Home / FOTO LAVHALAR / Maʼlumot koʻpaysa, maʼrifat talabi ham ortadi

Maʼlumot koʻpaysa, maʼrifat talabi ham ortadi

Muhammad ibn Ahmad Beruniy nomidagi Nukus oʻrta-maxsus islom bilim yurtida yoshlar ongida sogʻlom dunyoqarashni mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi maʼnaviy-maʼrifiy suhbat tashkil etildi. Uchrashuv “Jaholatga qarshi maʼrifat” mavzusida boʻlib, unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari J.Jumayev, A.Mamadaliyev va B.Mahmudov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi masʼul xodimlari, shuningdek, bilim yurti oʻqituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvni bilim yurti mudiri J.Abdirazakov ocharkan, zamonaviy axborot oqimidagi turfa maʼlumotlarni bir-biridan farqlay olish koʻnikmasi har bir yosh uchun strategik ahamiyatga aylanib borayotganini qayd etdi. Zero, bugungi sharoitda maʼlumotning koʻpligi emas, balki uni toʻgʻri baholay bilish, mohiyatini anglab yetish, saralash, tahlil qilish muhim hisoblanadi.

Notiqlar diniy ekstremizm va radikalizmning bugungi koʻrinishlari, axborot manipulyatsiyasi mexanizmlari, yot gʻoyalar tarqatuvchilarning psixologik usullari haqida fikr yuritar ekan, bagʻrikenglik tamoyillari — tanqidiy fikr bilan birga boshqalarni oʻqitishga, tinglashga, muloqot qilishga tayyor boʻlish xususiyati ekanini ham taʼkidladilar. Milliy gʻururni saqlagan holda boshqalar fikrini ham anglay olish, bunyodkor yoʻlni tanlay olish — maʼnaviy barkamollikning muhim belgisi sifatida qayd etildi.

Suhbatdan soʻng mehmonlar bilim yurtida tashkil etilgan “Yot gʻoyalarga qarshi kurashish amaliyot xonasi”ning faoliyati bilan tanishdi. Shu yoʻnalishga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, ilmiy-tahlil materiallari, maxsus oʻquv qoʻllanmalari va tarqatma maʼlumotlar oʻrganiladigan mazkur maskanda mutaxassislik fani oʻqituvchilari bilan amaliy muloqot oʻtkazildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“SAMARQAND RUHI” – INSONIYAT YANGI TARAQQIYOTINING MEZONI

Har kuni yoʻl-yoʻlakay kimlar uchramaydi, deysiz. Ayrimlar oldidan qora mushuk – yangi boʻlganini eslaydi-da, xafsalasi …