qarindosh-urugʻlar, yoru birodarlar ziyorat qilinadi, beva-bechoralar holidan xabar olinadi.

Hayit kunlari oila ichida ham bayram kayfiyatini tiklash kerak. Uyga qilinadigan xarajatlarni odatdagidan yaxshiroq qilish darkor. Iloji boʻlsa, ularga sovgʻa va maxsus hadyalar ulashilsa, yanada yaxshi boʻladi. Hayit kunlarida bemorlarning holidan xabar olish, ularning ham hayitni nishonlashlariga koʻmaklashish ayni savob ish boʻladi.

Hayit kunlari silai rahm qilish, qarindosh-urugʻ, keksalar va bemorlarni, quda-andalarni ziyorat qilish har qachongidan ham koʻra taʼkidlangan boʻlib, savobi koʻproq boʻladi.

Farzandlarimiz yil davomida hayitni eslab yursin, uni orziqib kutsin, uning buyukligini his qila bilsin, ana shunda yaxshi boʻladi. Bu kabi ishlar farzandlarimiz ongida milliy-diniy qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom tuygʻusi shakllanishiga, ularning Vatan va millatga haqiqiy sadoqatli insonlar boʻlib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Tanish-bilish, yoru doʻst va har bir koʻringan musulmon kishini hayit bilan tabriklab, ularga xursandchilik va shodlik izhor qilish kerak.

Hayit arafasida qoʻni-qoʻshnilarga mehr-muruvvat koʻrsatish bilan birga moddiy yordamga muhtoj kishilar, yaʼni kam taʼminlangan oilalarga xayr-ehson qilinsa, ularning xonadonlariga ham bayram shukuhi kirib borgan boʻladi.

Bolalar hayit kuni hayitlik sovgʻa-salomlari bilan siylangan.

Darhaqiqat, moʻmin-musulmonlar Ramazon hayiti bayramiga oldindan tayyorgarlik koʻra boshlaydilar. Bayramdan bir necha kun oldin hovlilar, koʻcha-koʻy saranjom-sarishta qilinadi. Uyni yangi buyumlar bilan bezashga, chiroyli uy-roʻzgʻor buyumlari sotib olishga alohida eʼtibor qaratiladi. Kishilar yangi liboslar kiyishga harakat qiladi. Qolaversa, tarixiy qadamjolar, qabristonlar ham tozalanib, ziyoratchilarning kelib-ketishi uchun qulay sharoitlar yaratiladi.

HAYIT ODOBLARI

Ramazon hayiti va Qurbon hayiti kunlarida har bir musulmon oʻz xursandchiligi, saxovati va yuksak odob-axloqini har qachongidan koʻra koʻproq izhor qilishi kerak. Shuning uchun ulamolarimiz mazkur bayram kunlarida musulmon kishi uchun zarur boʻlgan baʼzi amallarni tavsiya qilganlar:

—hayit kunidan avvalgi tunni ibodat, duo va zikrlar bilan bedor oʻtkazish.

Hayit kuniga oʻtar kechaning ham oʻziga yarasha fazilati bor. Uni butunlay yoki bir qismini, xususan, kechasining uchinchi qismini Qurʼon tilovati, zikr, tasbih va nafl namozlar bilan bedor oʻtkazish koʻplab yaxshiliklarga, ulkan savoblarga sabab boʻladi;

—hayit namoziga chiqish oldidan gusl qilish, misvok ishlatish, xushboʻylik surish.

Islom — poklik dini. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Poklik iymonning yarmidir”, deganlar. Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hayit namozi oldidan gʻusl qilar va misvok orqali tishlarini poklar ekanlar;

—chiroyli yangi kiyim kiyish (yangisi boʻlmasa, kiyimlarining eng yaxshisini kiyish).

Bu ham sunnat. Xalqimiz qadimdan ushbu sunnatni goʻzal tarzda amalga oshirib kelgan. Hayit arafalarida kiyim-kechak bozorlarimizda savdo-sotiq qizgʻin avjiga chiqishi ham shundan. Bu ishda Alloh taolo bergan neʼmatlarga shukr qilish bor. Ammo shuni ham unutmaslik lozimki, ayollarning ziynatlanishlari shariat doirasida va mahramlar davrasida boʻlishi kerak.

—fitr sadaqasi zimmasiga vojib boʻlgan kishi uni hayit namoziga chiqishdan oldin ado etishi.

Fitr sadaqasi roʻzaga bogʻliq sadaqalardan boʻlib, har bir jon uchun ikki kilo bugʻdoy qiymatida beriladi. Hadislarda keltirilganidek, “fitr sadaqasini xurmodan bir soʼ, arpadan bir soʼ miqdorida musulmonlardan qulga ham, hurga ham, erga ham, ayolga ham, kichikka ham, kattaga ham berish farz qilingan. Uni odamlar namozga chiqishidan oldin ado etishga amr qilingan”.

Fitr sadaqasini berish zakotga qodir kishilarga vojib, boshqalarga ixtiyoriy hisoblanadi. Uni Ramazon oyi davomida berish ham mumkin, ammo afzali hayit namozga chiqishdan oldin berishdir;

—masjidga chiqishdan oldin biror narsa tanovul qilish.

Ramazon hayitida namozga chiqishdan oldin biror narsa yeb olish — odob. Rasululloh shunday qilar edilar;

—hayit namozini masjidda jamoat bilan birgalikda ado etish.

Hayit kuni hayit namozini oʻqish bizning hanafiy mazhabimizda vojib deyilgan. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hayit namozini uzluksiz oʻqib kelganlar. Undan yuz oʻgirish zalolat deyilgan;

—hayit namozini ado etgandan keyin ota-ona, qarindosh-urugʻlar va yaqinlarni ziyorat qilish.

Uzoqlashib ketgan qarindoshlar bilan, ayrim arazlashgan doʻst-yaqinlar bilan hayit bahonasida aloqalarni tiklash, yarashib olish lozim. Zero, silai rahmni uzgan yoki musulmon birodariga gina qilgan kishilarga fazilatli kunlarning yaxshiligi yetmasligi haqida rivoyatlar bor. Shuningdek, hayit kuni yetimlar, miskinlar, faqirlar hamda muhtojlarga yordam qoʻlini choʻzish, ularning holidan xabar olish va mehr koʻrsatish ham targʻib qilingan amallardan sanaladi.

Ramazon hayiti bayramini mazkur odoblarga rioya qilgan holda oʻtkazsak, ushbu ulugʻ kunni munosib nishonlab, koʻplab ajru savoblarni qoʻlga kiritamiz. Shu bilan birga, xalqimiz orasida ezgulik, mehr-oqibat bardavom boʻlishiga hissa qoʻshgan boʻlamiz.

HAYIT PANDЕMIYA SHAROITIDA

Yurtimizda koronavirus bilan xastalanganlar soni ortib boryapti. Bu esa karantin talablariga ogʻishmay rioya qilishimiz shartligini anglatadi. Ramazon hayiti bayramida ham bunga qatʼiy amal qilishimiz, bir-birimizni asrab-avaylashimiz kerak boʻladi.

Koronavirus kasalligi bilan bogʻliq vaziyat davom etayotganini inobatga olgan holda, 2021 yilda Ramazon hayiti namozini masjidning ochiq havodagi maydonlarida (ochiq ayvonlar, masjid hovlisi, masjidga tutash ichki koʻchalar) ado etish barobarida namozxonlar tibbiy niqobda boʻlish, oraliq masofani saqlash, tana haroratini oʻlchash kabi karantin tartib-qoidalariga rioya qilishi joriy etildi. Zero, dinimiz oʻziga ham, oʻzgalarga ham zarar yetkazmaslikka chaqiradi.

Shuningdek, Ramazon hayiti munosabati bilan yoshi 65 dan katta va surunkali kasalligi bor shaxslarning salomatliklarini muhofaza qilish maqsadida ularni bayram munosabati bilan masofadan yoʻqlash, jamoaviy tadbirlarga jalb etmaslik tav-siya etildi.

OʻLKAMIZDA RAMAZON HAYITI

Hayit xursandchilik, yaxshi kayfiyat va ezgu, savobli ishlardan iborat! Hayit namozini ado etgandan soʻng, avvalo, dunyoga kelishimizga sababchi boʻlgan mehribon ota-onalarimiz, qarindosh-urugʻlarimiz hamda yoru birodarlarimizni ziyorat qilamiz. Ulardan hol-ahvol soʻrash va koʻngillariga xursandchilik kiritishga harakat qilamiz.

Iydul fitr bayram kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni “Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Qarorga koʻra, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2021 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 13 may — payshanba kuniga toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarori inobatga olinib, mamlakatimizda 2021 yil 13 may Ramazon hayiti bayrami sifatida nishonlanishi belgilandi.

Yurtdoshlarimiz Ramazon hayitini katta xursandlik ila qarshi olmoqdalar. Ushbu bayram maʼnaviy hayotimizning ajralmas qismi boʻlib, unda moʻmin-musulmonlarning saxiylik, shukronalik, mehr-oqibat kabi fazilatlari yanada kengroq namoyon boʻladi.

Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul qilsin, ona Vatanimizni yanada obod qilsin, xalqimiz hayotini yanada farovon aylasin.

Prezidentimizni, butun elimizni, dunyodagi moʻmin-musulmonlarni Iydul fitr — Ramazon hayiti bayrami bilan yana bir bor qutlaymiz, tinchlik-barqarorlik, qut-baraka, baxt-saodat tilaymiz!

Aziz yurtdoshlar, Ramazon hayitingiz muborak boʻlsin!

Usmonxon ALIMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy,
Oʻzbekistan xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 13 may, № 97 (353)

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …