Home / MAQOLALAR / YULDUZLAR ILMIDAN OSMON QADAR YUKSALGAN ALLOMA

YULDUZLAR ILMIDAN OSMON QADAR YUKSALGAN ALLOMA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining qadimiy va moʻtabar maskani – Xastimom dahasida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi binosi bilan tanishib, uning asosiy peshtoqini qurishda Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasidan andoza olish kerakligi haqida gʻoyat muhim taklifni ilgari surdi. Ushbu taklifning tarixiy ahamiyatini anglash uchun sulton Ulugʻbek hayoti va ilmiy merosini chuqur oʻrganishimiz kerak. “(Ulugʻbek koʻragon) Samarqandda bir oliy madrasa bino qildikim, bezagi, afzalligi va ulugʻvorligi jihatidan unga oʻxshashi yetti iqlimda ham yoʻqdir”, – deb yozadi tarixchi Davlatshoh Samarqandiy. Zahiriddin Muhammad Bobur esa bu muhtasham inshoot haqida: “Bu imoratning latofatini yozuv qalami va bayon raqami bilan tasvirlash mumkin emas”, – deydi.

Biz odatda madrasa deganda, diniy taʼlim muassasasini tushunamiz. Biroq 1417-1420 yillarda Ulugʻbek tashabbusi va doimiy eʼtiborida qad rostlagan ushbu taʼlim muassasasi bugungi kundagi haqiqiy akademiya maqomidagi taʼlim va ilmiy tadqiqot oʻchogʻi edi.

Mirzo Ulugʻbek ushbu madrasani shunchaki qurdirmagan, balki bu maskan uning hayotida beqiyos ahamiyatga ega boʻlgan. Tarixchi Zayniddin Vosifiyga koʻra, Ulugʻbek madrasa qurilishining har bir bosqichini shaxsan nazorat qilib borgan, hatto madrasa binosi bitgach, unga kim mudirlik qilishi, kimlar dars berishi, mudarrislar qanday bilim va malaka talablariga ega boʻlishi lozimligigacha aniq belgilab bergan. Ahamiyatlisi, Ulugʻbekdan keyingi davrlarda ham bu madrasani kim boshqarishini Samarqand hukmdorlari shaxsan hal qilganlar. Ushbu vazifa Bobur Samarqandni egallaganida uning zimmasiga tushgan.

Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarining yettinchi majlisida shunday yozadi: “Ulugʻbek Mirzo — donishmand podshoh erdi. Kamolati bagʻoyat koʻp erdi. Yetti qiroat bila Qurʼoni majid yodida erdi. Hayʼat va riyoziyni xoʻb bilur erdi. Andoqkim, zij bitdi va rasad bogʻladi va holo aning ziji oroda shoeʼdur. Bovujudi bu kamolot gohi nazmgʻa mayl qilur”.

Tarixchi va shoir Davlatshoh Samarqandiy oʻzining “Tazkirat ush-shuaro” (“Shoirlar boʻstoni”) asarida Ulugʻbek haqida quyidagilarni yozadi: “Ammo olim, odil, gʻolib va himmatli podshoh Ulugʻbek koʻragon yulduzlar ilmida osmon qadar yuksalib bordi, maoniy ilmida qilni qirq yordi. Uning davrida olim va fozillar martabasi nihoyat baland choʻqqiga koʻtarildi”.

Gʻiyosiddin Jamshid Koshiyning oʻz otasiga yoʻllagan xati Ulugʻbek davrida Samarqandda hukm surgan ilmiy-maʼnaviy muhit haqida ishonchli va batafsil maʼlumot beruvchi tarixiy manba hisoblanadi.

Muhammad Boqiriyning fikricha, ushbu qoʻlyozma Ulugʻbek bilan doimiy muloqotda boʻlgan, uning ilmiy majlislarida ishtirok etgan shaxs tomonidan yozilgan birlamchi manba ekani bilan ham qadrlidir.

Koshiyning birinchi xati Tehronning Sipohsolor masjidi kutubxonasidan topilgan boʻlib, 1940 yilda eronlik olim M.Tabataboiy tomonidan nashr etilgan. Keyinchalik ingliz, arab, turk, rus va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilinib, olimlar eʼtiborini oʻziga jalb qilgan. Maktub akademik D.Yusupova tomonidan 1979 yilda rus tilida, 1996 yilda oʻzbek tilida, 2009 yilda lotin alifbosida chop etilgan.

Eronlik olim M.Boqiriy kutilmaganda Tehronning Majpis kutubxonasida maktubning ikkinchi nusxasi saqlanayotganini aniqladi va uni ilmiy muomalaga kiritdi. Jamshid Koshiyga tegishli mazkur ikkinchi nusxasini oʻzbek ilmiy jamoatchiligiga nisbatan nomaʼlum boʻlgan manbalar qatoriga kiritish mumkin. Asarning oʻzbek tiliga tarjimasi mavjud emas. Biz Jamshid Koshiyning oʻz otasiga yoʻllagan maktubini Tehron nusxasi asosida tarjima qildik.

Maktubda Ulugʻbekning beqiyos ilmiy salohiyati, ilm-fanga eʼtibori va homiyligi, Samarqandda shakllangan matematika va astronomiya ilmiy maktablari, Ulugʻbek rasadxonasining qurilishiga oid tarixiy manbalarda uchramaydigan qimmatli maʼlumotlarni oʻqish mumkin. Taʼkidlash kerak, ushbu maktubdagi baʼzi maʼlumotlar uning birinchi nusxasida ham uchraydi.

“(Quyidagi) maktub xati hakimlar va muhandislarning buyuk iftixori mavlono Gʻiyosul-milla vad-din Jamshid Koshoniy tomonidan Koshon shahriga, oʻz otasiga saltanat poytaxti Samarqanddan u yerda rasad ishlari bilan mashgʻul boʻlib turgan vaqtida yozilgandur”, – deyiladi maktub avvalida.

Alloma otasiga bergan vaʼdasiga muvofiq Samarqandda faqat astronomiya ilmi bilan mashgʻul boʻlgani, bor diqqat-eʼtiborini ushbu fanga qaratayotganini taʼkidlaydi. Samarqandga ilk marta kelganida mahalliy olimlar uni diqqat bilan kuzatgani, turli savollar soʻrash orqali uning matematika va astronomiyaga oid bilimlarini sinovdan oʻtkazganlarini yozadi. “Bundan maqsad”, – deydi Gʻiyosiddin Koshiy, – Ulugʻbek huzurida obroʻ va maqomga ega boʻlgan olimlar saltanat poytaxtiga taklif etilgan yangi mehmon oʻzlaridan bilim va tajriba jihatidan ustun boʻlish yoki boʻlmasligini aniqlash edi”.

Mirzo Ulugʻbek olimlar huzurida ushbu fanlarga oid turli muammolar boʻyicha bahslar tashkil etishni odat qilgan va baʼzi masalalarning ilmiy muhokamasi bir-ikki oylab ham davom etgan. Bundan maʼlum boʻladiki, Ulugʻbek davrida olim va tadqiqotchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, Samarqandda ilmiy muhit oʻzining yuksak bosqichiga koʻtarilgan.

Ulugʻbek Samarqandda faoliyat koʻrsatayotgan olim va mudarrislar, madrasa talabalarini moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun 30 ming dinor kepakiy mablagʻ ajratgan. Shundan 10 ming dinor talabalarga yoʻnaltirilgan. Ushbu moliyaviy yordamni oluvchi talabalar soni 10 ming nafardan oshiqni tashkil qilgan va ularning nomlari maxsus qayd etib borilgan. Mazkur mablagʻ hozirgi kun hisobida oʻrtacha 32 milliard soʻmni tashkil etadi. 10 ming talabaga 10,6 milliard soʻm ajratilganini eʼtiborga olsak, har bir talaba oʻrtacha 1 million soʻmdan moddiy yordam olganini anglash mumkin. Oʻrta asrlar hisob-kitobida bu katta xarajatni tashkil qilgan.

Samarqandda 500 nafar talaba matematika fani bilan chuqur shugʻullangan. Jamshid Koshiy oʻz xatida allomaning soʻnggi 12 yil davomida matematika bilan doimiy mashgʻul ekanini qayd etadi. Uning davrida matematika fani Samarqandning 12 joyida maxsus oʻqitilgan. Samarqanddagi matematika fanining saviyasi va darajasi Fors hamda Iroq yerlaridagidan misli koʻrilmagan darajada yuqori boʻlgan. Shuningdek, bu yerda hisob ilmi bilan shugʻullanuvchi 24 nafar mustaxrij boʻlib, ularning ayrimlari astronomiyadan taʼlim olgan. Xususan, ularga Yevklidning “Elements” asari oʻqitilgan.

Jamshid Koshiyga Ulugʻbek saroyining nomaʼlum azimutli devoriga miqyos oʻrnatish vazifasi topshiriladi. Maqsad — quyosh soatini oʻrnatish orqali vaqtni aniq darajada bilish boʻlgan. Ushbu vazifa amalga oshirilganidan soʻng Qozizoda Rumiy boshchiligidagi saroyning nufuzli olimlari toʻplanib, Jamshid Koshiyning yechimini turli geometrik usullar orqali tekshirgan.

Koshiyning yozishicha, Ulugʻbek unga alohida topshiriq bergan. Topshiriqqa koʻra, masjid mehrobidan dumaloq shaklga ega shunday teshik teshish kerak boʻlganki, qish va yozda quyosh nuri uning orqali bir muddat masjid xonaqosiga tushib, asr namozi boʻlganini aniq bildirishi kerak edi.

Ulugʻbek olimlar hamrohligida haftada bir necha marta Samarqand madrasasiga tashrif buyurib, dars mashgʻulotlarini kuzatishni odat qilgan. U boʻsh vaqt topildi deguncha ilmiy asarlar mutolaa qilishni xush koʻrgan. Kitobda koʻtarilgan masalalarni olimlar bilan muhokama qilgan. Koshiyning qaydiga koʻra, bir kuni Oʻlugʻbek oʻzi oʻqigan kitobda Abu Rayhon Beruniyning “Qonuni Masʼudiy” kitobiga havola keltirilgan boʻlib, masala yechimi mavhum boʻlgan va uni olimlar muhokamasiga tashlagan.

Mirzo Ulugʻbek matematikani shu darajada chuqur bilganki, ilmiy muhokamalarda hech kimning uning soʻzini boʻlishga haddi sigʻmagan. Alloma madrasasi oʻqituvchilari dars mashgʻulotlariga tunlari bilan tayyorgarlik koʻrganlar hamda minglab usul va vositalar yordamida darsni olib borganlar.

Jamshid Koshiy oʻz maktubida Ulugʻbek madrasasining eng yirik uch nafar ustozlari qatorida Qozizoda Rumiy, Mavlono Muhammad Xoniy, Mavlono Abulfathning nomlarini keltiradi. Mavlono Muhammad Xoniy matematika, astronomiya va boshqa fanlarning bilimdoni, kuchli xotira egasi boʻlgan. Koshiyning qaydiga koʻra, Mavlono Muhammad Xoniy Qozizoda Rumiyga qadar Samarqandda eng yuqori ilmiy maqomga ega boʻlgan va ilmiy bahslarda hech kim uning oldiga tusholmagan. Mavlono Abulfathni esa Ulugʻbek Hirotdan Samarqandga olib kelgan. U islom huquqi va astronomiya fanlarini chuqur bilgan.

Jamshid Koshiyning maktubida quyidagi qiziq iborani uchratish mumkin: “Sizga (ota) shu narsani maʼlum qilmoqchimanki, men bu sohaga kirganimda hamkasblarim ushbu fanning Ibn Sinolari hisoblanishardi”. Mazkur jumla shundan dalolat qiladiki, Ulugʻbek zamonida biror fanni mukammal darajada oʻzlashtirgan odamni oʻsha sohaning Ibn Sinosi deb atash urf boʻlgan.

Maktubda Jamshid Koshiy oʻziga Ulugʻbek nomidan shunday yuqori baho beradiki, bir qarashda bunday baho oʻquvchiga nokamtarlikdek tuyuladi. “Hazrat (Ulugʻbek), Alloh taolo uning mulki va hukmronligini qiyomatga qadar abadiy qilsin, majlislar va tadbirlarda shuni takror aytadilar: “Mavlono Gʻiyosiddinning iqtidori ushbu fanda Qozizodaning iqtidoridan ulugʻdir. (Shuningdek) Uning bilimi va salohiyati Qozizodanikidan yuqoridir. Qozizoda bir necha kunlab yechadigan, baʼzan yechimini xato topadigan qiyin masalalarni Mavlono Gʻiyosiddin zudlik bilan yechur”.

Ushbu holat Ulugʻbekka yaqin ilmiy doiralarda kuchli raqobat kechganidan dalolat beradi. Olimlar doim sultondan maqtov eshitish, uning marhamatiga sazovor boʻlishga ishtiyoqmand boʻlgan.

Koshiyning yozishicha, Ulugʻbek observatoriyasining dastlabki chizmalari Ptolomey metodiga asoslangan boʻlib, keyinchalik olimlar bilan oʻtkazilgan maslahatlardan soʻng Ulugʻbek Marogʻa observatoriyasi chizmalariga asoslangan yangi rasadxona qurish boʻyicha yakuniy toʻxtamga kelgan. Ushbu observatoriyaning perimetri Koshon oʻlchov birligida 200 gaz edi. Dastlabki chizmalar boʻyicha rasadxona juda baland bino boʻlishi rejalashtirilgan. Biroq Samarqand gʻishtlari haddan ziyod yuqori binoni koʻtarolmasligi ehtimolidan uning chizmalariga oʻzgartirish kiritilgan. Bino tomi tekis holatda boʻlib, unga kuzatish ishlarini olib borish uchun astronomik asbob-uskunalar joylashtirish rejalashtirilgan.

Ulugʻbekning ilmiy salohiyati haqida toʻxtalib, Koshiy quyidagilarni yozadi: “U (Ulugʻbek) arab tili grammatikasini mukammal biladi va (bu tilda) goʻzal uslubda yozadi. U arabiy, forsiy, turkiy, moʻgʻuliy va biroz xitoy tilini ham biladi. U Musʼhafi majid (Qurʼoni karim)ni toʻliq yod biladi. Qurʼoni karim tafsirlari va hikoyatlaridan yaxshi xabardor. Shu darajada yaxshi biladiki, soʻzlaganida Qurʼoni karimdan yaxshigina iqtibos keltira oladi. Oʻtgan hodisalarni xotirasida kuchli saqlab qoladi. Aruz va qofiya ilmini bagʻoyat yaxshi biladi. Anvariyning devonini toʻliq yod biladi. Zohir Faryobiyning sheʼrlarini ham biladi. Baʼzida oʻzi ham Anvariy uslubida chiroyli sheʼr yozib turadi”.

Koshiyning qayd etishicha, Ulugʻbek favqulodda kuchli xotira egasi boʻlgan: “U (Ulugʻbek)ning xotirasi dunyo moʻjizalaridan biridir”.

Mirzo Ulugʻbek Sultoniya shahridagi yoshlik davridan boshlab qayerda, qaysi joylarda yashaganini haftasi, kunigacha aniq aytib berar, peshin namozini oʻqish uchun qayerda toʻxtab oʻtgani, tunlari qaysi yoʻl bilan yurganigacha aniq yodida saqlagan. Ulugʻbekning mulozimlari uning tarixi yozilgan qaydnomalarni olib kelib, olimlar huzurida oʻqib berganlarida barcha voqea-hodisalar Ulugʻbek aytib bergani bilan aynan oʻxshash boʻlgan. Olimlar Ulugʻbek xotiralari asosida qachon-qayerda boʻlganlarini bilib olganlar va oʻz kundaliklariga qayd qilib olgan.

Koshiyning yozishicha, Ulugʻbek matematikada yuksak mahoratga ega boʻlgan. Bir kuni ovga chiqqanida ot ustida 819 hijriy yilning (1416 y.) dushanba kuni Rajab oyining 10 va 15 sanalari orasida bir voqeaning qachon boʻlganini aniqlamoqchi boʻlgan. U otda keta turib, oʻsha kuni quyosh qaysi gradusda, qaysi soniyada, qanday burj ostida boʻlganini hisoblab chiqadi. Ulugʻbek ushbu hisob-kitobni amalga oshirishni Jamshid Koshiyga ham aytadi. Biroq Koshiy bunday sharoitda xotirada ushbu murakkab hisobni aniqlash imkonsiz ekanini taʼkidlaydi: “Hech shubhasiz, men uchratgan birorta munajjim bu hisobni zijsiz amalga oshirolmaydi”.

Bir kuni Ulugʻbek “Tuhfa” kitobidagi muammoli masalani yechadi va kitob muallifiga asosli eʼtirozlarini bildiradi. Jamshid Koshiy ushbu eʼtirozlarni diqqat bilan oʻrganib chiqib, Ulugʻbek aniqlagan har bir holat boʻyicha oʻz dalillarini olimlar huzurida isbotlab beradi. Ulugʻbek oʻzi muhokama qilgan ilmiy masalalarni 5-6 oy, hatto yillar oʻtsa ham nozik jihatlarigacha yodda saqlay olgan.

Aploma astronomiya va matematikaga oid ilmiy yangilikpar haqida eshitishni xush koʻrgan. Jahonning qaysi mamlakatida ushbu fanlarga oid kashfiyotlar boʻlsa, ularni oʻrganib, faoliyatiga tatbiq etishga ishtiyoqmand boʻlgan. Yusuf Halloj ismli shaxsning oʻgʻli Misr, Shom oʻlkalarida boʻlib, astronomiya boʻyicha yangi uskunalarni Samarqandga keltiradi. Jumladan, u “zarqala” nomli astronomik jihozni Ulugʻbekka taqdim etadi. Oʻz navbatida, sulton oʻz olimlariga “zarqala”ni diqqat bilan oʻrganish boʻyicha topshiriq beradi.

Mirzo Ulugʻbek hayoti, ilmiy faoliyati va saltanat boshqaruvini oʻrganishda Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Fasih Havofiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Davlatshoh Samarqandiy, Alisher Navoiy, Xondamir, Bobur, Zayniddin Vosifiy va Abu Tohirxoʻja kabi tarixchilarning asarlari qimmatli manbalar vazifasini bajaradi. Shuningdek, keyingi davrda ulugʻbekshunoslikda V.V.Bartold, Qori Niyoziy, B.Ahmedov, D.Yusupova, A.Ahmedovlarning ilmiy tadqiqotlari muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Alloma hayoti va ijodi tarixini oʻrganish yana shu jihati bilan muhim-ki, ul zot zamonamiz yoshlariga ibrat va namuna boʻlishga butkul munosibdir. Bugun yoshlar tomonidan koʻp mutolaa qilinayotgan motivatsiya beruvchi bestseller kitoblar – Amerika va Yevropada katta muvaffaqiyatlarga erishgan shaxslar hayoti haqidagi nashrlar qatorida butun dunyoni ilmi, tafakkuri, ibratli hayoti bilan lol qoldirgan, dunyoviy va diniy ilmlarda tengsiz boʻlgan sulton Ulugʻbek singari ajdodlarimiz toʻgʻrisidagi kitoblar ham oʻrin olishi, qoʻlma-qoʻl boʻlishi adolatdan boʻlar edi. Buning uchun esa ulugʻ bobomiz haqidagi tarixiy manbalarni xalqchil shaklda nashrga tayyorlash va ommalashtirish tarixchi olimlar oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi.

Shahzod ISLOMOV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 18 mart, №55 (311)

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …