Home / ALLOMALAR / BOGʻISTONIYLAR XONADONI

BOGʻISTONIYLAR XONADONI

Islom tarixida islom ilmlarining maʼlum bir yoʻnalishida olimlar sulolasi shakllangan. Shu oʻrinda buyuk mutasavvif Shayx Umar Bogʻistoniy (XIII-XIV asr) va uning oʻgʻli Shayx Xovandi Tahur (XIV asr), naqshbandiya tariqatining yirik siymosi Xoja Ubaydullo Ahror (1404-1491) nomlarini alohida qayd etish mumkin. Bu ulugʻ siymolar bevosita Shayx Umar Valiy Bogʻistoniy xonadoni vakillari sanaladi. Tarixiy manbalarda Bogʻistoniylar xonadoni sifatida eʼtirof etilgan.

Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Nanay va Birchmulla qishloqlari oraligʻida Bogʻiston qishlogʻi, yaʼni “bogʻlar oʻlkasi” joylashgan. Bogʻiston Umar Valiy majmuasi yoki Mozori Shaxmar buva ziyoratgohi boʻlib, u Mozorsoy va Pskom daryolari kesishgan joyda, qishloqning gʻarbiy qismida joylashgan[1].

Tasavvuf ahllari orasida Toshkent viloyatining Bogʻiston qishlogʻida tugʻilgan, Bahouddin Naqshbandning ehtiromiga sazovor boʻlgan Shayx Umar Bogʻistoniy ham bor. U oʻz davrining yirik olimi va shayxi edi. Shayx Umar Bogʻistoniyning tugʻilgan yili nomaʼlum, vafoti esa 691/1291 yilda yuz bergan[2].

Shayx Umar Bogʻistoniy ilm oʻrganish niyatida Buxoroga boradi va u yerda Shayx Hasan Bulgʻoriy bilan uchrashib, murid boʻladi. Shayx Umar Bogʻistoniy uch yillik xizmat ichida Hasan Bulgʻoriydan taʼlim oladi va kasbu kamolot hosil qiladi. U Shayx Hasan Bulgʻoriy qoʻlida valoyat darajasini topgani tufayli oʻz piri kabi Shayx nomiga musharraf boʻlgan[3].

  Shayx Umar Bogʻistoniy tasavvufda kamolga yetgandan keyin vatani Bogʻis­tonga qaytib keladi va xalqni ilmu irfonga targʻib qila boshlaydi.

U Shayx Xovandi Tahurning otasi. Shayx Xovandi Tahur tariqat ilmining ilk saboqlarini oʻz otasidan olgan. Shayx Umar Bogʻistoniyning nasabnomasiga qaraganda, oʻn olti ota-bobo bilan Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomdan keyin chahoryorlarning ikkinchisi – Hazrat Umar ibn Xattobga borib tutashadi.

Bu haqda Mavlono Muhammad Qozining “Silsilat ul-orifin va tazkirat us-siddiqin” asarida ham taʼkidlangan: “Bizning Hazrati Xojamiz (Xoja Ahror)ning onalari Xoja Dovudning qizlari boʻlgan. U Shayx Xovandi Tahurning oʻgʻillari boʻlgan. U zot esa Hazrati Shayx Umar Bogʻistoniyning farzandi. Ular esa oʻn olti vosita ila Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumaga yetishadilar. Xoja Dovudning onalari esa ota tarafdan sayyida (sayyidzoda) boʻlgan. Shayx Xovandi Tahurning onalari ham sayyidalardan boʻlgan”[4].

Shayx Xovandi Tahurning dunyoga kelishlari va ismlari haqida turli rivoyatlar mavjud. Shunday rivoyatlardan birini XVII asrda yashab oʻtgan olim Shayx as-Siddiqiy (vaf. 1087/1676) “Lamahot min nafahot al-quds” asarida bunday keltiradi: “Shayx Zayniddin Koʻyiorifon Toshkandiy aytganlarki, farzand talab boʻlganlar bizning mozorimizni ziyorat qilib, shu yerda Yaratgandan far­zand tilasa, albatta, niyatiga yetgusidir”. Shunga binoan Shayx Umar Bogʻistoniy umr yoʻldoshlari bilan Shayx Zayniddinning mozorlariga ziyoratga kelib, qabrlari oldida Alloh taolodan farzand soʻraganlar. Vaqt-soati kelib, Alloh taoloning inoyati bilan ular farzandli boʻlishadi. Shayx Umar uni Shayx Zayniddin mozorlariga olib boradilar. U yerda kabutarlar chaqaloqni koʻrib, “at-tahur, at-tahur” deb sayray boshlashadi. Shayx Umar buni tugʻilgan oʻgʻliga bashorat deb biladi va chaqaloqqa “Tahur” deya ism qoʻyadi.

Ushbu voqeani rus sharqshunosi A.Semyonov 1914 va 1916 yillari yozgan maqolalarida ham qayd etgan. Shayx Umar chaqaloqni Zayniddin maqbarasiga olib kelganda, bu yerda yurgan bir toʻda kabutarlar havoga koʻtariladi va ularning uchishi, ovozidan “tahur” soʻzi quloqqa chalinadi. Shayx Umar oʻgʻliga qoʻygan Xovand ismi yoniga Tahurni ham qoʻshadi. Xovand soʻzi “xudovand” soʻzining qisqartmasi boʻlib, xudojoʻy degan maʼnoni anglatadi.

Tarixchi Faxriddin Ali Safiy Shayx Xovandi Tahur haqida “…oʻz otasining tarbiyati va inoyatining soyasi ostida valoyat ahlining oliy darajasiga yetishdi…”[5] deb yozgan. “Rashahot” asarida yozilishicha, Shayx Umar Valiy Bogʻistoniy  kamtarona hayot kechirishi bilan odamlarga ibrat boʻlgan. U dehqonchilik va bogʻdorchilik ishlari bilan shugʻullangan va oʻz kasb-koridan halol tirikchilik qilgan. U katta mulla yoki katta soʻfiy boʻlishni oʻziga sharaf deb bilmagan va shuhrat orqasidan quvmagan: oddiy, biroq haqiqiy inson boʻlishga intilganki, biz buni oʻgʻli Xovandi Tahurga qilgan nasihatidan koʻramiz.

Faxriddin Ali Safiyning “Rashahot” kitobida uning oʻz oʻgʻli Xovandi Tahurga aytgan quyidagi soʻzlarini keltiradi: “Tahur, mulla boʻlma, soʻfi boʻlma, u boʻlma, bu boʻlma, musulmon boʻl”[6]. Shayx Umar Valiy Bogʻistoniyning ushbu soʻzlari hozirgi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Shu nasihat oʻlaroq Shayx Xovandi Tahur sohib karomat shayxlar orasida yuksak maqomga erishgan.

Shayx Umar Bogʻistoniyning biror bir asar yoki kitob bitganlari haqida maʼlumot yoʻq. Lekin u zotning hikmatli soʻzlari yozma va ogʻzaki holda saqlanib qolgan.

Jumladan, bir rivoyatda bunday deyiladi: «Bir kishi tariqat sirlarini oʻrganish uchun olis yerdan Shayx Umarning oldilariga keladi. Shayx Umar u kishidan soʻraydilar:

– Sen yashaydigan joyda masjid bormi?

Aytadi:

– Bor.

Yana soʻraydilar:

– Islom ahkomlarini bilasanmi?

Aytadi:

– Bilaman.

Shunda Shayx Umar aytadilar:

– Unday boʻlsa, bu yerga kelib nima qilarding? Ibodat ahkomi maʼlum boʻlsa, ibodat joyi maʼlum boʻlsa, qaytib bor-da, oʻsha ishing bilan shugʻullanaver».

Mazkur mazmunda Shayx Umar Valiy Bogʻistoniyning quyidagi hikmatli soʻzlari ham omma orasida keng tarqalgan:

“Biz muridning koʻnglini boshqa narsalardan boʻshatib, uni tavhid (yolgʻiz Alloh) tomoniga qaratamiz. Bularning hammasini Alloh qiladi, biz sababchimiz xolos”[7].

Shayx Umar Valiy maqbarasi soʻlim bogʻda joylashgan. Qadimiy bogʻda ikki muqaddas dargoh mavjud: Shayx Umar Valiy mozori va Shayx Dovud mozori. Binoning kirish qismida qayroq (toshdan qabrtosh) oʻrnatilgan, unda arab tilidagi yozuvlar bor. Shayx Dovudning maqbarasi tabarruk archa daraxti ostidan joy olgan. Mahalliy aholining rivoyatiga koʻra, bogʻdagi daraxtlarning Xoja (Xoʻja) Ahror[8]ning oʻzi oʻtqazgan va uning yaxshi niyatlari timsoli hisoblanadi. Shu bois, bugunga qadar mahalliy aholi qadimiy daraxtlarni boqiy hayot va serhosillik timsoli sifatida ardoqlashadi[9].

Maʼlumki, tariqatda pirlar kamolga erishgan, piri komil boʻlishlari kerak, shundagina ular muridini  kamolotga yetkaza oladilar. Agar pir noqis boʻlsa, muridi ham kamolotsiz qoladi.

Shayx Xovandi Tahurning quyidagi soʻzlari ham haqiqiy insoniylik va olijanoblik tuygʻularini uygʻotadi: “Bor­gʻil-da, dushmanning koʻnglini top.  Doʻst­ning koʻnglini sinashga esa qanday ehtiyoj bor?!”. Yaʼni, dushmanning koʻnglini topib tinchlik yoʻlini tut, doʻstlarni esa sinashga ehtiyoj yoʻq, chunki ular bunday sinovlardan oʻtishgan. Agar sen dushman deb sanagan odamning koʻnglini topa oladigan kishi boʻlsang, doʻstlar koʻngliga allaqachon yoʻl topgansan. Shunday ekan, doʻstlarni zaruratsiz imtihon qilma, chunki bu narsa ularda shubha uygʻotadi va natijada doʻstlikka putur yetadi.

Bunday olijanob fikrlar xoja Hofiz Sheroziy sheʼriyatida ham uchraydi[10]

Osoyishi du giti tafsiri in du harf ast,

Bo doʻston muruvvat, bo dushmanon madoro.

Mazmuni: “Ikki jahonning osoyishtaligi bu ikki soʻzning maʼnosidan iborat: doʻstlarga muruvvat koʻrsatish-u, dushmanlar bilan  murosa qilish”.

Shayx Xovandi Tahur nafaqat nasrda, balki nazmda ham ijod qilganlar. Uning baytlarini Xoja Ahror ­Valiy quyi­dagicha keltiradilar[11]:

Nigohboni du chashm ast chashmi dildori,

Nigohdor nazar az ruhi digar yori.

Holo mabod, ki chashmash ba chashmi tu nigarad,

Daruni chashmi tu binad xayoli agʻyori.

Mazmuni: “Dildorning koʻzi ikki koʻzing­ni kuzatib turuvchidir. Nigohingni oʻzga yor jamoliga tushishidan  saqla. Ehtiyot boʻlki, koʻzi koʻzingga boqqanda, koʻzingda boshqaning xayoli borligini koʻrmasin”.

Sher zod beshai ishqam qaviy dar kori xesh,

K-av harifi man, biyo to zoʻrbozu bingarad.

Mazmuni: “Ishqim changalzori oʻz ishida puxta sherni tugʻdi, Ey, raqibim, kel, uning kurashini koʻr”.

Shayx Xovandi Tahur haqidagi maʼlumotlar bir necha manbalarda uchraydi. Ulardan XV va XVII asr boshlarida bitilgan Sayyid Abdulavvalning “Masmuot” (“Eshitilganlar”), Muhammad Qozining “Silsilat ul-orifin” (“Oriflar silsilasi”), Ali Safiyning “Rashahot aynil-hayot” (“Hayot chashmasining qatralari”), Oliy shayx Siddiqiyning “Lamahot min nafahotil-quds” (“Tabarruk shabadalardan lahzalar”). Bulardan tash­qari XIX asr­da nomaʼlum muallifning ikki betdan iborat risolasi hamda Muhammadjon Oʻrazayevning “Hazrati Shayx Xovandi Tahur” nomli bir betli, oʻzbek tilidagi maʼlumotlari ham borligi xabar qilinadi. 1915 yilda esa, A.A.Semyonov “Toshkentlik Shayx Xovandi Tahur va unga nisbat beriladigan kuloh” nomli maqolani ham nashr ettirgan.

XX asrning oʻrtalarida akademik M.Ye.Masson “Shayx Xovandi Tahur” yodgorlik majmuasida tadqiqotlar olib borgan va oʻzining kitobida Shayx Xovandi Tahur va shu nom bilan ataluvchi yodgorlik majmuasi haqida maʼlumotlar bergan. Arxitektor olim Abdujabbor Yahyoyev ham majmuadagi yodgorlik binolarini oʻrganib maqolalar yozgan.

Maʼlumotlarga qaraganda, Shayx Xovandi Tahur qabrlari ustiga XV asr boshlarida Xoja Ahror Valiy  tomonidan maqbara qurilgan. Maqbara xaroba holga tushib qolganda, XVIII–XIX asrlarda qayta taʼmirlangan.

Shayx Umar Valiy Bogʻistoniy xonadoni yana bir vakili Xoja Ahror hazratlari naqshbandiya tari­qati­ning yirik namoyandasi, ayni paytda ushbu tariqat­­ning “Dil ba yoru, dast ba kor” (“Qalbing Allohda, qoʻ­ling mehnatda boʻlsin”) degan purhikmat shiorini amalda yuksak maqomga  yetkazgan shaxs sifatida butun islom olamida shuhrat eʼtirof qilinadi.

Ahli tariqat peshvosi, yaxshilarning qutbi va avliyosi, xalqning rahnamosi va gʻamxoʻriga aylangan bu betakror shaxs haqida bir necha manbalarda qimmatli maʼlumotlar keltirilgan. Jumladan, Faxriddin Ali Safiy  “Rashahot” asarida xabar berishicha, Xoja Ahrorning katta bobosi Xoja Shahobiddin Shoshiy dehqonchilik va savdo-sotiq bilan shugʻullangan. Oʻlimi yaqin ekanligini his qilgan Xoja Shahobiddin oʻzining barcha qavm-qarindoshlarini rozi-rizolik soʻrash uchun chaqirtiradi. U paytda Xoja Ahror juda kichik boʻlib, uni xirqa (darveshlar kiyimi)ga oʻrab olib kelishadi. Xoja Shahobiddin goʻdak Ubaydullohga nazari tushib, hayajonlanib, koʻzlari yoshga toʻlib,  bolaning peshonasiga qoʻllarini tekkizib, bunday deydi: “Bu bola kelajakda dunyoni egallaydi, shariatni tarqatadi, tariqatga rivoj beradi, hukmdorlar uning aytganlarini bajaradilar. Oʻtgan barcha shayxlar koʻrsata olmagan karomatlarni bashorat etadi”[12].

Xoja Ahror hijriy 806 yil ramazon oyida (1404 milodiy yil, mart) Shosh – Toshkent viloyati muzofotlaridan biri boʻlgan  Bogʻistonda dunyoga kelgan. Uning otasi Xoja Mahmud va bobolari maʼrifatli kishilar boʻlib, dehqonchilik va tijorat bilan shugʻullanishgan. Onasi esa Xoja Dovudning qizi boʻlgan. Xoja Dovud esa Shayx Xovandi Tahurning oʻgʻlidir.

Xoja Ahror boshlangʻich maʼlumotni Toshkent mad­rasalarida oladi. 20 yoshdan oʻtganda, togʻasi Xoja Ibrohim uni Samarqandga olib boradi. Bu yerda u turli fanlardan taʼlim oladi. Xoja Ahror koʻpincha tasavvuf ilmiga qiziqar edi.  Bu qiziqish uni Hirotga yetaklaydi. Shu maqsadda 24 yoshida Hirotga borib, tasavvuf tariqati vakillari bilan uchrashadi. Ulardan biri tabrizlik mashhur orif va shoir Sayyid Qosim Anvor (vaf. 1433) edi. Shuningdek, Xoja Ahror Bahouddin Umar (vaf. 1453), Shayx Zayniddin Xavofiy (vaf. 1439) huzurida ham boʻladi[13].

Sulton Abu Saʼid Mirzo va uning oʻgʻli Sulton Ahmad Mirzo hukmronligi davrida Xoja Ubaydullohning mavqei oshadi. Bu borada Amin Ahmad Roziy “Haft iqlim” asarida bunday yozgan: “Xoja Nosiriddin Ubaydulloh Turkiston va Movarounnahrning tamomi mashoyixlaridan koʻra obroʻ, buyuklik, ergashuvchilarining va boyligining koʻpligi jihatidan ustun, mumtoz va mustasno boʻlgan edilar. Yoshligida Mavlono Yaʼqub Charxiy va Mavlono Nizomiddin Xomushdan irshod topganlar… Chunonchi, zamona sultonlari va farmoni oʻtuvchi xoqonlari unga nisbatan irodat va ixlosini ziyoda qilganlar. Har bir gap u tomonidan aytiladigan boʻlsa, yashirin duru gavhar yangligʻ hushli quloqlariga zeb qilib olganlar. Xususan, Mirzo Sulton Abu Said mulku millatning jami ishlarida u bilan mashvarat qilardi, savobnamo raʼyiga qarshi bormasdi. Oldilarida nihoyatda niyozmandlik ila piyoda yurardi”[14].

Xoja Ahror qalamiga mansub uch risola bizgacha yetib kelgan. Ulardan biri “Faqarot ul-orifin” (“Oriflar soʻzlaridan parchalar”) nomi bilan mashhur boʻlib, unda Xoja Ahrorning  va baʼzi boshqa tasavvuf namoyandalarining tariqatga oid fikrlaridan namunalar keltirilgan. Ikkinchi risola – “Volidiya”[15] (“Otaga bagʻishlov”) deb atalgan boʻlib, unda tariqat yoʻliga kirgan  kishining odob-axloqi, faqr va fano tushunchalari haqida soʻz boradi. Ushbu risolani Zahiriddin Muhammad Bobur fors tilidan oʻzbek tiliga sheʼriy tarjima qilgan. Uchinchi risola – “Havroiya” deb atalib, mashhur mutasavvif shoir Abu Saʼid Abulxayrning “Havro” (“Hurlar” yoki “Farishtalar”) soʻzi bilan boshlanuvchi bir ruboiysini sharhlashga bagʻishlangan.

Shuningdek, Xoja Ahrorning oʻz zamondoshlariga ­yozgan bir necha ruqʼa-nomalari ham bizgacha yetib kelgan. Ulardan eng muhimi, “Majmuai murosalot” deb nomlangan. Toʻplam Alisher Navoiy buyrugʻi bilan tuzilgan va shuning uchun “Navoiy toʻplami” ham deb ataladi. Oʻz navbatida tarix fanlari doktori A.Oʻrinboyev amerikalik olima, Nyu-Jersi universiteti professori Jo Enn Gross bilan hamkorlikda bu nomalarni ingliz tiliga oʻgirgan. Uning “Xoja Ubaydulloh Ahrorning xatlari va uning muridlari” nomli kitobi 2002 yilda Gollandiyaning dunyoga mashhur “Brill” nash­riyotida chop etilgan.

Xulosa qilib aytganda, Shayx Umar Valiy Bogʻis­toniy xonadoni vakillari nafaqat yurtimizda, balki butun Markaziy Osiyoda avliyo sifatida ulugʻlangan. Bu holatni quyidagi omillarda koʻrish mumkin:

Shayx Umar Valiy Bogʻistoniy xonadoni  oʻzining kamtarona hayot yoʻllari, ilmiy-maʼnaviy oʻgitlari bilan insonlarni mehr-oqibat, halollik, kamtarlik, saxovat, komillik kabi qadriyatlarga chorlashgan. Mazkur xonadon vakillari naqshbandiya tariqatining “Dil ba yoru, dast ba kor” (“Qalbing Allohda, qoʻling mehnatda boʻlsin”) degan soʻzlarini oʻzining hayot mezoniga aylantirgan. Xoja Ahror esa bu purhikmat shiorni amalda yuksak maqomga  yetkazgan.

Shayx Umar Bogʻistoniy xonadoni  ulugʻ siymolari ibratli hayot yoʻli va sermazmun faoliyati, ilmiy-maʼnaviy oʻgitlari, nasihatlari bilan hozirgi kunda ham komil inson tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi.

[1] Toshkent atroflari boʻylab – Po okrestnostyam Tashkenta – Round outskirts of town Tashkent / Sostaviteli: V. Artemyev, A.Urmanova pri uchastii N.Nijevskoy, V. Gaziyeva. – T.: Tashkentboshplanliti, 2012. – S.89.
[2] Qarang: Faxruddin Ali Safiy. Rashahotu aynil-hayot (Obi hayot tomchilari) / Nashrga tayyorlovchilar M. Hasaniy va B. Umrzoq.  – T.: Abu Ali ibn Sino, 2004. 270–272-betlar; Mahmud Hasaniy, Karomat Qilicheva. Shayx Xovandi Tahur. -T.:2004. B.5.
[3] Mahmud Hasaniy, Karomat Qilicheva. Shayx Xovandi Tahur. -T.:2004. 6-b.
[4] Mavlono Muhammad Qozi. “Silsilat ul-orifin va tazkirat us-siddiqin”.  Sharq qoʻlyozmalari markazi, qoʻlyozma № 6114.  41 a- sahifa.
[5] Mahmud Hasaniy, Karomat Qilicheva. Shayx Xovandi Tahur. -T.:2004. 11-b.
[6] Faxruddin Ali Safiy. Rashahotu aynil-hayot (Obi hayot tomchilari) / Nashrga tayyorlovchilar M. Hasaniy va B. Umrzoq.  – T.: Abu Ali ibn Sino, 2004. 271-bet. Yana qarang: Mahmud Hasaniy, Karomat Qilicheva. Shayx Xovandi Tahur. – T.: 2004.
[7] Qarang: Faxruddin Ali Safiy. Rashahotu aynil-hayot (Obi hayot tomchilari) / Nashrga tayyorlovchilar M.Hasaniy va B.Umrzoq.  –T.:Abu Ali ibn Sino, 2004. -B.270–272.
[8]8 Xoja Ahror Shayx Umar Valiy Bogʻistoniyning avlodi sanaladi. Shayx Xovandi Tohur Shayx Umar Valiyning farzandi boʻlib, Xoja Ahrorning onasi Xoja Dovudning qizi boʻlgan. Xoja Dovud esa Shayx Xovandi Tahurning oʻgʻlidir.
[9] Atroflari Toshkent buylab – Po okrestnostyam Tashkenta – Round outskirts of town Tashkent / Sostaviteli: V. Artemyev, A.Urmanova pri uchastii N.Nijevskoy, V.Gaziyeva. –T.: TASHKЕNTBOSHPLANLITI, 2012. 89-s.
[10] Valixoʻjayev B.  Shayx Xovandi Tahur // Muloqot, 1998, 2-soni.  53-b.
[11] Faxruddin Ali Safiy. Shayx Xovandi Tahur // Rashahotu aynil-hayot. . -T.: Abu Ali ibn Sino, 2004.  274-b.
[12] Qarang:  Rashahot. Lakhnav nashri. -B.218-219; Karimov E. Xoʻja Ahror hayoti va faoliyati. -T.: Maʼnaviyat, 2003. -B.13.
[13] Islam na territorii bыvshey Rossiyskoy imperii. Ensiklopedicheskiy slovar. T.I. -M.: Vostochnaya literatura, 2006. -S.43; Qarang: Maʼnaviyat yulduzlari. Xoja Ahror /A.Oʻrinboyev. –T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001. -B.204 – 208.
[14] Amin Ahmad Roziy. Haft iqlim. Sharq qoʻlyozmalari markazi qoʻlyozma № 617. 520sahifa.
[15] Qarang: Xoja Ubaydulloh Ahror. Risolai volidiya / Nashrga tayyorlovchi: H.Hasanov. –T.: Toshkent islom universiteti, 2004. -52 b; Mirzo Kenjabek. Dunyoning murshidi. -T.: Fan, 2004. -52 b.
Neʼmatullo MUHAMЕDOV
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri,
tarix fanlari doktori, dotsent

Check Also

ABU BAKR AHAVAYNIY – MOHIR JARROH VA FAYLASUF

Abu Bakr Ahavayniy – Somoniylar davrida yashagan faylasuf va tibbiyot olimi. Buxoroda tabiblar oilasida tugʻilgan. Farorudiydagi (Movarounnahrning …