Home / MAQOLALAR / OILAVIY MUNOSABATLARNING ISLOMIY MEZONI

OILAVIY MUNOSABATLARNING ISLOMIY MEZONI

Soʻngi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda diniy ilmlarni mukammal egallamagan boʻlsa-da, olimlik daʼvosini qilib, musulmonlarning boshini aylantirayotganlar biroz koʻpayib qoldi, desak, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Ularning bir qismi Allohning osmonda ekanini isbotlash yoʻlida Moturidiy va Ashʼariy izdoshlarini adashganga chiqarish dardi bilan kuyib pishayotgan boʻlsa, boshqa qismi jihod orqali odamlarni shahid qilib, jannatga yoʻllash bilan ovora edi. Endi yana bir toifa urchiyapti. Bularning gapiga qaraganda, “Alloh baʼzan moʻmin kishining xotinini mijgʻov qilib qoʻyib, uni sabr bilan ibodat qilishga undaydi”. “Ayolingiz bilan juda apoq-chapoq boʻlib ketmang! Bilingki, Alloh taolo: “Juftlaringiz va bola-chaqangiz orasida dushmanlaringiz bor”, degan. Ular bilan sevishib-suyishib, oʻlib qolasiz-da, har narsani unutasiz. Ilm, hijrat va jihod ham qolib ketadi. Rafiqa va farzandlar siz uchun hayot-mamot masalasiga aylanib qoladi”, degan daʼvoni qilmoqda.

Shu oilaviy va ijtimoiy munosabatlarni shariat manbalarida keltirilgan maʼlumotlar asosida oʻrganib chiqsak. Biz, musulmonlar, barcha amallarimizni oyat va hadislarga muvofiq tarzda bajarishga harakat qilamiz. Zero, Qurʼoni karim va sunnatda bunday masalalarga keng oʻrin berilgan. Qolaversa, bu xususda biz uchun eng yuksak namuna va eng goʻzal ibrat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oʻzlaridir. Anas ibn Molik roziyallohu anhu: “Rasulullohdan boshqa oilasiga mehribonroq biror kishini koʻrmadim”, degan (Imom Muslim rivoyati).

Islom taʼlimotida oila muqaddas sanaladi. Negaki, u jamiyatning asosiy tayanchidir. Shuning uchun ham dinimizda oila masalasiga juda teran yondashiladi. Uning mustahkamligini, er-xotin oʻrtasidagi mehr-muhabbatning barqaror va bardavomligini taʼminlash uchun oʻziga xos qonun-qoidalar joriy qilingan. Hayotini bir-biri bilan bogʻlagan erkak va ayol shu qoidalarga amal qilsa, zimmasidagi burchlar va masʼuliyatni chuqur his qilib, oʻz vazifalarini sidqidildan ado etsa, bunday oila baxt-saodat qasriga aylanadi. Shunday muhitda tugʻilib voyaga yetadigan farzandlar ham goʻzal tarbiya topadi va kelajakda ulardan jamiyatga foydasi tegadigan buyuk insonlar yetishib chiqadi.

Keling, erkakning rolidan boshlaylik. Er xotiniga hamisha yaxshi muomalada boʻlishi kerak. Qurʼoni karimda Alloh taolo:

﴿وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا﴾

“Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon koʻrsalaringiz, (bilib qoʻyingki) balki sizlar yomon koʻrgan narsada Alloh (sizlar uchun) koʻpgina yaxshiliklar paydo qilishi mumkin”, deydi (Niso surasi, 19-oyat). “Totuv turmush kechirish” amri er zimmasiga xotinga yaxshi muomalada boʻlishni, tabiatidagi ayrim nuqsonlarga sabr qilishni, baʼzi xatolariga koʻz yumishni shartlarini yuklaydi. Shuningdek, bu buyruq ayolni tarbiyalash, unga dunyo va oxiratda foydasi tegadigan narsalarni oʻrgatib, ikki dunyo hayotidan saboq berish zaruratini ham nazarda tutadi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Moʻmin kishi moʻmina xotindan nafratlanmasin, uning bir xulqini yomon koʻrsa, boshqa xulqi tufayli undan rozi boʻlib ketaveradi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Yaʼni, er xotin feʼlidagi ayrim jihatlardan achchiqlanadigan boʻlsa, uni butkul yomon koʻrib qolmasligi, balki yaxshi odatlarini koʻz oldiga keltirib, shu bilan tasalli topishi va koʻnglini keng qilib yurishi kerak ekan. Shuningdek, er xotiniga nisbatan xushfeʼl boʻlishi, unga yaxshi muomala qilishi, ozor yetkazmasligi, birga farovon hayot kechirishi kerak. Shunda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislariga amal qilgan boʻladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Moʻminlarning imoni komilrogʻi xulqi yaxshirogʻidir. Sizlarning yaxshilaringiz xotinlariga yaxshilik qiladiganlaringizdir”, deganlar (Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Bu xususda yana bir ibratli hadis bor. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, qoʻshnisiga ozor bermasin va ayollarga doimo yaxshilik qilsin! Chunki ular qovurgʻadan yaratilgandir. Albatta, qovurgʻaning eng egri joyi yuqori qismidir. Uni toʻgʻrilayman deb urinsang, sindirasan. Uni tek qoʻysang, egriligi boʻyicha qolur. Bas, ayollarga doimo yaxshilik qiling!” dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Shuning uchun erkaklarga ayolidan sodir etadigan har bir xatti-harakatni taftish qilib, uni zoʻrlik bilan oʻzgartirishga urinish maslahat berilmaydi. Balki ayol tabiatiga mansub jihatlarni oʻz holicha qoldirib, sabr qilish afzalligi uqtiriladi. Ana shunda urush-janjal ozayadi, oilaning buzilish xavfi yoʻqoladi.

Demak, ayol kishidagi erkakka egri tuyuladigan har bir odat yo feʼlni toʻgʻrilashga urinish doim ham kutilgan natijani bermas ekan. Aksincha, baʼzan bunday harakat oilaning buzilishiga olib kelishi mumkin. Qolaversa, ayol kishining kamchiliklariga sabr qilib, u bilan yaxshi yashashga urinish erkak kishining erlik vazifasi ekan.

Ayol toʻgʻrisida soʻzlaydigan boʻlsak, u eriga itoatkor boʻlishi kerak. Buning naqadar buyuk fazilat va eng oliy saodatga eltuvchi vosita ekani haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Ayol besh vaqt namozini oʻqisa, (yilda) bir oy (Ramazon) roʻzasini tutsa, farjini haromdan saqlasa va eriga itoat qilsa, unga “Jannatning istagan eshigidan kir!” deyiladi” (Tabaroniy rivoyati).

Er – oilaning rahbari. Ayol uning itoatida boʻlsa, farzandlar ham otaga itoat qiladigan boʻladi. Natijada oilada ahillik va mehr-muhabbat hukm suradi, jamiyatning bu kichik qoʻrgʻoni mustahkamlanadi va qut-barakali boʻladi. Ayolning eriga itoatsizligi esa koʻplab noxushliklarga, hatto oilaning buzilishiga sabab boʻladi. Bu haqiqatni har bir oilaning har bir aʼzosi chuqur anglab yetishi kerak. Albatta, bu oʻrinda gunoh ishlarda erga ham, undan boshqaga ham itoat qilish yoʻqligi umumiy qoida ekanini unutmaslik lozim.

Islom shariatida ayol kishiga erga itoat qilish vojibligining hikmatlaridan biri shuki, erning xotin oldidagi haqlari va fazli oilaning boshqa aʼzolariga nisbatan kattadir. Er tufayli ayol hurmatga sazovor boʻladi va oilaning hurmatli bekasiga aylanadi. Ayol kishi hayotidagi barcha yutuqlari eri tufayli hosil boʻlishini unutmasligi lozim. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar biror kimsaga kimgadir sajda qilishni buyurganimda (shu ish mumkin boʻlganda), albatta, ayol kishiga oʻz eriga sajda qilishni buyurgan boʻlar edim. Zero, erning xotin oldidagi haqqi buyukdir”, deganlar (Imom Hokim, Imom Ahmad, Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).

Ayol erining rizq topishdagi mashaqqatlarini qadrlashi va hojatidan ortigʻini talab qilmasligi darkor. Balki erini qanoatga undab, harom yoʻllardan ogohlantirib turishi zarur. Momolarimiz bobolarimizni kuzata turib: “Harom kasbdan saqlaning! Biz ochlik va qiyinchilikka chidaymiz, ammo doʻzax oloviga bardosh bera olmaymiz”, degan. Demak, ayol erining toqatidan, salohiyatidan ortiq narsalarni talab qilmasligi kerak.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qay bir xotin bu dunyoda eriga ozor bersa, albatta, uning huri iyndan boʻlgan xotini: “Alloh halok qilgur! Unga ozor berma! U oldingda vaqtincha mehmon boʻlib turibdi, xolos. Yaqinda seni tark etib, bizning oldimizga kelgusidir”, deb xitob qiladi” (Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu hadisi sharif xotin oʻz eri bilan doimo yaxshi muomalada boʻlishi kerakligi va oilada erkak ayoldan ozor tortmaslik haqqiga ega ekaniga dalildir. Uning bu haqqini ayol yaxshilab tushunib olishi va poymol qilmaslik payida boʻlishi juda muhimdir.

Shunday qilib, muqaddas dinimizda er-xotin oʻrtasida yaxshilik bilan yoʻgʻrilgan shirin muomalali hayot qaror topishi uchun barcha choralar belgilanganini oʻrganib chiqdik. Qurʼoni karim oyatlari va hadislarda oila aʼzolarning barchasiga yaxshi muomalada boʻlish va ularning haqlarini poymol qilmaslik kerakligi ham taʼkidlangan. Shu bilan birga, erkak kishi qaramogʻidagilarning barchasiga birdek gʻamxoʻrlik qilishi, chiroyli taʼlim-tarbiya berishi, ezgu amallarga undab borishi lozim. Erning ibodatga berilishi uchun xotini mijgʻov va janjalkash boʻlishi shart emas. U Qurʼoni karim va sunnatdagi hukmlarga amal qilsa, xotini va farzandlarini yaxshi koʻraveradi va bu uni ibodat qilish, ilm olish kabi muhim amallardan sira ham toʻsib qoʻymaydi.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SUQROT FALSAFASIDA KOMIL INSON KONSEPSIYASINING RATSIONAL TALQINI

Antik davr faylasufi boʻlgan Suqrot mil.avv. 469-yili Afinada tugʻilgan [10]. Mutafakkir falsafa fani rivojida muhim …