Oʻtgan hafta Toshkentda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi, Barqaror rivojlanish markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida “Milliy, mintaqaviy va global miqyosda xalq diplomatiyasi orqali barqaror rivojlanishni taʼminlash” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

Anjuman xalq diplomatiyasi va fuqarolik jamiyati institutlarining xalqaro hamkorlikni ravnaq toptirish, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi oʻrniga bagʻishlandi. Tadbirning “Mintaqaviy va global darajada xalq diplomatiyasi orqali barqaror rivojlanishni taʼminlash” mavzusidagi sessiyasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev “Xalq diplomatiyasi rivojida yoshlarning oʻrni: zamonaviy tendensiyalar va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik” mavzusida maʼruza qildi.

Olim mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil qilishini, Oʻzbekiston taraqqiyoti avvalo yosh avlodning ilm-maʼrifat va zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashiga bogʻliq ekanini qayd etdi. Taʼkidlanganidek, bugungi yoshlar ilgʻor bilim va koʻnikmalarga ega, bir necha xorijiy tilni biladi, axborot texnologiyalarini chuqur oʻzlashtirgan va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalana oladi. Ularning xalqaro forumlar, sport musobaqalari va fan olimpiadalarida faol ishtirok etayotgani xalqlar oʻrtasida doʻstlik va oʻzaro ishonchni kuchaytirishda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda. Shu bois oʻgʻil-qizlarimizni xalq diplomatiyasi jarayonlariga jalb etish va jahon yoshlari bilan muloqotini qoʻllab-quvvatlashga yurt manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari surishning samarali yoʻli sifatida qaraladi.

Maʼruzada, shuningdek, xalq diplomatiyasi bugungi global jarayonlarga mos ravishda yangilanib borishi, sinergetik va strategik tafakkurga tayanish zarurligi taʼkidlandi. Fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda raqamlashtirish va elektron hukumat tizimida erishilayotgan yutuqlardan keng foydalanish muhim ekani aytildi. Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda oʻzbek tilini oʻrgatish markazlarini tashkil etish orqali nafaqat tilni, balki xalqimizning boy madaniyati, urf-odatlari va qadriyatlarini ham keng targʻib etish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Xususan, oila va mahalla institutiga xos qadriyatlar jahon hamjamiyatida hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishi mumkinligi taʼkidlandi.

Tadbir doirasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator qoʻshma tashabbuslar ilgari surildi va ularning hosilasi sifatida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






