Home / MAQOLALAR / OILADA AXLOQIY TARBIYA MASALALARINING DOLZARBLIGI

OILADA AXLOQIY TARBIYA MASALALARINING DOLZARBLIGI

Insonning taqdiri, kelajak hayotidagi yutuqlari yoki muvaffaqiyatsizligi, baxtli yoki baxtsizligi, kasb tanlashi, hattoki kayfiyati, uning oilaviy muhiti bilan bogʻliqdir. Oilaning taqdiri esa insonning oʻziga bogʻliq. Jamiyatning maʼnaviy qiyofasi oilalarning qandayligiga bogʻliqligi azaliy haqiqat. Chunki, oila jamiyatning ijtimoiy-maʼnaviy boʻgʻini, kichik bir vakili boʻlib, aynan oila zaminida xalqimizning bugungi kuni va kelajagi bunyod etiladi. Agar oilada tartib-intizom boʻlsa, uning aʼzolari shu xislatlarini xizmat jarayoniga koʻchiradi va ijtimoiy mehnat faoliyatlarida qoʻllaydilar. Bu esa, ularning oʻz xizmat vazifalarini yuksak darajada bajarishlariga sabab boʻladi.

Oila bu odobi axloq, xushmuomlalik, mehnatsevarlik asosida qurilgan boʻlishi, insonlar oʻrtasidagi munosabat va muloqotlarda oʻta muhim va shaxsning feʼl-atvori, yurish-turishida alohida ahamiyat kasb etadi. Agar oila oʻz farzandini Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalasa, bu his-tuygʻu unga butun hayoti davomida hamroh boʻladi. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev “Zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va sergʻayrat yoshlarni tarbiyalash mamlakatni barqaror va ildam rivojlantirishning eng muhim shartidir[1],” – degan edi. Sharq mutafakkirlari merosida taʼlim-tarbiya, xususan, oilaviy tarbiya masalalariga keng oʻrin berilgan. Ular bolalarni tarbiyalashni jamiyat taqdirini, millatning kelajagini belgilaydigan asosiy mezon deb hisoblaganlar. Ularning pedagogik qarashlari zamirida ijtimoiy ideal sifatida komil inson gʻoyasi yotadi. Ular tarbiyada ijtimoiy va biologik tomonlarning oʻzaro munosabati haqida toʻxtalib, tarbiyada irsiyat va muhit taʼsiri birdek ekanligi, tan va ruh sogʻlomligining birligi kabi masalalarni oʻrtaga tashlaydilar. Ularning aqliy, mehnat, axloqiy, estetik va jismoniy tarbiyaning birligi hamda ularni amalga oshirish yoʻllari haqidagi va oilada bolalar tarbiyasi haqidagi fikrlari mazkur muammolarning koʻpgina jihatlarini qamrab oladi va ular muayyan tarbiyashunoslik boʻyicha qarashlar tizimini tashkil etadi. Ana shunday durdona asarlardan biri A.Fitratning “Oila” asaridir.

Jumladan, A.Fitrat oʻzining mazkur asarida farzand tarbiyasida aqliy tarbiya, badan tarbiya va axloqiy tarbiyaning oʻrni muhimligini taʼkidlaydi[2]. Mazkur uchta tarbiyaning eng muhimi axloqiy tarbiya hisoblanadi. Oʻzingiz xohlaganingizcha bolangizning aqliy va badan tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlishingiz mumkin va qoʻlingizdan kelguncha uni dono va baquvvat qiling[3]. Lekin axloqiy tarbiya talab darajasida boʻlmasa, aqli va jismoniy kuchini oʻzi yoki atrofdagilar zarariga ishlatadi. Binobarin, bolaning aqliy va jismoniy tarbiyasi samarasiz qolmasligi uchun farzandning axloqiy tarbiyasi bilan jiddiy shugʻullanib koʻp harakat qilish lozimligini taʼkidlaydi, – A.Fitrat.

Axloqiy tarbiya – odam axloqini kamolga yetkazish demakdir, yaʼni odamni shunday tarbiya qilish kerakki, feʼli va amali oʻziga ham, boshqalarga ham foydali va manfaat keltiradigan boʻlsin. Boshqacha aytganda, odamning feʼli va harakatida yaxshi fazilatlarni tarbiyalash demakdir. Mamlakatimiz rivojlanishining hozirgi yangi bosqichi oilaviy tarbiyada milliy qadriyatlardan foydalanishning zamonaviy mezonlarini oʻrtaga tashlamoqda. Bu mezonlar vatanparvarlik, milliy gʻurur, milliy ong, milliy oʻz-oʻzini anglash, milliy tafakkur, milliy tarbiya kabi tushunchalarda oʻz ifodasini topgan boʻlib, ular tarbiya jarayonining bugungi kunda rivojlanishi uchun muayyan tarzdagi bir maqsadga qaratilganini taʼminlaydi[4].

Abdurauf Fitrat axloqiy tarbiyani jismoniy va aqliy tarbiyadan keyingi – uchinchi boʻgʻin tarbiya sifatida uqtirib, u “Insonni komil, chiroyli axloq egasi, jamiyatga foydasi tegadigan aʼzo qilib shakllantirish”[5], deb uni amalga oshirishning quyidagi tizimini taklif qiladi.

  1. Bolaga hikoyatlar vositasida axloq qoidalarini tushuntirish. A.Fitrat Shayx Muslihiddin Saʼdiyning (XIII asr) maslagi va hikoyatlarini tavsiya qiladi, uning “Guliston” va “Boʻston” asarlarida kichik hikoyatlar vositasida axloq qoidalarini bayon qiladi[6].
  2. Tarbiyachining oʻzi ibrat boʻlishi lozimligi. Tarbiyachining soʻzi bilan xatti-harakati uygʻun boʻlib, u xatti-harakati bilan barchaga ibrat, oʻrnak namuna boʻlmogʻi lozim. Bu borada olib borilgan ilmiy tadqiqotlarda “shaxsning maʼnaviy-axloqiy kamolotida ibrat muhim oʻrin tutadi, inson feʼl-atvorini faqat pand-nasihat, dashnom va vaʼz aytishlar emas, balki munosabat va ibrat shakllantiradi”[7], jumladan, axloqiy ong, axloqiy xatti-harakat va axloqiy munosabat uygʻun holda inʼikos etadi.
  3. Yomonlarning yomonligini koʻrsatib, yaxshilarning yaxshiligini uqtirib borishda muayyan ijtimoiy tuzum va muhitni hisobga olish, yaʼni axloqiy tarbiya real voqelik va amaliy jihatlari bilan maʼnaviy-axloqiy muhitni muayyan darajada barqarorlashtiradi. Demak, axloqiy tarbiyani ongli va maqsadli olib borish funksionalligini taʼminlash insonda ezgu axloqni shakllantirishga asos boʻladi. Muayyan maʼnaviy-axloqiy fazilatlarning tizimli tahlili jamiyat maʼnaviy-axloqiy muhiti taraqqiyotiga rivojlantiruvchi taʼsir koʻrsatadi. Jumladan, karamlilik – saxovat, yaxshilik, demakdir. Bu halol va pok, mehnatkash, mehribon boʻlish va vijdon amriga boʻysunib yashashdir. Karamlilik maʼnaviy-axloqiy poklanish, nogironlarga, yetim-yesirlarga xayri-ehson, yaxshilik qilish, ularning koʻnglini koʻtarish, moddiy yordam berish kabi insoniy fazilatlarni qamrab oladi. A.Fitrat uni “odamlarga yaxshilik qilib, millatni yuksaltirish”[8], deb tushuntiradi.

A.Fitrat shijoat fazilatini izohlab shunday yozadi: “Mening orzuim, falon jamoani pismadon gʻayrisharʼiy ishdan manʼ etishdir…. Bu esa mening ishim, birov meni bu vazifadan manʼ etolmaydi, chunki bu mening huquqimdir… Aslida komil inson bunday mushkilot va bemaʼni toʻsiqlar andishasiga bormay erkinlik bilan haq-huquqlaridan foydalanadi va oʻz vazifalarini bajo keltiradi”[9]. Zero, shijoat insoniylik sharafi boʻlib, u insonga qadr-qimmat ato qiladi. Shijoatning haqiqati qalbning matonatidan, ruhning salomatligidan iborat. Bu axloqiy fazilat zamirida maqsadlar sari intilish tuygʻusi mavjud. Har bir shaxsda mazkur tuygʻu shakllantirilishi, uning ongi va qalbiga mazkur fazilat urugʻi sepilishi kerak.

Maʼnaviy-axloqiy fazilatlar zanjirining keyingi halqasini sabotlilik fazilati tashkil etadi. U – ulugʻ maqsadga yetishish uchun qatʼiy harakatdir. Ulugʻ ishlar va buyuk maqsadlarga intilgan odamni hech bir qiyinchilik va toʻsiqlar toʻxtata olmaydi, balki besabr va shoshqaloq insonlar hayotda oʻz maqsadlarini amalga oshira olmaydi, natijada, jamiyat maʼnaviy-axloqiy muhitiga raxna soluvchi illatlar ildiz otishiga sabab boʻladi. Olimlar sabotlilik fazilati jamiyatda moʻtadil muhitni qaror toptishrishda muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab, ushbu fazilat, avvalo, har bir kishida, qolaversa, ijtimoiy faol va albatta, tarbiya ishi bilan shugʻullanuvchilarda boʻlishi kerakligini taʼkidlab, kishida sabotlilik fazilatini shakllantirish izchil va uzviy amalga oshiriladigan iroda quvvati va halol mehnatni talab qiladi. Bu fazilat insonni kashfiyotga boshlaydi. A.Fitrat bunga qiziqarli bir hikoyatni misol keltiradi. Xorun ar-Rashid (IX asr) zamonida musulmon madaniyati rivojlandi. Hatto, soat ixtiro qilindi. Xorun ar-Rashid ulardan birini Franso (Fransiya) hukmdoriga yubordi. Hukmdor ajoyib sovgʻadan hayratga tushdi, soatni ayonlariga koʻrsatdi. Ayonlari hayratda qolib, xulosa qildilarki: “Ahli islom qutining ichiga shaytonni solib yuborganlar”[10]. A.Fitrat xulosa qiladiki, bugun endi fransolar sabot bilan rivojlanib, sanoatdagi ixtirolari bilan shaytonni hayratga solmoqdalar. Yana bir maʼnaviy-axloqiy fazilat halimlilik boʻlib, odamni odamga birodar va doʻst qiluvchi, yaxshilik va ezgulikka chorlovchi xususiyatga ega. A.Fitrat “Komilu olim insonlar nafslarini (oʻzliklarini) shunday tarbiyalaydilarki, natijada, afv va madora, muloyimlik odatlariga aylanadi”[11] deb yozadi. Demak, halimlik afv (kechirimlilik); murosa (kelishuvchanlik); muloyimlik (moʻtadillik) kabi xulqlarni shakllantirish orqali yuzaga keladi. Oʻzligida halimlik fazilati boʻlgan kishi ruhan kuchli, xushxulq, nodonlikka qarshi kurashuvchi tinchliksevar insondir. Halimlikni mazmunan toʻldiruvchi fazilat sadoqatlilik va sadoqat koʻrsatish, yaʼni insoniy va fuqarolik huquqlarimizdan foydalanish, barcha burch va vazifalarimizni hazrati inson mavqeiga munosib bajarishni anglatadi. Sadoqat ijtimoiy axloq tizimi sifatida insonni ikki olamda baxtga yetaklovchi va maʼnaviy-axloqiy omildir. “Bu dunyoda moʻtabar, oxiratda baxtiyor boʻlishni istaganlar, – deb yozadi A.Fitrat, – oʻzlarida sidq (sadoqat M.Q.)ni paydo qilib, doimiy odatlariga aylantirishlari kerak. Ijtimoiy aloqalarning yagona nazoratchisi sidqu sadoqatdir”[12]. Kishi oʻzligidagi sadoqat tuygʻusi bilan ijtimoiy foydali shaxsga aylanadi. Sadoqat ezgu ishlarga fidoyi boʻlish natijasida shakllanadi. Shu maʼnoda, sadoqatli kishi haqiqatgoʻy shaxs sifatida talqin qilinadi. Agar oilada sadoqat boʻlmasa, u uyda osoyishtalik ham boʻlmaydi, shu boisdan, u avvalo mikro muhitdagi axloqiy harakat va munosabatlarda namoyon boʻladi.

Maʼnaviy-axloqiy fazilatlar uzviyligi va funksionalligini taʼminlashda qanoatning oʻziga xos oʻrni boʻlib, u insonni voqeiylikda halol mehnat orqali topilgan neʼmatlarga shukur qilib yashash orqali insoniy martabani saqlash va yaxshilikka intilishdir. Oʻz davrida A.Fitrat oʻz zamonida tarkib topgan qanoat talqinini tanqid qilib, “Biz turkistonliklarda ajib bir holat borki, axloqiy fazilatlarni va sharʼiy amrlarni yo bilmasdan, yo bilib, yaʼni qasddan xato, gʻalati tushunamiz. Masalan, bugun uyda oʻtirib, hech yerga chiqmay, saʼy-harakat qilmay, qotgan nonga rozi boʻlishlikni qanoat deb oʻylaymiz”[13]deb yozgan. Bu qanoat emas, balki tanballik va noshudlikdir. Qanoat maʼnaviy-axloqiy fazilat sifatida mavjud narsalarga shukur qilish, nafsni jilovlash zamirida axloqiy ong, axloqiy xatti-harakat va axloqiy munosabat orqali oʻzi va xalqiga manfaat keltiruvchi faoliyatdir. U insoniylikni saqlovchi mezon, axloqning tarkibiy qismi sifatida mavjud maʼnaviy-axloqiy muhitni shakllantirish va rivojlantirishda axloqiy nazorat, axloqiy boshqaruv va axloqiy tarbiya vazifasini bajaradi. Chunki yuqorida keltirilgan zanjir xalqalari tizimida axloq ijtimoiy ongning tarkibiy qismi sifatida ijtimoiy muhitda ijtimoiy tarbiyani amalga oshiradi. Qizigʻi shundaki, axloqni ijtimoiy tarbiya va ongning hosilasi sifatida tushunish islom madaniyatida ham boʻlgan. Abu Nasr Forobiy ilmli, aqlli boʻlishni axloq fazilatisiz tasavvur qilmagan, “bilim, aql, albatta, yaxshi axloq bilan bezalmogʻi lozim”[14], deydi.

Bizningcha, shaxsni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashda quyidagi axloqiy meʼyorlarga asoslanish kutilgan samarani beradi:

  1. Shaxs irodasini shakllantirish. Iroda ichki his-tuygʻu, ammo muhim insoniy fazilatdir. Iroda kishida bilish, his qilish va chiniqish quvvatini hosil qiladi. Iroda vositasida shaxs olam va odamni, voqea va hodisalarni anglab yetadi, haqiqatni teran his qiladi, yaxshilik va yomonlik taʼsirida bardoshlilik koʻnikmasini hosil qiladi. “Shaxsda iroda oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi, balki u muayyan vaqt davomida shakllantiriladi. Faylasuf olim I.Saifnazarov oʻz tadqiqotlarida maʼnaviy barkamollikka erishish mumamosini tadqiq etar ekan, “…komillik uning koʻnglidagi, irodasidagi tabiiy intilishga asoslanishi kerak”[15] deydi, demak, irodali shaxs jamiyatning ongli individi sifatida faoliyat koʻrsatadi, buning aksi boʻlgan irodasiz kishi esa ongsiz, mute va oʻzgalarga qul sifatida shakllanadi. Inson maʼnaviy-axloqiy jihatdan yuksalishi natijasida uning irodasi ham kuchayadi.
  2. Shaxsni haqiqatgoʻy qilib voyaga yetkazish. Haqiqatgoʻylik muhim axloqiy qadriyat sifatida shaxsning maʼnaviy – axloqiy qiyofasida alohida oʻrin tutadi. Haqiqatga intilish shaxsni jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga yordam beradi. Shu maʼnoda, haqiqatgoʻylik shaxs xarakterini shakllantiruvchi omillardan biridir.
  3. Shaxsni insonparvar qilib voyaga yetkazish. Insonparvarlik shaxs faoliyatiga taʼsir koʻrsatuvchi va uni baholovchi muhim axloqiy tamoyillardan biri. Shaxs oʻz faoliyatida insonparvarlik fazilatini namoyon qilmas ekan, u jamiyatning ilgʻor kishisiga aylana olmaydi. Zero, jamiyatimiz rivojining hozirgi bosqichida maʼnaviy-axloqiy tarbiya muhim oʻrin tutadi. Chunki jamiyatimiz demokratik qadriyatlarni qabul qilib borgan sari uning aʼzolarini “tarbiyalovchi” daʼvogarlar koʻpayib bormoqda. Ayniqsa, turli diniy oqimlar oʻz mutaassibona, illyuzionizm xususiyatiga boy tarbiya yoʻllarini tiqishtirishga urinishmoqda. Bunday sharoitda maʼnaviy-axloqiy tarbiya yoʻnalishlarini aniq belgilab olish dolzarb masala hisoblanadi. Shu maʼnoda, maʼnaviy-axloqiy tarbiya quyidagi tamoyillarga asoslanadi: maqsadlilik, onglilik, samaradorlik.

Oʻzbekiston sharoitida jamiyat maʼnaviy-axloqiy muhitining asoslari va meʼyorlari oʻziga xos xarakterda boʻlishi bilan diqqatni tortadi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5938 sonli Farmoni muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur Farmonda quyidagilar nazarda tutiladi:

– jamiyat va oilada sogʻlom va barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni taʼminlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tubdan isloh qilish;

– jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining toʻlaqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama koʻmaklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini oʻrnatish;

– oila institutini mustahkamlash boʻyicha, eng avvalo, “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” gʻoyasini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini olib borish, notinch va muammoli oilalarga manzilli koʻmaklashishni tashkil etish[16] kabi masalalarni atroflicha hal qilish nazarda tutilgan.

Oʻzbekiston sharoitida jamiyat maʼnaviy-axloqiy muhitining asoslari va meʼyorlarini belgilashda falsafiy fikr tajribalaridan unumli foydalanish lozim. Misol uchun, donishmand Arastu deydi: “Uch omil odamlarni yaxshi va ezgu xislatli qiladi: tabiat, odat va aql. Bu omillar insonda uygʻun holda mavjud boʻlishi kerak”[17]. Nazarimizda, bu fikr eʼtiborga loyiq. Unga koʻra, inson tabiatni anglashi va uning hayoti tabiat qonuniyatlariga bogʻliqligini tushunmoq lozim. U tirik mavjudot sifatida tabiatdan tashqarida yashay olmaydi va shu sababli tabiatga nisbatan ongli munosabatda boʻlishi kerak. Shuningdek, inson oʻzi mansub boʻlgan xalqning odatlarini oʻzlashtirmasdan jamiyat aʼzosi boʻla olmaydi. U oʻz jamiyatining toʻlaqonli aʼzosi boʻlishi uchun xalqining odatlari, anʼanalari va madaniyatini bilishi darkor.

Bu ikki narsa insonning aqlli boʻlishini taqozo etadi. Aqlli boʻlish har bir munosabat va faoliyatda meʼyor hamda tartibga rioya qilish demakdir. Shu maʼnoda, inson nazariy bilganlarini amaliyotga tatbiq eta olishi lozim.

Zero, Arastuning bu fikri milliy jamiyat maʼnaviy-axloqiy muhiti asoslarini belgilashda uch muhim jihatga eʼtibor berish lozimligini koʻrsatadi. Bular:

  1. Tabiiylik. 2. Odatlilik. 3. Aqllilik.

Demak, jamiyat maʼnaviy-axloqiy muhitiga oid axloqiy kategoriyalar oʻziga xos xususiyatlarga ega. Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagi xulosaga kelish mumkin.

Birinchidan, maʼnaviy-axloqiy muhitda insonlarning oʻzaro maʼnaviy hamkorligi muhim oʻrin tutadi. Bunda shaxsning yaxshi-yomonni farqlashi, vijdonli, or-nomusli boʻlishi va baxtli yashashga intilish koʻnikmalarini hosil qilishi maqsadga muvofiq.

Ikkinchidan, shaxsni maʼnaviy-axloqiy muhitda oʻzaro maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash asosiy masalalardan biri. Bunda shaxsning irodasini mustah­kamlash, uni haqiqatgoʻy va insonparvar qilib voyaga yetkazish asosiy maqsad hisoblanadi.

Uchinchidan, maʼnaviy-axloqiy muhitda shaxsda masʼuliyat hissini tarbiyalash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu oʻrinda shaxsda adolat, majburiyat va hayotsevarlik tuygʻu hamda koʻnikmalarini hosil qilish asosiy masalalardan biridir.

Umuman, jamiyat maʼnaviy-axloqiy muhiti, qadriyatlari axloqiy kategoriyalari asosini, umuminsoniy va milliy fazilatlar negizini yaxshilik va yomonlikni farqlash, vijdon, or-nomus, iroda, haqiqat, insonparvarlik, adolat, majburiyat va hayotsevarlik kabi insoniy fazilat va xislatlar tashkil etadi. Oʻzida bu fazilatlarni mujassamlashtirgan ushbu uygʻunlik jamiyatda ijtimoiy tartiblar, huquq, odob meʼyorlarini anglab olishga, unga rioya qilgan holda ijtimoiy hayotni qadrlashga olib keladi.

 

[1] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida.
Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.06.2018 y., 06/18/5466/1527-son
[2] Abdurauf Fitrat. Oila yoki oila boshqarish tartiblari. T.: Maʼnaviyat, 2000. B-83.
[3] Abdurauf Fitrat. Oila yoki oila boshqarish tartiblari. T.: Maʼnaviyat, 2000. B-83.
[4] http://muzaffar.uz/psixologiya-va-salomatlik/3494-oila-manaviy-axloqiy-tarbiya-uchogi.html
[5] Abdurauf Fitrat. Najot yoʻli / Sh.Vohidov tarjimasi. – Toshkent: Sharq, 2001. – B.157.
[6] Qarang: K.Hoshimov va boshq. Pedagogika tarixi. – Toshkent: Milliy kutubxona, 2006. – B. 145-155.
[7] Qarang: Ochilova B.M. Ajdodlar merosiga ixlosmandlik va shaxs maʼnaviy-axloqiy kamoloti.: F.f.d-ri ilmiy darajasini olish uchun yozilgan Avtor…..f. – Toshkent: OʻzMU, 2005. – 22 b.
[8] Qarang:Abdurauf Fitrat A. Najot yoʻli / Sh.Vohidov tarjimasi. – Toshkent: Sharq, 2001. – B.77-82.
[9] Oʻsha manba,. – B.98.
[10] Abdurauf Fitrat. Najot yoʻli / Sh.Vohidov tarjimasi. – Toshkent: Sharq, 2001. – B.10.
[11] Abdurauf Fitrat. Najot yoʻli / Sh.Vohidov tarjimasi. – Toshkent: Sharq, 2001. – B.104.
[12] Oʻsha manba. – B.108.
[13] Abdurauf Fitrat. Najot yoʻli / Sh.Vohidov tarjimasi. – Toshkent: Sharq, 2001. – B.111.
[14] Forobiy A.N. Fozil odamlar shahri. – Toshkent: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi, 1996. – B.14.
[15] Saifnazarov I. Maʼnaviy barkamollik va siyosiy madaniyat. – Toshkent: Sharq, 2001. – B.26.
[16] https://lex.uz/docs/4740345
[17] Arastu. Politika. – M.: Mыsl, 1997. – 242 s.

 

Matluba QAHHAROVA
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi professori,
falsafa fanlari doktori
 Oʻktam SHAKAROV
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi katta oʻqituvchisi, PhD

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …