Home / ALLOMALAR / MUHAMMAD RIZO OGAHIY MЕROSI – MILLIY MAʼNAVIY MULK

MUHAMMAD RIZO OGAHIY MЕROSI – MILLIY MAʼNAVIY MULK

Ayni damlarda yurtimizda “…matnshunoslik, adabiy manbashunoslik, tilshunoslik, falsafa, madaniyat tarixi sohalarida milliy madaniy merosimizning hali oʻrganilmagan koʻpgina qatlamlarini ochib berishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlarga alohida eʼtibor qaratilayotgani”[1] soha mutaxassislaridan zamon talablaridan kelib chiqib oʻz faoliyati samaradorligini oshirishni taqozo qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 martdagi “Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 238-son qarorining eʼlon qilinishi milliy maʼnaviy merosimizning katta va koʻlamli qismi tadqiqi va targʻibida yangi bosqich uchun asos boʻldi, deyish mumkin.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ogahiyshunoslik tushunchasi maʼlum bir shaxs merosi tadqiq va targʻibidan iborat emas. Umuman, shunday insonlar borki, ularning merosini oʻrganish butun davr yoki davrlarni jiddiy oʻrganish, shuningdek, qator sohalar tutashligini talab qiladi. Shundan xulosa chiqarish mumkinki, biror fenomen ijodkorning taʼsir doirasi, ulugʻvorlik mezonlari uning kelgusi avlodga qay darajada koʻlamli meros qoldirgani bilan oʻlchanadi. Shuning uchun navoiyshunoslik faqat Alisher Navoiy shaxsiyati bilan cheklanmay, oʻzbek adabiyotining barcha davrlari, ijtimoiy fanlarning deyarli barcha sohalari bilan bogʻliq boʻlgani kabi oʻzida asosan Muhammad Rizo Ogahiy merosi tadqiqini nazarda tutuvchi ogahiyshunoslik oʻzbek adabiyoti, tili, xalqimiz tarixi, tarjimashunoslik, manbashunoslik, matnshunoslik, pedagogika, etika, estetika kabi qator sohalarni ham qamrab oladi.

Ogahiyshunoslik tarixiga nazar tashlasak, jahon ijtimoiy fanlarida Munis va Ogahiyning tarixiy asarlari bilan bogʻliq ilmiy izlanishlar Xiva xonligi tarixini oʻrganish kontekstida olib borilgan. Jumladan, A.N.Samoylovich qoraqalpoqlar, P.P.Ivanov turkmanlar va qoraqalpoqlar, N.Mingulov qozoqlar tarixini yoritish maqsadida bu asardan rus tilida parchalar eʼlon qilganlar[2]. A.D.Kalmikov oʻzining “Xiva” asarida “Firdavs al-iqbol”dan ayrim tarjimalarni keltirgan. B.V.Lunin Xorazm tarixini oʻrgangan olimlar haqidagi maqolasida asar va uning oʻrganilishiga umumiy sharh bergan. Baʼzi manbalarda qoʻlyozmaning tavsifi ham keltirilgan[3].

Rus harbiy ekspeditsiyasining tarkibida boʻlgan sharqshunos A.L.Kunn Xorazm qoʻlyozmalarining katta qismi olib ketilishida qatnashgan va “Tashkentskiye vedomosti”da ular haqida dastlabki maʼlumotni bergan[4]. A.Kunn qoʻlyozmalarni Sankt-Peterburg Osiyo muzeyiga topshiradi (1874). Keyinchalik unda mavjud qoʻlyozmalar haqida nemis olimi K.Seleman (S.Seleman) ham maʼlumot beradi[5]. G.Xalliyeva taʼkidlaganidek, V.V.Bartoldgacha bu asar bilan yaxshi tanish boʻlgan kitobxon pastor Amirxanyansdir. 1933 yilda turk olimlari Nesip Azim va Abdulqodir Inan qoʻlyozmaning Istanbuldagi nusxasi asosida “Firdavs al-iqbol”dan parchalar eʼlon qilganlar va turk ziyolilarini Munis va Ogahiyning tarixiy asaridan qisman voqif qilganlar.

V.V.Bartold Ogahiy tarixiy asarlari yuzasidan chuqur ilmiy izlanishlar olib borgan. Jumladan, 1910 yilda u “Firdavs al-iqbol” qoʻlyozmasining umumiy tavsifini berib, uning topilishi va oʻrganilishi tarixini yoritadi[6]. B.V.Luninning fikriga koʻra, V.V.Bartold asarning arab alifbosidagi ilmiy-tanqidiy matnini nashrga tayyorlagan. Ammo nomaʼlum sababga koʻra bu maqsad amalga oshmagan[7]. Yu.Bregel V.V.Bartold tahrir qilgan matndan foydalanmagan va u hali hanuz olimning shaxsiy arxivida saqlanmoqda[8].

Tilshunoslik sohasida ogahiyshunoslik oʻtgan asrning elliginchi yillaridan boshlangan. Ogahiy asarlari til xususiyatlariga bagʻishlangan ilk maqola S.Dolimov tomonidan eʼlon qilingan[9]. Z.Doʻsimovning “Ogahiyning “Zubda at-tavorix” asarining leksik-grammatik xususiyatlari haqida” maqolasida esa mazkur asarning lisoniy oʻziga xosliklari koʻrsatib berilgan[10]. Olim “Zubda at-tavorix”, umuman, Ogahiyning barcha tarixiy asarlariga xos boʻlgan leksik va sintaktik xususiyatlar haqida mulohaza yuritar ekan, jumladan, ularda forsiy izofa va izofiy zanjirning keng qoʻllanganligi, murakkab sintaktik qurilmalarda fors tili sintaktik qurilishining taʼsiri katta ekanligini misollar orqali koʻrsatib beradi. XVII – XIX asrlar eski oʻzbek tili morfologik xususiyatlarini tekshirgan A.Matgʻoziyev koʻplab obyektlar qatori Munis va Ogahiy qalamiga mansub “Firdavs al-iqbol”, Ogahiyning “Zubda at-tavorix”, “Gulshani davlat”, “Shohid al-iqbol” kabi asarlarini mavjud qoʻlyozmalaridan foydalangan holda tahlilga tortgan[11]. H.Dadaboyevning “Ogahiy tarixiy asarlaridagi ijtimoiy-siyosiy terminlar tizimi xususida” nomli maqolasida bayon qilingan nazariy fikr va amaliy takliflar shoir, muarrix va tarjimon ijodkor tili leksikasini oʻrganishda muhim[12]. Ogahiyning tarixiy asarlari nashriga ilova lugʻat tuzgan N.Norqulov xizmatlarini ham shoir, muarrix va tarjimon ijodkor asarlari tilida ijtimoiy-siyosiy leksikani oʻrganishga qoʻshilgan oʻziga xos hissa sifatida baholash mumkin[13]. Unda Ogahiy tarixiy asarlarida ishlatilgan 400 ga yaqin soʻz izohlangan. Shoir tavalludining 200 yilligi arafasida – 2009 yilda Ogahiyning soʻnggi asari “Shohidul-iqbol” nashrdan chiqqan edi[14]. Asarga ilova qilingan lugʻatda 500 dan ortiq soʻzning izohi berilgan. Keyingi yillarda N.Jabborov tomonidan “Zubda at-tavorix” nashr qilinishi, N.Toshevning esa “Jomeʼ ul-voqeoti sultoniy”[15], H.Nazirova “Zubda at-tavorix”ning ilmiy-tanqidiy nashrini amalga oshirishi Ogahiy tarixiy asarlari nashriga eʼtibor kuchayganini koʻrsatadi[16]. S.Roʻzimboyev, A.Ahmedovning N.Jumaxoʻja bilan hamkorlikda hamda I.Bekchon va N.Polvonov tomonidan ham “Firdavs al-iqbol”ni nashr qildirgani madaniy-maʼrifiy hayotimizda muhim voqea boʻldi[17]. Ogahiy lirik asarlari leksikasi borasida R.Yoʻldoshevning bir necha maqolasi eʼlon qilingan. Shu bilan birga 1999 yilda “Ishq ahlining tumori” toʻplami nashr qilinishi ham soha rivojidagi voqealardan sanash mumkin. Ogahiy asarlari leksikasi monografik tarzda oʻrganilgan ishlar qatorida A.Oʻrozboyevning nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini qayd qilish mumkin[18].

Prezident Sh.M.Mirziyoyevning 2020 yil 20 mayda Toshkent shahridagi “Adib­lar xiyoboni”ga qilgan tashrifida belgilangan vazifalar ham ogahiyshunoslikni davr talablari asosida yangi bosqichga olib chiqishga asos boʻldi. Belgilangan vazifalarga koʻra Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Ogahiyshunoslar ken­­gashi” tashkil qilindi. Joriy yil 6 iyul kuni ushbu kengashning taʼsis majlisi onlayn shaklda oʻtkazilib, galdagi vazifalar, qilinishi lozim boʻlgan ishlar koʻlami belgilab olindi.

Fikrimizcha, qilinishi lozim boʻlgan ishlar koʻlami nihoyatda kattaligi hamda murakkab jarayon ekanligi bois ogahiyshunoslikning istiqboldagi rejalarini bosqichma-bosqich amal oshirib borish zarur. Bizningcha, birinchi bosqich Ogahiy asarlarini toʻla nashr qilish, ommaviy axborot vositalari orqali shoir ijodi targʻibotini olib borish, xalqimiz daho ijodkor merosidan bahramand boʻlishi uchun Ogahiy asarlari lugʻatini tuzish hamda nashr etish, kitoblarning elektron variantlarini yaratish kabi kechiktirmay qilinishi kerak boʻlgan ishlarni amalga oshirishdan iborat boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 martdagi “Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 238-son qarorining 3b-bandida 2019-2021 yillarda Ogahiy asarlar toʻplamini nashr etish vazifasi belgilangan boʻlib, bu boradagi ishlar oʻzining ilk samarasini bera boshladi. Mazkur qaror ijrosi sifatida Ogahiy “Asarlari”ni nashr qilish uchun nufuzli tahrir hayʼati tuzildi va 2019 yil mart oyidan kirishildi. Shu kunga qadar Ogahiy “Asarlar”i koʻpjildligining 8 jildi nashr qilindi[19]. Ushbu koʻlamli ish Xorazm viloyati hokimligi homiyligida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Xorazm Maʼmun akademiyasi va Urganch davlat universiteti hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyihani Xorazm Maʼmun akademiyasida faoliyat olib borayotgan A-FA-2019-9 shifrli “Qadimiy yozma noyob qoʻlyozma va manbalarni tadqiq qilish, ularning raqamlashtirilgan bibliotekasini yaratish” amaliy loyihasi muvofiqlashtirib bormoqda. Nashr ishlarini bajarishda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti oʻz fondidagi Ogahiyning noyob qoʻlyozmalarini taqdim etish, zarur oʻrinlarda ularning nusxalari bilan taʼminlash, masʼul muharrirlik qilish va taqrizdan oʻtkazish kabi jarayonlarda bosh-qosh boʻldi. Bundan keyingi jildlar nashri koʻp jihatdan institut fondidagi qoʻlyozmalar bilan bogʻliq boʻlib, institut mavjud sharoit, muhimi, ishning xalqimiz maʼnaviyati taraqqiyotida beqiyos oʻrnini eʼtiborga olib, zarur imkoniyatlarni yaratib berishga tayyor.

Ogahiy “Asarlar”ining yangi nashri qaysi qoʻlyozma asosida bajarilgani, har bir sahifa va varaq qoʻlyozmaga muvofiq koʻrsatib borilgani, lugʻat va izohlar, zarur oʻrinlarda tarjima bilan taʼminlangani kabi qator ijobiy jihatlarga ega. Shu bilan birga oʻz oʻrnida 1971 – 1979 yillarda Gʻ.Karimov va S.Dolimov saʼy-harakatlari bilan nashr qilingan Ogahiy “Asarlar”i oʻz davri uchun katta voqea boʻlgani, ularning bu harakatlari oʻz davri sharoitida ilmiy jasorat boʻlganini eʼtirof etish kerak.  

Ogahiy tarjimasidagi asarlar bilan jiddiy shugʻullangan N.Komilov “Ogahiy mahorat bilan tarjima etgan asarlar oʻzbek adabiyoti tarixining muayyan bir boʻlagini tashkil etadi, uni oʻrganmay chetlab oʻtish esa bu ulkan adibning ijodiga yetarli eʼtibor bermaslik, uni yarim-yorti qilib, chala tasavvur etish yoki adabiyot tarixining salmoqdor bir qismini tashlab ketish demakdir”, [20] degan edi. Oʻzbek maʼnaviyati, tili, maʼrifati rivojida muhim voqea boʻlgan bu kabi koʻlamli tarjima asarlarni “…tashkiliy uyushganlik, ishga davlat va millat ahamiyati nutqai nazaridan qarab eʼtibor qilish Xorazmda tarjima ishining baland darajaga koʻtarilishi, juda koʻplab ajoyib asarlarning oʻzbek tilida paydo boʻlishi uchun maʼlum shart-sharoit vujudga keltirdi[21]”. Afsuski, N.Komilovdan keyin Ogahiy tarjimasidagi asarlar tadqiqiga bagʻishlangan koʻlamli ilmiy tadqiqotlar yaratilmadi. Vaholanki, Xorazm tarjimonlik maktabi koʻplab ilmiy ishlarga mavzu boʻla oladi, muhimi, ularning hali katta qismi xalqimiz qoʻliga yetib borgani yoʻq.

Ogahiyning falsafiy qarashlari boʻyicha M.Safar­boyev tadqiqotlarini izchil davom ettiradigan yoshlarni tarbiyalashimiz ham ogahiyshunoslik muammolaridan biri sanaladi, desak, adashmaymiz.

Galdagi muhim vazifalardan biri, albatta, Ogahiy asarlari lugʻatini yaratishdir. Ayrim ziyolilarimizda Ogahiy asarlari lugʻati yaratilgan taqdirda ham Alisher Navoiy asarlari uchun tuzilgan lugʻatlardan farq qilmasa kerak degan tasavvur paydo boʻlishi mumkin. Lekin Ogahiy asarlari lugʻat fondi maʼlum jihatlari bilan Alisher Navoiy asarlari lugʻat tarkibidan farq qiladi. Qolaversa, mazkur lugʻat leksikografiyaning eng keyingi yutuqlariga tayanib oʻziga xos tamoyillar asosida, muhimi elektron variantiga ega holatda shakllantirilishi kerak. Ana shunda ushbu lugʻat nafaqat Ogahiy, balki butun mumtoz adabiyotimiz adiblari tilini anglash, ularning boy maʼnaviy merosidan foydalanish imkonini ham beradi.

Oʻylaymizki, ogahiyshunoslik rivoji butun ijtimoiy fanlar rivoji va taraqqiyotiga munosib hissa qoʻsha oladi. Zero, Muhammad Rizo Ogahiy merosi milliy maʼnaviy mulkimizning ajralmas salmoqli qismidir.

[1] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 maydagi PQ-2995-son “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori.
[2] Materialы po istorii karakalpakov. Sbornik. M.-L., 1935. S. 91-127; Ivanov P.P. Xivinskiye xroniki XIX v. Munisa-Agexi kak istochnik po istorii turkmen. MITT. II. S. 23-25; Yego je. Ocherk istorii karakalpakov // Materialы po istorii karakalpakov. – S. 323 – 426; Materialы po istorii Kazaxskix xanstv. XV-XVIII vv. – S. 435 – 475.
[3] Bartold V.V. Sochineniya. IX tom. M., 1977. S.444; Lunin B.V. Proshloye i nastoyaщyee Xorezma v nauke// Istoriya Xorezma. Tashkent, 1976. S. 6-8; Dmitreva L.V., Muginov A.M., Muratov S.N. Opisaniye Tyurkskix rukopisey instituta narodov Azii. M., 1965; Dmitreva L.V. Katalog tyurkskix rukopisey. – M., 2002.
[4] Kunn A. Zametki o Xivinskom xanstve // Turkistanskiye vedomosti,1873. № 40. – S.158.
[5] Saleman S. Das Asiatische Museum. St. Peterburg, 1894. – R. 274 – 280.
[6] Bartold V.V. Sochineniya. II tom. M., 1964. S.400-413.
[7] Lunin B.V. Proshloye i nastoyaщyee Xorezma v nauke. S. 7.
[8] Firdavs al- iqbal. R. 39.
[9] Dolimov S. Ogahiy poeziyasida omonim va sinonim soʻzlar // Oʻqituvchilar gazetasi. 1957. – № 51.
[10] Doʻsimov Z. Ogahiyning “Zubdatut-tavorix” asarining leksik-grammatik xususiyatlari haqida // Ogahiy abadiyati. –Toshkent: Oʻzbekiston, 1999. – B. 37-41.
[11] Matgaziyev A. Issledovaniye po morfologii starouzbekskogo yazыka (kones XVII – do semidesyatыx godov XIX v.): Avtoref. diss … d-ra filol. nauk. – Tashkent; 1979. – 41 s.
[12] Dadaboyev H. Ogahiy tarixiy asarlaridagi ijtimoiy-siyosiy terminlar tizimi xususida // Oʻzbek tilshunosligining dolzarb masalalari (Ilmiy maqolalar toʻplami) – №3. – Toshkent, 2009. –B. 21-24.
[13] Muhammad Rizo mirob Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy. Asarlar. VI jildlik. V jild. –Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1978. –B.202-210.
[14] Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy. Shohidu-l-iqbol. Nashrga tayyorlovchi, soʻzboshi va izohlar muallifi N.Shodmonov. – Toshkent: Muharrir, 2009. – 335 b.
[15] Muhammad Riza Mirab Agahi. Jamiʻ al-vaqiʻat-i sultani. Ed. in the original Central Asian Turki with an Introduction and Notes by Nouryaghdi Tashev. – Tashkent-Istanbul, 2012.
[16] Muhmmad Riza mirab Agahi. Zubdat al-tavarikh. International institute for Central Asian Studies, Al-Beruni Center for Oriental Manuscripts under Tashkent State Institute of Oriental studies. Edited in the original Central Asian Türkī with an Introduction and Notes by Khilola Nazirova. International Institute for Central Asian Studies (IICAS) by the UNESCO Silk Road Programme. – Tashkent–Samarkand, 2016.
[17] Shermuhammad Munis, Muhammadrizo Ogahiy. Firdavs ul-iqbol (Baxtlar bogʻi).Nashrga tayyorlovchilar N.Jumaxoʻja, S.Roʻzimboyev, A.Ahmedov. – Toshkent: Oʻqituvchi, 2010. 382 b.
[18] Oʻrazboyev A.D. Ogahiyning “Riyoz ud-davla” asarida ijtimoiy-siyosiy leksika. Filol. fanlari nomz. diss. – Toshkent, 2009. 155 b.; Ogahiyning tarixiy asarlari leksikasi. Filol. fanlari dokt. diss. – Toshkent, 2018. 248 b.
[19] Muhammad Rizo Ogahiy. Asarlar. 2-jild. 1-kitob. Shermuhammad Avazbiy mirob oʻgʻli Munis, Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy. “Firdavsul-iqbol” (“Baxt-saodat jannati”). Nashrga tayyorlovchilar, kirish va izohlar mualliflari I.Bekchonov, N.Polvonov. – Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2019. 512 b.; Muhammad Rizo Ogahiy. Asarlar. 3-jild. “Zubdatu-t-tavorix” (“Tarixlar sarasi”). Nashrga tayyorlovchi va izohlar muallifi N.Jabborov. – Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2020.; Muhammad Rizo Ogahiy. Asarlar. 4-jild. “Riyozu-d-davla” (“Davlat bogʻlari”). Nashrga tayyorlovchi va izohlar muallifi A.Oʻrozboyev – Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2020.; Muhammad Rizo Ogahiy. Asarlar. 6-jild. “Gulshani davlat” (“Davlat gulshani”). Nashrga tayyorlovchi va izohlar muallifi A.Oʻrozboyev – Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2020. 328 b.; Muhammad Rizo Ogahiy. Asarlar. 7-jild. “Shohidu-l-iqbol” (“Iqbol shahodati”). Nashrga tayyorlovchi, soʻzboshi va izohlar muallifi N.Shodmonov – Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2019. 384 b.; Muhammad Rizo Ogahiy. Asarlar. 8-jild. “Axloqu-l-muhsiniyn”. Nashrga tayyorlovchilar M.Safarboyev, S.Rahimov, A.Oʻrozboyev – Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2019. 320 b.; Muhammad Rizo Ogahiy. Asarlar. 9-jild. “Guliston” (Saʼdiy Sheroziy) va “Haft paykar” (Nizomiy) tarjimalari. Nashrga tayyorlovchi va izohlar mualliflari S.Dolimov va A.Oʻrozboyev – Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2019. 264 b.; Muhammad Rizo Ogahiy. Asarlar. 10-jild. “Miftohu-t-tolibin” (“Toliblar kaliti”) Mahmud Gʻijduvoniy asari. Fors tilidan Ogahiy tarjimasi. Tabdil, soʻzboshi, izoh va koʻrsatkichlar muallifi E.Mirkomilov. – Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2020. 400 b.
[20] Komilov N. Muhammadrizo Ogahiyning tarjimonlik mahorati. Filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya ishi. – Toshkent, 1970. 6-bet.
[21] Yuqoridagi asar. 12-bet.
Bahrom ABDUHALIMOV
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti,
tarix fanlari doktori, professor

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …