Tijorat, bu haqida koʻplab soʻzlar aytilgan. Shunday boʻlsa-da, tijorat (bayʼun) – savdo-sotiq koʻpchilik tomonidan eʼtiborga molik va ommaga mahbub mavzudir, chunki u insonga moddiy va maʼnaviy foyda keltiruvchi vositalardan biridir. Jumladan, bizning hanif dinimizda ham tijoratga juda katta eʼtibor berilgan. Qurʼoni karimda “tijorat” kalimasini haqiqiy va majoziy maʼnolarda oʻndan ortiq oʻrinda zikr qilinganligi soʻzimizning yorqin ifodasidir.
Islomda tadbirkorlik va ishbilarmonlikka juda ijobiy yondashiladi. Ulardan kattagina qismi tijorat va savdo ishlaridir. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Rizqning oʻndan toʻqqizi tijoratdan, oʻndan biri chorvadandir”[1], – deydilar. Albatta, har bir tijorat tadbirkorlikdir. Quyida islomdagi tijorat haqida qoʻldan kelgancha maʼlumot berishga harakat qilimiz.
Tijoratning haqiqiy maʼnosi juda koʻpchilikka maʼlum ibora, ammo uning majoziy maʼnosidan barcha tojir-savdogarlar ham xabardor emas. Majoziy maʼnoda Alloh taolo bilan bandasi oʻrtasidagi tijorat nazarda tutilgan boʻlib, bunda yaratgan zot – Alloh taolodan uning roziligini inson qilgan yaxshiliklari – solih amallari va ibodatlari evaziga sotib oladi va olinadigan foyda esa jannatdir. Ammo biz bu oʻrinda savdoning haqiqiy maʼnosi hamda uning sharʼiy va milliy odoblari haqida soʻz yuritmoqchimiz.
“Savdo” soʻzining istilohiy maʼnosi “oʻzaro bir narsani boshqa narsaga almashtirish” ni bildiradi. Shariatda esa bir molni ikkinchi bir mol muqobiliga ikki tomonning roziligiga binoan qabul qilib olinishiga “bayʼ”, “tijorat” deb ataladi.
Shariatimizda savdo bobida jamiyatga ham shaxsiyatga ham zarar keltirmaydigan talablar majmuasi mavjud boʻlib, bu hukmlar zamirida nafaqat tijoratga oid, balki insoniy muomala odoblari va shartlari ham bayon qilingan. Zero, tijorat jamiyatning ijtimoiy va iqtisodiy asoslaridan biridir.
Shuning uchun boʻlsa kerak, Islom dinida halol savdoni ibodatga tenglashtirilib, halol savdogarlar shahidlaru siddiqlar darajasiga koʻtarilgan. Rifoa (r.a.) dan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar : “Rostgoʻy, omonatli tojir paygʻambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”. Ulamolarimiz ziroatdan va sanoatdan soʻng eng afzal kasb tijorat deganlar.
Kishiga foyda keltiruvchi omillardan biri boʻlgan yana bir amal – sudxoʻrlikni tijorat, tadbirkorlikning bir koʻrinishi deb qaramaslik lozim. Chunki, Alloh taolo savdoni halol va ribo (sudxoʻrlik)ni harom qildi. Alloh taolo Qurʼoni karimda shunday marhamat qilgan.
“Alloh savdoni halol, ribo (sudxoʻrlik)ni harom qildi”.[2]
“Ey moʻminlar! Biringiz biringizning molini nohaq yoʻllar bilan yemang. Oʻzganing molini faqat rozi boʻlib savdo qilish bilan olgach yeyishingiz mumkin”.[3]
Chunki savdoda foyda koʻrish bilan birga zararning ham ehtimoli bor. Savdogar foyda koʻrishga umid qilgani holda, zararni ham boʻyniga olib ish boshlaydi. Jamiyatning ehtiyojidagi tovarlarni mehnatu mashaqqat bilan olisdan maʼlum makonga olib kelib, odamlarning talabini qondiradi. Eng muhimi savdoda xaridorning molni olish-olmaslik va tanlash ixtiyori bor. Ammo ribo – sudxoʻrlikda unday emas. Sudxoʻr mehnat qilmay boshqaning zarari va hatto xonavayron boʻlishi evaziga foyda koʻradi. Shariatimizda savdoni halol va sudxoʻrlikning harom qilinishiga sabab boʻlgan yana bir qancha omillar borki, bularning barchasini bu oʻrinda birma-bir sanab oʻtishni imkoni yoʻq va bu alohida bir mavzu.
Shariati islomda savdo xususida har ikki tomon manfaatlarini oʻzida mujassam etgan talablar borki, hozirgi vaqtda bu soha vakillarining koʻpchiligi bundan bexabardir. Quyida ushbu talablarni baholi qudrat tojirlarimiz eʼtiboriga havola qilsak.
Xaridorning haqqiga xiyonat qilmaslik, yaʼni oʻlchash va tortishni toʻgʻri qilish sotuvchining zimmasidagi talablardan eng birinchisi hisoblanadi. Alloh taolo aytadi:
“…Oʻlchov va tarozini adolat bilan toʻla tortingiz!..”[4]
“…Bas, oʻlchov va tarozini komil qilib (tortingiz) va odamlarning haqlaridan urib qolmangiz hamda yer (paygʻambarlar yuborish bilan) oʻnglab qoʻyilganidan keyin, unda (kofirlik bilan) buzgʻunchilik qilib yurmanglar….”.[5]
“…Va oʻlchov va tarozidan urib kolmanglar…”.[6]
Jumladan, Qurʼoni karimning “Isro”, “Shuaro”, “Ar-Rohman”, “Mutoffifiyn” suralarida, toʻgʻri oʻlchash, tarozi va xaridor haqqiga oid bir necha oyatlar kelgan.[7] Xaridor haqqining Qurʼon oyatlarida takror va takror kelishi uning nechogʻlik muhimligiga dalolat qilishini unutmaslik lozim.
Shuningdek, xaridor bilan xushmuomala boʻlish, sotilayotgan molning aybi boʻlsa aytib sotish, kelishilgan muddatda xaridor molni aybli sanab qaytarib olib kelsa, uni qaytarib olish ham savdodagi shariat talablari jumlasidandir.
Ulamolarimiz iqtisodiy-moliyaviy muomalalarga oid bundan boshqa barcha dalillarni ham yaxshilab oʻrganib chiqqanlaridan keyin, oʻrtadagi savdo muomalaga sabab narsada quyidagi shartlar mavjud boʻlishi kerak, degan xulosaga kelganlar:
- Muomalaga qoʻyilayotgan narsa kelishuv vaqtida mavjud boʻlishi kerak. Yoʻq narsani muomalaga qoʻyib boʻlmaydi. Masalan, yetilmagan ziroatni sotib boʻlmaydi. Chunki u hali unib chiqadimi, yoʻqmi, hosil beradimi, yoʻqmi maʼlum emas. Shunga oʻxshash, onasining qornidagi hayvonni, yelindagi sutni ham sotib boʻlmaydi.
- Muomalaga qoʻyilgan narsada muomalaga qoʻyuvchining sharʼiy (qonuniy) haqqi boʻlishi kerak. Yaʼni muomalaga qoʻyuvchining shaxsiy mulki boʻlib, saqlash va manfaʼatlanish mumkin narsa boʻlishi kerak. Biror kishi oʻziga mulk boʻlmagan narsani sota olmaydi, hadya qila olmaydi, ijaraga qoʻya olmaydi.
Shuningdek, shariatga koʻra saqlash va manfaʼatlanish mumkin boʻlmagan harom ichimliklar yoki choʻchqa, itga oʻxshash narsalarni muomalaga qoʻyish ham mutlaqo mumkin emas.
- Muomalaga qoʻyilgan narsani kelishuv vaqtida topshirish imkoni boʻlishi kerak. Misol uchun, qochib ketgan hayvonni, havodagi qushni yoki suvdagi baliqni muomalaga qoʻyib boʻlmaydi. Agar qoʻyilsa, muomala botil boʻladi, hisobga oʻtmaydi.
- Muomalaga qoʻyilgan narsa muomalada ishtirok etayotgan ikki tomonga maʼlum va tayinli boʻlishi kerak. Yaʼni, ikki tomon ham muomalaga quyilayotgan narsani yaxshi bilishi, koʻrgan boʻlishi (agar xaridor molni koʻrmagan boʻlsa, koʻrgandan keyin yoqmasa savdoni buzish ixtiyoriga ega), zarur maʼlumotlarga ega boʻlishi kerak. Agar aksi boʻlsa muomala joriy boʻlmaydi. Chunki bunday hollarda keyinchalik urush-janjal chiqishi ehtimoli mavjud.
- Muomalaga qoʻyilgan narsa pok boʻlishi, najas yoki najas aralashgan boʻlmasligi kerak. Yaʼni, shariat yuzasidan manfaat olish imkoni berilgan narsa boʻlishi kerak. Shariat harom qilgan oʻlimtik, qon, axlat kabi narsalarni sotib boʻlmaydi. Agar shunday boʻlsa, u muomala botil boʻladi, oʻz kuchiga ega boʻlmaydi.
Savdo-sotiqning odoblari quyidagilar:
- Muomalada rostgoʻy boʻlish, yaʼni savdogar sotiladigan molini haqiqiy sifatlari bilan sifatlash, uning navi, jinsi va tayyorlangan tarafi va sarf-xarajati haqidagi axborotda yolgʻon ishlatmasligi lozim.
- Muomalada saxovatli boʻlmoq. Sotuvchi bahoni pastroq qilishda va oʻlchashda saxovatli boʻlishga harakat qiladi. Xaridor ham qattiq shartlarni talab qilib turib olmaydi.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Sotayotganda, sotib olayotganda va haqqini talab qilganda saxovatli boʻlgan odamni Alloh rahm qilsin”, – dedilar”. (Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan.)
- Qasam ichishdan chetda boʻlish. Savdo paytida oʻz gapini tasdiqlash uchun qasam ichmaslik kerak. Chunki, bu narsa barakaning qochishiga sabab boʻladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Qasam ichish savdo molini oʻtkazuvchi, barakani oʻchiruvchidir”, – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyati.
- Koʻp sadaqa qilish. Savdo paytida boʻladigan baʼzi kamchiliklarning yuvilishi uchun tojir odam koʻproq sadaqa qilib turishi, xayr-ehsonli, muruvvatli boʻlishi lozim.
- Moliyaviy muomalalarni va qarzni yozib borish hamda guvoh keltirish. Savdogar savdo shartnomasini va qarzni yozib borishi lozim. Molni nasiyaga muomala qilganda va qarz berganda guvohlarni hozir qilish xayrli amallardan hisoblanadi.
Alloh taolo: “Ey, iymon keltirganlar! Maʼlum muddatga qarz oldi -berdi qilgan vaqtingizda, uni yozib qoʻying….”[8], degan. Jumladan, savdoning odoblari haqida olimlarimiz shunday degan ekanlar: “Agar savdogarda uch xislat boʻlmasa, ikki dunyoda muhtoj boʻlgay, ular;
1- Tili uch narsadan: yolgʻon, badxulqlik, xiyonat va qasamdan pok boʻlmasa;
2- Dili uch narsadan: badxulqlik, xiyonat va hasaddan pok boʻlmasa;
3- Namozi juma va jamoat namozi , baʼzan ilm talab qilmoq va boshqa odamlardan koʻra Xudoyi taoloning roziligini ixtiyor qilmoq boʻlmasa. ”
Savdo yer yuzida tinchlik va osoyishtalikni taʼminlovchi asosiy omillardan biridir. Savdo tartibiga rioya qilingan jamiyatda sotuvchi va oluvchi bir-birlarini duo qiladi, rahmat aytadi, baraka ham shunda. Savdo mol ayirboshlash boʻlishi bilan birga unda kishilarning toʻgʻrisoʻzligi, vaʼdaga vafodorligi, omonatga sodiqligi kabi koʻplab axloqiy fazilatlar namoyon boʻladi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam:“Savdogarlik qilinglarki, xalqning rizqlari 10 qismdir, 9 qismi savdogarlikda, yaʼni sotmoqda va olmoqdadir,” – dedilar.
Ulugʻlardan biridan soʻradilar: Obid ustunroqmi? Yo Omonatdor savdogar? Ulugʻ zot javob berdilar: “Omonatdor savdogar ustunki, tarozuda bermoq va olmoqda shayton uni ozdirmoqqa qasd qilur, omonatdor savdogar esa uning xilofini qilib, shaytonga gʻolib boʻlur”. Eng eʼtiborli tomoni Islom shariati ahkomlariga binoan, halol savdo ibodat sifatida qaraladi. U orqali bu dunyoda topilgan rizqning halol va barakali boʻlishi taʼminlanadi. U dunyoda esa shunga yarasha ajru savob, maqomu martabaga erishiladi.
Darhaqiqat, soʻngi yillarda muhtaram prezidentimiz tomonidan bozor iqtisodiyotining ustivor yoʻnalishlarini amalda tatbiq etish borasida ishlab chiqarish va savdo sohasidagi olib borilayotgan islohotlari, dunyo bozoridan munosib oʻrin topish borasida berayotgan doimiy koʻrsatma va tavsiyalari hamda kichik biznes va tadbirkorlikka, tashqi investitsiyaga berilayotgan yuqori eʼtiborning oʻziyoq mamlakatimizda tijorat sohasi davlat ahamiyatiga molik soha ekanligiga dalolat qiladi. Jumladan, Oʻzbekistonda yangi tadbirkorlik ish ini boshlovchi yoshlar uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar; banklar tomonidan berilayotgan muddatsiz qarzlar hamda ularni himoya qilish uchun chiqarilayotgan qonunlar yurtimizda tijorat sohasining istiqbollarini koʻrsatib beradi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






