Home / MAQOLALAR / “Amad al-aqso” asarining ikki nodir qoʻlyozma nusxasi

“Amad al-aqso” asarining ikki nodir qoʻlyozma nusxasi

Movarounnahrda bundan bir necha yuz yil avval, yaʼni  IX-XII asrlarda birinchi renessans roʻy berdi. Aynan oʻsha davrda davlat yuritishdagi siyosat oʻzgarishi bilan bir qatorda ilm-fanning turli sohalaridagi yutuqlar yaqqol koʻzga tashlandi. Ayniqsa yangi sohalar – tafsir, hadis, kalom, fiqh, tilshunoslik, matematika, astronomiya, kimyo, tibbiyot, huquq, geodeziya va geografiyaga qiziqish kuchaydi. Natijada turli sohalarda ijod qilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Muhammad Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Zamaxshariy, Abul Muin Nasafiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshgʻariy kabi yuzlab ajdodlarimiz serqirra isteʼdod sohiblari boʻlib yetishdilar.

Shunday allomalardan biri Abu Zayd Dabusiy boʻlib, uning toʻliq ismi Abu Zayd Ubaydulloh ibn Umar ibn Iso Dabusiydir[1]. U 367/978 yili Samarqand sugʻdi hududidagi Dabusiya shahrida tugʻilib, 430/1039 yil Buxoroda vafot etgan.

 Alloma hanafiy mazhabining yirik vakili, faqih, Buxoroning yetti mashhur qozisi (quzoti sabʼa)dan biri boʻlgan. U boshlangʻich taʼlimni Dabusiyadagi olimlardan olgan. Soʻngra Buxoro va Samarqand  shaharlariga borib, u yerdagi olimlar qoʻlida tahsilni davom ettirgan.

Abu Zayd Dabusiyning fiqh ilmi sohasidagi ustozi Abu Jaʼfar Muhammad ibn Amr Shaʼbiy Ustrushaniydir. Oʻz navbatida Abu Jaʼfar Ustrushaniy fiqh ilmini Buxoro fiqh maktabi vakili Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Kamoriy Buxoriy va Iroq fiqh maktabi vakili Abu Bakr Jassos Roziydan oʻrgangan. Shunday qilib, Dabusiy ustozi Ustrushaniydan Movarounnahr va Iroq maktablarining usul va ananalarini mukammal oʻzlashtirgan. Natijada Buxoroda qozi vazifasiga tayinlangan va yetti qozi qatoridan oʻrin olgan.

Abu Zayd Dabusiy oʻzidan boy ilmiy meros qoldirgan. Uning “Taqvimul adilla fi usulil fiqh” (“Usulul fiqhdagi dalillarni toʻgʻirlash”), “Taʼsisun nazar” (“Qarashlarni asoslash”), “Amadul aqso” (“Eng olis maqsad”), “Asror fil usul val furu” (“Usul ilmi va tarmoqlarining sirlari”), “Anvoru fi usulil fiqh” (“Usulil fiqhdagi nurlar”), “Xizanatul huda” (“Hidoyatga elituvchi xazina”), “Sharhul Jomiʼul akbar” (“Katta toʻplam sharhi”), “Tajnisu Dabusiy” (“Dabusiyning tajnisi”) va “Nuzumu fil fatavo” (“Fatavolardagi tartib qoidalar”) nomli asrlari boʻlgan.

Uaning asarlari keyingi davrlarda yashab, ijod qilgan allomalar uchun dasturulamal boʻlib xizmat qilgan, desak, adashmagan boʻlamiz.

Bugungi kunda alloma asarlarining qoʻlyozma nuxalari Sharq va Gʻarb mamlakatlari kitob fondlarida saqlanmoqda. Bu borada Zafar Najmiddinov oʻzining “Abu Zayd ad-Dabusiy merosining movarounnahr fiqh ilmi rivojida tutgan oʻrni” nomli monografiyasida batafsil maʼlumot berib oʻtgan.

Allomaning hayoti va ilmiy merosini oʻrganish borasida dunyoning turli mintaqalaridagi olimlar tomonidan koʻplab tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan, amerikalik Jorj Maqdisiy, Aron Zaysov va Brannon Viler, saudiyalik Abdurahim Solih Muhammad Yoqub va Sharafiddin Ali Gʻalay, turkiyalik Yusuf Ziyo Kavakchi, Bunjay Bashogʻlu, Hakki Aydin, Abdulloh Sevim, Fuad Sezgin, A.Akgunduz, Yusuf Kilich, Shukru Oʻzen va Ferhat Koja kabi tadqiqotchilarni sanab oʻtish mumkin.[2] Yurtimizda mustaqillikdan soʻng tadqiqotlar olib borgan yuridik fanlari doktori Abdulhakim Juzjoniy va Zafar Najmiddinovni ham keltirib oʻtish mumkin. Abdulhakim Juzjoniyning “Buxorolik buyuk faqih – Abu Zayd Dabusiy” nomli risolasi (Toshkent 2007 y.) va Zafar Najmiddinovning “Abu Zayd ad-Dabusiy merosining movarounnahr fiqh ilmi rivojida tutgan oʻrni” nomli monografiyasi (Toshkent 2019 y.) shular jumlasidandir.

Shu oʻrinda Abu Zayd Dabusiyning tasavvuf ilmiga oid “Amadul aqso” asarining Turkiyadagi Sulaymoniya kutubxonasining Laleli fondida № 1337 raqam ostida va Rogʻib posho fondida № 647 raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari haqida qisqacha toʻxtalib oʻtishni lozim topdik.

Mazkur asar nisbatan kam oʻrganilganligiga qaramay, uning ilmiy-tarbiyaviy ahamiyati juda yuqoridir. U oʻziga xos uslubi bilan tasavvufga va odob-axloqqa oid boshqa asarlardan alohida ajralib turadi.

Qoʻlyozma nasx xatida qoʻchirilgan. Asar 138 varaqdan iborat boʻlib, uning mistarasi 21 qatorni tashkil etadi. 3a sahifasida kitob va muallifning nomi quyidagicha keltirilgan:

كتاب الامد الاقصى للقاضى الامام الذاهد ابى زيد عبدالله بن عمر بن عيسى الدبوسي …

Qoziy, imom, zohid Abu Zayd Abbulloh ibn Umar ibn Iso Dabusiyning “Amadul aqso”kitobi … .[3]  

 Undan soʻng asarning fehristi – mundarijasi qizil siyoh bilan yozilgan. Mundarijadan bilish mumkinki, asar 11 ta kitobdan iborat boʻlib, uning 7-kitobi 3ta, 9-kitobi 4ta, 10-kitobi 1ta faslga boʻlingan. Qolgan kitoblar esa fasllarga ajratilmagan.

Mundarijadagi  kitob va fasllar tartibi quyidagicha:

“Amadul aqso” kitobining fehristi – فهرست كتاب امد الاقصى

  1. Oʻz nafsiga qarshi kurashish (jihod qilish) kitobi – كتاب جهاد النفس -3
  2. Yaratishning aslidagi hikmatlar kitobi – كتاب حكم اصل الخلق – 4
  3. Toʻrt fasl kitobi – كتاب الفصول الاربعة -8
  4. Bandalik kitobi – كتاب العبودية – 14
  5. Faqirlik kitobi – كتاب الفقر – 18
  6. Buyruq kitobi – كتاب الامر – 30
  7. Zindon va podshohlik kitobi – كتاب السجن و المملكة – 42
  8. Dunyoni zikr etish fasli – فصل ذكر الدنيا – 49
  9. Tijorat fasli – فصل التجارة – 53
  10. Muomalalar fasli – فصل المعاملة – 58
  11. Tarozi kitobi – كتاب الميزان – 59
  12. Odamlarning diniy nuqtai nazardan boʻlinish kitobi –

 كتاب اقسام الناس في الدين – 62

  1. Doimo rost gapiruvchilar fasli – فصل الصديقين – 77
  2. Vazir haqidagi fasl – فصل في الوزير – 79
  3. Zohid haqidagi fasl – فصل في الزاهد – 80
  4. Qiziqqan narsani oʻrganish haqidagi fasl – فصل في الراغب ما سعى – 81
  5. Qiyinchilik va hiyla (uning chorasi) kitobi – كتاب المحنة و الحيلة – 83
  6. Hiyla qilish fasli – فصل الحيلة – 92
  7. Daʼvat, tush koʻrish va bashorat qilish kitobi[4] –

كتاب الدعوة و الرؤية و البشارة – 93

Asardagi kitob va fasllarning nomlari ham matndan ajralib turishi uchun qizil siyoh bilan yozilgan.

  Rogʻib posho kutubxonasida № 647 raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozma 1158/1745 yili nasx xatida koʻchirilgan boʻlib, umumiy hajmi 207 varaqdan iborat. Mistarasi 19 qatorni tashkil etadi. Asar muqaddimasining 2a sahifasida kitob va muallifning nomi quydagicha keltirilgan:

كتاب الامد الاقصى للقاضى الامام الذاهد ابى زيد عبدالله بن عمر بن عيسى الدبوسي…

Qoziy, imom, zohid Abu Zayd Abbulloh ibn Umar ibn Iso Dabusiyning “Amadul aqso”kitobi … .[5] 

Ushbu sahifaning hoshiyasida asar ichidagi kitob va fasllar fehristi keltirilgan. Mundarija bilan asar matnidagi kitob va fasllar nomida biroz farq boʻlgani uchun biz quyida ularni matndagi tartib boʻyicha keltirdik. Asar 11 ta kitob, 9 ta fasldan iborat boʻlib, uning 7-kitobi 4 ta, 9-kitobi 4ta, 10-kitobi 1ta faslga boʻlingan. Qolgan kitoblar esa fasllarga ajratilmagan. Asardagi “Oʻz nafsiga qarshi kurashish (jihod qilish) kitobi”dan to “Buyruq kitobi”gacha boʻlgan kitob va fasllar nomi matndan ajralib turishi uchun qizil siyoh bilan yozilgan. Ammo “Zindon va podshohlik kitobi”dan to oxirgi “Daʼvat, tush koʻrish va bashorat qilish kitobi”gacha boʻlgan kitob va fasllarning nomlari yozilmay, oʻrni boʻsh qoldirilgan. Mazkur kitob va fasllarning nomlarini mundarijada keltirilgan tartib boʻyicha va Laleli kutubxonasida № 1337 raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxasiga taqqoslagan holda keltirib oʻtdik.   

Asar matnidagi  kitob va fasllar quyidagi tartibda keltirilgan:

 “Amadul aqso” kitobining fehristi – فهرست كتاب امد الاقصى

  1. Oʻz nafsiga qarshi kurashish (jihod qilish) kitobi – كتاب جهاد النفس – 5
  2. Yaratishning asli kitobi – كتاب اصل الخلق – 9
  3. Toʻrt fasl kitobi – كتاب الفصول الاربعة – 12
  4. Bandalik kitobi – كتاب العبودية – 21
  5. Faqirlik kitobi – كتاب الفقر – 28
  6. Buyruq kitobi – كتاب الامر – 45
  7. Zindon va podshohlik kitobi – كتاب السحن و المملكة – 65
  8. Dunyoni zikr etish fasli – فصل ذكر الدنيا – 76
  9. Dunyoni zikr etish fasli  –فصل ذكر الدنيا – 80
  10. Tijorat fasli – فصل التجارة – 82
  11. Muomalalar fasli – فصل المعاملة – 89
  12. Tarozi kitobi – كتاب الميزان – 91
  13. Odamlarning diniy nuqtai nazardan boʻlinish kitobi –

 كتاب اقسام الناس في الدين – 95

  1. Doimo rost gapiruvchilar fasli – فصل الصديقين – 96
  2. Vazir haqidagi fasl – فصل في الوزير – 120
  3. Zohid haqidagi fasl – فصل في الزاهد – 121
  4. Qiziqqan narsani oʻrganish haqidagi fasl – فصل في الراغب ما سعى – 122
  5. Qiyinchilik va hiyla kitobi – كتاب المحنة و الحيلة – 126
  6. Hiyla qilish fasli – فصل الحيلة – 138
  7. Daʼvat, tush koʻrish va bashorat qilish kitobi –

كتاب الدعوة و الرؤية و البشارة – 139

Mazkur nusxalardagi fasllarning adadi va nomlanishida biroz farq borligini koʻrish mumkin. Albatta, bu asarning mazmun-mohiyatiga taʼsir qilmaydi.

Nusxalarning birinchi kitobi “Oʻz nafsiga qarshi kurashish (jihod qilish) kitobi”, deb boshlashida ham oʻziga xos hikmat bor. Chunki, nafs deganda koʻproq yomon sifatlarni oʻzida jamlovchi narsa koʻzda tutiladi. Shuning uchun ham nafsga qarshi mujohada qilish, uni sindirish zarurligi tez-tez takrorlanib turadi.

Mazkur nusxalar basmala va yaratgan Zotga hamdu sano, Paygʻambar alayhissalomga salavot bilan boshlagan. Undan soʻng: “Paygʻambar alayhissalomning: “Jihodning afzali nafsga qarshi kurashish (jihod qilish)dir”, deganlar. Negaki, har birimizning jismimiz toʻrtta narsa bilan imtihon qilingan. Ular ruh, nafs, qalb va bosh (aql)dir.  Nafs boshga oʻz his-tuygʻularini ishga solish bilan jismni dunyo manfaati uchun bir ishga buyurib, bir ishdan qaytaradi. Ruh oxiratning foydasi uchun qalbni ishga solib, inson aqlini bir ishga buyuradi va bir narsadan qaytaradi”,[6] deya davom etdirgan.

Darhaqiqat, mazkur asarning bugungacha yetib kelgan qoʻlyozma nusxalarining asosiy qismi X/XVI asrlarda koʻchirilgan. Shunga asoslanib, Dabusiyning diniy-falsafiy qarashlari aynan shu davrda ommalashganini xulosa qilish mumkin.[7] Asarning Laleli va Rogʻib posho fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarining elektron nusxalari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasining elektron bazasida saqlanmoqda.

Allomaning ilmiy merosini oʻrganish har barchamizga maʼnaviy ozuqa berib, kelajakda har tomonlama barkamol inson va ajdodlarimizga munosib boʻlishimizda ishonchli manba boʻlib xizmat qiladi.

Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] Baʼzi manbalarda Abu Zayd Abdulloh ibn Umar ibn Iso Dabusiy deb keltirilgan. Jumladan, Abu Zayd Dabusiyning tasavvuf ilmiga oid “Amadul aqso” asarining Laleli fondida № 1337 raqam ostida saqlanayotgan va Rogʻib poshsho fondida № 647 raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalarida.
[2] Qarang: Zafar Najmiddinov. Abu Zayd ad-Dabusiy merosining movarounnahr fiqh ilmi rivojida tutgan oʻrni. –T.: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyot-matbaa birlashmasi. 2019. –B.31-38.
[3] Abu Zayd Dabusiy. Amadul aqso. qoʻlyozma. № 1337. 3a sahifa.
[4] Abu Zayd Dabusiy. Amadul aqso. qoʻlyozma. № 1337. 3a sahifa.
[5] Abu Zayd Dabusiy. Amadul aqso. 1745. qoʻlyozma. № 647. 6a sahifa.
[6] Abu Zayd Dabusiy. Amadul aqso. qoʻlyozma. № 1337. 4a sahifa.; Amadul aqso. 1745. qoʻlyozma. № 647. 6a sahifa. Qoʻlyozma. № 647.
[7] Zafar Najmiddinov. Abu Zayd ad-Dabusiy merosining movarounnahr fiqh ilmi rivojida tutgan oʻrni. –T.: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyot-matbaa birlashmasi. 2019. –B. 110.

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …