Diniy bagʻrikenglik – turli dinga eʼtiqod qiluvchi shaxslar va jamoalarning tinch-totuv hayot kechirishi, hamkorlikda yashashi va diniy sabablarga koʻra tajovuzga uchramasligini taʼminlovchi muhim ijtimoiy tamoyil hisoblanadi.
Oʻzbekiston tarixiy jihatdan turli din va madaniyatlar uchrashgan mintaqa hisoblanadi. Markaziy Osiyo hududida islom asosiy din hisoblansa-da, xristianlik, buddizm va yahudiylik ham mavjud boʻlgan. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar Markaziy Osiyoda diniy bagʻrikenglik namunasi boʻlib kelgan. Shu tariqa, turli xalq va diniy jamoalar oʻzaro madaniy va diniy aloqa qilish orqali hamjamiyatda tinchlik muhitini saqlab kelgan.
Mustaqillikdan keyin, Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglikning huquqiy asoslari davlatning Konstitutsiyasi va qonunlarida mustahkamlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (Yangi tahriri)ning 19-moddasida Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi va 35-moddasida esa Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har kim xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega ekanligi va diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilab qoʻyilgan.
Oʻzbekistonda vijdon erkinligini taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning normativ-huquqiy asoslarini shakllantirish 1990-yillarda boshlangan.
1991-yil 14-iyunda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan. Mazkur Qonun turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi fuqarolar hamda diniy tashkilotlar, shuningdek din va davlat oʻrtasida yangi munosabatlarni shakllantirishga qaratilgan.
1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligi oʻrnatilishi bilan bogʻliq siyosiy huquqlarga, shuningdek fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi bilan bogʻliq shaxsiy huquq va erkinliklarga uygʻun ravishda fuqarolarning vijdon erkinligiga boʻlgan huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini belgilab bergan.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda radikal, ekstremistik va terroristik guruhlarning qonunga xilof faoliyati jadallashishi, shu jumladan, ularning klerikal davlat tuzishga boʻlgan urinishlari fuqarolarning vijdon erkinligiga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqiga tahdidlarni yuzaga keltirdi.
Mazkur sharoitlarda 1998-yil 1-mayda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.
2000-yillarda jahon tarixida xalqaro terroristik tashkilotlar aʼzolari faoliyatining haddan tashqari faollashuvi kuzatildi. Mazkur jarayon Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi. Shunga qaramay, vijdon erkinligiga nisbatan tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan choralar izchil amalga oshirilib, jamiyatda barqarorlik muhiti saqlab qolindi.
2025-yil 25-fevralda koʻp millatli va koʻp konfessiyali Oʻzbekistonda umumjamiyat manfaatlarini roʻyobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida oʻzaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” ishlab chiqildi.
Konsepsiyada quyidagi tushunchalarga izoh berib oʻtilgan.
Vijdon erkinligi – fuqarolarning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik boʻyicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqi;
dunyoviylik – vijdon erkinligi, erkin fikrlash hamda Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq insonparvar qadriyatlarga, umumjamiyat manfaatlariga asoslangan axloq va xulq-atvorni nazarda tutuvchi norma
va qarashlar tizimi;
dunyoviy davlat – har kim uchun vijdon erkinligi, mafkura va fikrlar xilma-xilligi kafolatlangan, davlat hokimiyati diniy-konfessiyaviy qarashlar va institutlardan ajratilgan hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda, qarorlar qabul qilishda va ularni ijro etishda Konstitutsiyaga va qonunlarga, umumjamiyat manfaatlariga asoslangan tarzda boshqariladigan davlat;
dunyoviy qadriyatlar – vijdon erkinligiga, qonun ustuvorligiga, mafkura va fikrlar xilma-xilligiga, dinlararo bagʻrikenglik
va millatlararo totuvlikka asoslangan jamiyatdagi umuminsoniy prinsiplar, normalar va qarashlar majmui;
umumjamiyat manfaatlari – jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, har bir shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonun oldida tengligini taʼminlash, birgalikda tinch-totuv yashash, moddiy-maʼnaviy neʼmatlardan adolatli tarzda foydalanish hamda taraqqiy etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasidagi jamiyatning ongli ehtiyojlari yigʻindisi.
Konsepsiyada vijdon erkinligiga boʻlgan huquq va Oʻzbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni roʻyobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari va ustuvor yoʻnalishlari belgilab qoʻyilgan. Bu konsepsiya nafaqat diniy sohani tartibga solish, balki butun jamiyatda totuvlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan. Jumladan, u demokratik, dunyoviy va insonparvar davlat qurishga xizmat qiladi. Fuqarolarning eʼtiqod erkinligini himoya qiladi, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlaydi.
Diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalari:
- jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, fuqarolarning erkinligi qonun oldida tengligini taʼminlash hamda konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
- koʻp millatli va koʻp konfessiyali Oʻzbekiston xalqining birligi va birdamligini, urf-odatlariga nisbatan hurmat ruhini mustahkamlash, ularning rivojlanishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish;
- fuqarolarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun teng huquqiy shart-sharoitlar yaratish;
- fuqarolarning dinga munosabatidan qatʼi nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻymagan holda, ularning vijdon erkinligiga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
- davlat oʻzining ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishida konstitutsiyaviy normalarga muvofiq dunyoviylikka tayanish;
- konstitutsiyaviy normalarga muvofiq davlat boshqaruvi organlari, qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini dunyoviylik asosida tartibga solish;
- jamiyatda diniy bagʻrikenglik va qonuniylikni qaror toptirish borasida fuqarolarning faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash boʻyicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Diniy sohadagi davlat siyosatining ahamiyati katta boʻlib, Oʻzbekistonda diniy sohadagi davlat siyosatining mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini ochib beradi. Diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalarining har biri mamlakatda tinchlik, barqarorlik, inson huquqlari va totuvlikni taʼminlashga qaratilgan.
Bugungi kunda Oʻzbekiston millatlararo va konfessiyalararo totuvlik amalda taʼminlangan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida barqaror rivojlanib kelmoqda.
Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida jamiyatda diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yurtimizning jahon sivilizatsiyasi beshigi sifatidagi tarixiy maqomi va nufuzini tiklash boʻyicha puxta oʻylangan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Oʻtgan qisqa vaqt ichida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi maʼrifat” ezgu umuminsoniy gʻoyasi asosida jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni taʼminlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatda 16 ta konfessiyaga mansub boʻlgan 2 300 dan ortiq diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda, 130 dan ziyod millat va elatlar vakillari istiqomat qilmoqda. Davlat tomonidan 7 tilda taʼlim olish imkoniyati yaratilganligi, 12 tilda teleradio dasturlar efirga uzatilayotganligi, 14 tilda gazeta va jurnallar chop etilayotganligi, 157 ta milliy-madaniy markaz, 38 doʻstlik jamiyat erkin faoliyat yuritayotganligi millatlararo totuvlik, dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik muhitining amaldagi namunasi hisoblanadi.
Diniy bagʻrikenglikning ahamiyati juda katta va koʻp qirralidir. Oʻzbekistonda bagʻrikenglik anʼanalari azaldan mavjud boʻlib, bu qadriyatni yosh avlod ongiga singdirish — barqaror kelajak poydevori hisoblanadi. U jamiyatda tinchlik, hamjihatlik va oʻzaro hurmatni taʼminlaydi.
- Tinchlik va barqarorlikni taʼminlaydi. Agar odamlar turli dinlarga mansub boʻlsa ham bir-biriga hurmat bilan munosabatda boʻlsa, jamiyatda nizo, adovat va dushmanliklar kamayadi.
- Inson huquqlarini himoya qiladi. Har bir inson oʻz eʼtiqodiga koʻra yashash huquqiga ega. Diniy bagʻrikenglik shu huquqni eʼtirof etadi va uni qoʻllab-quvvatlaydi.
- Oʻzaro tushunish va hamkorlikni kuchaytiradi. Turli din va millat vakillari bagʻrikeng muhitda bir-biridan oʻrganish, tajriba almashish va birgalikda rivojlanish imkoniyatiga ega boʻladi.
- Maʼnaviyat va axloqni yuksaltirishga xizmat qiladi. Bagʻrikeng inson boshqalarning fikrini hurmat qiladi, nafratidan emas, mehribonligi va insoniyligi bilan yoʻl tutgan boʻladi.
- Jahon hamjamiyatida yaxshi munosabatlarni mustahkamlaydi. Diniy bagʻrikenglik xalqaro darajada millatlar va davlatlar oʻrtasida ham doʻstona aloqalarni mustahkamlaydi.
- Yosh avlodni sogʻlom dunyoqarash bilan tarbiyalaydi. Bagʻrikeng muhitda oʻsgan yoshlar nafrat emas, balki mehr va hamjihatlikni qadrlaydigan shaxslar boʻlib voyaga yetadi.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik faqat huquqiy yoki siyosiy emas, balki maʼnaviy va madaniy fenomen sifatida ham jamiyat barqarorligi, milliy birlik va demokratik taraqqiyotning asosiy omiliga aylangan. Turli din va konfessiyalar hamkorligi mamlakatda ijtimoiy barqarorlik va madaniy rivojlanishning muhim omili boʻlib xizmat qiladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






