Home / ALLOMALAR / NOSIRUDDIN SAMARQANDIYNING ILMIY MЕROSI VA “RIYOZATU-L-AXLOQ” ASARINING TARBIYAVIY AHAMIYATI

NOSIRUDDIN SAMARQANDIYNING ILMIY MЕROSI VA “RIYOZATU-L-AXLOQ” ASARINING TARBIYAVIY AHAMIYATI

Sharqning gavhari, yer yuzining sayqali, umumjahon tamaddunining beshiklaridan biri hisoblangan Samarqand nafaqat oʻzining goʻzal osori-atiqalari, tarixiy obidalari, balki shu bilan birga, ilmiy-maʼnaviy merosi bilan ham mashhurdir. Bu zamindan diniy va dunyoviy ilmlar sohasida koʻplab yetuk olimlar yetishib chiqqan. Ayniqsa, Samarqandda IX – XII asrlarda hadis, tafsir, fiqh va aqoid kabi islomiy ilmlar nihoyat darajada taraqqiy etgan. Asli ismi Abulqosim Muhammad ibn Yusuf Hasaniy Alaviy Madaniy boʻlgan Nosiruddin Samarqandiy ham shu davrda samarali ijod qilgan allomalar jumlasidandir. Uning kunyasi – Abulqosim, yaʼni Qosimning otasi, taxallusi — Nosiruddin (Dinning yordamchisi). “Hasaniy” soʻzi esa, Hofizuddin Nasafiyning fikriga koʻra, olimning Hasan ibn Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu avlodidan ekanligini anglatadi. Demak, u asli arab, quraysh qabilasidan boʻlgan. Shuningdek, Ali ibn Abu Tolib (r.a.)ga nisbat berilib, yana “Alaviy” ham deyilgan. Olim Madinai munavvarada maʼlum bir muddat istiqomat kilganligi sababli, uning ismiga Madaniy nisbasi ham qoʻshilgan. Tugʻilib oʻsgan va yashagan joyiga nisbat berilib Samarqandiy ham deyiladi.

Allomaning tarjimai holiga oid yozma manbalarda, afsuski uning tavallud sanasi haqida maʼlumot keltirilmagan. Uning vafot etgan sanasi xususida ham bir qadar ixtiloflar mavjud. Allomaning oʻzi “al-Multaqot” asarining yakunida ushbu asarni hijriy 554 yil shaʼbon oyining oxirida (melodiy 1159 y.), ”Jomiʼu-l-fatovo ʻni esa h.549 y. jumodu-l-uvlo oyida (m.1154y.da) tamomlaganini zikr etgan. Bundan uning h.556y. (m.1161y.)da vafot etganligi ayon boʻladi.

Nosiruddin yoshligidan ziyrak va ilmga chanqoq boʻlgan. Ilmning turli sohalari boʻyicha zamonasining yetuk olimlaridan saboq olgan. Ilk saboqni oʻz yurtida olgan olim keyinchalik, ilm talabida qator mamlakatlarga safar qilgan. Jumladan, manbalarda allomaning Bagʻdodda bir qancha vaqt yashagani keltirilgan. Bundan tashqari, Imom Nosiruddin hijriy 535 yil (1141m.y.) dan to h.543 yil (1148m.y.)gacha 8 yil mobaynida diniy bilimlarning markazlari hisoblangan Marv, Bagʻdod, Makka va Madina shaharlarida boʻlib, koʻplab ustozlardan taʼlim olgan va dunyoning aksar olimlari guvohlik berganidek, musulmon olamidagi mashhur allomalardan biriga aylangan. Imom Qurashiy “al-Ansob” asarining muallifi Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad Samʼoniydan naql qilib keltirishicha, “Nosiruddin Samarqandiy zamonasining yetuk imomi, fozili, mufassiri, muhaddisi, faqihi va voiz olimi” hisoblangan. Majduddin Feruzobodiy ham yuqoridagilarga hamohang fikr bildirgan. Shayx Muhammad ibn Sulaymon Kafaviy esa, Nosiruddin Samarqandiy haqidagi oʻz mulohazalarini quyidagicha ifodalagan: “U buyuk imom, qadr-qimmati baland, shaʼni ulugʻ, martabasi yuksak, ilmda tengsiz, amali goʻzal, shuhrati porlagan, ilm va odob bobida oʻz davrining yetakchisidir”. Shayx Abdulhay Laknaviy ham bunga hamfikrdir: “U imom, kuchli olim, odobda davrining yetakchisi va oʻz zamonasining mujtahididir”.

Nosiruddin Samarqandiy oʻzidan bebaho meros qoldirgan. U taʼlif etgan asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelganligi quvonarli hol, albatta. Ulumu-l-Qurʼon, kalom, fiqh, odob-axloq, grammatika va tarixga doir bu asarlarning nodir qoʻlyozma nusxalari dunyodagi turli kutubxona fondlarida saqlanadi:

  1. Qurʼoniy ilmlarga oid “al-Ihqoq”  risolasi;
  2. “Al-Fiqh an-nofiʼ (Foydali fiqh)” risolasi, nomidan koʻrinib turganidek, fiqh ilmiga oid eng mashhur asarlardan hisoblanadi. Bu asarlar Saudiya Arabistoni “al-Malik Saud” universiteti professori Doktor Ibrohim Muhammad Abbud tomonidan tadqiq etilib, izohlari bilan 2000 yili qaytadan nashr qilingan;
  3. “Al-Mabsut (Keng qamrovli)” asari ham – fiqhiy asar. Aslida, hanafiya mazhabida “al-Mabsut” nomli bir nechta asarlar taʼlif etilgan boʻlib, ularning orasida Nosiruddin Samarqandiyning “al-Mabsut” asari ham alohida oʻrin tutadi;
  4. “Al-Multaqot fi fiqhi-l-hanafiy” (“Hanafiy fatvolar haqida yigʻma kitob”) hanafiy fiqhga oid masalalarning yoritilishiga bagʻishlangan yana bir muhim asar hisoblanadi. U keyinchalik, misrlik olimlar tomonidan tadqiq qilinib, izohlar bilan qayta nashr qilingan. Bu esa ushbu asarning hanafiy olimlar nazdida katta ahamiyatga ega ekanligini bildiradi.
  5. Nosiruddin Samarqandiyning “Jomiʼu-l-fatovo” yoki “al-Jomiʼ al-kabir (fi-l-fatovo” (“Fatvolar boʻyicha katta toʻplam”) asarini alloma Hoji Xalifa Bu kitobning juda moʻtabar va foydali” deya alohida qayd etgan;
  6. “Xulosatu-l-muftiy”, (“Muftiylar xulosasi”) fatvoga oid;
  7. “Masobihu-s-subul” (“Yoʻllarning chiroqlari”) 2 jilddan iborat;
  8. “al-Qonun” (ʻQonun”);
  9. “al-Manshur” (“Tarqatish”) ;
  10. “Kitobu-l-vofiy” (“Ishonchli kitob”);
  11. ” Riyozatu-l-axloq (“Axloq tarbiyasidagi mashaqqatlar”) axloqqa oid;
  12. “Bulugʻu-l-irbi min tahqiqi istiorati-l-arab” (“Arablarning istioralarini oʻrganishda mahoratga erishish”) grammatikaga oid;
  13. “Tarixu Balx” (“Balx tarixi”) tarixga doir kabi asarlarni ham taʼlif etgan10.

Allomaning bizgacha yetib kelmagan asarlarini topib, ularni keng afkor omma eʼtiboriga havola qilish ustida izlanishlar olib borilmoqda.

Qobilov Nodir,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot  markazi ilmiy xodimi. 
Yoqubjon  Mansurov,
Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi oʻrinbosari.
 
davomi bor.

Check Also

ABU BAKR AHAVAYNIY – MOHIR JARROH VA FAYLASUF

Abu Bakr Ahavayniy – Somoniylar davrida yashagan faylasuf va tibbiyot olimi. Buxoroda tabiblar oilasida tugʻilgan. Farorudiydagi (Movarounnahrning …