Bagʻrikenglik, eng avvalo, insonning barcha huquqlari va asosiy erkinliklarini tan olish asosida shakllangan faol munosabatdir. Bagʻrikenglik hech qanday vaziyatda ana shu asosiy qadriyatlarga tajovuzlarning bahonasi boʻlib xizmat qilmaydi. Bagʻrikenglikni alohida shaxslar, guruhlar va davlatlar namoyon qilishi lozim.
Soʻnggi yillarda Myanmadagi musulmonlarga tajovuzlar[1], Hindistondagi Bobur masjidining buzilishi[2], Shri-Lanka va Afrikaning ayrim davlatlarida yuz berayotgan diniy nizolar bular singari koʻplab boshqa ayanchli voqealar ushbu muammo dunyo miqyosidagi hal etilishi lozim boʻlgan dolzarb masalalardan biri ekanini koʻrsatdi. Diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, turli dinlar vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat ruhini qaror toptirish 130 dan ortiq millat va elat yashaydigan Oʻzbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada mustaqillik yillarida bir qator islohotlar amalga oshirildi va ijobiy natijalarga erishildi. Shu sababdan diniy bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan tadbirlar va ularning natijalari haqida maʼlumot berish muhim ahamiyatga egadir.
Mustaqillik yillarida dastlab yurtimizda yashayotgan turli xalqlar oʻrtasida oʻzaro hurmat, teng huquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlashning qonuniy asoslari yaratildi. Mazkur tamoyillar Oʻzbekiston Konstitutsiyasida belgilab qoʻyildi. Jumladan, Bosh qonunimiz 4-moddasida Oʻzbekiston davlati oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlashi, ularning ravnaqi uchun sharoit yaratishi koʻrsatilgan boʻlsa, 18-moddasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi belgilab qoʻyildi[3].
Oʻtgan davrda hukumat tomonidan diniy munosabatlarni tartibga solish boʻyicha tegishli normativ-huquqiy bazani shakllantirish jarayoni faol davom ettirildi. Jumladan, 1990-2005-yilgacha boʻlgan davrda diniy sohadagi faoliyatni takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 16 ta farmoni, Vazirlar Mahkamasining 48 ta qarori qabul qilindi[4]. Amalga oshirilgan mazkur tadbirlar diniy soha faoliyatini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Bu yoʻnalishdagi islohotlar 2016-yildan yangi bosqichga koʻtarildi. Jumladan, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnilik muhitini rivojlantirish, yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga alohida oʻrin berildi[5].
Bu boradagi tadbirlarni xalqaro miqyosda hal etish boʻyicha ham hukumat tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2017-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida mazkur tashkilotning oliy organi 2018-yilning 12-dekabr oyida oʻtkazgan yalpi majlisda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi[6].
Bu paytga kelib diniy — maʼrifiy soha faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish davr taqozosiga aylandi. Shu sababdan, mazkur soha faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha bir qancha tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018-yil 16-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi. Mazkur Farmon Oʻzbekistonda diniy taʼlim tizimining uzluksizligini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, boshlangʻich bosqichdan oliy va undan keyingi diniy taʼlimgacha jarayonlarni qamrab oldi[7].
Bundan tashqari, Din ishlari boʻyicha qoʻmita faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018-yil 16-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi. Mazkur Qarorga muvofiq Qoʻmita huzurida faoliyat yuritadigan jamoatchilik-maslahat organi hisoblangan Konfessiya ishlari boʻyicha kengashning yangi tarkibi tasdiqlandi. Kengash tarkibi 9 tadan 17 ta aʼzoga – Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar vakillari hisobiga kengaytirildi[8].
Mazkur davrda qorilar musobaqasi oʻtkazish ishlari ham yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, 2018-yilning yanvar-aprel oylarida Respublika miqyosida bir necha bosqichdan iborat (tuman, shahar, viloyat, respublika) Qurʼoni karim tilovati boʻyicha qorilar ochiq musobaqasi tashkil etilib, unda 5 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Shu bilan birga, mazkur davrda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi, viloyatlarda esa kalom, hadis, fiqh, aqida ilmi va tasavvufni oʻrganishga ixtisoslashgan beshta ilmiy maktab ochildi[9].
Bundan tashqari, mamlakatda ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi yondashuvlar konseptual jihatdan qayta koʻrib chiqildi. Bunda asosiy eʼtibor aholi oʻrtasida profilaktika va tushuntirish ishlariga qaratildi. Ushbu sohada amalga oshirilayotgan barcha saʼy-harakatlar “Jaholatga qarshi maʼrifat” degan ezgu gʻoyaga asoslandi. 2018-yilning sentyabr oyida esa terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlarga adashib aʼzo boʻlib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi tasdiqlandi[10].
Jamiyatda vijdon erkinligi va diniy-maʼrifiy muhit barqarorligi kafolatlarini taʼminlash muhim ahamiyatga ega ekanligi hisobga olinib, bu borada ham talay ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2019-yil 4-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori eʼlon qilindi[11]. Mazkur Qaror asosida jamiyatda vijdon erkinligi va diniy-maʼrifiy muhit barqarorligi kafolatlarini taʼminlashni nazarda tutuvchi yangi tizim joriy etildi. Shu bilan birga, Din ishlari boʻyicha qoʻmita tarkibida ayollar bilan ishlash boʻlimi tashkil etildi. Bu esa oʻz navbatida ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlarning samarali boʻlishida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Bu paytda diniy maʼrifiy taʼlim sohasida ham katta oʻzgarishlar yuz berdi. Xususan, Oʻzbekiston Islom akademiyasi va Toshkent Islom universiteti negizida Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi tashkil etildi[12]. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida Akademiya tarkibidagi malaka oshirish Markazi hududiy filiallari tashkil etildi. Amalga oshirilgan mazkur tadbirlar diniy taʼlim rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.
Ajdodlarimizning merosini keng targʻib qilish bilan bir qatorda dinlararo bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik, insonparvarlik tamoyillari hamda diniy-maʼnaviy hayotda sodir boʻlayotgan yangiliklardan keng jamoatchilikni xabardor qilib borishni taʼminlash yoʻlida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi huzurida “Ziyo” media-markazi tashkil etildi[13]. Ushbu markaz bu boradagi yangiliklarni ommaga tez va xolis yetkazishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Masjidlar, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va shu kabi boshqa obyektlarning rekonstruksiyasini moliyalashtirish, ularni moddiy-texnik bazasini yaxshilash hamda ushbu soha xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi[14].
Bu boradagi ishlar keyingi yillarda ham amalga oshirildi. Jumladan, 2021-yilning 5-iyul kuni yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi[15]. Mazkur Qonunda bir qancha yangiliklar nazarda tutildi. Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish boʻyicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam boʻlmagan holda etib belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy taʼlim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor boʻlishi haqidagi talab bekor qilindi[16].
Bundan tashqari, Diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq xizmatlar toʻliq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi joriy etildi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni koʻrib chiqishning muddati esa 3 barobarga kamaydi, yaʼni 3 oydan 1 oyga tushirildi. Bu bilan ortiqcha byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi va hok[17].
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, mustaqillik yillarida diniy bagʻrikenglikni, konfessiyalararo munosabatlarda barqarorlikni taʼminlash borasida keng miqyosdagi islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon izchil davom etmoqda. Sohaga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va ular muttasil takomillashtirilmoqda, muntazam ravishda turli diniy tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralari koʻrilyapti. Oʻtgan davrda yuzlab masjid, cherkov, sinagoga va ibodat uylari qurildi va qayta taʼmirdan chiqarildi. Keyingi yillarda mazkur soha rivoji yangi bosqichga koʻtarildi. Bu davrda islom dini taʼlimotini chuqur oʻrganish, uni ilmiy tadqiq etishga yoʻnaltirilgan xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari oʻz faoliyatini boshladi. Shu va boshqa omillar yurtimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikning taʼminlanishi va uni yanada mustahkamlanishida muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






