Home / YANGILIKLAR / EZGULIK HAMISHA EZGULIK KЕLTIRADI

EZGULIK HAMISHA EZGULIK KЕLTIRADI

Poklanish, mehr-oqibat, insonparvarlik, ezgulik, bagʻrikenglik va saxovat oyi boʻlgan muborak Ramazon yakuniga yetdi. Bu qutlugʻ pallada hammaning koʻnglidan shunday fayzli va barakotli kunlarga yetkazgani uchun Tangri taologa shukrona tuygʻusi, shunday saodatli oylarning yana koʻpini koʻrish umidi joy olgan.

Oʻzbekistonimizda Ramazon oyi doimo xayrli tadbirlarga boy boʻladi. Joriy yil ham olijanob xalqimiz bu goʻzal anʼananing barhayot va bardavom ekanini har jabhada koʻrsatdi. Hayot esa ezgulik hamisha ezgulik keltirishini tasdiqladi.

Xususan, maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, ajdodlar merosini tiklash va targʻib etish borasida soʻz yuritadigan boʻlsak, bu yil Ramazon oyi boshida davlatimiz rahbari Samarqand viloyatida muhaddislar sultoni Imom Buxoriy nomiga munosib mahobat kasb etadigan yodgorlik majmuasining qurilish ishlarini boshlab berdi. Shu munosabat bilan nuroniylar va ziyolilar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Prezident bu qurilish ezgu niyatlar ijobat boʻladigan muqaddas oyda boshlanayotgani xayrli va xosiyatli boʻlishini, kishilar qalbiga taskin berishini taʼkidladi.

Bu yerda katta masjid, toʻrtta simmetrik minora, baland ayvonlar qad rostlaydi, yoʻldan kirib kelishda xiyobon ochiladi, 7 ta mehmonxona, 3 ta avtoturargoh va avtobekat, supermarket, bozorcha barpo etiladi. Shuningdek, oshxonalar, hunarmandlik buyumlari rastasi, hammom, tahoratxona, kushxona qurilishi belgilangan. Qurilajak yangi majmua 2019 yildan bu yerda faoliyat koʻrsatib kelayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi bilan mutanosiblikda betakror ansambl hosil qiladi.

Umuman olganda, tarixda maʼrifat markazi oʻlaroq nom qozongan Oʻzbekiston zamini bugungi kunda ham shunday sifatga haqli ravishda munosib boʻlishi uchun mamlakatimizda juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi maʼrifat maskanlari bilan birgalikda mamlakatimizda ulkan yaxlit maʼnaviy-maʼrifiy majmuani vujudga keltiradi.

Xalqaro miqyosda Ramazonning qutlugʻ kelganiga yorqin dalolat sifatida YUNЕSKO Ijroiya Kengashining 211-sessiyasida buyuk alloma ajdodimiz Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi ushbu tashkilot shafeʼligida 2022-2023 yillarda keng nishonlanishi boʻyicha qaror qabul qilinganini taʼkidlash oʻrinlidir. Yaʼni, bu qaror tarixan maʼrifat markazi boʻlgan yurtimiz bugun ham ilm-fan ravnaqi yoʻlidan, maʼnaviy yuksalish yoʻlidan borayotganining yana bir tasdigʻi, jahon-shumul eʼtirofi boʻldi.

Oʻzbekistonning milliy meros, qadriyat va anʼanalarni tiklash va targʻib qilish, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan, “Jaholatga qarshi – maʼrifat” tamoyiliga asoslangan bagʻrikenglik va insonparvarlik siyosati xorijda nafaqat siyosiy, balki ilmiy-maʼrifiy doiralar tomonidan ham munosib baholanmoqda.

Mana, Tailand Islom markazi jamgʻarmasi veb-saytida eʼlon qilingan “Oʻzbekistonda jadal oʻzgarishlar. Islom olami Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlarini qoʻllab-quvvatlamoqda” sarlavhali maqolada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, inson manfaatlari va diniy erkinlikni taʼminlash, milliy va diniy qadriyatlarni yanada mustahkamlash haqida soʻz borar ekan, “…soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda yuzlab masjid va ibodat maskanlari qayta tiklangani, yangi inshootlar bunyod etilgani”, jahon ahli “bilishi mumkin boʻlgan tarix takrorlanayotgani, Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan Oʻzbekiston yana har tomonlama oʻsish va rivojlanish nuqtasiga aylangani, bu yerda uchinchi Renessans davri poydevori yaratilayotgani” alohida taʼkidlanadi. Tailand Islom markazi jamgʻarmasi oʻz mamlakati musulmonlarini Oʻzbekistonga safar qilishga, islom sivilizatsiyasi va tarixi durdonalari bilan tanishishga chaqiradi.

Indoneziyaning “Kompas” axborot saytida esa, buyuk matematik, astronom va geograf Xorazmiy hayoti va ijodi haqida maqola eʼlon qilinib, unda muallif Mahar Prastivi Oʻrta asr Sharqi buyuk allomasining aniq va tabiiy fanlar rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi haqida batafsil soʻz yuritgan.

“Muhammad ibn Muso Xorazmiy matematika taraqqiyotida muhim oʻrin tutgan. U Gʻarb va Yevropa mamlakatlarida Algoritmus nomi bilan ham mashhur. Allomaning qalamiga mansub «Al-jabr val muqobala” asari algebrani oʻrganishga asos boʻlgan. Buyuk olimning aql-idroki va asarlari koʻplab Gʻarb olimlarini ilhomlantirgan. Jumladan, Kopernik ham uning asarlari va kashfiyotlaridan hayratlanganini eʼtirof etgan. Xorazmiy matematikadan tashqari astronomiya, musiqa, falsafa, geografiya, kimyo va boshqa fanlar boʻyicha ham yetuk olim boʻlgan, bir necha xorijiy tillarni mukammal bilgan va kitoblar tarjima qilgan», deb yozadi M.Pristavi va “Jahon algebrasining otasi – Xorazmiyning hayoti va ijodi barchaga namuna boʻlib xizmat qiladi”, deb xulosa qiladi.

Oʻzbekiston rahbariyati turli millat va konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni taʼminlashga qaratilgan izchil va puxta oʻylangan siyosat yuritayotganini xalqaro hamjamiyat keng eʼtirof etadi. Buning amaliy samarasi hozirgi vaqtda mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiya, 153 ta milliy-madaniy markaz, 38 ta Doʻstlik jamiyati, 2276 ta diniy tashkilot teng huquqli hamda oʻzaro hamjihatlik sharoitida faoliyat yuritib kelayotganida yaqqol namoyon boʻladi.

Soʻnggi yillarda yurtimizda ekstremizm va terrorizmga qarshi maʼrifiy yoʻllar bilan kurash olib borishga alohida eʼtibor qaratilayotgani koʻplab davlatlar, xalqaro tashkilotlar, mustaqil ekspertlar tomonidan yuqori baholanmoqda.

Aholining huquqiy savodxonligini oshirish, ekstremistik oqimlar safiga adashib kirib qolgan, qilgan ishidan chin dildan pushaymon boʻlganlarga nisbatan kechirimlilik siyosatini yuritish, yoshlarni turli buzgʻunchi oqimlar taʼsiridan asrash boʻyicha targʻibot ishlarini faollashtirish dolzarb vazifalar sirasidan tushmay kelmoqda. Davlatimiz rahbarining bevosita topshirigʻi va nazorati ostida “Mehr” operatsiyalari orqali xorijiy davlatlarda qiyin ahvolga tushib qolgan, xususan, urush oʻchoqlarida sarson-sargardon yurgan vatandoshlarimizga koʻmaklashish, ularni yurtga qaytarib, munosib hayot tarzini yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan olamshumul saʼy-harakatlar zamirida ham ana shunday yuksak insonparvarlik tamoyillari oʻz ifodasini topgan. Yaqinda navbatdagi -“Mehr-5” operatsiyasi amalga oshirildi – Suriya hududidagi “olovli nuqtalar”ga borib qolib, “Al-Xol” lagerida uch yildan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan 24 ayol va 69 bola mamlakatimizga qaytarildi. Bunday tadbirlarning uzviyligi, bardavomligi davlat siyosatining qatʼiyligidan darak beradi, albatta.

Ziyorat turizmini iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qator farmon va qarorlar asosida bu sohani oʻz taraqqiyotining mutlaq yangi bosqichiga koʻtarish boʻyicha koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning zamirida faqat iqtisodiy manfaat emas, ijtimoiy barqarorlik, maʼnaviy yuksalish maqsadlari ham mujassam, desak, hech qanday xato boʻlmaydi.

Shu tariqa ortda qolgan muborak oy mana shunday xayrli, yorqin amallar tufayli yana ham fayzli va barakali boʻldi. Biz kelasi Ramazonga qadar shunday ruhiyat, shunday ilhom, shunday joʻshqinlik, shunday shijoat bilan hayot kechirishga shaylandik va bugungi shukuhli ayyomda bir-birimizga har qachongidan koʻra yaqinroq, har qachongidan koʻra jipsroqmiz.

“Ramazon yakunlanib qolganidan koʻp achinma, kelasi yil u oʻn kun oldinroq keladi”, deydilar.

Oylar sultonining taassurotlari, istiqbolga tikilgan umidli nigohlar hammamizni hamisha mehr-oqibat, insonparvarlik, ezgulik, bagʻrikenglik va saxovatlilik kabi fazilatlarga yoʻldosh qilsin! Iydi Ramazon barchamizga muborak boʻlsin!

Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “OILA DAVRASIDA” gazetasi
2021 yil 13 may, № 21 (471)

Check Also

«OʻRTA OSIYO QOʻLYOZMALARI KODIKOLOGIYASI ELEMENTLARI»

 1-2-may, 2024-yil soat 10:00 da 📍 Oʻtkazish joyi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot …