Nasiba opa shogirdi Ruxsora bilan koʻrsatuvda qatnashib, studiyadan chiqqanida vaqt ancha kech boʻlgandi. Ruxsora bolalarini bogʻchadan olishga shoshilayotgani uchun ular taksi olishdi. Mashina kam, nihoyat oq “Neksiya” toʻxtadi.
Yoʻl-yoʻlakay haydovchi oʻgʻlini maktabdan oldi, keyin Ruxsorani bogʻcha oldida tushirib ketdi. Nasiba opa uyiga yetgach, haydovchiga yigirma ming deb oʻylab pul uzatdi.
Oradan koʻp oʻtmay, eshik taqilladi.
— “Kim?” — dedi Nasiba opa.
— “Men, sizni olib kelgan taksichiman,” — degan ovoz eshitildi.
Maʼlum boʻlishicha, Nasiba opa adashib yigirma ming oʻrniga ikki yuz ming berib yuborgan ekan. Haydovchi uyiga borgach bilib qolgan va rafiqasi bilan birga pulni qaytarish uchun qaytib kelgan.
Nasiba opa bu halol er-xotinning odobidan, dilidagi poklikdan taʼsirlandi. Suyunchi bermoqchi boʻldi, ammo haydovchining ayoli muloyimlik bilan dedi:
— Opajon, duo qilsangiz boʻldi. Alloh bizni hamisha halol rizq bilan siylasin.
Chindan ham, halollik bor joyda baraka bor.
Sahl ibn Abdulloh rahimahulloh aytganlaridek:
“Najot uch narsadadir: halol yeyish, farzlarni ado etish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ergashish.”
Halollik — najotning boshlanishi.
Niyat pok boʻlsa, yoʻl ham adashmaydi, baraka ham yoʻqolmaydi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






