Home / FOTO LAVHALAR / AMIR TЕMUR – MOHIR SARKARDA VA BUYUK DAVLAT ARBOBI

AMIR TЕMUR – MOHIR SARKARDA VA BUYUK DAVLAT ARBOBI

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ana shunday nomlandi.

Unda Markaz ilmiy xodimlari va Samarqand davlat universiteti olimlari ishtirok etdi.

Tadbirni Markaz direktori Sh.Ziyodov ochib, mamlakatimizda buyuk alloma ajdodlarimiz, ulugʻ bobokalonlarimizning xotirasini abadiylashtirish, ularning boy maʼnaviy merosini oʻrganish, ilmiy jasoratini yosh avlodga yetkazish yoʻlida olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi. Shundan soʻng  mehmonlarning maʼruzalari tinglandi.

– Amir Temur 1336 yil 9 aprel kuni Kesh viloyatining Xoʻja Ilgʻor qishlogʻida amir Muhammad Taragʻay xonadonida dunyoga kelgan. U 16 yoshligida Qurʼoni Karimni toʻliq yod olgan. Oʻz davrining yetuk olimlari bilan bemalol bahs-munozara yurita oladigan ilmiy salohiyatga ega boʻlgan. Tarixdan maʼlumki, Amir Temur va temuriylar davrida Movarounnahr hududida ilm-fan, madaniyat va sanʼat yuksak darajada taraqqiy etgan. Keng koʻlamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan, – dedi Samarqand davlat universiteti dotsenti Mahmud Nasrullayev.

Olim maʼruzasi davomida  Amir Temur va temuriylar davri davlatchilik tarixi, Sohibqiron saltanatining harbiy salohiyati, ilmi nujum ahliga qaratgan eʼtibori haqida soʻzlab berdi.

Darhaqiqat, Amir Temur oʻz davrida koʻplab muhtasham imorat va inshootlar, saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar qurdirgan, shaharlar atrofida bogʻ-rogʻlar va boʻstonlar barpo ettirgan. Ilm-fan, madaniyat va sanʼat ahliga oʻzi homiylik qilib, yuksak izzat-ikrom koʻrsatgan.

Tadbir savol-javoblarga boy tarzda oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

«OʻRTA OSIYO QOʻLYOZMALARI KODIKOLOGIYASI ELEMENTLARI»

 1-2-may, 2024-yil soat 10:00 da 📍 Oʻtkazish joyi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot …