Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Malayziya texnologiya universiteti (MTU) Ijtimoiy-gumanitar fanlar fakulteti dekani, Islom, fan va sivilizatsiya boʻyicha ilgʻor tadqiqotlar markazi direktorining oʻrinbosari Mohd Hilmi bin Ramli rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev mehmonlarni muzeyning ekspozitsiyalari, qoʻlyozmalar fondi, ilmiy ishlanmalar va mavjud sharoitlar bilan tanishtirdi. Delegatsiya aʼzolariga Markazning allomalar ilmiy merosini oʻrganish, qoʻlyozmalarni tadqiq etish va raqamlashtirish, ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish borasidagi faoliyati yuzasidan maʼlumot berildi. Tomonlar ilmiy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdi. Ikki muassasa oʻrtasida kelgusida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan akademik aloqalar, tadqiqot yoʻnalishlari va tashkiliy masalalar boʻyicha hamkorlik imkoniyatlari koʻrib chiqildi.



MTU vakillari Markaz faoliyati, muzey va ilmiy infratuzilmasini yuqori baholab, bunday muassasalarning mamlakatda ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirishdagi ahamiyatini alohida eʼtirof etdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz