Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” shiori hamda “Biz bir oila farzandlarimiz!” mavzusida doʻstlik festivali boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Jonibek Jumayev, Abdulbosit Mamadaliyev va Bayozxon Mahmudov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Din ishlari boʻyicha bosh mutaxassisi Xudaybergen Nezamatov, institutning qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi dotsenti Qabil Mambetov, turli millat vakillari boʻlgan talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Festival dasturi Ajiniyoz muzeyi ziyorati bilan boshlandi. Mehmonlar buyuk soʻz zargari Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining hayoti va ijodiga oid eksponatlar, shuningdek, institut tarixi haqidagi qimmatli maʼlumotlar bilan tanishdi.

Shundan soʻng “Jaholatga qarshi – maʼrifat bilan” gʻoyasi asosida maʼnaviy-maʼrifiy suhbat tashkil etildi. Institutning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik jamiyat barqaror taraqqiyotining muhim omili ekanini taʼkidladi.

Maʼruzalarda koʻp millatli mamlakatimizda tinchlik, hamjihatlik va doʻstona muhitni yanada mustahkamlash, yoshlarni millatlararo totuvlik gʻoyasi ruhida tarbiyalashning dolzarb ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Festival institutning “Toʻmaris” xalq ansambli va iqtidorli yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






