Home / FOTO LAVHALAR / Ilm bilan yoʻgʻrilgan doʻstlik

Ilm bilan yoʻgʻrilgan doʻstlik

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro Qozogʻiston-Turkiya universiteti professori, Ahmad Yassaviy ilmiy-tadqiqot markazi direktori Dosay Kenjetayev boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Mehmonlar Markaz muzeyini koʻzdan kechirib, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosiga oid ekspozitsiyalar bilan tanishdi.

Tashrif doirasida “Markaziy Osiyoga islomning kirib kelishi va yoyilishi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unda VIII-X asrlarda mintaqa sivilizatsion yuksalishining asoslari, islom dinining ilm-fan va maʼnaviyat rivojida tutgan oʻrni, shuningdek, oʻzbek va qozoq xalqlarini uygʻunlashtirib turgan maʼnaviy bogʻliqlik borasida fikrlar bildirildi.

Professor D.Kenjetayev Yassaviylik tariqatining Markaziy Osiyo maʼnaviy hayotidagi roli, uning soʻfiylik tafakkuri va inson kamolotiga oid gʻoyalari haqida mulohaza yuritib, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Imom Moturidiy kabi mutafakkirlar merosi ikki xalq uchun umumiy ilmiy-maʼnaviy asos ekanini taʼkidladi.

Suhbat chogʻida epistemologiya – ilmning manbai va rivojlanish qonuniyatlari haqidagi nazariya ham tilga olindi. Mehmonlar Movarounnahr ulamolarining mantiq, tajriba va tarixiy faktlarni uygʻunlashtirgan koʻp asrlik ilmiy maktabi butun dunyoda yuksak qadrlanishini qayd etdi.

Taʼkidlangandek, islomning Markaziy Osiyoga kirib kelishi diniy hayotdagina emas, balki huquq, iqtisodiyot, madaniyat, meʼmorlik va davlat boshqaruvi kabi yoʻnalishlarda ham yangi bosqichni boshlab bergan. Turli xalqlar ulamolari oʻrtasidagi aloqalar esa mintaqadagi buyuk ilmiy uygʻonish – Sharq Renessansi yuzaga kelishida muhim omil boʻlgan.

Muloqot asnosida markazlar oʻrtasida qoʻshma tadqiqotlar, amaliy loyihalar va ilmiy almashuvlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham mulohazalar bildirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yoshlar qalbiga yoʻl

Kattaqoʻrgʻon pedagogika institutida talaba yoshlar ishtirokida “Rahbar va bolalar” uchrashuvi tashkil etildi. Unda Kattaqoʻrgʻon shahri …