Home / FOTO LAVHALAR / Markaz tajribasi – Istanbul simpoziumida

Markaz tajribasi – Istanbul simpoziumida

Turkiya Qoʻlyozma asarlar bosh boshqarmasi tashabbusi bilan Istanbul shahrida “I Xalqaro qoʻlyozmalar simpoziumi” boʻlib oʻtdi. Qoʻlyozmalarni saqlash, restavratsiya qilish, ilmiy muomalaga kiritish, raqamlashtirish va ulardan samarali foydalanish masalalariga bagʻishlangan anjumanda yigirmadan ziyod davlatdan yuzga yaqin yetuk qoʻlyozmashunos olimlar, tarixchilar va sohaning yetakchi mutaxassislari bilan birga, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Yoʻldoshxon Isayev ham qatnashdi.

Simpoziumda Markaz vakili Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining qoʻlyozmalar fondi, bu yerda nodir yozma manbalarni asrab-avaylash uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoit, ilmiy tadqiqot va tarjima ishlari hamda ushbu xazinani keng jamoatchilikka yetkazish mexanizmlari haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Shuningdek, Markaz qoʻlyozmalaridan xorijlik tadqiqotchilar qanday tartibda foydalanishi mumkinligi, xalqaro ilmiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish, qoʻshma loyihalar va ilmiy almashuv masalalari ham yoritildi.

Bu maʼlumotlar ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi va amaliy muloqotlar uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Simpozium doirasida qatnashchilar Turkiyaning Rumiy, Sulaymoniya va Boyazid kutubxonalarida boʻlib, qoʻlyozmalarni saqlash va tiklash amaliyoti bilan yaqindan tanishdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“SAHIHUL BUXORIY” ASARINING QOʻLYOZMALARI, SANAD VA ROVIYLARI TARIXI”

📢 DIQQAT, E’LON! ✅ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va …