Mulohaza
Xalqimiz orasida bir gap bor: “Halol mehnat qilganning barakasini Alloh oʻzi berur”. Bolaligimizdan yaxshi biladigan bu ibora shunchaki taskin yoki tasodifan paydo boʻlgan naql emas, balki avlodlar tajribasida pishgan, hayotning oʻzi bilan isbotlangan haqiqatdir. Har bir oilada, har bir mahallada, har bir kasb-hunar sohibining tilida aylanib yuradigan bu gʻoya nega xalqimiz uchun bu qadar qimmatli? Chunki halollik – hayotning eng muhim qoidasi, insonning eʼtiqodi va viqori, jamiyatning yuragi va davlatning suyanchigʻi.
Odam halol boʻlsa, uning har gapiga, har qadamiga bamaylixotir ishonish mumkin boʻladi, chunki poklik insonning yuzidan ham, yurish-turishidan ham bilinib turadi. Amaldor halol boʻlsa, jamoaning koʻngli tinch boʻladi. Savdo halol boʻlsa, bozordagi havo ham yengillashadi. Aksincha, halollik soʻngan joyda adolat susayadi, ishonch kamayadi, baraka chekinadi. Tarix guvohki, zulm kuchaygan, noqonuniy ishlar odatga aylangan joyda taraqqiyot uzoqqa bormagan. Shuning uchun boʻlsa kerak, Temur tuzuklarida: “Zulmning kichigi ham davlatni yemirgaydir” deb yozilgan.
Halollik faqat dinning bir qismi emas, hayotning talabi. Qurʼoni karimdagi “Pok va halol rizqlardan isteʼmol qilingiz” amri insonning faqat taomiy ehtiyojiga tegishli emas. Bu insonning har qadamida niyati pok, luqmasi halol, qarori adolatli, mehnati barakali boʻlsin, degan umuminsoniy chaqiriqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham halol va haromni aniq ajratib, shubhali ishlardan uzoq yurishni buyurganlar.
Bugungi hayotda inson oldiga ochiq va pok yoʻllar ham, manfaatli koʻrinsa-da qalbni shubhaga soladigan yoʻllar ham chiqadi. Ayniqsa, “tez pul topish”, “oson foyda” degan takliflar, hujjatni “chiroyli qilib qoʻyish”, hisob-kitobda koʻz yumib oʻtish, “hech kim bilmaydi” degan vaʼdalar – bularning hammasi odamni halol yoʻldan adashtirishi mumkin. Shunday paytda insonni asrab qoladigan fazilat uning ichki pokligi, halol qadami. Chunki qalbga ogʻir tushadigan ishning oqibati ham ogʻir boʻladi, pok niyat bilan qilingan ish esa kechroq boʻlsa ham baraka keltiradi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda “halollik madaniyati” yangicha tus oldi. Davlatimiz rahbari tomonidan halollikni jamiyat ongiga singdirish, davlat xizmatini poklash, qarorlar qabul qilishda adolatni birinchi oʻringa qoʻyish boʻyicha qilingan saʼy-harakatlar bekorga emas. Chunki xalqning ishonchi boshqacha yoʻl bilan emas, faqat halollik bilan orttiriladi. Ishonch bor yerda esa rivojlanish ham boʻladi. Davlat xizmatchisi halol boʻlsa, uning qarorida xalq manfaati boʻladi. Iqtisod halol raqobatga tayansa, sarmoya ham keladi, innovatsiya ham rivojlanadi. Yoshlar halollikni qadrlab ulgʻaysa, yurtning kelajagi mustahkam boʻladi. Demak, halollik shunchaki shior emas, balki davlatning va jamiyatning ertangi kunini belgilab beradigan strategik yoʻnalishdir.
Islom taʼlimotida halollik oʻta muhim oʻrin tutadi. Din faqat ibodatdan iborat emas. Tozalik, pok niyat, halol muomala, odamlarni aldamaslik, vaʼdaga vafo – bularning barchasi ibodatning davomi sanaladi. Savdogar halol boʻlsa – bozorda baraka boʻladi, tabib halol boʻlsa – xalq salomat boʻladi, muallim halol boʻlsa – avlodning kelajagi pok va porloq boʻladi, amaldor halol boʻlsa – el-ulusda adolat hukmron boʻladi. Koʻrib turibmizki, halollik jamiyatning barcha tuzilmalarini bogʻlab turadigan ustundir.
Iqtisodiy sohada ham halollik – rivojlanishning hal qiluvchi mezoni. Davlat xaridlarida ochiqlik, mablagʻlar sarfida shaffoflik, toʻgʻri hisob-kitob, halol raqobat, soliqda adolat, korrupsiyaga murosasizlik – bularsiz iqtisod yurmaydi, sarmoya kirmaydi, innovatsiya rivojlanmaydi. Baraka ham, ishonch ham, imkoniyat ham halollik bor joyda boʻladi. Shuning uchun halol iqtisodiyot – xalq farovonligining ham asosi.
Halollikning qiymati bugun ham, erta ham birdek muhim. U insonning oʻzini asraydi, jamiyatning birdamligini taʼminlaydi, davlatning poydevorini mustahkamlaydi. Kelajagini oʻylagan yurt birinchi navbatda halollikni qadrlaydi. Chunki barcha buyuk ishlar pok niyatdan, halol yoʻldan boshlanadi. Xalqimiz bejiz “Halolning yoʻli uzoq, kelajagi nurli” demaydi.
Halollikni oʻzimizdan oldin hech kim talab qilmaydi, uni birinchi navbatda qalbimiz amr etishi kerak. Qadamini toʻgʻri qoʻygan kishi na vaqtdan, na imtihonlardan, na sinovlardan qoʻrqadi. Shu bois har dam koʻngilga ogʻir kelmaydigan, ertaga yuzimiz qizarmaydigan yoʻlni tanlashimiz kerak. Har bir ishimizda samimiyatni ustuvor qoʻyish, hech kim koʻrmasa ham adolatdan chetga chiqmaslik, “mayli, Oʻzi kechirsin” deyish odatini hayotimizdan chiqarish zarur.
Bugungi yuksalish, yangilanishlar davrida bizga yengil yoʻl emas, toʻgʻri yoʻl kerak. Shuning uchun ham har kim oʻz oʻrnida masʼuliyatni oshirishi, oʻz hisobi, oʻz soʻzi, oʻz harakatiga eʼtiborli boʻlishi shart. Birovning emas, vijdonning nazorati birinchi oʻringa chiqishi kerak.
Xulosa ham shunday, halollikni oʻzimizdan boshlasak, oʻzimiz uchun ishonch va farovonlikni barpo qilgan, yurtimizning nurli kelajagini kafolatlagan boʻlamiz!
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz