Qurʼoni karim bizga qadimda yashab oʻtgan ummatlar va ularning holati haqida xabar bergan. Ular Alloh taolo tomonidan ato etilgan tinch-xotirjam va farovon hayotda yashagan. Soʻngra Parvardigori bergan neʼmatlarga noshukrlik qilib, turli xil azobga duchor boʻlgan. Yaʼni, boshlariga kelgan azobga oʻzlarining noshukrligi va kofirligi sabab boʻlgan.
Qurʼoni karimdagi Nuh alayhissalomdan sayyidimiz Muhammad alayhissalomgacha boʻlgan paygʻambarlar tarixini diqqat bilan oʻrganadigan boʻlsak, ular oʻz qavmini tinch-totuv yashashga daʼvat etganiga guvoh boʻlamiz. Alloh taolo oʻz kalomida:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ﴾
“Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir”[1], deb marhamat qilgan. Bu oyatda Alloh taolo insonlardan tinch-totuv yashashni va shaytonning izidan ergashmaslikni talab etmoqda.
Islomda tinchlik haqida turli xil maʼlumotlar kelgan. Albatta, diniy matnlarning asosiy maqsadi madaniyatni rivojlantirish va bunyodkorlikka asos solishdir. Barcha paygʻambarlarning daʼvatlari mana shunga asoslangan edi. Zero, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning daʼvatlari ham tarqalib ketgan qabilalarni birlashtirish va oʻzaro qon toʻkishdan saqlashga qaratilgan edi. Demak, haqiqiy tinchlik – insonning tinch va xotirjam yashaydigan hayotidir.
Bu ilohiy paygʻambarliklar jamiyatdagi odamlar orasida tarqalgan qoʻpollik, shafqatsizlik va dushmanlik oʻrniga insoniy birodarlik va tinchlik tushunchalarini keng yoygan. Barcha dinlar insonni jaholat zulmatidan qutqarish, qalbini imon nuri va xotirjamlik bilan toʻldirish uchun xizmat qiladi. Odamlarni isloh qilish va tanlagan yoʻlini toʻgʻrilashda dinning katta taʼsiri mavjud. Islom dini tinchlikka daʼvat qilgan va uni mustahkamlashga harakat qilgan. Chunki barcha dinlarning asl maqsadi ularga ergashuvchilar birdamligi va tinchligi boʻlgan.
Islom tarixi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ergashganlarning baʼzisi toʻgʻri yoʻldan burilgani haqida xabar beradi. Xavorijlar toʻgʻri yoʻldan ozib, musulmonlar qonini toʻkish, shafqatsizlik, dinda chuqur ketish va oʻziga ergashmaganlarga qarshi urush qilishga daʼvat etgan. Bu ishi bilan musulmonlar tinchligiga rahna solgan. Vaholanki, islomning asosiy taʼlimoti tinchlikka chaqirish boʻlgan.
Jamiyatda tinchlikning asosiy natijalaridan biri odamlar tasavvuri va eʼtiqodlari turlicha boʻlishiga qaramasdan tinch-totuv yashashidir. Ular turli xil fitnalardan uzoq boʻlgan holda oʻzaro ishonch va xotirjamlikda hayot kechiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga islom ummati uchun namuna boʻladigan narsalarni qoldirib ketganlar. Chunki muhojir va ansorlarni bir-biriga birodar qilib qoʻyishga shoshilganlar. Madina yahudiylariga tinch-totuv yashashi uchun kafil boʻladigan maktub yozib berganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hudaybiya kuni musulmonlar bilan qurayshliklar orasidagi urush olovini oʻchirishga shoshilganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tinchlikni saqlab qolish uchun qurayshliklar bilan sulh tuzganlar.
Shayx Abdulloh ibn Bayya bunday deydi: “Tinchliksiz hech qanday huquq yoʻq. Chunki tinchligini yoʻqotgan odam oʻz hayotida haqli boʻlgan barcha huquqlarini yoʻqotuvchidir. Tinchlik barcha huquqlarga tegishli boʻlgan eng avvalgi haq va eng oliy maqsaddir. Hayotim davomida tinchlikdan koʻra oliyroq biror maqsad yoʻq degan xulosaga keldim”. Bu soʻz Yer yuzida tinchlikning naqadar ahamiyatli ekanini anglatadi.
Demak, insonning huquqlariga rioya qilishi uchun tinchlik dastlabki qadam ekanligi aniqdir. Chunki inson tinchlik va barqarorlik boʻlmagan joyda huquqlari qiymatini ham, taʼmini ham totmaydi. Islomda tinchlik Alloh taolo tomonidan odamlar uchun berilgan ulkan neʼmat ekanligi taʼkidlangan. Bu neʼmat evaziga Allohga shukr qilish va noshukrlik qilmaslik talab etilgan.
Tarixiy manbalar tinchlik va barqarorlik hukm surgan musulmon jamiyatlarida musulmon boʻlmaganlar huquqlari taʼminlanganiga guvohlik beradi. Bunga juda koʻp misollar bor. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Baytul Maqdisda yashaydiganlarga omonlik bergan va ularning huquqlarini saqlashga kafil boʻlgan.
Bu haqida kelgan misollardan yana biri: “Moʻminlar amiri Abdulloh ibn Umarning Ilyo ahliga omonlik berganidir. U kishi ularning joni va moliga, ibodatxonalariga, kasal va sogʻlom kishilariga, yaʼni u yerda yashaydigan barchaga omonlik bergan. Ularning ibodatxonalari buzilmagan va zarar yetkazilmagan. Mollaridan biror narsaga teginilmagan. Ular oʻz dinidan qaytishga majburlanmagan va birortasiga zarar berilmagan”.
Islom dinining bagʻrikengligini biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy namunalari orqali anglaymiz. Zero, paygʻambarlikning asosiy maqsadi va vazifasi odamlarning bu dunyodagi hayotini yengillashtirib, oxiratda esa abadiy rohat makonidan oʻrin olishiga yordam berishdir. Dinimiz asosi – Qurʼoni karim va hadisi shariflarda bagʻrikenglikka targʻib qilingan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam koʻplab hadislarida oʻzga din vakillariga ham insoniylik yuzasidan yaxshi muomalada boʻlishni targʻib qilganlar.
Hijratning toʻqqizinchi yilida Najron vakillari Abulhoris boshchiligida Madinaga elchi boʻlib kelgan. Abulhoris boshliq elchilar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kirgan. Ular ushbu tashrif davomida oʻz rasmiy diniy libosini kiyib, Paygʻambar alayhissalom bilan masjidda uchrashgan. Uchrashuv yakunlangandan soʻng, u zotdan ibodatlarini ado etish uchun ruxsat soʻrashgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularga Madina masjidida buning uchun sharoit yaratib berganlar. Shunday qilib, ular musulmonlar masjidida Baytul Maqdisga yoʻnalgan holda ibodatini ado qilgan. Bu tarixiy voqeani har bir musulmon bilishi lozim.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadiki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etishlaridan oldin bir yahudiyga oʻz sovutlarini garovga berib, undan 30 soʻ arpa sotib olgan ekanlar. Oisha onamiz roziyallohu anho mana shu voqeani u zotning bagʻrikenglik borasida oʻz ummatiga koʻrsatgan eng katta taʼlimlari, degan.
Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi yuzlab allomalar musulmonlar orasidagi gʻoyaviy tarafkashlikka barham berish va islom dinining asl mohiyatini odamlarga yetkazishga ulkan hissa qoʻshgan.
Xususan, bu kabi ulamolar islomiy bagʻrikenglik ruhini tarqatish borasida ham katta xizmat qilgan. Diyorimizdan yetishib chiqqan allomalar asarlarida diniy bagʻrikenglik bilan bogʻlik qadriyatlar targʻib qilingan gʻoyalarni koʻp uchratamiz.
Masalan, buyuk alloma, moturidiya aqidaviy yoʻnalishi asoschisi Abu Mansur Moturidiy oʻzining “Taʼvilotul Qurʼon” asarida Haj surasining 40-oyati tafsirini bayon qilgan va unda: “Cherkov va sinagogalarni (cherkov – nasroniylarning, sinagoga – yahudiylarning ibodatxonasi) vayron qilish man etiladi. Bu masalada ilm ahli orasida ixtilof yoʻqdir”, deb keltirgan. Shuning uchun ham oʻn toʻrt asr musulmonlar hukmron boʻlib yashagan yurtlarda cherkov va sinagogalar bugungi kungacha saqlanib qolgan.
Samarqandlik ulugʻ faqih, buyuk mufassir Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh “Bahrul ulum” degan tafsirida ham Mumtahana surasining 8-9-oyatlarini sharhlab, bunday yozgan: “Sizlar bilan dinda urush qilmagan oʻzga din vakillari bilan bordi-keldi qilinglar, chunki Alloh taolo oʻsha oyatlarda: “Sizlar bilan din borasida urishmaganlarga yaxshilik qilishingizda, ularga adolat qilishingizda hech qanday monelik yoʻq”, deb marhamat qilgan.
Movarounnahrlik yana bir mashhur faqih, mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorikut tanzil” deb nomlangan tafsirida mazkur oyatga: “Oʻzga din vakillariga ehtirom koʻrsatinglar, ularga soʻzda ham, amalda ham yaxshilik qilinglar”, deb sharh bergan.
Burhoniddin Margʻinoniy rahimahulloh “Hidoya” asarida musulmonlar diyorida cherkov va ibodatxonalar buzilib ketgan boʻlsa, ularni yana qayta tiklash joizligini alohida aytib oʻtgan.
Qolaversa, yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan quyidagicha xulosa qilishimiz mumkin:
- Islomda jamiyat barqarorligi va rivojlanishi uchun tinchlik asos ekani taʼkidlangan. Balki tinchlikka boʻlgan ehtiyoj taom va malhamga boʻlgan ehtiyojdan koʻra muhimroqdir.
- Tinchlikning mustahkamligi odamlar orasidagi mehr-oqibat, oʻzaro ishonch, jamiyatda adolatning taʼminlanganligiga bogʻliqdir.
- Jamiyatda tinchlikni mustahkamlashdan asosiy maqsad inson huquqlarini saqlash va unga ilohiy omonatni ado etishga imkon berishdir.
- Koʻpincha diniy taʼlimotdan uzoqlashish fikrning buzilishiga olib keladi va jamiyatda fitna tarqalishiga sababchi boʻladi.
- Islomda tinchlikni saqlash va uni mustahkamlashga katta eʼtibor berilgan. Chunki jamiyatda tinchlikning hukm surishi inson huquqlarini himoya qilishga yordam beradi.
- Tarixiy manbalar tinchlik va barqarorlik hukm surgan musulmon jamiyatlarida oʻzga din vakillarining huquqlari taʼminlanganiga guvohlik beradi.
- Islom dini bagʻrikengligini biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy namunalari orqali toʻla anglaymiz. Zero, dinimiz asosi – Qurʼoni karim va hadisi shariflarda bagʻrikenglikka targʻib qilingan.
- Yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar musulmonlar orasidagi gʻoyaviy tarafkashlikka barham berish va islom dini asl mohiyatini odamlarga yetkazishga ulkan hissa qoʻshgan. Xususan, bu kabi ulamolar islomiy bagʻrikenglik ruhini tarqatishda ham katta xizmat qilgan.
- Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida musulmon boʻlmaganlar bilan ham insoniylik yuzasidan yaxshi muomalada boʻlishni targʻib qilganlar.
- Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etishlaridan oldin bir yahudiyga oʻz sovutlarini garovga berib, undan 30 soʻ arpa sotib olganlar. Ushbu voqea u zotning bagʻrikenglik borasida oʻz ummatiga koʻrsatgan eng katta namunalaridan biridir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






