Home / HALOLLIK VA MA'RIFAT / “JAMIYAT TANASIDAGI SARATON”

“JAMIYAT TANASIDAGI SARATON”

“Qulf ochar kalitni topish oson, qalbni ochar kalitni topish qiyin”, deydilar. Shu maʼnoda, korrupsiya degan illatning ildizi qalbda, ongda boʻlgani uchun uning kalitini maʼrifatdan izlash lozim.

Barchamiz halollikni kuchaytirish, adolatni mustahkamlash haqida koʻp gapiramiz. Bu — zamon talabi, odamlar umidi. Shuning uchun Prezidentimiz davlat rahbari sifatidagi faoliyatining ilk davridanoq har bir insonni u xoh rahbar, xoh oddiy fuqaro boʻlsin, “halollik vaksinasi” bilan emlash tashabbusini ilgari surib kelmoqda. Bu yoʻlda oiladagi, taʼlim muassasalaridagi muhitni yaxshilash, jamiyatda adolat tamoyillarini qaror toptirish boʻyicha qator saʼy-harakatlar qilinyapti.

Haqiqatan ham, inson ongi oʻzgarmas ekan, jamiyat oʻzgarmaydi. Jamiyat oʻzgarmasa, qancha qonun qabul qilmaylik, natija bermaydi.

Ichki poklik — tashqi adolatning sharti

Ochigʻini aytaylik, korrupsiya haqida gapirganda, koʻpchilikning koʻz oldiga katta mansabdorning birovdan pora olgani yoki bir ishni “tezlashtirib” bergani keladi. Lekin aslida korrupsiyaning ilk koʻrinishi juda bezarardek tuyuladigan tanish-bilishchilik, “tavsiya qilib qoʻying”, “oʻzimizning odam, yordam qilib yuboring” kabi oddiy yumushlarda namoyon boʻladi. Biroq shu kabi holatlar taraqqiyotga raxna soladigan, ijtimoiy barqarorlikka zarar yetkazadigan, jamiyatni ichidan yemiradigan eng katta illatdir.

Korrupsiya omi odamlarda, yosh avlodda harom-xarishga havas tuygʻusini shakllantiradi. Ongi yetarli darajada shakllanib ulgurmagan oʻgʻil-qizlar pora oluvchilarning toʻkin-sochin turmushiga havas qilib, hayotning mazmun-mohiyatini biror lavozimga erishish va shu orqali oʻz orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishda koʻra boshlaydi. Bu illatning ildiz otishiga sabablardan biri ham shu — yosh avlod qalbida qingʻir yoʻlga mayl paydo qilishdir.

Korrupsiya ijtimoiy adovatni ham kuchaytiradi. Jamiyat aʼzolarining bir qismi nohaq tarzda boylikka ega boʻlaversa, qolganlar oʻz-oʻzidan bunga gʻaraz bilan qaraydi. Korrupsionerdan yomonlik koʻrmaganlar ham undan nafratlana boshlaydi.

Jamiyat aʼzolarining koʻzi koʻr, qulogʻi kar yoki ongi past emas. Odamlar kim qanday pul topayot-ganini koʻrib, bilib turadi. Axir, har ne mansab boʻlmasin, hatto eng katta maosh bilan ham qisqa vaqt-da dangʻillama imorat, qator-qator mashina, dala-hovli, shohona ziyofat-u liboslar, zeb-u ziynat orttirish mumkin emasligi ayon-ku. Bu adolatsizlik shunday holatga yoʻl qoʻyib qoʻygan davlat tizimiga, masʼul mutasaddilarga nisbatan norozilik hissini uygʻotmay qolmaydi. Shu tariqa jamiyatda ishonchsizlik, tajanglik va tushkunlik omixtalangan kayfiyat vujudga kela boshlaydi. Bu esa ijtimoiy barqarorlik uchun katta xavf.

Shu bois, avvalo, turli rahbarlar oʻz manfaati yoʻlidagi jinoyatlar jamiyat hayotini izdan chiqarishi mumkinligini hech qachon nazardan qochirmasligi, ichdan, qalban pok boʻlishi kerak.

Odatga aylanayotgan xavf

Avtobusda ikki kishi bemalol suhbat quradi:

Bolang oʻqishga qanday kirdi? — deydi biri.

Falon tanishimiz bor edi, shu kishi yordam qildi-da…

Bu gapni aytguvchi oʻzini aybdor his etmaydi, aksincha, bamaylixotir, sal kerilibroq soʻzlaydi.

Shu kabi holatlar kundalik turmushimizda tez-tez uchraydi. Tanish-bilishlarimiz, yon-verimizdagi odamlar bolasini bogʻchaga berish uchun navbat kelaverma-ganda “orqa eshikdan” masalani hal etganini, tuman hokimligiga ariza topshirganda “kichik xizmat” qilgan odamga alohida iltifot koʻrsatganini aytsa, parvoyimizga kelmaydi.

Baʼzi yoshlar “Otam shu rayonning korrupsiyasi boʻladi!” qabilida maqtanchoqlik qilganini ham eshitamiz. Jilla qursa, korrupsiyaga qarshi kurash idorasining rahbari deb toʻgʻri aytsa, qani edi. Yoʻq, aynan shu tarzda aytsa, vahimaliroq va taʼsiri kuchli chiqadi. Afsuski, u mohiyatan “rayonning korrupsiyasi” deb toʻgʻri aytgan ham boʻladi.

Bunday voqeliklarga koʻpchilik guvoh boʻlgan, eshitgan. Achinarli-si, ularning hammasi “oddiy gap” sifatida qabul qilinganida. Lekin ana shu “oddiy gap”lar yillar davomida yuz minglab adolatsizliklar zanjirini mustahkamlab, adolatni zaiflashtirdi, qonunni keyingi oʻringa tushirdi, halol kishini jazolab, nooʻrin yoʻlni “meʼyor”ga aylantirib keldi. Maʼrifatdan uzoqlashganimiz, foydali va zararli narsani farqlay olmay qolganimiz uchun shunday boʻldi.

Niyat buzilsa, amal buziladi

Korrupsiyaga qarshi kurash — bu faqat aybdorni topib, jazolash emas. Bu, avvalo, ongni tarbiyalash, kelajak avlodga toza muhit qoldirish masalasi boʻlgani bilan muhim.

Bola yaxshi muhitda oʻsib, oʻz kuchi bilan talaba boʻla olsa, u kelajakda ham halol yashashni hayot meʼyori deb biladi. Xizmatdagi odam lavozimni faqat imkoniyat emas, masʼuliyat deb bilsa, uni suiisteʼmol qilishni xayoliga ham keltirmaydi.

Biz koʻpincha korrupsiyani min-barga chiqadiganlar, prezidiumda oʻtiradiganlar, “katta toʻralar” orasidan izlaymiz. Lekin har bir jamiyatning ikki qutbi bor: koʻrinadigan — qonun, tizim, rasmiy tartib; koʻrinmas — odat, muhit, niyat va tarbiya.

Aslida, aynan shu botiniysi zohiriysidan kuchli. Niyat izdan chiqsa, qonun har qancha qattiq boʻlmasin, baribir yo kechikadi, yo chetda qoladi.

Korrupsiyaning eng xavfli joyi — uning “oddiylashib” borishi, ishlamoq yo dam olmoq kabi kundalik hayotning ajralmas belgilaridan biriga aylana boshlashidir. Odamlar adolat buzilishini odatiy hol sifatida qabul qila boshlasa, jamiyatda tubanlikka keng yoʻl ochiladi.

Dinimizda niyat eng muhim omil sifatida taʼkidlangan.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan mashhur hadisda aytiladi: “Amallar niyatga koʻradir”. Niyati buzilgan odamning amalida yaxshilik boʻlmaydi. Maʼrifat inson ongiga singmaguncha, korrupsiya bilan faqat qonun doirasida kurashish —yogʻduni sham bilan qidirishga oʻxshaydi.

“Non oʻgʻirlagan bir kun quvonadi, lek bir umr qiynaladi”

Inson halollikdan uzoqlashgan-da, ichdan qiynala boshlaydi, farzandlari, yaqinlari oldida yuzi shuvut boʻlishidan, qingʻir ishlarining qiyigʻi chiqishidan qoʻrqib yashaydi. Unga bayramlar, quvonchlar, shodliklar tatimay qoladi.

Negaki, haromdan orttirilgan boylik odamlarning roziligi emas, aksincha, noroziligi, baʼzan qargʻishi negiziga quriladi. Ular berganini kuch bilan qaytarib olishga koʻzi yetmasa ham, juda boʻlmasa, igʻvo-yu gʻavgʻo bilan oʻsha “vallamat”ga ziyon-zaxa yetkazish payida boʻladi. Imkon tugʻildi deguncha, sotishga oshiqadi, qoʻshqoʻllab kishan kiydirishga oshufta boʻladi. Bu xavf esa korrupsioner hayotida rohat-farogʻat oʻrnini besaranjom kunlar va hadik-xavotirli tunlar egallashiga olib bora-di. Bu — ichki jazo. U shu qadar muqarrarki, hech kim qochib qutula olmaydi.

Dono xalqimiz bejiz “Non oʻgʻirlagan bir kun quvonadi, lek bir umr qiynaladi”, demaydi. Mana shu naql har bir rahbar, har bir xodim, har bir bola miyasiga chuqur singsa — qonunga ehtiyoj qolmaydi, adolat oʻz-oʻzidan ustuvor boʻlib boradi.

Oʻzlikni isloh etishga daʼvat

Islohotlar qanchalik jadal kech-masin, odamlar davlatga ishonmasa, samaraga erishish qiyin. Davlatga ishonch — bu nafaqat siyosiy, balki maʼnaviy qudrat. U davlatning salohiyatini, kuchini namoyon qiladi. Korrupsiyaning jilovlanishi — ana shu kuchdan, qudratdan nishona.

Prezidentimiz tomonidan Yangi Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar, avvalo, odamlarning davlatga ishonchini oshirish, ertangi kunga umidini mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinib, maxsus vakolatli agent-lik tashkil etildi. Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini taʼminlash hamda masʼuliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldi-ni olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar amaliyotga keng jo-riy etildi. Xususan, barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yoʻlga qoʻyildi. Davlat xaridlari toʻliq raqamlashtirildi.

Davlatimiz rahbarining “Hammamiz yagona kuch boʻlib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, sanʼat va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar — umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton» sifatida qarashi kerak”, degan soʻzlari har bir insonni, avvalo, oʻzini isloh qilishiga qaratilgan daʼvatdir.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga kamarbasta boʻlishni, xususan, jamiyatda sogʻlom eʼtiqod va pok axloqni targʻib etishni, xalqimizning maʼnaviy immunitetini mustahkamlashni oʻz oldiga qatʼiy vazifa qilib belgilab olgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashda eng katta yordam — adolat haqidagi ilmiy, axloqiy va diniy bilimlarni xalq ongiga yetkazish, yoshlarda halollikni eng oliy qadriyatlar darajasiga koʻtarish, boylik orttirishning noqonuniy yoʻllariga murosali munosabatni tag-tomiri bilan yoʻqotish orqali amalga oshirilishini toʻla anglab, bu boradagi ishlarga ilmiy tadqiqotlar, maʼrifiy loyihalar, koʻplab dasturlar yordamida baholi qudrat oʻz hissamizni qoʻshib kelmoqdamiz.

Ogʻir, ammo sharafli yoʻl

Eng chuqur jar — inson qalbining qorongʻi burchagidir. Korrupsiya ana shu zulmatda paydo boʻladi. Qonun uni toʻxtatishi mumkin, lekin bu faqat vaqtinchalik chora boʻladi. Chunki “oʻrgangan koʻngil oʻrtansa, qoʻymas”. Odamzod yoqimli narsaga tez koʻnikadi. Ishlamay tishlash, belni ogʻritmasdan boylik orttirish mayli koʻngilning eng qora tubiga oʻrnashib olgandan keyin uni faqat jazo bilan daf etish mushkul. Chunki koʻngil kirlanib boʻlgan.

Shu bois bu illatni tamomila yoʻq qila oladigan kuch maʼrifatdir. Faqat maʼrifatgina qalbga ziyo olib kirib, koʻngildagi aldam-chi ho-yu havasni parchalashga qodir.

Bugun korrupsiyaga qarshi kurashish — iqtisodiy yo huquqiy talab emas, balki maʼnaviy ehtiyoj, milliy xavfsizlik sharti, ijtimoiy ishonch masalasiga aylangan. Qonunga xilof ravishda topilgan pullar — shunchaki oddiy jinoyat yoki roʻyxatlardagi raqamlar emas, u — tarbiya, odat, muhit va eʼtiqodning yuzasiga chiqib qolgan qora dogʻdir.

Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurash — avvalo, maʼrifat bilan bosqichma-bosqich, izchil ish olib borishni talab qiladi.

Alloh taolo Raʼd surasida: “Aniqki, to biron qavm oʻzlarini oʻzgartirmagunlaricha, Alloh ularning ahvolini oʻzgartirmas”, deb marhamat qiladi. Yaʼni oʻzgarish, avvalo, ich-ichimizdan boshlanadi.

Bugun Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarda korrupsiyaga qarshi kurashga alohida eʼtibor qaratilayotgan boʻlsa-da, bu ish faqat davlatning kuchi bilan amalga oshmaydi. Bu yoʻlda davlat, jamiyat, ilm ahli, ota-ona, oʻqituvchi, mahalla-koʻy ham — hamma birdam boʻlib, jips boʻlib ishlashi kerak.

Shundagina jamiyatimizda adolat barqaror boʻladi, kelajak nasl halol mehnatga suyangan, toza muhitda shakllangan avlod boʻlib yetishadi. Yoshlarimiz ongida insof va adolat mustahkam boʻlsa, hech qanday illat ularni yenga olmaydi. Bu yoʻl — ogʻir, ammo sharaflidir.

Shovosil ZIYODOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari doktori, professor

Check Also

KORRUPSIYA – HALOKATGA YETAKLOVCHI ILLAT

Bugungi globallashuv davrida korrupsiya insoniyat oldida turgan eng katta muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Bu illat …