Fatvo berishni Paygʻambar alayhissalomning oʻzlari boshlab berganlar. U zot ochiq-oydin vahiyga suyanib, Alloh taolo nomidan fatvo berganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning fatvolari islom fiqhining Qurʼoni karimdan keyingi asosiy manbasi boʻlib qolgan. U zot sahobalariga fatvo berish, ijtihod qilish va qiyosdan foydalanish yoʻllarini amaliy jihatdan koʻrsatib berganlar. Sahobalar roziyallohu anhum Paygʻambar alayhissalomdan eshitgan hadislarga amal qilib, fatvo berish va ijtihod qilish yoʻllarini oʻrgangan.
Xulafoi roshidin toʻgʻri yoʻldagi xalifalar davrining dastlabki yillarida fiqh xalifa bilan faqih sahobalar kengashi oʻrtasidagi shoʻro kengashga asoslangan. Sahobalar oʻrtasida fikrlar xilma-xilligi yuzaga kelgan vaziyatlarda xalifa ularning qarashlaridan birini maʼqul koʻrib, amalga tatbiq etgan.
Hanafiy faqihlar taʼkidlashicha[1], sahobalarning mujtahidlari qirqtadan oshmagan. Jumhur ulamolarga koʻra, ularning soni juda koʻpchilikni tashkil qilgan. Zero, sahobalar uch xil darajada boʻlgan: koʻp fatvo bergan yetti nafar sahoba; ulardan kamroq fatvo bergan yigirmaga yaqin faqih sahoba; juda oz fatvo bergan bir yuz yigirma nafar sahoba[2]. Paygʻambar alayhissalom bilan zamondosh boʻlgan sahobalarning koʻpchiligi u zotdan eshitgan yoki amallarida guvohi boʻlgan sunnatlarni rivoyat qilish bilan kifoyalangan.
Usmon roziyallohu anhu davrida fath qilingan yurtlar hisobidan islom hududi kengaygach, sahobalar odamlarga dinni oʻrgatish maqsadida Makka, Madina, Kufa, Basra, Shom, Misr kabi asosiy shaharlarga tarqalgan. Mujtahidlik darajasiga yetgan ayrim sahobalar oʻzi bilgan sunnatga asoslanib fatvo bergan, lekin ularning aksariyati sunnatni rivoyat qilish bilan kifoyalangan. Binobarin, fiqhiy mazhablarning kelib chiqishi va rivojlanishida sahobalar taʼsiri katta boʻlgan. Chunki bu mazhablar fiqh va fatvoni Paygʻambar alayhissalomdan oʻrgangan sahobalardan meros qolgan fiqhga asoslangan.
Sahobalar istiqomat qilgan shaharlar kesimida soʻz yuritadigan boʻlsak, birinchi navbatda, Kufa shahrini tilga olish mumkin. Chunki u fathdan soʻng musulmonlar barpo etgan islomiy shahar boʻlgan. Juda koʻp sahobalar u yerni oʻziga vatan tutgan. Ibrohim Naxaiy: “(Rizvon) daraxti ostida Rasulullohga bayʼat qilgan sahobalardan uch yuztasi va Badr jangida ishtirok etgan sahobalardan yetmishtasi Kufaga kelib yashagan”[3], deydi. Kufani vatan tutgan sahobalarning mujtahidlaridan eng mashhurlari Ali ibn Abu Tolib va Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhumo boʻlgan. Ular Kufa faqihlarining birinchi tabaqasi hisoblanadi.
Ali va Ibn Masʼud eng mashhur shogirdlaridan iborat ikkinchi tabaqa faqihlari quyidagilardir[4]:
- Alqama ibn Qays (vaf.61/681). Tobein. Madiniy u haqda: “Ibn Masʼudning eng ilmli shogirdi Alqamadir”[5], degan.
- Masruq ibn Ajdaʼ (vaf.62/682). Faqih tobein. Hadis roviylaridan biri. U Qozi Shurayhdan koʻra faqihroq boʻlgan.
- Qozi Shurayh Kindiy (vaf.78/697). Tobein. Umar ibn Xattob Kufaning qoziligini unga topshirgan. Undan keyingi xalifalar ham uni shu lavozimda qoldirgan.
- Horis ibn Abdulloh Hamadoniy (vaf.65/685). Tobein. U Ali roziyallohu anhudan koʻp rivoyat qilgani uchun “Ali roziyallohu anhuning roviysi” deb atalgan.
- Abdulloh ibn Hubayb Sulamiy (vaf.74/693). Tobein. Kufaning qiroat ustozi. U Qurʼonni Ali, Usmon, Ubay ibn Kaʼb, Zayd va Ibn Masʼud roziyallohu anhumdan oʻtkazib olgan.
Birgina Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhuning shogirdlari soni toʻrt ming nafarga yetgan va ularning barchasi tobeinlarning kattalaridir. Imom Saraxsiyning yozishicha: “U Kufada ekan, uning qoʻlida toʻrt ming nafar shogirdi taʼlim olgan. Hatto Ali roziyallohu anhu Kufaga kelganda, Ibn Masʼud roziyallohu anhu shogirdlari bilan birga, uni kutib olishga chiqqani, ular esa, chor tarafni toʻldirib yuborgani aytiladi. Ali roziyallohu anhu ularni koʻrgach, “Bu shahar ilm va fiqh bilan limmo-lim boʻlibdi”, degan”[6].
Kufalik faqihlarning uchinchi tabaqasiga kelsak, ular fiqhni ikkinchi tabaqa vakillaridan oʻrgangan eng mashhur faqihlardan iboratdir:
- Ibrohim Naxaiy (vaf.96/715). Tobein. Fiqh va hadis ilmining buyuk imomi. Kufaliklar fiqhi ungacha yetib kelgan. Dehlaviyning yozishicha, “Uning mazhabi aslida Abdulloh ibn Masʼudning fatvolari va Ali roziyallohu anhuning hukmlariga, kufalik qozilardan Shurayh va undan boshqalarning fatvolari va chiqargan hukmlariga asoslangan. U oʻsha narsalardan Alloh muyassar qilganicha boʻlgan qismini toʻplagan. Ulardan soʻng xuddi madinaliklar Madina ahlidan keyin qilgan ishlarni qilgan. Yaʼni ular singari u ham ijtihod qilgan, fiqhiy masalalarga doir har bir mavzu uchun alohida bob tuzgan”[7].
- Shaʼbiy (vaf.100/719). Tobein. Hadis ilmida buyuk imom.
Kufalik faqihlarning toʻrtinchi tabaqasiga kelsak, ular uchinchi tabaqadagi faqihlardan ilm olgan eng mashhur faqihlardir:
- Hammod ibn Abu Sulaymon (vaf.120/738). Kufaning faqihi va olimi. Ilmni Ibrohim Naxaiydan oʻrgangan.
- Sulaymon ibn Mehron Aʼmash(vaf.147/764). Uz davrida kufaliklarning muhaddisi boʻlgan.
Kufalik faqihlarning beshinchi tabaqasiga kelsak, ularning mashhurlari quyidagilardir:
- Sufyon Savriy (vaf.161/778). Mashhur mazhab imomi. Uning mazhabi Bagʻdod, Fors va Xurosonning ayrim hududlarida tarqalgan. Zuhd ahlining imomi Bishr Hofiy Savriyning mazhabida boʻlgan. Lekin XI asrga kelib, uning mazhabi yoʻq boʻlib ketgan. Shunday boʻlsa-da, Sufyon Savriyning koʻplab fiqhiy qarashlari bir qator manbalarda tarqoq holda saqlanib qolgan.
Abu Hanifa Nuʼmon ibn Sobit (vaf.150/787). Kufaliklarning fiqhdagi mashhur imomi. Imom Shofeʼiy: “Kim fiqhga shoʻngʻimoqchi boʻlsa, bas, u Abu Hanifaga qaramdir”[8], degan. Imom Abu Hanifaning qoʻlida koʻplab shogirdlar tahsil olgan. Ularning mashhurlari Abu Yusuf Yaʼqub ibn Ibrohim (vaf.182/798) va Muhammad ibn Hasan Shayboniy (vaf.189/805)dir. Abu Yusuf xalifa Mahdiy davrida Bagʻdod qozisi boʻlgan. Imom Muhammad esa asarlar yozish va dars berish bilan dong taratgan. Hanafiylik mazhabi Abu Hanifa va ikki shogirdining ilmiy qarashlariga asoslangan.
Kufaliklar Kufaga kelib, yashab qolgan sahobalar rivoyat qilgan hadislar va ularning mujtahidlari, jumladan, Ali va Ibn Masʼud roziyallohu anhumoga oid fiqhiy qarashlarni avloddan-avlodga saqlab qolgan. Keyinchalik yangi paydo boʻlgan ikkilamchi masalalarni ularga qoʻshishgan. Kufalik olimlarning fiqhi Abu Hanifaga qadar ana shu tarzda yetib kelgan. Imom Zahabiyning aytishicha: “Kufaning eng faqihi Ali va Ibn Masʼuddir. Ularning eng faqih shogirdi Alqama, uning eng faqih shogirdi Ibrohim, uning eng faqih shogirdi Hammod va uning eng faqih shogirdi Abu Hanifadir”[9].
Dehlaviy bunday yozadi: “Abu Hanifa roziyallohu anhu ularga (kufaliklarga) Ibrohim va uning tengqurlarining mazhabini (ushlashni) lozim qilib qoʻydi. Uz mazhabiga koʻra hukm chiqarishda shaʼni ulugʻ, bu yoʻnalishda teran fikrli, farʼiy masalalarga oʻzini urgan kishi boʻlgan. Aytganlarimiz haqiqatligini bilmoqchi boʻlsangiz, Muhammad rahimahullohning “Kitabul osor”i, Abdurazzoqning “Jomeʼ”si, Abu Bakr ibn Abu Shaybaning “Musannaf”idan Ibrohim (Naxaiy)ning qarashlarini alohida terib olib, uning mazhabi bilan taqqoslashingiz mumkin. Ana shunda juda oz oʻrinlarda undan farq qilishini koʻrasiz. Oʻsha oz qarashlar ham kufalik faqihlar ilgari surgan qarashlar dan chetga chiqmaydi[10].
Buyuk sahoba Abdulloh ibn Masʼud hayoti va faoliyatini hamda uning hanafiy fiqhiga taʼsirini oʻrgangan olimlarning xulosa berishicha, uning fiqhiy qarashlari hanafiylarning fiqhiy masalalardagi qarashlaridan 91 foizini tashkil qiladi[11]. Bu shundan dalolat beradiki, hanafiylik mazhabi Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu maktabining haqiqiy merosxoʻridir.
Darhaqiqat, Qurʼoni karim bizga qadar mutavotir yoʻl orqali yetib kelgan. Sunnat ham bizgacha oʻzining sanadlari bilan yetib kelgan. Shunga oʻxshab, fiqh ham bizgacha fiqhiy mazhablar orqali yetib kelgan. Qiroat va rivoyat yoʻllari mutavotir boʻlmagan biror oyat, sanadi boʻlmagan biror sunnat mavjud boʻlmagani kabi islom fiqhining fiqhiy mazhablarsiz mavjud boʻlishi ham amri maholdir. Chunki uni shu paytga qadar saqlab qolgan, avloddan-avlodga yetkazib bergan, asarlar holiga keltirgan, ijtihodning asosiy qonun-qoidalarini ishlab chiqqan narsa bu oʻsha mazhablardir.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, toʻrt fiqhiy mazhablar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam va salafi solihlardan iborat mujtahid imomlarning fiqhiy qarashlaridir. Ayrim kimsalar ularni barbod qilishga, musulmonlarning ularga nisbatan ishonchini yoʻqotishga urinmoqda. Yer yuzida bunday fitna-fasodni tarqatishga urinayotgan shaxslar bizni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va salafi solihlardan meros qolgan haqiqiy sunnatga muvofiq fiqhdan mahrum qilib, oʻrniga oʻzining bidʼat fikhini tiqishtirmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






