Home / YANGILIKLAR / MANBASHUNOSLIK VA HADISSHUNOSLIK DARGʻASI

MANBASHUNOSLIK VA HADISSHUNOSLIK DARGʻASI

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida yosh tadqiqotchilar respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi. “Ubaydulla Uvatov — manbashunoslik va hadisshunoslik dargʻasi” deb nomlangan tadbirda davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va sanʼat namoyandalari, professor-oʻqituvchilar, olimlar, marhum ustozning yaqinlari, shogirdlari va talabalar ishtirok etdi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ubaydulla Uvatov butun umrini ilm-fanga baxshida qildi, yurtimiz tarixi va manbashunoslik fanlari rivojiga ulkan hissa qoʻshdi. Uning mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, intellektual jihatdan barkamol avlodni voyaga yetkazishdagi xizmatlari beqiyos.

Konferensiyada soʻzga chiqqanlar ustoz faoliyatining ushbu qirralaridan tashqari, ilm yoʻlidagi benazir mehnati, boy ilmiy-maʼnaviy faoliyati, avlodlarga qoldirgan bebaho merosini alohida tilga oldi.

— Koʻplab mutafakkirlarimizning ilmiy merosi, ijodini oʻrganib, manbashunoslik faoliyatini olib borgan Ubaydulla Uvatov bilan uzoq yillar birga ishladik, koʻplab tadbirlarda, anjumanlarda ishtirok etdik, — dedi videomuloqot orqali Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov. — Olimning ilmiy maqolalari, kitoblarini xalqimiz sevib oʻqigan. Bugun esa ortida qolgan solih farzandlari, shogirdlari uning ezgu amallarini davom ettiryapti.

Darhaqiqat, Ubaydulla Uvatov mustaqillik sharofati tufayli islom olamida juda mashhur, ammo oʻsha paytlarda yurtimizda ismi unchalik taniqli boʻlmagan allomalarimizning hayot yoʻli, ilmiy-maʼnaviy merosidan xalqimizni boxabar qilishdek ezgu ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Ter­miziy, Hakim Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Abul Muin Nasafiy, Abu Zayd Lomishiy kabi yurtimizda kamolga yetgan koʻplab allomalar haqida birinchilardan boʻlib oʻzbek tilida ilmiy-maʼrifiy risolalar nashr ettirdi.

Olimning ilmiy faoliyatini 300 dan ortiq maqola, 50 ga yaqin kitob bezab turibdi. Ular orasida rus, arab, turk tillarida chop etilgan tadqiqotlar ham talaygina boʻlib, aksariyati xorijiy davlatlarda nashr etilgan.

“Oʻrta Osiyo olimlari qomusi”, “Oʻzbekiston buyuk allomalar yurti”, “Buyuk yurt allomalari” kabi salmoqli toʻplamlar ham olimning koʻp yillik mashaqqatli mehnati natijasidir. Ubaydulla Uvatov yoshlar bilan samarali tadqiqotlar olib borganini uning rahbarligida “Islom tarixi va manbashunosligi”, “Islomshunoslik” ixtisosliklari boʻyicha oʻnlab nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinganidan ham anglash mumkin.

Shu maʼnoda, Akademiya talabalari olimning xotirasini abadiylashtirishga astoydil kirishdi. Ular turli sport musobaqalarini oʻz ichiga olgan xotira turniri, ilm-fan viktorinalari, Imom Buxoriy markazi tomonidan tashkil etilgan test sinovlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Konferensiya doirasida olim xotirasiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirlarning gʻoliblari munosib taqdirlandi.

“Ubaydulla Uvatov — manbashunoslik va hadisshunoslik dargʻasi” nomi bilan nashr etilgan yosh tadqiqotchilar respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari toʻplamining taqdim etilishi esa mualliflar bilan bir qatorda, olimga ixlosi baland har bir tadbir ishtirokchisini befarq qoldirmadi. Mazkur toʻplamdan olimning hayoti va ijodi, ilmiy merosining oʻrganilishiga doir maqolalar joy olgan.

Anjuman doirasida turli mavzudagi maʼruzalar tinglandi, Ubaydulla Uvatov muallifligidagi kitoblar taqdimoti va koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 24 fevral, №39 (295)

Check Also

Imom Buxoriyning islom tarixiga oid nodir asari taqdimoti

Joriy yilning 27-mart kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida buyuk muhaddis olim, …