Home / FOTO LAVHALAR / Ilmiy markazlar oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi

Ilmiy markazlar oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid memorandum imzolandi.

Mazkur hujjat ikki markaz oʻrtasida qoʻshma ilmiy-tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyish, mushtarak ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, alloma ajdodlar merosini chuqur oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan zalvorli qadam boʻldi.

Tadbirda ikki muassasa rahbarlari, ilmiy xodimlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Bu hamkorlik islom dunyosi maʼnaviy merosini tadqiq qilish va yosh avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Memorandum doirasida qoʻshma ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish, manbashunoslik va tasavvufshunoslik sohalarida hamkorlikda tadqiqotlar olib borish, qoʻlyozma merosni raqamlashtirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda turli ilmiy nashrlar tayyorlash rejalashtirilgan.

Taʼkidlash joizki, Imom Buxoriy va Bahouddin Naqshband nomlari nafaqat milliy, balki jahon islom tamadduni tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Shu maʼnoda, mazkur memorandum ikki markaz faoliyatini hamjihatlikda rivojlantirish, islom maʼrifatini targʻib etish va jahon ilm maydonida Oʻzbekiston nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Anjumanning ikkinchi kunida ilm va anʼana uygʻunligi namoyon boʻldi

Markazda oʻtkazilayotgan “Qoʻlyozma asarlarga egalik va ularning yoyilishi: Imom Buxoriy va hadis qoʻlyozmalari” mavzusidagi xalqaro …