9-oktyabr kuni Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyati “Azret Sultan” (“Hazrati Sulton”) milliy tarixiy-madaniy muzey-qoʻriqxonasi huzuridagi Yassaviyshunoslik markazi tashabbusi bilan “Samarqandda Yassaviya tariqati namoyandalari” mavzusida onlayn suhbat tashkil etildi.
Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Mexrojiddin Amonov mavzu yuzasidan maʼruza qildi.
Tadqiqotchi yassaviylik tariqatidagi nazariy va amaliy asoslarga alohida toʻxtalib, ushbu taʼlimotning ilk pogʻonasi – tavba, keyingi bosqich – “azizon (aziz avliyolar)”ga mehr-muhabbat ekanini taʼkidladi. “Azizon” atamasi tariqat yoʻlida sobitqadam boʻlgan shayxlar, pirlar va komil ustozlarga nisbatan qoʻllanadi. Bu esa yassaviylikda ustoz tanlash va unga sadoqat koʻrsatish qanchalik muhim ekanini namoyon etadi.
Maʼruzachi yassaviylikdagi ustoz-shogird anʼanasi, pirga ehtirom va uning maʼnaviy rahnamolikdagi oʻrni haqida soʻz yuritar ekan, bunday munosabatlar tariqat taʼlimotining tayanch asoslaridan biri ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, “iqoniya” tushunchasi keng tahlil etildi. Bu atama ilm va qatʼiy ishonch asosida shakllangan, shubha va ikkilanishlardan xoli boʻlgan imon maʼnosini anglatadi.
Tadqiqotchi Yassaviy hikmatlaridan misollar orqali bu tushunchalarning amaliy ifodalarini yoritib berib, mazkur yoʻnalishda olib borilgan izlanishlar natijasi bilan ham oʻrtoqlashdi. Unga koʻra Samarqandda yassaviya tariqatining azizon va iqoniya tarmoqlariga mansub oʻnga yaqin maktab va markaz faoliyat yuritgani maʼlum boʻldi. Shuningdek, 30 dan ortiq yassaviy shayxlar hayoti va ilmiy merosi oʻrganilib, ularning qabrlari ham aniqlandi.
Maʼruzaning yana bir muhim jihati shundaki, u yassaviya tariqatining falsafiy zamini, pir-murid munosabatlarining maʼnaviy mazmuni va insonni mustahkam imonga yetaklovchi yoʻllar haqida teran tahlillarni oʻz ichiga oldi.
Tadbir ishtirokchilari maʼruzani katta qiziqish bilan tinglab, yassaviylik taʼlimotining inson maʼnaviyatini yuksaltirishdagi muhim ahamiyatini chuqurroq anglash va uning zamonaviy hayotdagi oʻrnini yanada mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.