
Joriy yilning 10-noyabr kuni Misr Arab Respublikasining newsroom.info internet nashrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi Otabek Muhammadiyevning “Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik – bebaho tinchligimiz garovi” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Maqolada mustaqillikning ilk yillaridan boshlab mamlakatimizda turli din va millat vakillari o‘rtasidagi hamjihatlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani ta’kidlangan. Muallif O‘zbekistonda har bir fuqaroga o‘z e’tiqodini erkin amalga oshirish uchun zarur huquqiy va ma’naviy asoslar yaratilganini, turli dinlarga mansub qadriyatlar, muqaddas joylar va an’analar ehtiyotkorlik bilan asrab-avaylanayotganini alohida qayd etgan.
Shu bilan birga maqolada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining fuqarolar tengligiga oid qoidasi ham keltirilgan.
Bu norma nafaqat huquqiy tamoyil sifatida, balki fuqarolar ongida bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlangan.
Muallif maqolasida muqaddas islom ta’limotlarida bag‘rikenglik “muruvvat” tushunchasi bilan izohlanishini, bu esa insonni go‘zallikka, mehribonlikka va adolatli munosabatga chorlashini qayd etadi. Unga ko‘ra, islom ma’rifatining asosida ham aynan shunday ezgu munosabat yotadi: har bir e’tiqod, madaniyat va an’anaga hurmat bilan qarash, fikr va diniy qarashlar xilma-xilligiga toqat bilan yondashish jamiyat barqarorligi va tinchligining asosidir.
Bu kabi xalqaro nashrlarda o‘zbek olimlari maqolalarining chop etilishi mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ilmiy-ma’rifiy faoliyatning xalqaro maydonda ham e’tirof etilayotganidan dalolat berib, jahon jamoatchiligida yurtimiz haqidagi ijobiy tasavvurni yanada mustahkamlaydi, islom dinining haqiqiy insonparvarlik va tinchlikka da’vat etuvchi mohiyatini yoritishda muhim o‘rin tutadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






