Home / FOTO LAVHALAR / Laboratoriya faoliyati takomillashmoqda

Laboratoriya faoliyati takomillashmoqda

Oʻtgan yili Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida qoʻlyozma kitoblarni restavratsiya qilish laboratoriyasi faoliyat boshlaganini xabar qilgan edik. Bugungi kungacha ushbu yoʻnalishda aholi tomonidan taqdim etilgan qimmatli qoʻlyozma kitoblar hamda Markaz fondida saqlanayotgan yozma manbalar izchil oʻrganilib, jami 300 dan ortiq qoʻlyozma asarda konservatsiya – chang va gʻubordan ehtiyotkorlik bilan quruq tozalash, sahifa butligini taʼminlash ishlari va boshlangʻich profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Laboratoriya ishini yanada takomillashtirish, shuningdek, qoʻlyozmalar boʻlimi xodimlarining amaliy koʻnikmalarini oshirish maqsadida Markazga Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti restavratsiya laboratoriyasi yetakchi mutaxassisi Islomjon Rahimov taklif etildi.

Mutaxassis bir necha kun davomida amaliy-maʼrifiy mashgʻulotlar oʻtkazib, qoʻlyozma asarlarni restavratsiya qilish boʻyicha nazariy asoslar, manbalar bilan ishlashda eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan konservatsiya talablari, qogʻoz tuzilishi, yozuv xususiyatlari va rang moddalari xususida atroflicha maʼlumotlar taqdim etdi. Qoʻlyozmalardagi zaiflashgan qismlar, namlik, harorat va boshqa omillarining manba holatiga taʼsiri kabi masalalar eʼtibor markazda boʻldi.

Mashgʻulotlarda restavratsiya jarayonida qoʻllanadigan turli yelimlarni komil tarkibda tayyorlash boʻyicha batafsil koʻrsatmalar berildi. Xususan, moddalarning toʻgʻri meʼyori, ularning qogʻozga taʼsir darajasi, ish sharoitiga mos holda tayyorlash texnologiyasi va qoʻllash sohalari amaliy misollar asosida namoyish etildi.

Muqovalari yoʻqolgan yo shikastlangan qoʻlyozmalar bilan ishlash boʻyicha alohida mashgʻulot oʻtildi. Islomjon Rahimov yangi muqova tayyorlash tartibi, mavjud muqova qismlarini tiklash, asarning asl holatini saqlagan va mustahkamlash holda kemtiklikni pardalash texnologiyalarini koʻrsatib berdi. Jarayonda manba aslligi va uning ilmiy-tarixiy qiymatini saqlashning ustuvorligi alohida taʼkidlandi.

Mashgʻulotlarning yakuniy qismida restavratsiya jarayonidan oʻtgan kitoblarni tikish ishlari amaliy tarzda namoyish etildi. Turli format va tuzilishdagi kitoblarga mos boʻlgan anʼanaviy va zamonaviy tikish usullari, ularning xususiyatlari va afzalliklari haqida tegishli maʼlumotlar berildi.

Rahimovning mahorat darslari Markazda restavratsiya ishlarini ilmiy-metodik asosda tashkil etish, xodimlar malakasini oshirish va mustahkamlash, shu bilan birga, nodir yozma meros namunalarini asrab-avaylash sohasidagi faoliyatni yanada yuqori bosqichga koʻtarishga xizmat qildi. Taqdim etilgan amaliy koʻrsatma, maʼlumot va tavsiyalar kelgusida laboratoriya ishini takomillashtirishda, qoʻlyozmalarni yuksak masʼuliyat bilan qayta tiklashda muhim dasturilamal vazifasini bajaradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Xalq diplomatiyasi va global hamjihatlik

Oʻtgan hafta Toshkentda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi, Barqaror rivojlanish markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi …