Home / ALLOMALAR / Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Muborak Vozih Hanzaliy Marvaziy (h.181/797y)

Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Muborak Vozih Hanzaliy Marvaziy (h.181/797y)

Xuroson – Sosoniylar hukmronligi davridan shu nom bilan atalib kelgan. III asrdan XVIII asr oʻrtalarigacha hozirgi Eronning shimoli sharqiy qismi, Marv vohasi, hozirgi Turkmanistonning janubiy qismi va Afgʻonistonning shimoli va shimoli gʻarbiy qismini oʻz ichiga olgan[1]. IX asrdan joʻgʻrofiy jihatdan Tohiriylar, Safforiylar, Saljuqiylar, Gʻaznaviylar davlatining muhim strategik mintaqa hisoblangan. Undagi Mashhad, Nishopur, Marv, Balx, Hirot, Tus, Saraxs, Obivard, Niso, Sabzavor kabi shaharlar ilm-maʼrifat, savdo-sotiq, markazlaridan, yirik karvon yoʻllarining chorrahalaridan biri boʻlgan. Bu shaharlar orasida, ayniqsa, Marv eng rivojlangan fan-taʼlim markazi  boʻlib, u yerda Bagʻdod, Iroq, Shom, Basradan kelgan va koʻplab mahalliy diniy, dunyoviy bilimlarga ega boʻlgan allomalar jamlangan.

Xuroson, Marv haqida soʻz yuritilganda, hadis ilmining Movarounnahrda yuksak choʻqqiga chiqib rivojlanishiga asos solgan alloma Abdulloh ibn Muborak Marvaziy, albatta, yodga olinadi.

Mashhur muhaddis, zohid va faqih Abdulloh ibn Muborak 736 yili Marv shahrida tugʻilgan. Allomaning otasi turk, onasi xorazmlik boʻlgan.

Abdulloh ibn Muborak Marvaziyning bolaligi va yoshligi Marv shahrida oʻtgan boʻlib, uning bu davrdagi hayoti haqidagi maʼlumot mavjud emas.

Allomaning ilk ustozi marvlik olim Robiʼ ibn Anas Xurosoniydir. Abdulloh ibn Muborak yigirma uch yoshida ilk ilm safariga chiqib, Basra, Hijoz, Yaman, Iroq, Shomga borgan. Basraning mashhur olimi fahiq Hammod ibn Zaydning yetakchi shogirdlaridan biri boʻlib, uning eʼtiboriga sazovor boʻlgan. Shuningdek, Maʼmur ibn Rashid, Avzoyi, Amash Sufyon ibn Savri, Malik ibn Anas va Sufyon ibn Uyayna kabi mashhur muhaddislardan hadis ilmidan tahsil olgan va Abdurahmon ibn Mahdiy, Abdurazzoq ibn Hammom Yahyo ibn Maʼin, Isʼhoq ibn Rohiliy va boshqa muhaddislardan hadis rivoyat qilgan.

Abdulloh ibn Muborak abbosiy xalifa Horun ar-Rashid davrida 797 yili Misis va Tarsus atrofida Vizantiyaga qarshi boʻlgan jangda qatnashgan. Oʻsha yili ramazon oyida oltmish uch yoshida Furot daryosi boʻyida joylashgan Hit shahrida vafot etgan va oʻsha yerga dafn qilingan.

Abdulloh ibn Muborak hadislar tadvin qilgan ilk olimlardan biri hisoblanadi. Ahmad ibn Hanbal oʻsha davrda hadis ilmi sohasida undan boshqa yetuk alloma boʻlmaganini xabar qiladi. Yahyo ibn Maʼin esa, Abdulloh ibn Muborakning kitobida yigirma mingdan ortiq hadis boʻlgan haqida maʼlumot beradi, hadis roviylarini juda yaxshi bilganligi sababidan “Kutub al-sitta” mualliflari oʻz asarlarida hech ikkilanmasdan u rivoyat qilgan hadislarni keltirgan.

Alloma Abu Hanifaning shogirdi va doʻsti boʻlib, uning fiqh ilmini rivojlanishida alohida oʻrni bor. Ustozining fiqh ilm usullarini oʻzlashtirib, oʻzining “Sunan fil fiqh” asarini yozishida keng istifoda etgan. Ustozi haqida juda yaxshi fikrlar aytib, unga bagʻishlab sheʼr yozgan. Abu Hanifaning vafotida soʻngra, Malik ibn Anasga shogird tushgan.

Allomaning “Kitab az-zuhd va ar-raqoiq” asarida paygʻambarimiz (sav), sahoba va tobeʼiynlarning ibodat, ixlos, tavakkal, qanoat, toʻgʻrilik mavzulariga doir soʻzlari keltirilgan. Ushbu asarni Habibrohman Aʼzam tomonidan nashr etilgan (Malegon, Hindiston 1966, Bayrut.

Alloma “Musnad” ham yozgan boʻlib, uning yagona nusxasi Suriyadagi Zohiriya kutubxonasida saqlanadi.

[1] www.tarix.uz
 Turkiya diyonat vaqfi Islom ensiklopediyasidagi
 maʼlumotlar asosida tayyorlandi
Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimlari
Daurbekova I., Halimova D.

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …