Home / YANGILIKLAR / QONUN USTUN BOʻLSA, EL OSOYISHTA YASHAYDI

QONUN USTUN BOʻLSA, EL OSOYISHTA YASHAYDI

Xalq orasida “Poydevor mustahkam boʻlsa, uy tik turadi, tomi ham butun boʻladi” degan haqli gap bor. Davlatchilik nuqtayi nazaridan bu poydevor vazifasini Konstitutsiya bajaradi. Uning ahamiyati faqat huquqiy normalar toʻplami bilan cheklanmaydi. Bosh qonun jamiyatning oʻzi haqidagi tasavvurini, hokimiyat va fuqaro munosabatlariga yondashuvni, davlatning vazifasiga qay darajada sodiq ekanini belgilab beradi.

Soʻnggi yillarda Konstitutsiyaga nisbatan jamiyatdagi umumiy munosabat jiddiy oʻzgardi. Ilgarigi mafkuraviy inersiya — tanish­bilishlikka tayangan qarash ustuvor boʻlgan sharoitda huquq tushunchasi koʻp hollarda keyingi darajaga tushib qolardi. Bugun esa vaziyat aksincha: har bir muammo milliy qonunchilik va inson huquqlari nuqtayi nazaridan baholanmoqda. Bu oʻzgarish tasodif emas. U davlat va jamiyat munosabatlaridagi prinsipial burilishdan darak beradi. Jamiyat borasida “huquq”, davlat borasida “masʼuliyat” tushunchalari markaziy oʻringa chiqdi.

Ana shu oʻziga xos huquqiy uygʻonish jarayonida xalqimiz shu kunlarda muhim tarixiy sana — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining oʻttiz uch yilligini “Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan hayotiy shior ostida keng nishonlamoqda. Bu tadbirlar ham Konstitutsiyaga yangicha munosabatning, uning jamiyat hayotidagi
oʻrni yanada mustahkamlanayotganining yorqin ifodasidir.

Global amaliyotga nazar solsak, konstitutsiyaviy islohotlarning aksariyati bir jihatga — inson qadrini qonun darajasida mustahkamlashga qaratilmoqda. Oxirgi yigirma yilda 60 dan ortiq davlat Konstitutsiyasini yangilab, yuzlab mamlakatlar bosh qonunini qayta koʻrib chiqdi. Ularning umumiy xulosasi bitta: barqaror taraqqiyot moliyaviy resurslarga emas, inson huquqlari taʼminlanishiga bogʻliq.

Oʻzbekistondagi islohotlar ham shu jarayonga uygʻun tarzda amalga oshirildi. Farqi shundaki, mamlakatdagi oʻzgarishlar xalq ishtirokida, ochiq muhokamalar orqali roʻyobga chiqdi — bu esa ularga qoʻshimcha maʼnaviy legitimlik baxsh etdi.

Tarixga nazar solsak, adolat ustuvor boʻlgan davrlarda yurt tinch yashagan, iqtisodiyot yuksalib, maʼnaviyat gullab­yashnagan. Somoniylardan to temuriylargacha boʻlgan davrda davlatchilikning asosiy mezoni “odil hokim” tushunchasida edi. Navoiyning “Adolat — davlatning asosi” degan fikri yoki Temur tuzuklaridagi “Zulm davlatni zaiflashtiradi” degan hikmat bugun yuridik kuchga ega boʻlmasa­da, maʼnaviy meʼyor sifatida voqeligini yoʻqotmagan. Shu maʼnoda, Konstitutsiyaning yangilanishi ham tarixdan kelayotgan adolat tamoyilining zamonaviy huquqiy davlat talabi bilan uygʻunlashuvi demakdir.

Bugun dunyoda inson huquqlarini kengaytirishdan, to raqamli xavfsizlik, ekologik kafolatlar, ijtimoiy adolat va xalq ishtirokiga asoslangan konstitutsiyaviy jarayonlargacha boʻlgan keng doiradagi islohotlar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Oʻzbekistondagi yangilanishlar ham ana shu tendensiyalarga mos ravishda amalga oshirildi: inson qadri eng oliy qadriyat sifatida belgilandi, ijtimoiy himoyaga oid normalar takomillashtirildi. Yoshlar, xotin­qizlar va bolalar huquqlari boʻyicha kafolatlar kengaytirildi, taʼlim va tibbiyot sohalariga oid meʼyorlar mustahkamlandi. Bu oʻzgarishlar mamlakatdagi huquqiy muhitni yanada ochiq, insonparvar va barqaror qiladigan omil sifatida qayd etilmoqda.

Qonun qanchalik mukammal yozilmasin, uning hayotga tatbiq etilishi inson ongiga bogʻliq. Shu jihatdan Konstitutsiya jamiyatning maʼnaviy yoʻl xaritasi hamdir. U masʼuliyat, vijdon, halollik, birdamlik, insonparvarlik kabi qadriyatlarni huquqiy darajada mustahkamlaydi. Imom Buxoriy kabi allomalarning insonning shaʼni, odobi va ichki goʻzalligiga oid fikrlari ham aynan shu asosda davlatchilik madaniyati bilan uygʻunlik kasb etadi.

Konstitutsiya — faqat bugunni emas, mamlakatning kelajakdagi qiyofasini ham belgilaydigan asosiy hujjat. U iqtisodiy islohotlardan tortib, taʼlim va tibbiyot sifatigacha, davlatning fuqaro bilan munosabatigacha boʻlgan muhim sohalarning strategik yoʻnalishini belgilaydi.

Xalqimiz aytganidek: “Qonun ustun boʻlsa, el osoyishta yashaydi”. Adolat ustuvor joyda taraqqiyot tabiiy jarayonga aylanadi. Shu bois, Konstitutsiyani bilish, tushunish va unga tayanish — fuqarolik madaniyatining ajralmas qismi. Bu madaniyat shakllangan jamiyatning har bir aʼzosi “Men mansab kuchiga emas, qonun kuchiga ishonaman”, deya baralla ayta oladi.

Shovosil ZIYODOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari doktori, professor

Check Also

Axborot siyosati boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlar

Oʻtgan haftada YUNESKO va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash …