Bir sinfdoshimizning togʻasi oʻtgan asrning 90-yillari boshida Turkiyada taʼlim olib kelgan. Joʻramiznikiga borgan paytlar u ham yoʻqlab kelib qolgan boʻlsa, birgalashib gapga tutamiz.
Bir gal Turkiyada jamoat transportidan foydalanish tartibi oʻsha vaqtlari qanday boʻlgani haqida soʻzlab berdi:
– Endi qiziq-da. Chipta bekatlarda sotiladi. Uni sotib olib, avtobusga faqat oldi eshikdan kiriladi. Haydovchi bilan eshik orasidagi kichkina joyga beldan balandroq qilib quticha oʻrnatilgan boʻladi. Chiptani uning ogʻziga olib borsang, “gʻir” etib, ichiga tortib ketadi. Shu bilan yoʻl haqi toʻlandi, degan gap. Kamdan-kam hollarda baʼzilar oʻrta yo orqa eshikdan kirib qolardi – hayot-da bu, har xil sabab bor. Lekin boshqa yoʻlovchilar unga yomon qaramasdi, holini tushunardi. Kechikkan odam esa, shartta choʻntagidan chipta chiqarib, “shuni shunday iltimos qilsam maylimi!” deb uzatib yuborardi. Karanglar-a, “uzatish”feʼlini nafaqat buyruq ohangida (uzatvoring), balki umuman ishlatmasdi. Shu bilan vassalom.
Lekin bir kuni qiziq boʻldi. Kechikib oʻrta eshikdan kirgan odamning chiptasi qolmagan ekan. Bir xijolat boʻladi-bir xijolat boʻladi, bechora. “Tushib, chipta olib, keyingisiga minay, desam, shifoxonaga shoshilyapman”, deb gʻudranadi. Haydovchi uning qayerda tushishini birdan anglab yetdi. “Shohbekat boʻlarkan, u yerda chipta sotilmaydi, faqat dispetcherlar oʻtiradi, sizni yoʻlning bu tomonida tushiraman, oʻsha yerda biletchilardan olarsiz, naryoqqa borib, ortga burilib kelgunimcha, bu tomonga oʻtasiz-da, chiptani berasiz”, dedi. Yoʻlovchi malomatdan qutulganiga xursand, haydovchiga tashakkurini aytdi.
Biz ham qiziqib, oxirgi – shohbekatgacha bordik. “Razvorot”dan qaytar ekanmiz, haligi odam tushib, chipta sotib olib, yoʻlning bu tomoniga oʻtib, avtobusni kutib turganini koʻrdik-da-yey! Toʻrt tomoning qibla edi, ketavermaysanmi! Yoʻq, kirib, chiptani gʻirillattirib, keyin ketdi.
* * *
Uning esimizda qolgan ikkinchi yodnomasi insof haqida boʻldi:
– Istanbul dengiz boʻyidagi shahar emasmi, yomgʻir bir yogʻmasin-da. Shamsiyaning (zontik) umuman foydasi qolmaydi – faqat tepangdan emas, toʻrt tomoningdan uradi.
Shunday “changitib” yogʻayotgan kunlarning birida kechqurun yotoqxonadan chiqib, universitetga borish kerak boʻlib qoldi. Chiptamiz yoʻq. Bekat boʻm-boʻsh – odamlar bu yomgʻirda shalabbo boʻlib yurgandan kechikishni afzal koʻrgandek. Transport idorasining kassasi hamma bekatda ham boʻlavermasdi. Olibsotar chiptachilar esa har bir bekatda bitta kursi, bitta soyabon bilan tanilib qolgan oʻz siluetiga ega boʻlib, izdihomda ularni uzoqdan ajratib olish qiyin emasdi. Ular arzimagan ustama hisobiga odamlarning hojatini ravo qilib kun kechirgan-da. Lekin bu havoda oʻsha chiptachi ham koʻrinmadi. Shu payt bekat uzra savlat toʻkib turgan piyodalar koʻprigining eng chekka ustuni tagida bir sharpa sezilib qoldi. Oldiga bordik, “hozir ustiga birga-bir qoʻyib sotadi!” degan qatʼiy ishonch dilimizni gʻash qilar, lekin ilojimiz yoʻq edi. lekin-chi, yoʻq! Soʻrasak, oʻsha-oʻsha narx – odatdagi hamma koʻnikkan ustama.
Hozirlari ishdan kechroq qaytadigan boʻlsam, Chilonzor metrosidan non olishga toʻgʻri kelib qolsa, oʻsha payti atigi bitta sotuvchi qolgan boʻlsa va “olmasang – katta koʻcha” deb, ikki baravariga bersa, doim oʻsha chiptachini eslayman-da, shu desalaring.
* * *
Bir xona oʻzimizda sodir boʻlgan boshqa voqeani aytib qoldi:
– Shu desalaring, “Farhod”da bozor qilib yuribman, kartoshkachi bilan hay savdolashdim-hay savdolashdim, qani endi bir tiyin tushsa. “Yetti yarim”, deydi. “Naqd oʻn kilo olaman, yettidan bering” deyman, unamaydi. Kartoshkasi yaxshi edi. Nachora, aytgan narxiga oʻn kilo torttirib, yuz ming berdim. (Tizzasini shapatilaydi) oʻttiz besh qaytaryapti-da! Oʻnini darrov oʻziga berdim. “Besh yuz soʻmga tixirlik qilasiz-da, “oʻksimasin” deb, oʻn ming ortiqcha qaytim berasizmi!” dedim irshayib. Toʻgʻri-da, oʻn mingdan indamay koʻz yumyapti-yu besh yuz soʻmga tortishganingizga oʻlasanmi! Aybdorona yerga qaraydi, koʻzini olib qochib, uyatchan tabassum qiladi. Yetmishga oʻttiz – yuz boʻladi-da, uning hisobida, maydalashib oʻtiradimi!
* * *
Imom Buxoriy nomidagi muassasada ishlaydigan odam u zotning rivoyatlaridan bitta boʻlsa ham keltirmay turib, mavzuga yakun yasay olmaydi. Kamina istisno emas.
Hazrati Umarning ikki shami* haqidagi rivoyatni koʻpchilik bilgani uchun Imom Buxoriyning “Tarixul kabir”** nomli qomusiy asarida keltirilgan boshqa bir hodisani bayon etsak. Bu noyob rivoyat mashhur hadis toʻplamlarida uchramaydi.
Shunday qilib, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bozorga tushgan kunlarning birida ittifoqo bir kishi kelib, boshidagi kufiyya***ni yulib olib qochadi. Shunda hazrati Umar uning ortidan bunday deb qoladi: “Hoy, shoshma, kufiyyani senga hadya qildim, “qabul qildim” deb ayt!”
Qalbi shu qadar pokizaki, haligi oʻgʻrining oxiratdagi holatiga achinyapti. Nomai aʼmoliga “oʻgʻrilik” deb yozilmasin uchun oʻz kufiyyasini hadya qilib yuboryapti.
Ha, shunday – chin halol inson insofli ham boʻladi, oʻzgalarga ham halollik tilaydi.
* Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalifa boʻlgan kezlari qorongʻu tushganda huzuriga odam kelsa, uning vajiga qarab ikki xil sham ishlatgan. Oʻzini yoʻqlab kelgan boʻlsa, oʻz hisobidan olgan shamni, davlat ishi bilan kirgan boʻlsa, xalifalikka tegishlisini yoqarkan.
** Asarning oʻzbek tilidagi tarjimasi tayyor, lekin hali nashrdan chiqqani yoʻq, shuning uchun havola berilmayapi.
*** كوفية – arab oʻlkalarida erkaklar boshiga tashlab yuradigan roʻmolsifat mato. Uni ushlab turadigan halqa iqol (عقال) deyiladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz