Home / MAQOLALAR / Urush davri xotiralari… (Bekitilgan qora xat)

Urush davri xotiralari… (Bekitilgan qora xat)

Urush haqida,  yurtdoshlarimizning  frontdagi  mislsiz  jasorati, burchga,  Vatanga,  oilasiga, seviklisiga  sadoqati  toʻgʻrisidagi  gaplarni biz koʻproq kinolarda koʻramiz. Biz  va  bizdan  keyingi avlodlarimiz  urush  yillaridan  tobora  uzoqlashganimiz  sari  jangchilarning  hamda  front  ortidagi  kishilarning  oliy  insoniy  fazilatlarini  kitoblarda oʻqiymiz. Ayni bolalik pallasi ikkinchi jahon urushi davriga toʻgʻri kelgan qanchadan qancha yutdoshlarimiz boʻlgan. Ularning baʼzilarigina bugun munkillab, 90 yoshni qoralab qarilik gashtini surishmoqda. Ular bilan suhbatlashganimizda bu  qirgʻinning  hali  tesha  tegmagan  mavzulari  va  aytib  tugatilmagan  xotiralari borligiga amin boʻlmasdan boshqa choramiz yoʻq. Oradan ancha  yillar oʻtgan boʻlsa ham u damlar hamon chuqur qaygʻu bilan eslanadi. Bu mavzuda savol qilganimiz uchun baʼzan faxriy keksalarimizning ogʻriqli nuqtalarini qoʻzgʻab qoʻymayapmizmi, degan istihola qalbimizni egallaydi. Nima boʻlganda ham bugungi yoshlar urushning nimaligini, qanday asoratlar keltirib chiqarish mumkinligini hamda tinchlikning qadrini bilish zarurligini his etib, xotirlay olsa, biz bundan mamnunmiz.

Bu hali  ham  adiblar, tarixchilar, faylasuflar, pedagoglar tomonidan  toʻla  oʻrganilmagan  bir mavzudir.  Olti  yoshdan  dalada  boshoq  tergan,  sakkiz yoshda  ot yetaklab  paykal oralagan,  oʻn yoshidan  ketmon bilan  gʻoʻzani  chopiq  qilgan,  oʻn ikki yoshidan imoratga  gʻisht  tergan  bolalar keyinchalik,  mamlakatimiz  mustaqilligining  qaror topishida ham munosib hissa qoʻshishdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Xalqimizda, “Otasiz  yetimlik – gul  yetimlik”, deb bejiz aytilmagan. Urush va undan keyingi yillar beva onalar halok boʻlgan erlari oʻrniga oilada erkak vazifasini bajarishgan.  Otasiz  oʻsgan  oʻgʻil bolalar – tezroq erkak boʻlib, qizlar – iffatli  kelinchak boʻlishga majbur boʻlgan. Ular aqlini  tanishlari   bilanoq,  otalari  oʻrniga  mehnatga jalb etilgan.  Ularni  hayot shunday  qilib  tarbiyalagan.

Urushda  halok  boʻlganlarning  uyiga  “qora  xat”  kelgan.  Pochta  xodimlari  bunday  xatlarni  eltib  berishdan  qoʻrqishgan. Qaysi eshikka xat  kelsa,  biror  daqiqadan  soʻng,  bu yerdan  dod-faryod  ovozi  eshitilgan.  Shuning uchun  xatlarni, asosan, ruslar  tashir ekan.  Pochtalonni  esa “shumqadam” deyishar ekan.

Bugun oʻsha mashʼum urush davri bolalari  boʻlgan bobolar,  momolarning  nomlari  mangu, jasoratlari  unutilmasdir. Urush  tufayli  oʻsha  vaqtda 6 yarim million  aholisi boʻlgan Oʻzbekistondan  1.433.230 nafar odam  frontga  safarbar  qilingan. Shulardan: 420 ming  kishi  halok boʻlgan. 120 ming  nafari bedarak  ketgan.  640 ming  kishi   esa nogiron  boʻlib  qaytgan! Holbuki, ularning  hammasi urushga ketayotib togʻni  ursa  talqon  qiladigan  norgʻul  yigitlar  boʻlgan.

Bu  raqamlar  ortida  shuncha  tul  qolgan  ayollar,  qizlarning  boʻlganini,  yuz minglab farzandidan  ayrilgan  ota-onalarni,   otasiz  qolgan  yetim bolalarni  ham  oʻylab  koʻring!

Ular  ham birin-ketin  oʻtib  ketishyapti. Toʻgʻri,  otalar  jang qilishgan,  ammo, urush  azobini  onalar  koʻproq  tortishgan desak, yanglishmagan boʻlamiz. Ona  bunday  eʼzozga   qahramon  erlari  bilan  barobar  sazovor zotdir!

Shu va shunga yaqin mulohazalar haqida aynan bolaligi urush va undan keyingi yillarga toʻgʻri kelgan otaxonlar bilan suhbatlashganimizda qalbimiz gʻurur va iftifor tuyadi. 1937 yil  26 sentyabr kuni Toshkent shahrida tugʻilgan jurnalist va publitsist Anvar aka TOJIYEV ham shunday ustoz otaxonlardan biridir. Anvar aka urushning mashʼum tarixiy voqealarini soʻzlar ekan, oʻzining boshidan oʻtkazganlarini ham gapirib berdi.

– Otam Tojiyev  Zohidni 1942 yilning  21 yanvar kuni qarindosh-urugʻlar ila yigʻi-sigʻi va duoyi-fotiha  bilan  urushga  kuzatdik.  Osmon ayoz, kun  juda sovuq edi. Hovlida  otam  kuzatishga  kelgan  oʻrtoqlari  bilan  gaplashib  turgan  holatlari hamon xotiramda…

Oʻsha paytda  ukam – Rustam  endi  emaklayotgan goʻdak edi…

Urush  tugadi,  ammo  otamdan  hech qanday  darak  boʻlmadi. Oradan bir necha yil oʻtib,  Kalinin  frontining  allaqaysi  qismida  boʻlib oʻtgan  jangda  otamning  qahramonlarcha  halok  boʻlganini bilganmiz.

Bizning  uyga ham  “qora xat”  kelgan. Uni olgan qarindoshlarmizdan biri ich-ichidan  kuygan  boʻlsa ham,  figʻonini  yuzaga  chiqarmagan. Xatni yashirgan.  Odatda bunday xatlar  namatlarning  tagiga yashirilardi.  Xatni  katta amakim  koʻrib  qolgan boʻlsa ham uyda  yigʻi-sigʻi,  aza  ochilishiga  yoʻl  qoʻymay yana bekitgan.  Uydagilarning hammasi, hatto, onam  ham  bu  xatdan  xabardor  boʻlsa-da, urush  tugashini, otamning  yaradorlar  yoki  bedarak  ketganlar  safidan  chiqishidan  umid qilib yashagan.

Bu  vaqtda  hovlimizdan  toʻrt kishi  front va front orti  ishlariga  safarbar  etilgan.  Uch kishi  halok boʻlgan,  yana biri – 17 yoshli  amakim ogʻir  jarohat  olib  qaytgan. Otamning  yagona  bojasi  Abduhamid  amakim  otamdan  bir  kun  keyin  urushga  kuzatilganida,  onamning  yagona  singlisi  hali  birinchi  farzandiga  homilador  boʻlgan.  Farzand  tugʻilganida,  amakim  Harkov  yaqinidagi jangda  qatnashayotgan  edi. U  odamning  hayot  yoʻli ham  ogʻir va  iztirobli…

“Qora xat”ning  izi  yoʻqolgan.  Xonadonimizda  otamga  atab aza  ochilmadi. Hamma  soʻnggi  daqiqalargacha  “tirikdir, kelib  qolar” degan  umid bilan yashadi.

Onam 24 yoshida  ikki  farzandi  bilan qolib,  sabr-toqat  ila  otamni  kutdi.  Umr  boʻyi  “Kompressor” zavodida  oddiy  ishchi  boʻlib  ishlab,  bolalarni (bizni)  voyaga  yetkazdi. Urush  yillari va  undan  keyingi  moddiy  va  maʼnaviy  qiyinchiliklar  oʻz  taʼsirini  koʻrsatdi.  Kichik  nevarasining  aytishicha,  uyda  hech kim  yoʻqligida  onam  otamning  suratini  qoʻliga  olib,  uzoq  tikilar  ekan. Soʻng, nevarasiga  “Bobong – katta  komandir.  Yaqinda  kelib  qoladi”  der  ekan. Demak, bilardikki, onam  hamon  otamni  kutardi!

Hammamizni  umid  bilan  kutishga  daʼvat  qilardi. Salkam  ellik yil  shu zaylda  oʻtsa ham, kutar  edilar.  U kishiga  qoʻshilib,  biz ham  otamizning  kelishidan  umidvor yashadik.

Mening fikrimcha, onam kabi urush davri  ayollarining,  sadoqat  sohibalarining  bardoshi  oldida ertaklardagi  vafo  haqidagi  afsonalar  ham hech gap emasdi. Bunga  Alloh  shohid!  Bunga  biz tiriklar    guvohmiz.

Aytishlaricha, urushdan  keyingi davrda  bir  kishi  onamga  odam  qoʻydirib, turmushga chiqishi uchun roziligini  soʻragan ekan.  Shunda onam: “Xoʻjayinim  kelib  qolsalar, ikki  dunyoim  kuyadi-ku!  Menga  bu  dunyoning  farogʻati  kerakmas.  Nima boʻlsa, peshonamdan  koʻrdim, kutaman!”  degan  ekanlar.

Onam  umrining  oxirida,  oz muddat  qarilik  nafaqasini  oldilar. Frontda  halok  boʻlgan  otam uchun  ham nafaqa  olishni  istamadi.

Mashʼum  urush  tufayli, 47 yillik  ayriliqdan  soʻng onam  ham olamdan  oʻtdi. Men ham onam  vafot etgan kuni otamning ham  halok  boʻlganini  his etdim. Shu kuni menga yer  kurrasini  aylantirib  turgan bir kuch goʻyo toʻxtab  qolganday  tuyuldi. Otamning  rasmini  ham onamning qabriga qoʻshib  dafn etdik. Har  ikkovlariga  bitta  qabrtosh  oʻrnatdik.  Otam va onamga  janoza ham, aza ham  birga  oʻtkazildi.

Ular  biz uchun, bizdan  keyingi  avlodlar uchun  yer yuzining  shamchirogʻi, quyoshi, yulduzi, qoʻyingki,  butun  borligʻi  bilan bir timsoldir.

                                     Munojot

…Onam  vafotidan  bir hafta oldin  kichik  oʻgʻlimga  kelin  oldim. Toʻyda  onamning  oʻzi bosh-qosh boʻldi.  Toʻyga  kelgan  yaqinlarimiz  onam  oʻtirgan  xonaga  kirib, u kishini  ziyorat etishar, toʻy  bilan  tabriklab,  duo  olishardi.  Toʻy  koʻp qavatli  uylar  orasidagi  hovlida  boʻlgani uchun,  onam  tantanalarni  yuqoridan   yaxshi  koʻra olmadi. Toʻy  tugab,  odamlar  tarqala boshlagach, taniqli  hofiz Muhammadjon  Karimovdan    onam  oldiga  kirib,  bir  juft  qoʻshiq  aytib  berishini  iltimos  qildim.

Hofiz  darhol  dutorini olib,  yuqoriga chiqdi.  Bu  daqiqalarni  men  bir umr  unitolmayman.

Sanʼatkor  oʻz  mahorati  bilangina emas, ayni  vaqtda,  odamlar  qalbiga  yoʻl  topa olishi  bilan  “sanʼatkor”  degan  nomga  sazovordir.  Muhammadjon  aka onamni koʻrib,  vaziyatni  darhol  tushundi. Onamga  atab  mumtoz  sanʼatimizning  durdonasi  boʻlgan ikki  qoʻshiq  ijro etdi.

Kecha  kelgumdir  debon,  ul  sarvu  gulru  kelmadi,

Koʻzlarimga  kecha  tong  otguncha  uyqu  kelmadi.

Lahza-lahza  chiqdim-u,  chekdim  yoʻlida  intizor,

Keldi  jon  ogʻzimga-yu ul  shoʻxi  badhu  kelmadi.

Bu  qoʻshiq  goʻyo onam haqida edi…

Frontda  halok  boʻlgan  erini  qirq yetti yildan beri yoʻliga  koʻz tikib  kutgan  sadoqat  sohibasining  nolasi  edi…

Muhtasham shoirimiz Abdulla  Oripov aytganidek,

Kuyi shunday boʻlsa, gʻamning oʻziga

Qanday  chiday  olgan odamzot!

Chidagan!

Temir, poʻlat  emas, volfram, molibden, titandan  ham  chidamli ekan  onalarning  vujudi!  47 yil  davomida   poʻlat  qotishmalari ham gʻam  namida chirib  ketardi, deb oʻylayman.

Onamning  vujudi   esa  bu gʻamga  bardosh  berdi!

Hofiz  ikkinchi  qoʻshiqni  boshladi:

         Qaro  koʻzim  kelu   mardumligʻ  emdi  fan  qilgʻil,

           Koʻzum  qarosida  mardum  kibi  vatan  qilgʻil…

Onam  atrofida  parvona  boʻlib  turgan  singillari,  farzandlari,   kelinlar  bir-biridan  yashirinib  yigʻlashardi.

Hofiz  xirgoyisi – onamning  otam  oldida  oʻz  qasami,  burchini  bajargani  va  marhum  jangchi   ruhiga  tilovatdek  yangrardi.

Qoʻshiq  tugadi.  Hamma  yigʻlardi.  Faqat  onam  bardam  edi.  U kishi  hofizni  duo  qildi. Ataganlarini  hofizga  tutqazib,  menga  chopon  kiydirishni  imo  qildi.

Onam  birinchi  marta  otam  jangda  halok  boʻlganini  tan  olganini,  taqdirga  tan  berib,  umr  yoʻldoshi – jasur  jangchi  yoniga  ochiq  yuz  bilan  borishini  bizga  bildirmoqchi  edi, chamamda.

Biz  hammamiz buni sezdikki, ushbu onlar onam uchun, otamiz,  farzandlari  va kelgusi  avlodlar  oldida  rozi-rizolik  damlari edi.

Bu  voqeadan bir hafta oʻtib,  payshanba  kuni  kechqurun  onam  vafot etdi. Juma  kuni  Koʻkcha  masjidida  onamga  qoʻshib,  otamga ham  janoza  oʻqildi.  Qabrlari  yoniga  bitta belgi qoʻyib, gullar ekdik.

Oilaning  kattasi – men  otamni  ikki-uch  marta  koʻrganim  xotiramda  qolgan. Ammo,  farzandlarimiz,  nevaralarimiz  jangchi  bobosini  yaxshi  bilishadi. Kino yoki  rasmlarda  qahramon  jangchini  koʻrishsa,  “ana, bobom”,  deb  chuvillashadi.

Shu tarzda onam Karomat  aya  va otamning  aka-ukalari to bu  dunyodan  koʻz  yumganlariga  qadar umid  bilan yashab, eshik  poylab oʻtib ketishdi… 

Abduvohid OʻROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …