Jizzax davlat pedagogika universitetida “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish – davr talabi” mavzusida maʼrifiy davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarda mafkuraviy barqarorlikni mustahkamlash, diniy va dunyoviy bilimlarni toʻgʻri talqin etish koʻnikmalarini shakllantirish, shuningdek, buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiriga qarshi ogohlik va ijtimoiy masʼuliyatni oshirishdan iborat boʻldi.

Uchrashuvda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari A.Mamadaliyev va B.Mahmudov, universitet rahbariyati va professor-oʻqituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdi.

Maʼruzachilar maʼrifatning jaholatga qarshi samarali vosita sifatidagi ahamiyat haqida soʻz yuritib, axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlar sharoitida yoshlarning ilm va mustaqil fikrga ega boʻlishi zarurligini taʼkidladi. Shu bilan birga, diniy savodxonlikni oshirish, yot gʻoyalar taʼsiridan himoyalanish boʻyicha ilmiy asoslangan mulohazalar bildirildi.

Yoshlar globallashuv sharoitida shakllanayotgan mafkuraviy xatarlar, internet tarmogʻida tarqalayotgan manipulyativ axborotlar hamda terroristik guruhlar tomonidan qoʻllanayotgan psixologik taʼsir usullari haqida ogohlantirildi. Yosh avlodda tanqidiy fikrlash, axborotni saralay olish va hushyorlikni oshirish kabi koʻnikmalarni rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Tadbir yoshlarning maʼnaviy dunyoqarashini yanada kengaytirish, ularni mafkuraviy tahdidlardan muhofaza qilish va ilm-maʼrifatga qiziqishini oshirishga xizmat qildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






