Home / ALLOMALAR / Jaʼfar ibn Muhammad Mustagʻfiriy kim edi?

Jaʼfar ibn Muhammad Mustagʻfiriy kim edi?

Alloma Xuroson, Marv va Saraxsda shunchalar kuchli ustozlardan saboq oldiki, natijada oʻsha paytlari ilm markazlari sanalgan Iroq, Shom va Hijozga alohida safar qilishiga zarurat qolmadi.

Qadimda koʻhna Nasaf buyuk allomalar yetishib chiqqan koʻplab sulolalari bilan mashhur boʻlgan. Shulardan biri Mustagʻfiriylardir.

Tarixchi alloma Samʼoniy oʻzining “Al-ansob” asarida bu muborak oilaning eng mashhur vakili – Jaʼfar ibn Muhammad Nasafiy Mustagʻfiriy haqida quyidagi maʼlumotni keltirgan:

“Jaʼfar ibn Muhammad Mustagʻfiriy Nasaf xatibi boʻlgan. U fazilatli faqih, muhaddis, ishonchli, fahmi, maʼrifati va barkamolligi yetuk boʻlgan. Koʻplab bilimlarni egallagan, ajoyib asarlar yozgan. Xurosonga safar qilgan, Marv va Saraxsda bir muddat istiqomat qilgan.

Abu Ali Zohir Saraxsiyga uzoq vaqt shogirdlik qilgan, keyinchalik boshqa ustozlardan ham ilm oʻrgangan.

Nasafda Abu Sahl Horun Astrobodiy, Abdulloh ibn Muhammad Roziydan hadis tinglagan. Buxoroda Abu Abdulloh ibn Muhammaddan, Marvda Muhammad ibn Makkiy va koʻplab muhaddislardan saboq olgan.

U yashagan asrda Movarounnahrda turli ilmlar, kitob yozish va hadisni tushunishda unga teng keladigani yoʻq edi. U 961 yilda tugʻilgan, 1041 yilda jumodul avval oyining soʻnggi kunlari vafot etgan. Qabri Nasafning vodiy tarafida, men uni ziyorat qilganman”.

Allomaning toʻliq ismi Abu Abbos Jaʼfar ibn Muhammad Mustagʻfiriy Nasafiy Naxshabiydir.

Mustagʻfiriy – bobolaridan birining ismiga ishora. Buni Samʼoniy, Ibn Asir va boshqalar zikr qilgan.

Abu Abbos ilm talabida turli shaharlarga safarga chiqqan. Jumladan, Xuroson, Marv va Saraxsda maʼlum muddat istiqomat qilgan. Alloma bu shaharlarda hadis va fiqhni oʻrgangan. U bu yerlarda shunchalar kuchli ustozlardan saboq oldiki, pirovardida oʻsha paytlari ilm markazlari sanalgan Iroq, Shom va Hijozga alohida safar qilishiga zarurat qolmagan. Nasafga qaytib shu yerning muftiysi va xatibi boʻlgan. Imom Zahabiy oʻz kitobida: “Mendagi maʼlumotlarga koʻra, u Iroqqa bormagan”, degani shundan boʻlsa kerak.

Abu Abbos koʻplab shayxlardan hadis rivoyat qilgan. Ularning eng mashhurlari sifatida Zohir ibn Ahmad Saraxsiy, Ibrohim ibn Luqmon, Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulvahhob Roziy, Jaʼfar ibn Muhammad Buxoriy, Horun ibn Ahmad Astrobodiy va Movarounnahrning katta muhaddislaridan Hofiz Ahmad ibn Ali Sulaymoniy kabi allomalarni keltirish mumkin.

Allomadan juda koʻplab muhaddislar hadis tinglagan, rivoyat qilgan. Ular orasida mashhurlardan oʻgʻli Abu Zar, Hasan ibn Abdulmalik Nasafiy, Abu Nasr Ahmad ibn Jaʼfar Kosoniy, Hofiz Hasan ibn Ahmad Samarqandiy, Muhammad ibn Abduljabbor Samʼoniy, Hofiz Abdulaziz ibn Muhammad Naxshabiy, Ismoil ibn Tohir ibn Yusuf Nasafiy bor.

Abu Abbos “Nasaf va Kesh tarixi”, “Samarqand tarixi”, “Fazoil ul-Qurʼon” (“Qurʼon fazilatlari”), “Kitob ul-vafo” (“Vafo haqida kitob”), “Daloil un-nubuvva” (“Paygʻambarlik dalillari”), “Kitob ud-daʼavot” (“Duolar kitobi”), “Kitob xutab un-nabiy” (“Paygʻambar xutbalari kitobi”), “Kitob tibb un-nabiy” (“Paygʻambar tabobati kitobi”), “Kitob ush-sheʼr vash shuaro” (“Sheʼriyat va shoirlar haqidagi kitob”), “Maʼrifat us-sahoba” (“Sahobalarni bilish”) va yana bir qator asarlar muallifi hisoblanadi.

Allomaning “Tibb un-nabiy”, “Fazoil ul-Qurʼon” va “Daloil un-nubuvva” asarlari tadqiq qilinib, zamonaviy nashrdan chiqqan va hozir keng tadqiqotchilar ommasi tomonidan oʻrganilmoqda. Bu Abu Abbos Mustagʻfiriy qoldirgan katta ilmiy meros hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmaganidan dalolatdir.

Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
Manba: yuz.uz

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …