Yurtimiz qadim asrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega boʻlgan, xilma-xil dinlarga eʼtiqod qiluvchi va bir-biriga oʻxshash boʻlmagan turli xalqlar, millatlar yashab kelayotgan zamindir.
Davlatimiz rahbari Sh. Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”[1].
Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq yurtimizda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqarolarga oʻz eʼtiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, ular oʻrtasida qadimiy mushtarak anʼanalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Konstitutsiyamizda “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼiy nazar qonun oldida tengdirlar”, – deb belgilab qoʻyilganligi, koʻpmillatli xalqimiz oʻrtasidagi totuvlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash uchun yaratilgan zamindir.
Mamlakatimizda millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash uchun barcha huquqiy asoslar hamda zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan. Bagʻrikenglik madaniyatini shakllantirish va yanada mustahkamlash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bagʻrikenglikdan asosiy koʻzlangan maqsad insoniyatni tinchlik va osoyishtalikni saqlashga undashdir.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston diniy bagʻrikenglik va dinlararo muloqot borasida butun dunyoga namuna boʻlmoqda. Respublikamizda istiqomat qilayotgan fuqarolar qaysi dinga mansub boʻlishidan qatʼiy nazar birgalikda, tinch va osoyishta sharoitda, yurtimiz ravnaqi uchun faoliyat yuritib kelmoqdalar. Yurtimizda vijdon erkinligiga doir qonun asoslari yanada takomillashtirildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda turli din vakillarining hech qanday toʻsiqlarsiz oʻz dinlariga eʼtiqod qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Tarixdan shu narsa maʼlumki, qaysi jamiyat hayotida diniy bagʻrikenglik tamoyillari oʻz ifodasini topsa, oʻsha jamiyatda oʻzaro hurmat va samimiyat qaror topib, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradilar. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik boʻlmagani kabi, diniy bagʻrikengliksiz tinchlik barqaror boʻlmaydi. Shuning uchun ham insoniyat Yer yuzida hayot kechirishni boshlagandan buyon bagʻrikenglik tamoyillariga amal qilib yashashga ehtiyoj sezadi.
Oʻrta Osiyo, xususan Oʻzbekiston hududi qadim asrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega boʻlgan, xilma-xil dinlarga eʼtiqod qiluvchi, bir-biriga oʻxshash boʻlmagan bir necha xalqlar yashagan oʻlkadir. Oʻzbekistonning joʻgʻrofiy nuqtai nazaridan muhim savdo yoʻllari chorrahasida joylashgani, koʻplab davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar qilgani yerli xalqlarning diniy va maʼnaviy hayotiga, shuningdek, Movarounnahrdagi urf-odatlar ham oʻzga yurtlar madaniyati rivojiga salmoqli taʼsir koʻrsatgan. Bu esa oʻziga xos millatlararo hamjihatlik va diniy bagʻrikenglikni shakllantirishdagi asosiy omillardan biri boʻlib xizmat qilgan.
Haqiqatdan ham Oʻzbekiston zaminida qadim zamondan islom dini bilan bir qatorda boshqa din vakillari ham yonma-yon yashab, rivojlanib va bu jamiyatning maʼnaviy yuksalishiga muayyan hissa qoʻshdi.
Mana shunday diniy bagʻrikenglik namunalarini yurtimizda yashab oʻtgan buyuk ajdodlarimiz hayotida ham koʻplab koʻrishimiz mumkin. Ayrimlarini misol tariqasida keltiradigan boʻlsak, buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning qoʻshini tarkibida yahudiy va yana boshqa dinga mansub askarlarni ham xizmat qilishi yoki Sohibqironning oʻgʻillaridan Mironshoh oʻsha paytdagi Fransiya, Ispaniya va Angliya kabi davlatlar bilan diplomatik aloqalar uchun masʼul etib tayinlangani fikrimizning tasdigʻidir. Hindiston xalqi bugungi kungacha Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlarini hurmat bilan yodga oladi. Sababi boburiylar davlatni diniy bagʻrikenglik asosida boshqargan edilar.
Muqaddas islom dinimizda ham bagʻrikenglik tushunchasi diniy istilohda “muruvvat” degan maʼnoni anglatib, keng maʼnoda chirkin narsalar va voqealar qarshisida goʻzallikni ustun qoʻyib, mehribonlik qilish hamda har bir voqelikka goʻzallik nuqtai nazaridan yondoshish, eʼtiqod, madaniyat, anʼanalarga nisbatan hurmat va ehtirom bilan munosabatda boʻlish demakdir[2].
Boshqa dinlar singari islom dini ham azaldan insoniyatga asl muruvvatni, dindoshlariga, hatto, gʻayridinlar (islomdan boshqa dinga eʼtiqod qiluvchilar)ga ham ehtirom hamda bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlishni oʻrgatib kelgan va kelmoqda. Maʼlumki, islom oʻzidan avvalgi samoviy dinlar (yahudiylik, nasroniylik)ni shunchaki hurmat qilish bilan cheklanmay, oʻsha din vakillariga cheksiz muruvvatlar koʻrsatgan. Ularning haq-huquqlarini shariat qonunlari bilan mustahkamlab qoʻygan. Madaniyat va anʼanalariga ehtirom bilan qaragan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar bir-birlariga va hatto, oralarida yashaydigan gʻayridin (boshqa dindagi)larga, ahli zimma[3]ga ham muruvvatning mislsiz namunalarini koʻrsatib, butun insoniyatga ibrat boʻlishdi. Chunki, bu Alloh taoloning amri hamda Rasulining ummatga bergan koʻrsatmasi edi. Alloh taolo “Moida” surasida shunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar! Alloh uchun (toʻgʻrilikda) sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi boʻlingiz: biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin!…”[4].
Rasululloh (s.a.v.)dan rivoyat qilingan hadisda esa: “Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni meni oʻzining dushmani sifatida koʻradi” – deb marhamat qilganlar. Aynan ana shu hadisni eʼtiborga olgan holda hazrati Umar (r.a.) Amr ibn Os (r.a.)ni Misrni fath qilishga yuborayotib: “Ehtiyot boʻling! Yana Rasululloh (s.a.v.)ni oʻzingizga dushman qilib qoʻymang” – deb ogohlantirgandilar[5].
Qurʼoni karimning bir necha oyatlarida millatlararo totuvlik, hamjihatlik, diniy bagʻrikenglik masalalari keng yoritilgan. Jumladan, “Oli Imron” surasida: “Ayting (Ey, Muhammad!): “Allohga, bizga nozil qilingan narsa (Qurʼon)ga va Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yaʼqub va (uning) avlodlariga nozil qilingan narsalarga, Muso va Iso hamda barcha paygʻambarlarga Parvardigorlari tomonidan berilgan narsa (vahiy)ga imon keltirdik. Ularning orasida birortasini (tasdiqlashda) farq qilmaymiz va biz Uning oʻzigagina boʻyin sunuvchilarmiz”[6].
Shu suraning oxirgi oyatida esa: “Ey, imon keltirganlar! Sabr qilingiz, bagʻrikeng boʻlingiz va (Alloh yoʻliga) taxt boʻlib turingiz va Allohdan qoʻrqingiz, zora (oxiratda) najot topsangiz!” – deb amr qilingan[7]. Qurʼoni karim oʻzidan oldingi muqaddas kitoblar Zabur, Tavrot, Injillarni tan olishga, ahli kitoblarni, yaʼni, boshqa din vakillarini hurmat qilishga chaqiradi. Odamlarni oʻzaro mehr-muhabbat, hamkorlikka chaqirib, fitna, nifoq va nizolarning har qanday koʻrinishini yengib oʻtishga daʼvat etadi. Muqaddas dinimiz tarixidan ham bagʻrikenglikning yuksak koʻrinishiga namuna boʻla oladigan misollarni koʻplab keltirishimiz mumkin. Jumladan, Paygʻambar (s.a.v.) Madinaga hijrat qilganlaridan soʻng u yerdagi yahudiylar bilan ahdnoma tuzib, tinch-totuv va jamiyat manfaati uchun hamkorlik qilish asoslarini belgilab, unga amal qilib yashadilar.
Shuningdek, Xaybar gʻazotida musulmonlarga oʻlja tushgan narsalar ichida Tavrotdan bir qancha sahifalar ham bordi. Yahudiylar kelib Rasululloh (s.a.v.)dan oʻsha sahifalarni qaytarib berishni talab qildilar. Paygʻambar (s.a.v.) ularni yahudiylarga qaytarib berishga amr qildilar. Zero, boshqa din vakillarining qadriyatlarini eʼzozlash islom dinining goʻzal axloqlaridandir. Shuning uchun yahudiylar uchun muqaddas hisoblangan sahifalarga zarracha ziyon yetkazilmay oʻzlariga qaytarildi. Bu voqealar islomdagi diniy bagʻrikenglikning yorqin dalilidir.
Imom Voqidiy va Ibn Asokir Abdulloh ibn Abu Hudrad Aslamiydan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob (r.a.) bilan Jobiyaga keldik. U kishi ahli zimmadan bir cholning taom tilanib yurganini koʻrib qolib, uning kimligini soʻradilar. “U ahli zimmadan, yoshi ulgʻayib, zaiflashib qolgan”, deyildi. Umar (r.a.) uning zimmasidagi jizya[8]ni bekor qildilar. Keyin: “Undan jizya olib, zaiflashgan chogʻida taom tilantirib qoʻydingizmi?!” deb, Baytu-l-mol[9]dan oʻn dirham nafaqa joriy qildilar. Uning oilasi bor edi”.
Bundan tashqari, Qurʼoni karimda boshqa din vakillarining ibodatxonalari – monastir, butxona va sinagogalarga hurmat bilan qarashga buyurilgan. Qurʼoni karim bizlarga taʼlim bergan yana bir muhim haqiqat bu boshqa din vakillari, yaʼni nasroniylar va yahudiylar ibodat qiladigan joylarga chuqur ehtirom va hurmat bilan munosabatda boʻlmoqlikdir. Qurʼonning xabariga koʻra, ahli kitoblar ibodat qiladigan joylar, yaʼni, monastirlar (rohiblar uzlatga chekinadigan ibodatxona), butxona (nasroniylar ibodatxonasi) va sinagogalar (yahudiylar ibodatxonasi) Alloh taoloning himoyasidadir. “Haj” surasida: “Agar Alloh odamlarning baʼzilarini baʼzilari bilan daf etib turmas ekan, albatta Alloh nomi koʻp zikr qilinadigan (rohiblarning) uzlatgohlari, (nasroniylarning) butxonalari, (yahudiylarning) ibodatxonalari va (musulmonlarning) masjidlari vayron qilingan boʻlur edi. Albatta, Alloh Oʻziga (diniga) yordam beradiganlarga yordam berur. Shubhasiz, Alloh kuchli va qudratlidir” – deyilgan[10].
Ushbu oyat har bir musulmonga ahli kitoblar ibodat qiladigan joylarni chuqur hurmat va himoya qilish muhimligini ochiq-oydin koʻrsatib qoʻygan.
Boshqa din (millat)dagi kishilarning hurmatini joyiga qoʻyishda ham Rasululloh (s.a.v.) bizga oʻrnak boʻlganlar:
“Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) sahobalar bilan birga oʻtirgan edilar. Odamlar bir janozani koʻtarib oʻtishdi. Paygʻambarimiz (s.a.v.) mayyit hurmatiga oʻrinlaridan turdilar. Sahobalar: “Ey Rasululloh (s.a.v.) bu vafot qilgan kishi yahudiyku” – deyishdi. Paygʻambarimiz (s.a.v.) “Yahudiy odam emasmi?” – dedilar. Bu gaplari bilan sahobalardan ranjiganliklarini bildirib, boshqa dindagi kishilarga nisbatan qanday muomala qilish kerakligi borasida amaliy koʻrsatma berdilar.
Paygʻambarimiz (a.s.) Madinaga hijrat qilganlaridan soʻng, u yerdagi yahudiylar bilan ahdnoma tuzib, tinch-totuv va jamiyat manfaati uchun hamkorlikda yashash asoslarini belgilab, unga amal qilib yashadilar. Muhammad (s.a.v.) boshqa din vakillari bilan shaxsan yaxshi aloqada boʻlar, ularga goʻzal muomala qilar edilar. Jumladan, ularga hadyalar berib, ular tomonidan qilingan hadyalarni qabul qilib ham olar edilar. Masalan, Paygʻambar (s.a.v.) boshqa din vakillari tomonidan hadya qilingan kiyimlarni kiyib yurganlari tarixda maʼlum va mashhur.
Paygʻambar (s.a.v.) Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni oʻz masjidlariga tushirganlar va “Ular bizning sohiblarimizni hurmat qilgan edilar. Men ularni oʻzim ikrom qilishni xush koʻraman”, deb shaxsan oʻzlari ularga xizmat qilganlar. U zot (s.a.v.) Najron nasorolari guruhini ham oʻz masjidlariga tushirganlar va u yerda ibodat qilishlariga ruxsat berganlar”[11].
Dinlararo bagʻrikenglik gʻoyasi nafaqat dindorlarning, balki, butun jamiyat aʼzolarining ezgulik yoʻlidagi hamkorligini nazarda tutadi hamda tinchlik va barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi. Azal-azaldan yurtimizning yirik shaharlarida masjid, cherkov va sinagogalar oʻz ibodatchilariga emin-erkin xizmat koʻrsatib kelgani, tariximizning ogʻir sinovli damlarida ham diniy asosda hech qanday mojaro kelib chiqmaganligi xalqimizning dinlararo bagʻrikenglik borasida ulkan tajribaga ega ekanligidan dalolat beradi. Shu boisdan ham Oʻzbekistonda tom maʼnoda diniy bagʻrikenglikning yuksak anʼanalariga amal qilinayotgani jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Yahudiylar jamoasining vakillaridan biri R. Beneman shu haqda toʻxtalar ekan, Buxoroda dastlabki sinagoga VIII asrdayoq qurilganini, boshqa din vakillari bilan bir qatorda oʻz dinlariga erkin eʼtiqod qilish uchun oʻsha paytdayoq yetarli shart-sharoit yaratib berilganini taʼkidlab, “Oʻrta asr Yevropasi va Vizantiya imperiyasida quvgʻin qilingan yahudiylik, Markaziy Osiyoda boshqa dinlar bilan bir xil huquqqa ega edi”, – deb yozadi[12].
Oʻzbek xalqining bagʻrikengligi turli eʼtiqod va madaniyatlarga hurmat bilan qarashi millat va elat vakillari tomonidan chuqur samimiyat bilan eʼtirof etilmoqda.
Hozirgi vaqtda yurtimizda 130 dan ortiq millat vakillari, 16 ta diniy konfessiya, 2200 dan ortiq diniy tashkilotlarning diniy bagʻrikenglik asoslariga rioya qilgan holda oʻzaro tinch-totuvlikda umrguzaronlik qilayotgani soʻzlarimizning yaqqol dalilidir.
Demak, yuqoridagilardan maʼlum boʻladiki, jamiyatning rivojlanishi, tinch va osoyishta boʻlishi, totuvlik va hamjihatlik qaror topishi uchun insonlar oʻzaro mehr-oqibatli boʻlishi, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilish, qarindoshchilik va qoʻshnichilik haqlariga rioya etish, oʻzga din vakillariga bagʻrikeng boʻlish kabi insoniy fazilatlarda namoyon boʻladi.
Zero, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik va hamjihatlik fuqarolik jamiyati rivojlanishining asosiy mezonlaridan biri boʻlib, ushbu tamoyillar yurtimiz taraqqiyoti va tinchligining garovidir.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor oʻrinbosari
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






