Allohning hukmi bilan insonlar moddiy imkoniyatlariga koʻra turli toifalarga boʻlindi. Albatta, Alloh barchani boy qilishga qodir boʻla turib, ularni boy va kambagʻal qilib qoʻyishida juda koʻp hikmat bor. Alloh baʼzilarga rizqni keng va baʼzilarga tor qilib berganidagi asosiy hikmatlardan birini bayon qilib bunday degan:
“Agar Alloh bandalarining rizqlarini keng-moʻl qilib yuborsa, albatta, ular yer yuzida tajovuzkorlikka oʻtib ketgan boʻlur edilar. Lekin U oʻzi xohlaganicha oʻlchov bilan (rizq) tushirur. Albatta, U bandalaridan xabardor va (hamma narsani) koʻrib turuvchidir” (Shoʻro surasi, 27-oyat).
Sadaqa va ehsonning barcha koʻrinishlari, xoh u nafl boʻlsin xoh farz boʻlsin, barchasi gunohlar oʻchirilishiga sabab boʻladi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «…Suv olovni oʻchirganidek, sadaqa gunohlarni oʻchiradi”, dedilar” (Termiziy rivoyati).
Alloh yoʻlida qilinadigan sadaqa va ehsonning fazilati toʻgʻrisida Qurʼonda bunday deyilgan:
“Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambagʻallarga pinhona bersangiz oʻzingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan oʻtar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir” (Baqara surasi, 271-oyat).
Demak, sadaqani xoh oshkora, xoh yashirincha bersin, niyati xolis boʻlsa, sadaqaga vaʼda qilingan mukofotga, yaʼni gunohlarining kechirilishiga erishadi. Ulamolar sadaqani insonning imoni borligini tasdiqlovchi amal deyishgan. Chunki xayr-ehson qiluvchi kishi oʻziga begona boʻlgan va hech ham manfaat kelmaydigan odamga imkonidan kelib chiqib, bir narsani beradi.
Abu Molik Ashʼariy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sadaqa (kishining imoni borligiga) hujjat va dalildir”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati). Demak, xayri ehson qilish orqali imonimiz borligini tasdiqlovchi hujjatni qoʻlga kiritar ekanmiz.
Abu Kabsha al-Anmoriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsaga qasam ichaman: Bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu, unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar”, dedilar.
Adi ibn Hotam (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan yana bir hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qaysingiz yarimta xurmoni sadaqa qilib boʻlsa ham, yuzini doʻzax olovidan asrashga qodir boʻlsa, shu ishni qilsin”, dedilar.
“Ehson” bandaning halol yoʻl bilan topgan barcha mol-mulkidan Alloh yoʻlida, U belgilagan maqsadlarda sarflashi, kambagʻal-faqirlarga va muhtojlarga sadaqa qilishi maʼnolarini anglatadi. Ehsonning yana bir maʼnosi muhtoj kishilarga va Alloh belgilagan oʻrinlarga sadaqa qilishdir. U, shuningdek, Alloh roziligini topish yoʻlida qilingan barcha yaxshiliklar maʼnosini ham bildiradi. Alloh taolo aytadi:
“Ey, imon keltirganlar! Oʻz qoʻl mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz! Oʻzingiz faqat koʻzingizni chirt yumibgina oladigan darajadagi yomon narsalarni (ehson qilishga) tanlamangiz! Shuningdek, bilingizki, albatta, Alloh gʻaniy va maqtovga loyiq zotdir” (Baqara surasi, 267-oyat).
Ehson qilish eng oldin sizni tugʻib katta qilgan, yedirib-ichirgan, kiyintirgan, chiroyli taʼlim, xulqu odob oʻrgatgan, kamolga yetkazib uyli-joyli qilgan ota-onadan boshlanadi. Imom Nasafiy va Xozin tafsirlarida zikr qilinishicha, farzand uchun ota-onaning maqomi shunchalar ulugʻki, u ota-onani nomi bilan chaqirmay, balki “otajon, onajon” kabi shirin soʻzlar murojaat qilishi, ularni ranjitadigan gaplarni gapirmasligi, ular oldida oʻzini qul yoki choʻrilardek tutishi lozim.
Imom Buxoriy “Al-Adab al-mufrad” asarida “Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu “Ular (ota-onang) uchun mehribonlik bilan xorlik qanotini past tut” (Isro surasi 24-oyat) degan oyatni: “Ota onang yaxshi koʻrgan narsadan hech bosh tortma, deganidir”, deb tafsir qildi”, degan.
Ota-onaga yaxshilik qilish farzand gunohlariga kafforat boʻladi. Ibn Abbos roziyallohu anhuning yoniga bir kishi kelib: “Men bir ayolga sovchi qoʻydim. U men bilan nikohlanishdan bosh tortdi. Boshqa bir kishi sovchi qoʻygan edi, u bilan nikohlanishni maʼqul koʻrdi. Rashkim kelib, oʻsha ayolni oʻldirib qoʻydim. Tavba qilishim uchun biror imkon bormi?” dedi. Shunda u: “Onang hayotmi?” dedi. U: “Yoʻq”, dedi. U: “Alloh azza va jallaga tavba qil va Unga yaqin boʻl”, dedi. U kishi ketdi. Ato aytadi: “Ibn Abbosdan uning onasi haqida nima uchun surishtirganini soʻradim”. U: “Men onaga yaxshilik qilishdan koʻra, Allohga yaqinroq biror amalni bilmayman”, deb javob berdi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ota-onaga yaxshilik qilish farzandning rizqi keng va umri uzoq boʻlishiga olib keladi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolo umrini uzoq, rizqini ziyoda qilishini xohlasa, ota-onasiga yaxshilik qilsin, qarindoshlik aloqalarini bogʻlasin (mustahkamlasin)”, dedilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ota-ona duosini olgan farzand dunyo va oxiratda saodatli boʻladi. Abu Huray raroziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uchta duo mustajobdir. Ular(ning ijobat boʻlishi)ga shak-shubha yoʻq. Ota-ona duosi, musofirning duosi va mazlumning duosi”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Demak, ota-onaga yaxshilik qilish farzandning solih amallari qabul boʻlishiga, gunohi kechirilishiga va jannatga kirishiga sabab boʻlar ekan. Bu farzand uchun ulkan saodatdir.
Ota-onasi dilini ogʻritgan va xizmatidan bosh tortgan kishilar oqpadardir. Ota-ona garchi islom dinidan tashqarida, tavhidga begona, farzandiga zulm qilib turgan boʻlsa ham, bu holat ularning xizmatidan boʻyin tovlashga asos boʻla olmaydi. Oʻz huquqini roʻkach qilgan holda ota-onasining zolimligi yoki dinsizligini bahona qilib, ularning xizmatidan yuz oʻgirgan farzand garchi ibodatli, din uchun ulkan xizmat qilgan boʻlsa ham, Alloh taoloning abadiy gʻazabi doʻzaxga mahkum.
Ota-onadan ortsa, qarindosh-urugʻ, oʻzgalar mehr-muruvvatiga muhtoj boʻlgan yetim, kambagʻal-faqir va safarda aziyat chekayotgan musofirlarga ehson qilinadi. Ehson sadaqa qilinishi lozim boʻlgan toifalar haqida Paygʻambarimiz (alayhissalom)dan bir necha hadisi shariflar vorid boʻlgan: “Miskinga qilingan sadaqaga bitta savob, qarindoshga qilingan sadaqaga ikkita savob: biri sadaqa, ikkinchisi silai-rahm uchundir”.
Rasuli akram (alayhissalom): “Yetimni qaramogʻiga olgan kishi bilan men jannatda mana bunday yonma-yon turamiz”, dedilar hamda koʻrsatkich va oʻrta barmoqlarini juftlab koʻrsatdilar.
Boshqa hadisda esa, “Beva va miskinga ehson qilish uchun harakat qilgan kishi Alloh yoʻlida jang qilgan, tuni bilan namoz oʻqigan va kun boʻyi roʻza tutib yurgan kishi kabidir” deyilgan. Bulardan esa, har bir musulmon atrofidagi kishilarga mehribon, himmatli, saxovatpesha, sadoqatli boʻlishi lozim, degan fikr kelib chiqadi.
Baʼzi kishilar zakot yoki sadaqa beradigan boʻlsa, sifatli va yaxshi mollaridan emas, balki nuqsonli va past navli narsalaridan beradi. Vaholanki, oʻsha narsalar oʻziga berilsa, olmagan yoki noilojlikdan olgan boʻlur edi. Kitoblarda bu oyati karimaning nozil boʻlishiga baʼzi musulmonlarning oʻsha davrda zakotga berish uchun eng past navli xurmolarni ajratgani sabab boʻlgan, deyiladi.
Alloh taolo ehsonni, yaʼni sadaqani, eng avvalo, qarindoshlarga, miskin va yoʻlovchilarga qilishni buyurgan. Qurʼoni karimda bunday marhamat qilinadi: “Qarindoshga, miskin va yoʻlovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yoʻl qoʻymang!” (Isro surasi, 26-oyat).
Islomda insoniylik qadrlanadi. Bu qadriyatlar hamma xalqlarning umuminsoniy mulki hisoblanadi. Biz ularni bagʻrikenglik, haqqoniylik, mehribonlik kabi xislatlarga tenglashtirishimiz mumkin. Musulmon odam ota-onasi, farzandlari va qoʻni-qoʻshnilariga gʻamxoʻrlik qiladi, koʻmakka muhtoj boʻlganlarga yordam koʻrsatadi. Dunyodagi barcha narsalarni Alloh taolo yaratgan, shuning uchun musulmon kishi tabiat va har qanday jonzot oldida oʻz masʼuliyatini his qiladi.
Alloh taolo Niso surasining 40-oyati da bunday marhamat qiladi:
“Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham birovga) zulm qilmagay, Agar (oʻsha miqdorda) yaxshilik boʻlsa, uni (bir necha barobar) koʻpaytirur va Oʻz huzuridan ulugʻ mukofot (jannat) ato etur” (Niso surasi, 40-oyat).
Bugungi kunda bu borada davlatimiz tomonidan koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kam taʼminlangan oilalar, boquvchisini yoʻqotganlar va yetimlarga joylardagi mahalla fuqarolari yigʻinlari tomonidan har tomonlama yordam berib kelinmoqda.
Biz oʻzimiz yashayotgan mahallalarda kam taʼminlangan oilalarni, boquvchisini yoʻqotgan fuqarolarni va yolgʻiz keksalarni yaxshi bilamiz. Biz ularga qoʻlimizdan kelganicha xayr-saxovat qilaylik. Shuningdek, “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga moddiy yordamimizni koʻrsatib, Alloh taolo tomonidan beriladigan ajru-savoblarga ega boʻlaylik.
Alloh taolo barchamizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan boʻlishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ado etuvchi saxovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin, hidoyat yoʻlida sobitqadam qilib, barchamizni ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






