Imom Faxriddin ar-Roziy islom taʼlim muassasasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish – davr talabi” mavzusida maʼrifiy yigʻilish oʻtkazildi. Tadbirda mamlakatimizda diniy-maʼnaviy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, jaholatga qarshi maʼrifat vositasida kurashish gʻoyasining hayotiy ahamiyati hamda yurtimizda faoliyat yuritayotgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining oʻrni haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik akademik muassasalar faoliyat boshlagani ilm-maʼrifatning asl insonparvar mohiyatini yoritish, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sogʻlom dunyoqarashni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Yigʻilishda diniy sohadagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, jamiyatda eʼtiqod erkinligini taʼminlash va yoshlarni maʼrifatparvarlik ruhida tarbiyalash masalalarining amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Bunday maʼrifiy uchrashuvlar ishtirokchilarning diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik, sof eʼtiqod va vatanparvarlik hissini mustahkamlash, shuningdek, yot gʻoyalarga nisbatan maʼnaviy immunitetini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






