Home / MAQOLA / MOTURIDIYLIK AQIDASI SOXTA DAʼVATCHILARGA NIMA DEYDI?

MOTURIDIYLIK AQIDASI SOXTA DAʼVATCHILARGA NIMA DEYDI?

Islom dinida aqida eng muhim sohalardan sanaladi. U hamma narsaning asosi boʻlib, bandaning ibodati ham, dunyoqarashi ham, turmush tarzi ham, shaxsiy va ijtimoiy munosabatlari ham shunga qarab shakl oladi.

Moʻmin-musulmon inson oʻz aqidasi, imon-eʼtiqodi qanchalar mustahkam ekanini hech ham nazardan qochirmasligi kerak. Ayniqsa, fitnalar avj olgan hozirgi davrda har bir musulmon kishi oʻz aqidasining toʻgʻri yo notoʻgʻri ekanini aniq bilishi, kerak boʻlganda, uni himoyalay olishi zarur. Bilimsizligi yo eʼtiborsizligi oqibatida adashganlarning daʼvolariga ergashadigan boʻlsa (Alloh saqlasin!), faqat oxiratda emas, bu dunyoda ham nadomat chekuvchilardan boʻlib qoladi.

Hamma zamonlarda boʻlganidek, bugun ham ayrim buzgʻunchi daʼvatchilar mutashobih (maʼnosi yashirin, izohtalab) oyat va hadislardan misollar keltirib, ularga notoʻgʻri yondashgan, oʻzining haqni aytuvchi ekanini daʼvo qilgan holda koʻpchilikning adashishiga sabab boʻlmoqda. Afsuski, bilib-bilmay ularga ergashayotganlar talaygina. Bunga koʻp sabablarni keltirish mumkin. Lekin asosiysi ilm-maʼrifatning pastligi, saviyasizlik, dalillarni chuqur anglamaslikdir. Soxta daʼvatchilar koʻpincha shundan foydalanadi. Sodda odamlar “oyat va hadisda kelgan ekan” deb, ularga ishonib ketaveradi.

Vaholanki, Alloh taolo: “Ey imon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab (tekshirib) koʻring!”[1] deb marhamat qilgan. Musulmon kishi oʻz aqidasida adashib qolmasligi uchun eʼtiborli boʻlishi, eng ishonchli dalillarga ularni teran anglagan holda ergashishi lozim. Taʼna qilingan, “soxta daʼvatchi” yo “soxta shayx” degan nomlarga loyiq koʻrilgan kishining gapiga ishonmasligi, boshqalarga ham koʻr-koʻrona ergashmay, avval tekshirib koʻrishi va aytganlarining mohiyatiga yetib borishi kerak. Shundagina asl haqiqat nima ekanini bilish mumkin.

Hozir ayrim daʼvatchilar musulmonlar birligiga rahna solish maqsadida islom ummati ming yillar davomida eʼtiqod qilib kelgan moturidiylik va ashʼariylik taʼlimotlari notoʻgʻri ekanini daʼvo qilib chiqmoqda. Goʻyo oʻzlarini Qurʼon va sunnatga ergashgan-u, bu ikki maktab undan yiroqdek. Betamizlik shu qadar oshyaptiki, baʼzan ulardan “Moturidiylarning kitoblarida birorta oyat va hadis yoʻq” degan daʼvolarni eshitish mumkin. Bu – oʻta ogʻir gap. Aslida aqidaviy kitoblarning har bir mavzusida, har bir varagʻida aytilgan fikrlarni dalillovchi oyat va hadislar bor. Bunga iqror boʻlish uchun oʻsha manbalarni ochib, oʻqib koʻrish kerak, xolos. Imom Moturidiyning “Kitobut tavhid”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, Ibrohim Saffor Buxoriyning “Talxisul adilla”, Abu Barakot Nasafiyning “Eʼtimod fil eʼtiqod” – moturidiylik taʼlimotiga oid har qanday asarga qaralsa, ichidagi har bir aqidaviy mavzuda koʻplab oyat va hadislardan dalillar kelgani osongina ayon boʻladi.

Keling, avval moturidiylik haqida qisqacha maʼlumot keltiraylik. Ushbu taʼlimot ahli sunna val jamoaning ikki yirik ustunlaridan biri hisoblanadi. Unga “Imomul huda” – “Hidoyat imomi” degan yuksak nomga sazovor boʻlgan Abu Mansur Moturidiy asos solgan.

Imom Moturidiy yashagan davr islom olamida turli oʻzgarishlar avj olgan, ayniqsa, turli firqalar tomonidan aqidaviy buzilishlar kuchaygan paytga toʻgʻri keladi. Shunday sharoitda u ahli sunna val jamoa eʼtiqodini himoya qilib, bu yoʻlda xavorij, rofiza, karromiyya, jahmiyya, mushabbiha va boshqa botil firqalarning daʼvolariga raddiyalar bergan. Keyingi davrlarda esa, ushbu taʼlimotni batafsil oʻrgangan va uning mohiyatini chuqur bilgan Abul Yusr Pazdaviy, Abu Muin Nasafiy, Saffor Buxoriy, Abu Hafs Nasafiy, Ali ibn Usmon Oʻshiy, Nuriddin Sobuniy va Abu Barakot Nasafiy kabi olimlar uning yoʻlini davom ettirib, moturidiylik taʼlimotini rivojlantirgan.

Moturidiylik taʼlimotida naql (oyat va hadis) asosiy manba hisoblanadi. Har bir masalaning negizidagi dalilda oyat va hadislar yotadi. Aql esa yordamchi vosita hisoblanadi. Maʼrifat hosil qilishda naql, aql va sogʻlom sezgilar asosiy vosita ekani taʼkidlangan. Manbalarga qaraydigan boʻlsak, adashgan toifalarga raddiya berishda ham naqldan, ham aqldan samarali foydalanilgani koʻzga tashlanadi. Chunki notoʻgʻri daʼvolar noqis aql bilan ana oʻsha asosiy naqlni toʻgʻri tushunmaslikdan kelib chiqadi. Shu sababli moturidiy olimlar sogʻlom aql bilan, manbaga teran nazar solgan holda, eng nozik nuqtalarni eʼtibordan chetda qoldirmay, xolis yondashib, masalalarga naqliy dalillar asosida aqliy dalillarni ham keltirgan. Maqsad – islomning haqiqiy mohiyatini ochib berish, sofligini saqlab qolish va odamlarning sogʻlom aqidaga ergashishini taʼminlash boʻlgan. Shu tufayli ham ushbu taʼlimot asrlar davomida barhayot turipti. Ahli sunna val jamoa musulmonlari hozirga qadar ushbu taʼlimotga ergashib, sof aqidasini saqlab kelmoqda.

Bugun baʼzi toifalar moturidiylik aqidasini notoʻgʻri deb daʼvo qilmoqda. Lekin gap-soʻzlariga nazar solsangiz, ularning naqadar puch va asossiz ekanini koʻrasiz. Quyida shunday daʼvolardan ayrimlarini keltirib, ularga moturidiylik taʼlimotida qanday javob berilganini qisqacha bayon etamiz.

Eʼtibor qilish kerak boʻlgan jihat shuki, adashgan toifalar iddao qilayotgan daʼvolar bugun chiqib qolgan emas. Ular aytayotgan har qaysi aqidaviy masalaning tarixiy ildizlari bor. Bu toifalar moʻtazila, mushabbiha, mujassima, karromiyya va boshqalarni qattiq tanqid qilsa-da, oʻzlari daʼvo qilayotgan narsalarining ildizlari bilan aynan oʻshalarga borib taqaladi. Masalan, hozir soxta daʼvatchilar mushabbiha, mujassima va karromiyya toifalari kabi “Alloh taolo – Arshning ustida” deb daʼvo qiladi. Bunga

 ﴿الرَّحْمَنُ عَلَى الْعَرْشِ اسْتَوَى

“Rahmon Arshga istivo qildi”[2] oyatini dalil qilib keltiradi. Yaʼni, oyatdagi “istivo” soʻziga “joylashish”, “oʻrnashish” maʼnolarini berib, “Alloh Arshga oʻrnashdi” deb taʼvil qiladi va Allohga biror makonda ekanini goʻyo isbot qiladi.

Ahli sunna val jamoa eʼtiqodiga koʻra, Alloh taolo makondan behojat Zot. Moturidiylikka oid manbalarda bu masalaga quyidagicha yondashiladi: “Oyatdagi “istivo” soʻzi muhtamal yaʼni, har xil ehtimol va maʼnolarga ega. Birinchidan, mukammallik maʼnosida ishlatiladi. Bunga Alloh taoloning Muso alayhissalom haqida

 ﴿وَلَمَّا بَلَغَ أَشُدَّهُ وَاسْتَوَى

“Qachonki u voyaga yetib, mukammal boʻlganda”[3] degani misol boʻladi. Yaʼni bu oʻrinda “istivo” “kamolga yetish” maʼnosida kelgan.

Ikkinchidan, “istivo” soʻzi “qaror topish”, “joylashish” maʼnolarida keladi. Bunga Alloh taoloning Nuh alayhissalomning kemasi haqida:

 ﴿وَاسْتَوَتْ عَلَى الْجُودِيِّ﴾

“U (kema) Judiy (togʻi)ga joylashdi”[4], degan soʻzlari dalil boʻladi.

Uchinchidan, “istivo” soʻzi “ega boʻlish” maʼnosida qoʻllanadi.

Birinchi va ikkinchi maʼnoni Alloh taologa nisbatan qoʻllash Uning Zotiga loyiq emas. Chunki, Alloh taolo bizning tushunchamizdagi jism emaski, Uni biror makonda desak. Ikkinchidan, Oʻzi mukammal boʻlgan Zotga “kamolga yetish”ni nisbat berish ham mutlaqo nooʻrindir.

Demak, “ega boʻlish” maʼnosini qoʻllash toʻgʻri boʻladi. Alloh taolo oyatda Oʻzini madh etganiga koʻra, “Rahmon Arshga istivo qildi” jumlasini “Rahmon Arshning egasi boʻldi” deb tafsir qilish lozim. Oyatda Arsh xoslab keltirilganining sababi – u maxluqotlarning (yaratilgan narsalarning) eng kattasi boʻlgani uchundir. Bundan Alloh taolo barcha maxluqotlarning Egasi ekani maʼlum boʻladi. Chunki maxluqotlardan eng kattasining egasi boʻlish butun olamning egasi boʻlishni taqozo etadi”.

Koʻrinib turibdiki, moturidiylikda Alloh taoloni poklashga nihoyat darajada daqiqlik bilan yondashilgan. U Zotni maxluqot sifatlariga oʻxshash sifatlardan poklashga qattiq eʼtibor berilgan. “Istivo”ning Alloh taologa eng loyiq boʻlgan maʼnosi tanlangan. Soxta daʼvatchilar daʼvo qilgandek “istivo”ga “joylashish”, “qaror topish” maʼnolari berilganda edi, Alloh taologa makon nisbat berilib, U Zotni jismga oʻxshatish holati yuzaga kelib qolgan boʻlardi. Bu esa olamlarning Rabbi boʻlgan Zotga noloyiqdir.

Soxta daʼvatchilarning daʼvolaridan yana biri “Alloh taolo – osmonda” deb eʼtiqod qilishdir. Bunga “asos” sifatida Alloh taoloning

 ﴿مَنْ فِي السَّمَاءِ

“Osmondagi Zot”[5] degan soʻzlari va yana bir qancha mutashobih oyatlar dalil qilib keltiriladi. Qoʻshimcha tariqasida inson duo payti qoʻllarini osmonga koʻtarishi aytiladi.

Moturidiylik manbalarida ularga quyidagicha javob beriladi: “Alloh taoloning “Osmondagi Zot” degan soʻzidan murod “Ilohligi osmonda boʻlgan Zot” degan maʼnodadir. Uning

 ﴿وَهُوَ الَّذِي فِي السَّمَاءِ إِلَهٌ وَفِي الْأَرْضِ إِلَهٌ﴾

“U Zot osmonda ham ilohdir, yerda ham ilohdir”[6] degan soʻzlaridan murod esa osmonda ham, yerda ham ilohligining sobitligidir. Bu Alloh taoloning Zoti osmonda sobit ekanini anglatmaydi. Bu xuddi “Falonchi Buxoro va Samarqandda amirdir. Yaʼni, uning zoti emas, amirligi (oʻsha) ikkalasigadir” degandek gap. Chunki Uning Zoti osmonda ham, yerda ham boʻlishi mumkinmas. Ammo ikkalasida ham Rabbligi va Ilohligi boʻlishi mumkin.

Alloh taolo Oʻzi yaratgan maxluqotlardan behojatdir, shu jumladan, makondan ham. U Zot Qurʼoni karimda:

 ﴿إِنَّ اللَّهَ لَغَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ

“Albatta, Alloh barcha olamlardan behojatdir”[7], degan. Arsh, yer va osmonlar – barchasi Alloh yaratgan maxluqotlar boʻlib, olam jumlasiga kiradi. Alloh taolo esa olamlardan behojat, yaʼni ularga hojati tushmaydigan Zotdir.

Duo paytida qoʻllar va yuzlarni osmonga koʻtarish sof ibodat boʻladi. Bu namozda Kaʼbaga yuzlanishga oʻxshaydi. Baytulloh namozning qiblasi boʻlgani kabi osmon duoning qiblasidir”.

Demak, Alloh taolodan boshqa hamma narsa hodis (paydo boʻlgan, yaratilgan) hisoblanadi. Zamonlar, makonlar, yaratilgan nimaiki narsa boʻlsa, Alloh taolo ulardan behojatdir. Alloh taolo azaliy boʻlib, U bilan birga biror narsa azalda mavjud boʻlgan emas. Jumladan, yeru osmonlar ham, Arsh va Kursiy ham.

Yuqoridagi misollardan koʻrinib turibdiki, moturidiylik aqidasida har bir masalaga chuqur, asosli, ilmiy nuqtayi nazardan yondashiladi, masalaning tub mohiyatini ochish uchun jiddu jahd qilinadi, asl haqiqat nimada ekaniga qattiq eʼtibor beriladi, oyat va hadislarning maʼnolari har tomonlama oʻrganilib, toʻgʻri taʼvil qilinadi. Adashgan buzgʻunchi toifalar esa oyat va hadislarning zohiriy maʼnosiga qarab hukm qilib ketaveradi. Ular matnning asl mazmun-mohiyati nima ekanini tushunmagani, chuqur tahlilga ilmiy salohiyati yetmagani tufayli oʻzining noqis aqli toʻgʻri deb bilgan va nafsiga maʼqul kelgan narsaga mahkam yopishib oladi. Shunisi maʼlumki, asrlar davomida islom aqidasining sofligini saqlash uchun beqiyos xizmat qilgan zabardast mujtahid olimlarning etagini tutish oyat va hadislarning asl mohiyatini, shariat maqsadlarini anglab yetmagan, ilmsiz, soxta daʼvatchilarga ergashishdan har tomonlama afzaldir. Shuning uchun moʻmin-musulmon inson oʻz dinini yaxshilab oʻrganishi va bunda kimdan nimalarni qay tarzda oʻrganayotganiga eʼtiborli boʻlishi lozim.

[1] Hujurot surasi, 6-oyat.
[2] Shoʻro surasi, 11-oyat.
[3] Qasos surasi, 14-oyat.
[4] Hud surasi, 44-oyat.
[5] Mulk surasi, 16-oyat.
[6] Zuxruf surasi, 84-oyat.
[7] Ankabut surasi, 6-oyat.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ISLOM DINIDA BAGʻRIKENGLIK VA BOSHQA DIN VAKILLARI BILAN MUNOSABAT

Dunyodagi barcha dinlar ezgulik gʻoyalariga asoslangan va odamzodni yaxshilik, tinchlik, oʻzaro hamkorlik va doʻstlikka daʼvat …