Home / HADIS / IMOM BUXORIYNING “SAHIH”LARIGA NISBATAN SALBIY FIKRLARGA QARSHI FATVOLAR HAMDA MAZKUR KITOBNING MAʼNAVIY VA JISMONIY FOYDALARI BORASIDAGI QARASHLAR

IMOM BUXORIYNING “SAHIH”LARIGA NISBATAN SALBIY FIKRLARGA QARSHI FATVOLAR HAMDA MAZKUR KITOBNING MAʼNAVIY VA JISMONIY FOYDALARI BORASIDAGI QARASHLAR

Imom Buxoriy yashagan davrdan ilgari yaratilgan hadis kitoblarida sahih va gʻayri sahih hadislar aralash holda berilgan boʻlib, oʻquvchi ulardagi biror hadisning toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanini, toki uning roviylari ahvolini tekshirmay va hadis ahli orasida qay tariqa maʼlum boʻlganini aniqlamay turib, bila olmas edi. Agar u bunga muvaffaq boʻla olmasa, bu haqda hadis ulamolaridan soʻrashga majbur boʻlardi. Basharti bunga ham muyassar boʻlmasa, unda oʻsha hadis uning uchun mavhumligicha qolardi. Imom Buxoriy dunyoga kelib, hadis ilmida kamolotga erishgach va bu borada egallagan maqomidan yuqoriroq daraja qolmagach, hadis toliblarini bahsu savollar mashaqqatidan xalos etish uchun mavjud hadislar orasidan sahihlarini ajratib olib, ularni alohida kitob qilishni istadi. Shunday ekan qadimiy qoʻlyozmalar hamda bugungi kun muhaddis ulamolari asarlariga nazar solinganda, ularda Imom Buxoriyning “Sahih”lari borasida quyidagi jumlalar keltiriladi: “Ulamolar “Sahihul Buxoriy” asari Qurʼoni karimdan soʻng eng ishonarli kitob ekaniga ittifoq qilgan va islom ummati qadimda ham, hozirda ham shu fikrdadir. Zero, ushbu asar mashriq va magʻribdagi musulmonlar qalbida joy olgan” [11:36].

Har bir zamonda islom dini dushmanlari boʻlgan fitnachilar tomonidan Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam hadislari borasida kishilar orasida ixtilof chiqarib, tinch-totuv yashab kelayotgan xalq ongida oʻzaro adovat urugʻini sochadigan kimsalar boʻlgan. Shular qatorida Imom Buxoriyning hadis toʻplamlari boʻlmish “Sahih”lariga nisbatan ham kishilar ongida shubha paydo qiluvchi baʼzi masalalar hamda fikrlarni tarqatib yuruvchilar boʻlgan va bugungi kunda ham u zotning shaʼniga tosh otuvchilar topiladi.

Ularning maqsadi musulmonlar uchun asos boʻlgan asarlar va bu sohada faoliyat yuritgan olimlarga nisbatan ishonchsizlik hamda shubha paydo qilishdir. Bsndan tashqari, ularni oʻz yoʻlidan adashtirish orqali yer-yuzida buzgʻunchilik qilish, musulmonlar orasiga raxna solish va tafriqaga boʻlinishni keltirib chiqarishdir.

Biroq Alloh izni bilan ulamolar qalbi kasal boʻlgan bunday kimsalarning buzgʻunchi gʻoyalariga qarshi aqliy va naqliy dalil keltirish orqali kurashib kelmoqda. Hatto ular bu borada ularga raddiya oʻlaroq kitoblar ham taʼlif qilgan.

Misol tariqasida “Chivin” borasidagi hadisga nisbatan eʼtiroz qiluvchilar va ularga nisbatan raddiyalarni keltirish mumkin:

روى البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه: أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: (( إذا وقع الذُّباب في إناء أحدكم، فليغمِسْه كله، ثم ليطرحه؛ فإن في أحد جناحيه شفاءً، وفي الآخر داءً )) البخاري حديث ٥٧٨٢

Abu Hurayra (r.a) dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar birontangizning idishiga chivin tushsa, uni toʻliq botirib olsin, soʻng tashlab yuborsin. Chunki uning qanotlarining birida shifo boʻlsa, ikkinchisida dard bordur” dedilar. Sahihul Buxoriy 5782-hadis.

Ushbu hadisni oʻqigan baʼzi kishilar hadisni inkor qilib, bu tibbiyot qarashlariga zid, chunki chivin doimo mikroblarni tashib yuradi, agar taom yoki biror-bir ichimlikka tushsa, oʻzidagi mikroblarni qoldiradi, shuningdek, qanday qilib chivining ikki qanotida dard va shifo jamlanishi mumkin deydi.

Ulamolar ularning ushbu shubhasiga quyidagicha javob qaytargan:

  1. Bu hadis tibbiyot xulosalariga qarshi emas, balki ularning qarashlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Chunki hadisda chivinning bir qanotida dard, yaʼni oʻsha aytilayotgan mikrob mavjudligi, unga qarshi yaratilgan shifo ikkinchi qanotida borligi aytilgan. Bu hadis bundan oʻn toʻrt asr muqaddam rivojlangan tibbiyot boʻlmagan sharoitda aytilgan edi. Bu esa, oʻz navbatida, Paygʻambarimiz (s.a.v)ning haq paygʻambar ekanliklariga ishora boʻlgan moʻjizadir. Zero, bugungi tibbiyot ushbu masalani tasdiqladi. Endi bu hadisga ishonmaslik aqlsizlikdan boshqa narsa emasligi ayon boʻldi.
  2. Koʻplab hayvonlar va hasharotlar bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan fazilatlarni birlashtirgan. Misol uchun Alloh taolo asalariga asalini saqlash uchun uni mustahkam in qurishni oʻrgatgan boʻlsa, chumoliga urugʻni maʼlum vaqtga saqlash uchun zaxira qilishni va unib ketmasligi uchun uni ikkiga boʻlib qoʻyishni oʻrgatgan. Shu ishni qilgan Zot chivinning bir qanotida dard va ikkinchisida shifoni sabab qilib qoʻyishga qodir emas, deb oʻylaydilarmi?
  3. Asalarilar yiqqan nektarlar (moddalar) asalga aylansa, ikkinchi tarafdan u chaqish asnosida oʻzidan zahar ham chiqaradi. Shuningdek, insonni oʻldiradigan ilon zahri zaharlanishga qarshi davolaydigan doriga qoʻshiladi. Eʼtibor berilsa, asalaridan asal chiqish bilan birga zahar ham chiqadi. Xuddi shuningdek, insonni halok qiluvchi ilon zahri davolanish uchun dorilarga qoʻshiladi. Ushbu qudratga ega boʻlgan Zot chivindagi xususiyatni yaratishga qodir emas deb oʻylaydilarmi?
  4. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan kashfiyotlar chivinlarning ularning tishlashidan paydo boʻladigan shish va qichishishdan dalolat beruvchi zahari borligini va bu ular uchun qurol vazifasini bajarishini koʻrsatmoqda. Agarda chivin oʻziga zarar beradigan narsaga qoʻnsa, uni oʻzining quroli bilan uradi. Unda Yaratgan Zot bir qanotida dardni, ikkinchisida uni kesuvchi shifoni yaratib qoʻygan. Ikki modda uchrashib, Allohning izni bilan zarar yoʻqoladi [9:263].
  5. Zamonaviy tibbiyot chivin bir qanotida zahar, boshqasida esa uning davosi boʻlgan shifoni olib yurishini kashf qilib, ushbu hadisning haqiqat ekanini tasdiqladi. Chivin borasidagi Paygʻambarimiz hadislari uning ilmiy moʻjiza ekanini bildiradi [6:30].

Bunga oʻxshash ayrim kimsalarning “Sahihul Buxoriy”dagi hadislar borasidagi shubhalarining barchasiga ulamolar tomonidan kerakli raddiyalar berilgan.

Misrning “Dorul ifto” markazi tomonidan eʼlon qilingan 2007-yil 16-apreldagi sobiq muftiy Ali Jumaning 239-raqamli fatvosida Imom Buxoriyga nisbatan qilingan taʼna va tuhmatga quyidagicha javob berilgan:

Imom Buxoriy hijriy uchinchi asrning imomlaridan biridir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بن مسعود رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: ( خَيْرُ النَّاسِ قَرْنِي، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ

Abdulloh bin Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy alayhissalom: “Insonlarning yaxshisi mening asrimdagi, soʻng ularga ergashgani, soʻng ularga ergashgani” deganlar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari [7].

Demak, Imom Buxoriy va u kabi roviylarimizni tanqid qilish islom shariatini faqatgina birinchi asr bilan cheklanishini, qolgan asrlarda esa uning davom etishini istamaydigan kimsalarning buzuq maqsadidir.

Bunday kimsalar jazoga haqlidir. Agar mish-mish tarqatganlar shariat boʻyicha jazolansa, musulmonlar eʼtiqodini larzaga keltirganlarning jazosi haqli va munosibroq boʻladi [5].

Bundan tashqari, ilm ahli yurt boshiga kelgan turli sinov va musibatdan qutulish maqsadida ushbu asarni toʻliq oʻqib, Yaratgandan najot soʻragani tarixdan maʼlum. Bu odat bugungi kunga kelib ham davom etmoqda.

Bu ishning shariatga mos yoki zidligi borasida Misrning “Dorul ifto” markazi tomonidan fatvo chiqarilgan.

Quyida bu boradagi fatvoni keltirib oʻtamiz.

“Sahihul Buxoriy”ni hojatlarni ravo qilish niyatida oʻqishning hukmi.

Imom Buxoriyning “Sahih”lari Alloh taoloning kitobidan keyin eng sahih kitob hisoblanadi. Bunga barcha musulmonlar yakdil fikr bildirgan. Ulamolar bu kitob borasida goʻzal bir yoʻlni joriy qilganlar. Ular bu yoʻlni joriy qilishda ushbu hadisga tayangan:

قولُ النبي صلى الله عليه وآله وسلم: “مَنْ سَنَّ في الْإِسْلَامِ سُنَّةً حَسَنَةً فَلَهُ أجْرُهَا وَأجْرُ مَنْ عَمِلَ بِهَا مِنْ بَعْدِهِ، مِنْ غَيْرِ أَن يَنْقُصَ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ، وَمَنْ سَنَّ في الْإِسْلَامِ سُنَّةً سيِّئةً كَانَ عَلَيْهِ وِزْرُهَا وَوِزْرُ مَنْ عَمِلَ بِهَا مِنْ بَعْدِهِ، مِنْ غَيْرِ أَنْ يَنْقُصَ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ” رواه مسلم

Jarir bin Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki islomda yaxshi bir ishni joriy qilsa, unga u uchun ajr bordir va undan keyingi unga amal qiluvchiga ham. Ularning ajridan biror-bir narsa kamaymagan holda. Kimki islomda yomon bir ishni joriy qilsa, unga oʻsha ishning gunohi bordir va undan keyingi unga amal qiluvchiga ham. Ularning gunohlaridan biror-bir narsa kamaymagan holda”, dedilar. Imom Muslim rivoyati [8].

Musulmonlar Imom Buxoriyning “Sahih”larini oʻqish balolarni daf qilish va gʻam-gʻussalardan qutulish sabablaridan biri ekaniga ittifoq qilishgan.

Misol tariqasida bu boradagi muhaddis va fuqaholarning soʻzlarini keltirish mumkin:

Imomul Qudva Hofiz Abu Muhammad bin Abi Hamza (vaf.699 h.) oʻzining “Muxtasar Sahihul Buxoriy” kitobiga yozgan sharhida shunday degan: “Imom Buxoriy solihlardan boʻlib, duolari ijobat boʻlgan zotdir va kitobini oʻqigan kishilarni duo qilganlar. Safarim asnosida yoʻliqqan qozilardan biri shunday dedilar: “Buxoriyning sahihlari oʻqilar ekan, insonlar qaygʻu va gʻam-gʻussadan qutulgan hamda u kitob bilan biror kishi qayigʻida choʻkib ketmagan”, dedilar[3].

Imomul Hofiz Tojiddin as-Subkiy (vaf.771 h.) “Tabaqotush Shofiʼyatul Kubro”da shunday degan: “Al-Jomeʼ as-Sahih” asari muammolar yechimi va ehtiyojlarni qondirish manbaidir. Agar uning tafsilotlarini aytib beradigan boʻlsak, sharh uzayib ketar edi [4].

Hofiz ibn Kasir “Al-bidaya van nihaya” asarida shunday degan: “Sahihul Buxoriy”ni oʻqish evaziga yomgʻir soʻraladi. Islom ahli uni qabul qilgan va bu ishda ular yakdildir”[10].

Shuningdek, asrlar davomida Azhari sharif ulamolari bu ishni qilib kelgan. Alloma Jabarutiy oʻzining “Ajoibul asar fit-tarajumi val axbar” asarida vaboni daf qilish, qimmatchilikni ketkazish, dushman ustidan gʻalaba qozonish kabi ishlarda Azhar ulamolarining “Sahihul Buxoriy”ni oʻqigani borasidagi voqea-hodisalarni koʻplab keltirgan [1].

Yuqorida bildirilgan fikrlardan shu narsa maʼlum boʻladiki, “Sahihul Buxoriy” kitobini hojatlarni ravo qilish, ishlarni yengillatish va gʻam-gʻussadan qutulish uchun oʻqish joiz boʻladi. Alloh taolo biluvchiroqdir [2].

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, Imom Buxoriyning ushbu asari dunyo yuzini koʻrganiga taxminan 1200-yil boʻlibdiki, hozirgi kunga qadar islom taʼlimotida Qurʼondan keyin ikkinchi oʻrinda turadigan muhim manba sifatida yuqori baholanib kelmoqda. Shuningdek, u ijtimoiy, siyosiy, axloqiy va huquqiy hujjat vazifasini oʻtaydi. Ushbu asar fiqhiy manba sifatida ham mashhur boʻlgan.

Imom Buxoriy toʻplamlariga kiritilgan hadislar faqat islom taʼlimotiga oid umumiy qoidalarni aks ettirish bilan cheklanib qolmaydi. Ular mehr-muhabbat, saxiylik, ochiq koʻngillilik, ota-ona va kattalarga hurmat, yetim-yesirlarga muruvvat, faqir-bechoralarga himmat, Vatanga muhabbat, mehnatsevarlik va halollikka daʼvat kabi haqiqiy insoniy fazilatlar va namunali tartibotlar majmuasidir. Shuningdek, unda jamiyatimiz, ayniqsa, yosh avlod uchun katta tarbiyaviy ahamiyatga ega yoʻl-yoʻriq, pandu nasihat va oʻgitlar oʻz aksini topgan. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Alloma Jabarutiy. Ajoibul asar fit-tarajumi val axbar. 2/78-79.
  2. “Dorul ifto” markazi. Muftiy Ibrohim Shavqiy Allom, 6544-fatvo, 2020-yil 1-may.
  3. Imomul Qudva Hofiz Abu Muhammad bin Abi Hamza (vaf. 699 h.y.) oʻzining “Muxtasar Sahihul Buxoriy” kitobiga yozgan sharhi. 1/6. As-Sidqul xayriya nashri.
  4. Imomul Xofiz Tojiddin as-Subkiy (vaf.771-y.h.) Tabaqotush Shofiʼiyyatul Kubro. 2/234. Hijr matbaasi.
  5. Misrning “Dorul ifto” markazi 2007-yil 16-apreldagi sobiq muftiy Ali Jumaning 239-raqamli fatvosi.
  6. Nabil Horu. Kashful iʼjaz al-ilmiy.
  7. “Sahihul Buxoriy” 2652-hadis, “Sahihul Muslim” 2533-hadis.
  8. “Sahihi Muslim”, 1017-hadis.
  9. Maalimus sunan. 4-juz.
  10. Hofiz ibn Kasir. Al-bidaya van nihaya. 14/527. Dorul Hijr matbaasi.
  11. Shayx Saloh Najib ad-Diq. Ar-Roddu man yutʼinu fi sahihil Buxoriy. 2015.
Ilxomjon BEKMIRZAYEV
Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari doktori, professor
Yahyo ABDURAHMANOV
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi mustaqil tadqiqotchisi,
TII “Tahfizul Qurʼon” kafedrasi oʻqituvchisi

Check Also

XIX ASR IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIGA OID SAMARQAND TARIXINING XORIJIY MAMLAKATLAR TARIXSHUNOSLIGIDA YORITILISHI

Samarqand tarixi xorijiy mamlakatlar tarixshunosligida ham o‘rganilgan. G‘arb va Sharq tarixchi olimlari va sayohatchilari Samarqandning …