Alloma Jaloliddin Suyutiyning hayoti va ilmiy merosi islom tarixi va madaniyatida muhim oʻrin tutadi. U nafaqat hadis, tafsir va fiqh sohalarida, balki tilshunoslik, tarix va tasavvuf kabi turli fanlarda ham yuksak bilimlarga ega boʻlib, katta ilmiy meros qoldirgan. Suyutiy oʻz asarlari orqali musulmon jamiyatining rivojiga hissa qoʻshgan va hozirgi kunda ham uning asarlari islomiy ilm-fanning muhim manbalari sifatida oʻrganilmoqda.
Mamluklar davridagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy muhit uning ijodiy faoliyatiga katta taʼsir koʻrsatgan. Allomaning sermahsul ijodi va uning asosida yaratilgan asarlari bugungi kunda tadqiqotchilar uchun qimmatli manba hisoblanadi.
Ushbu tadqiqotning maqsadi – Jaloliddin Suyutiyning ilmiy merosini chuqur oʻrganish hamda uning ilmiy faoliyati juda ham serqirra ekani haqida maʼlumot berish, shuningdek, asarlarini atroflicha oʻrganish orqali hozirgi kundagi baʼzi muammolarga javob topish mumkin ekanini asoslab berishdan iborat.
Qolaversa, Uchinchi Renessans davrini boshlar ekanmiz, nafaqat yurtimiz allomalari balki, butun islom olamidagi olimlarning ilmiy merosini oʻrganish oldimizdagi asosiy vazifadir. Zero, islom madaniyatining boy merosini oʻrganish va uni dunyoga tarannum etish biz uchun sharafdir. Ushbu tadqiqot ana shu vazifani amalga oshirishdagi yana bir ilmiy qadam boʻlib xizmat qiladi.
Jaloliddin Suyutiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan koʻplab tadqiqotlar mavjud boʻlib, ularda u zotning ilm-fanga qoʻshgan hissasining turli jihatlardan oʻrganilgan. Uning oʻz asarlari, xususan, “Husnul muhazara” va “At-tahaddus bi niʼmatillah” nomli tarixiy asarlari nafaqat muallifning oʻzi haqida, balki oʻsha davrdagi boshqa allomalar haqida asosiy maʼlumot manbai boʻlib xizmat qiladi.
Zamonaviy tadqiqotchilar, jumladan, Elizabeth Sartain, Mustafo Shakaʼ va Badeʼ Sayyid Lahhom kabi olimlar Suyutiyning asarlarini tahlil qilishga alohida eʼtibor qaratgan. Shuningdek, Ahmad Xaznador, Muhammad Ibrohim Shayboniy va Iqbol Ahmad Sharqoviyning Suyutiy asarlari borasidagi izlanishlari hamda bu asarlar qayerda nashr qilingani, qaysi kutubxonada saqlanayotgani haqidagi maʼlumotlari diqqatga sazovor. Ahmad Temurning alloma Suyutiyning qabri qayerda joylashgani haqidagi asari esa bizga oʻsha paytdagi meʼmorchilik, sanʼat, urf-odat hamda u yerning geografiyasi bilan tanishishga yordam beradi.
Adabiyotlar tahlili shundan dalolat beradiki, Jaloliddin Suyutiyning boy ilmiy merosi hali toʻliq oʻrganilmagan. Uning asarlari nafaqat islomiy fanlarda, balki tarixiy tahlil va falsafiy fikrlashda ham qimmatli ahamiyatga ega.
Tadqiqot metodlari: manbashunoslik, tarixiy-qiyosiy, matnshunoslik.
Jaloliddin Suyutiyning ilmiy merosi 500 dan ortiq asarlarni oʻz ichiga olgani maʼlum. Uning asarlari turli sohalarga bagʻishlangani bilan diqqatga sazovor. Qaysi yoʻnalish boʻlmasin bu borada alloma Suyutiyning biron asarini topish mumkin, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Hatto alloma Suyutiy sheʼr, tibbiyot va er-xotin munosabatlari borasida ham asarlar yozgan.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, Suyutiy ijodi Mamluklar davrining ilmiy muhiti bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, uning asarlariga oʻsha davrning madaniy-maʼrifiy koʻrsatkichlaridan biri sifatida qaraladi. Bundan tashqari, Suyutiyning ijodiy faoliyati bugungi tadqiqotchilarga diniy va madaniy masalalarni oʻrganish uchun asos yaratmoqda.
Jaloliddin Suyutiy 849-911/1445-1505-yillarda, Mamluklar davlatining siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolari yuzaga chiqa boshlagan davrda yashagan. Mamluklar davlatining hukmronligi uch asr davom etgan va Usmoniylar tomonidan Misrning zabt etilishi bilan yakunlangan. Mamluklar Misr, Suriya, Hijoz va Janubiy Anadoluda siyosiy taʼsirga ega boʻlib, kuchli markazlashgan boshqaruv va tashkilotlari bilan salibchilarga va moʻgʻullarga qarshi kurash olib borgan va ularni toʻxtatishga muvaffaq boʻlgan. Bu davlat tarixning muhim burilish davrlaridan birida yashagan [6:5].
Ayni Jolut jangidan keyin Bagʻdodning barcha boyliklari talon-toroj qilingan va buyuk islom sivilizatsiyasi moʻgʻullar tomonidan vayron qilingan. 1258-yilda Bagʻdodga kirgan moʻgʻullar qirq kun davomida talonchilik va qirgʻin uyushtirgan. Asrlar davomida katta mehnat bilan yaratilgan kutubxonalar va ilmiy xazinalar qisqa muddat ichida yoʻq qilingan. Moʻgʻul istilosidan keyin Bagʻdod oʻzining siyosiy, madaniy va ilmiy markaz maqomini yoʻqotgan. Bagʻdoddagi xalifalikning yoʻq qilinishi butun islom olamiga ruhiy zarba boʻlgan.
Bu voqeadan soʻng Bagʻdodda yashagan koʻplab musulmon olimlar moʻgʻul istilosidan zarar koʻrmagan Mamluklar davlatining poytaxti Qohiradan qoʻnim topgan. Tashqaridan kelgan olimlar Qohirada katta ilmiy faollikni yuzaga keltirgan [3:50].
Jaloliddin Suyutiy Mamluklar davlatining siyosiy tanazzuli boshlangan davrda yashagan. U hayotining katta qismini 873-901/1468-1496-yillarda hokimiyatda boʻlgan sulton Qoyitbay davrida oʻtkazgan. Yaʼni Suyutiy 23 yoshidan 50 yoshigacha ushbu sulton davrida yashagan.
Manbalarga koʻra, Sulton Qoyitbay har oyning boshida davlat amaldorlarini saroyga taklif qilib, ular bilan uchrashgan va maoshlarini topshirgan. Imom Suyutiy ham bir necha bor bu uchrashuvlarga borgan, biroq keyinchalik bu amaliyot sunnatga va salaf olimlarining odatlariga mos emasligini bildirgan holda taklifni rad etgan. Qirq yoshida sulton huzuriga chiqqanida taʼzim qilmagan va bu voqea Suyutiy bilan sultonning munosabatlarini yomonlashtirgan. Suyutiy ushbu voqea boʻyicha “Ma rovahul asatiyn fi adamil majiʼ ilas salatiyn” nomli risola yozgan. Sulton Suyutiyning bu harakati boʻyicha ulamolardan fatvo soʻragan, biroq ular unga qarshi qaror chiqarishdan bosh tortgan. Natijada Sulton uni barcha davlat lavozimlaridan chetlatgan. Shundan keyin Suyutiy saroydan kelgan barcha taklif va sovgʻalarni rad etib, oʻz uyida uzlatda yashagan [9:62-63].
Suyutiyning hayotidagi eng muhim burilish nuqtasi Sulton Qoyitbay bilan yuz bergan ushbu voqea boʻlgan. Ushbu mojaro uning ilmiy faoliyatiga katta taʼsir koʻrsatgan. Chunki ushbu voqealar natijasida u zot toʻliq ilm bilan shugʻullanishga va tasavvufiy uzlatga eʼtibor qaratgan.
Suyutiy “Husnul muhazara” va “At-tahaddus bi niʼmatillah” asarlarida oʻzining hayotini tasvirlagan. Quyida ushbu ikki asardan hamda boshqa mualliflarning imom Suyutiy haqida yozgan biografiyalaridan ham foydalanilib, u zotning hayoti qisqacha bayon etiladi.
U zotning toʻliq ismi: Abulfazl Abdurahmon ibn Kamoliddin Abu Bakr ibn Nosiriddin Muhammad ibn Sobiquddin Abu Bakr ibn Faxriddin Usmon ibn Nosiriddin Muhammad ibn Sayfiddin Xizr ibn Najmiddin Abu Saloh Ayyub ibn Nosiriddin Muhammad ibn Shayx Humomiddin al-Humam al-Huzayriy al-Asyutiydir [11:5].
U zot Jaloliddin laqabi bilan mashhur boʻlib, barcha manbalarda u “Jaloliddin as-Suyutiy” yoki “Abdurrahmon as-Suyutiy” nomlari bilan tilga olingan.
“Abulfazl” kunyasi u zotga oilasining yaqin doʻstlaridan biri hamda u zotning ustozi Izzuddin Ahmad ibn Ibrohim Kinoniy tarafidan berilgani zikr qilingan [11:235].
“Al-Huzayriy” nisbasining nima uchun bu zotga berilgani masalasiga kelsak, bu u zotning oilasi sharqdan kelib, avval Bagʻdodning sharqiy qismida joylashgan Huzayriyya mahallasiga joylashgani xotirasidir.
U zotning oʻzi bu haqda shunday deydi: “Bizning Huzayriy nisbamiz, Bagʻdodda joylashgan Huzayriyya mahallasida yashaganimizdan kelib chiqqan. Ishonchli bir odamdan otamning bobosi arab emasligini va sharqdan kelgan boʻlishi mumkinligini aytayotganini eshitdim. Bu esa shuni koʻrsatadiki, bu nisba joy nisbasidir” [11:6].
Suyutiyga “Asyutiy” (yoki Suyutiy) nisbasining berilishi esa, u zotning otasi Misrning Asyut shahrida tugʻilib, Qohiraga kelishidan oldin shu yerda qozilik lavozimida ishlagani sababli berilgan [11:16].
Suyutiy hijriy 849-yil Rajab oyining birinchi kuni (1445-yil 3-oktyabr) Mamluklar davlatining poytaxti Qohirada tugʻilgan. Manbalarga koʻra, uning otasi, shofeʼiy mazhabi fiqh olimlaridan biri boʻlib, qozilik bilan shugʻullangan. Uning ismi Kamoliddin boʻlib, bir kuni homilador xotinini bir kitob izlash uchun kutubxonaga yuborgan va aynan shu yerda Suyutiy dunyoga kelgan. Shu sababli uning laqablaridan biri “Ibnul kutub” (“Kitoblarning farzandi”) boʻlgan. Onasining kelib chiqishi turk boʻlgani haqida manbalarda maʼlumotlar bor [2:90]. Shunga koʻra, imom Suyutiyni ham ona, ham ota tarafdan kelib chiqishi turklarga borib taqaladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Suyutiyning otasi 855/1451-yilda vafot etganida, u hali olti yoshda edi. Otasining vasiyatiga koʻra, uning taʼlimini otasining doʻstlari, jumladan, Ibn Humom Sivosiy (vaf. 861/1457) oʻz zimmasiga olgan.
Suyutiy hayotini yorituvchi manbalarda uning rafiqasi haqida hech qanday maʼlumot uchramaydi. U oʻzining yaqinlari, aka-uka, opa-singil hamda farzandlarining koʻpi haqida gapirar ekan, ularni vabo, zotiljam yoki tugʻruq paytida “shahid” boʻlgan, deb eslaydi [11:10].
Ahmad Temur Asyutda oʻzini Suyutiy avlodidan deb daʼvo qiluvchi va al-Jaloliy nisbasini olib yurgan odamlar borligini qayd etgan. Biroq u Suyutiy avlodlari boʻlmagani haqidagi fikrlarni inobatga olgan holda, ular Asyutdagi Jaloliddin Suyutiy masjidida xizmat qiluvchi kishilar avlodi boʻlishi mumkin degan [1:23]. Bu daʼvo mantiqlidir, chunki agar ular yashagan boʻlsa ham, Suyutiy avlodlarining Asyutga qaytish ehtimoli juda kam.
Suyutiy otasi tirikligida Qurʼon yodlashni boshlagan va sakkiz yoshga toʻlmasdan hofizlikni yakunlagan. U koʻplab mashhur olimlardan asosiy diniy ilmlarni oʻrgangan [15:122].
U davrining mashhur olimlaridan dars olgan va tafsir, hadis, fiqh kabi diniy fanlarni oʻrganish uchun kerak boʻlgan nahv, maoniy, badeʼ, bayon kabi yordamchi ilmlarni ham chuqur egallagan. Shu tariqa ilmiy sohalarda keng bilim va huquqiy salohiyatga ega boʻlgan.
Suyutiy oʻz davrining faroiz (meros huquqi) olimi Shahobiddin Sharmasohiy (vaf. 855/1451)dan faroiz fanidan taʼlim oldi [11:236].
Shuningdek, u Shayhuniyya masjidining imomi Shamsiddin Muhammad ibn Muso Sayramiy Hanafiy (vaf. 891/1486)dan nahv (grammatika) va hadis ilmini oʻrgandi. Bu ustoz bilan Suyutiy imom Muslim (vaf.261/875)ning “Sahih” asarining baʼzi boblaridan tashqari qolgan qismlarini, Qozi Iyoz (vaf.544/1149)ning “Ash-shifo bi taʼrifi huquqil Mustafa” asarini va ilgari yodlagan Ibn Molikning “Alfiya” asarini mutolaa qildi.
866/1461-yilda Sayromiy Suyutiyga Ibn Molikning “Alfiya”si hamda nahvga oid boshqa asarlarni tugatgani va uning oʻzi ham dars berishga qodir ekani haqida ijoza berdi [11:237].
865/1461-yilda Suyutiy Bulqiniydan (Sirojiddin Umar Bulqiniyning oʻgʻli) bir qancha Shofeʼiy fiqhiga oid asarlarni, jumladan, Bulqiniyning otasiga tegishli “At-tadrib fil fiqh” asarining bir qismini, Qazviniyning “Al-hoviyus sagʻir” asarini, Navaviyning “Minhajut tolibin” va “Ravzatut tolibin” asarlarini, Sheroziyning “At-tanbeh” asarini va Zarkashiyning “At-takmila” asarlarini oʻrgandi.
866/1462-yilda Bulqiniy Suyutiyga yuqoridagi asarlarni mukammal oʻrgangani va fatvo bera olishi haqida ijozatnoma berdi [11:238-239].
Suyutiy shu yili oʻzining ilk asari – “Sharhul basmala val istiʼaza”ni yozdi. U oʻsha paytda 17 yoshda edi.
U bu asarini oʻz ustozi Bulqiniyga taqdim etib, asar uchun taqriz yozishni soʻradi. Ustozi unga taqriz yozib berdi. Bu voqeadan keyin, Bulqiniy vafot etguniga qadar Suyutiy undan fiqh ilmini oʻrganishda davom etdi. Ustozi vafot etgach, taʼlimni Bulqiniyning oʻgʻlida davom ettirdi [13:1/289].
Zamonasining koʻplab yetuk ilm ahllaridan taʼlim olgan Suyutiy, Sharafiddin Munoviy (vaf. 871/1467)dan fiqh va tafsirga oid bir qancha kitoblarni oʻrgangan [13:1/289].
Shuningdek, Taqiyyuddin Shibliy (vaf. 872/1468)dan toʻrt yil davomida hadis, arab tili va boshqa turli sohalarda ilm olgan. Ushbu davrda ustozi Suyutiy tomonidan yozilgan “Sharhul alfiya li ibn Malik” va “Jamʼul javamiʼ” kabi asarlarga taqriz yozishi bilan birga, boshqa baʼzi ilmiy izlanishlarda ham Suyutiyga yordam bergani maʼlum [11:245-246].
Suyutiyning yana bir ustozlaridan biri, ilmiy bilimi va taqvosi bilan mashhur boʻlgan Sayfiddin Muhammad ibn Qutlubgʻo Hanafiy (vaf. 881/1476) edi. Suyutiy u zotning huzurida, avvalo, Zamaxshariyning “Kashshof” asari va boshqa bir qancha kitoblarni oʻrgangan [11:242-243].
Suyutiy yana turk olimlaridan biri boʻlgan Muhyiddin Kofiyachining (vaf. 879/1474) huzurida oʻn toʻrt yil davomida tafsir, hadis, usul, arab tili va maoniy fanlarini oʻrgandi. Bu sohalar boʻyicha Kofiyachi unga ijozat berdi [11:243-244].
Suyutiy davrining boshqa yirik olimlaridan ham ilm olgan. Masalan, Taqiyyuddin Abu Bakr Shoda al-Haskafiy (vaf. 881/1476)dan qisqa muddat dars olgan. Ammo u ustozning shogirdlari tomonidan qilingan noxush muomala sababli bu darslarga qatnashishni toʻxtatgan [11:245].
Suyutiy oʻzi qatnashgan dars halqalarini quyidagicha tasvirlaydi: “Shanba, dushanba va payshanba kunlari erta tongdan peshin vaqtigacha Bulqiniyning darslariga qatnashar edim, peshindan asr vaqtigacha esa Shumunniyning (vaf. 872/1468) darslarida boʻlardim. Yakshanba va seshanba kunlari ertalablari shayx Sayfiddinning, tushdan keyin esa shayx Muhyiddin Kofiyachining darslariga qatnashardim” [11:240-241].
Suyutiy Misrning Dimyat shahri va atrofidagi hududlar, shuningdek, Suriya, Yaman, Hijoz, Hindiston, Magʻrib va Sudan yaqinidagi Tekrur kabi hududlarga ilmiy maqsadlarda safar qilgan. Ammo umrining katta qismini safarlarda oʻtkazmagan. Qohirada Shayxuniyadagi ilmiy markazda dars berishni boshlagach, uning shuhrati keng tarqalgan, hatto uning darslariga boshqa mudarrislar ham qatnashgan. U Tuluniylar masjidida fatvo bergan va hadislarni rivoyat qilgan.
1486-yilda xalifa Mutavakkil Aʼlalloh farmoni bilan Qohiraning eng yirik va boy Baybarsiya madrasasi shayxligiga tayinlangan. Sulton Qoyitbay hokimiyati-ning oxiriga qadar u ushbu vazifani bajarib, iqtisodiy jihatdan farovon hayot kechirgan. Bu davrda Suyutiy oʻz asarlarini yozish uchun koʻp vaqt topgan [8:11/259].
Suyutiy juda sermahsul olim boʻlib, deyarli barcha ilmiy sohalarda asar yozgan. U adabiyot, fiqh, hadis, kalom, nahv, tafsir, tarix, tabaqot (biografiya) va tasavvuf sohalarida qimmatli asarlar qoldirgan.
Suyutiy “Husnul muhazara” asarida hijriy 866-yilda (1462-63) tasnif ishini boshlaganini va shu vaqtgacha 300 ta asar yozganini zikr qilgan [13:1/289-294].
Keyinchalik yozilgan “At-tahaddus bi niʼmatillah” nomli asarida esa, katta hajmli yoki muxtasar boʻlgan jami 433 ta kitobining nomini sanab oʻtgan [11:105-136].
Suyutiyning shogirdlaridan boʻlgan Ibn Iyos (vaf. 930/1524) ustozi yozgan asarlarning soni 600 taga yetganini aytgan [12:1/14].
Boshqa bir shogirdi, Dovudiy (vaf. 945/1538), bu raqamni 500 ga yetishini taʼkidlagan [12:1/14]. Brokkelmanning maʼlumotiga koʻra, Suyutiy asarlari soni 415 ta. Sharqshunos Flugel esa 560 ta kitobning roʻyxatini keltirgan [7:143].
Suyutiy asarlarini toʻplashga bagʻishlangan kitoblar ham mavjud. Ahmad Sharqoviy Iqbolning “Maktabatul Jalal as-Suyutiy” nomli asarida Suyutiy tomonidan yozilgan 725 ta asar nomi keltirilgan [4:39].
Ahmad Xaznador va Muhammad Ibrohim Shayboniy tomonidan yozilgan “Dalilu maxtutot as-Suyutiy va amakinu vujudiha” asarida esa Suyutiyning 981 ta qoʻlyozmasi roʻyxatga olingan. Bu kitoblarda har bir asarning qayerda saqlanayotgani, agar chop etilgan boʻlsa, qaysi nashriyot tomonidan chop etilgani haqida maʼlumotlar berilgan.
Suyutiy asarlarining soni haqida turli raqamlar berilmoqda, taxminan 500 dan 600 gacha. Biroq hali nashr etilmagan qoʻlyozma asarlari hisobga olinsa, bu raqam yanada ortishi mumkin. Asarlarning soniga oid raqamlar orasidagi farq ayrim kichik asarlarning birlashtirilib, bitta asar sifatida hisoblangan boʻlishi ehtimoli bilan izohlanadi.
Suyutiyning bu qadar koʻp asarlarni qisqa hayotiga sigʻdira olishi masalasi koʻp munozaralarga sabab boʻlgan.
Zamondoshlari orasida Suyutiyga xayrixoh boʻlmagan katta olimlardan biri boʻlgan Saxoviy (vaf. 902/1497), Suyutiy ilgari yozilgan kitoblardan foydalanib, ularga ayrim oʻzgartirishlar kiritib, oʻz nomi bilan eʼlon qilganini daʼvo qilgan [10:4/36].
Suyutiy bu daʼvolarni rad etib, avvalgi olimlarning fikrlaridan foydalanganini, ammo barcha asarlarini oʻzi mustaqil tarzda yozganini taʼkidlagan [14:2/949-952].
U bilan Saxoviy oʻrtasidagi bahslarning tub sabablarining boshqa omillar bilan bogʻliq ekani koʻp olimlar tomonidan qayd etilgan.
Suyutiyning bu darajada koʻp asar yoza olganining asosiy sabablari qilib quyidagilarni koʻrsatishimiz mumkin:
Suyutiyning yoshligidan ilmga kirishgani va otasi katta olimlardan boʻlgani;
Kitob yozishda tezkor boʻlgani. Shogirdi Dovudiy ustozining bir kunda uchta kichik hajmli asar yoza olishini aytgan [5:10/76];
Qirq yoshidan keyin dars berish va fatvolardan boʻshab, oʻzini ibodatga va yozgan hamda yozadigan asarlariga bagʻishlashi. Shogirdi Shoziliy aytadi: “Shayximiz qirq yoshdan oshganida oʻzini butunlay ibodatga bagʻishladi. U hayotini Alloh uchun atab, dunyo hamda odamlardan uzoqlashishni boshladi. Oʻz asarlarini qayta koʻrib chiqishga kirishdi. Dars berish va fatvo berishni esa toʻxtatdi” [5:10/76];
Ixtilofli masalalarda kichik raddiya asarlar yozishi;
Suyutiy asarlarining koʻpchiligi kichik hajmli asarlar goʻyo hozirgi kundagi maqolalar singari. Ammo tabiiyki, u zotning bir nechta mujalladlarni oʻz ichiga oladigan katta asarlari ham talaygina;
Eng oxirgi sabab, u zotning umriga Alloh baraka bergani hamda u zot vaqtining qadrini bilganidir.
Koʻrib turganingizdek, alloma Suyutiyning juda ham koʻp asarlari bor ekan. Ularning hammasini bu yerda zikr qilishning iloji yoʻq. Shuning uchun eng mashhur asarlarini keltirib oʻtish bilan cheklanamiz. Zero, asarlari borasida yozilgan kitoblarga yuqorida ishora qildik. Alloma Suyutiy Qurʼon ilmlari borasida “Al-itqon fi ulumil Qurʼan”, tafsir ilmida “Tafsiru Jalolayn”, hadis ilmida “Tadribur roviy”, fiqh ilmida “Ashboh van nazoir”, “Al-havi lil fatavo”, arab tili borasida “Iqtiroh fi usulin nahv”, tarix borasida “Tarixul xulafo”, “Husnul muhazara”, biografiya yoʻnalishida “Taboqotul huffaz” asarlarini yozgan. Bulardan tashqari, Suyutiy olti hadis kitobga (Sahihul Buxoriy, Sahihi Muslim, Sunani Abu Dovud, Sunani Termiziy, Sunani Nasoiy, Sunani Ibn Moja) hamda Muvattoi Molik va Musnadi Ahmadga sharh va hoshiyalar bitgan. Suyutiyning eng ajib asarlaridan tibbiyot borasida yozilgan “Ar-rahma fit tibb val hikama” asarini, Ibn Arabiyni himoya qilib yozgan “Tanbehul gʻobiy bi tabriati Ibn Arabiy” asarini, tushkun vaziyatga tushib qolganida yozgan “Maqomatul luʼluʼiyya” asarini, er-xotin munosabatlari borasida yozgan “Salas nusus fil jins”, “Kitabul vishah fi favaidin nikah” asarlarini keltirishimiz mumkin.
Suyutiy umrining oxirida chap qoʻlida paydo boʻlgan shish natijasida kasallangan. Bir hafta davomida Ravza degan joydagi uyida kasal yotganidan soʻng, hijriy 911-yil Jumodul avval oyining 19-kuni (1505-yil 18-oktyabr) juma kuni saharda vafot etgan. Hijriy taqvimga koʻra, uning hayoti 61 yil, 10 oy va 18 kun davom etgan. U Babul Qarofa (Qarofa eshigi) tashqarisida joylashgan Qusun hovlisiga dafn etilgan [12:1/15].
Manbalarda Suyutiy otasi dafn qilingan joyga dafn qilingani aytiladi. Suyutiyning onasi oldinroq Qarofada eri uchun juda ham goʻzal maqbara qurdirgan edi [1:6]. Yuqorida zikr qilingan joy oʻsha boʻlsa, ajab emas.
Suyutiyning qabri uzoq yillar davomida odamlar ziyorat qiladigan joyga aylangan. Ahmad Temurning maʼlumot berishicha, Asyutdagi Jaloliddin Suyutiy masjidi yonida bir maqbara bor ekan. Bilmaganlar uni Jaloliddin Suyutiyning qabri, deb oʻylar ekan. Har yili Shaʼbon oyining 28-kunida odamlar bu masjidda toʻplanib Suyutiyga bagʻishlab, Qurʼon qiroat qilar ekan [1:22].
Jaloliddin Suyutiyning boy ilmiy merosi hali ham keng tadqiqot va tahlilga muhtoj. Uning asarlari nafaqat diniy ilm-fan rivojiga hissa qoʻshgan, balki butun musulmon olamining madaniy va maʼnaviy rivojida muhim oʻrin tutgan. Shulardan kelib chiqib, quyidagi takliflarni bildirmoqchimiz:
Suyutiyning asosiy asarlarini zamonaviy ilm asosida tahlil qilish va qayta nashr etish;
Uning ilmiy merosini tadqiq etish boʻyicha ilmiy konferensiya va seminarlar tashkil etish.
Ushbu xulosalar orqali Jaloliddin Suyutiyning ilmiy merosi keng jamoatchilik tomonidan yanada koʻproq baholanadi va ilmiy tadqiqotlarda yangi yoʻnalishlarga yoʻl ochiladi.
-
Ahmad Temur. Qobrul imam as-Suyutiy va tahqiqul mavziʼihi. – Qohira: Matbaʼatus silafiyya, 1928.
-
Aydarusiy. Tarixun nuris safir aʼn axbaril qornil aʼshir. – Bayrut: Doru sodir, 2001.
-
Badeʼ Sayyid Lahhom. Al-imam al-hafiz Jaloliddin Suyutiy va juhuduhu fil hadis va ulumih. – Damashq: Doru Qutayba, 1994.
-
Iqbol Ahmad Sharqoviy. Maktabatul Jalol Suyutiy. – Rabot: Dorul magʻrib, 1977.
-
Ibnul Iʼmod. Shazarotuz zahab. – Bayrut: Doru ibn Kasir, 1993.
-
Mahmud Janob Shahobiddin Tekindagʻ. Memlûk Sultanlığı tarihine toplu bir bakiş (Mamluk sultonligi tarixiga umumiy nuqtai-nazar). İÜEF Tarix jurnali. – Istanbul, 1971.
-
Mustafo Shakaʼ. Jaloliddin Suyutiy masiyrotuhu al-iʼlmiy va mabahisuhu al-lugʻaviy. – Qohira: Mustafo Bobul Halabiy, 1981.
-
Qoraxon Abdulqodir “Suyutiy” moddasi. Islom ensiklopediyasi, 11-juz.
-
Sartain Elisabeth. Jaloliddin Suyutiy hayoti va asarlari. Tarjimon: Hasan Nuriddin. – Istanbul: Gelenek yayincilik, 2002.
-
Shamsiddin Muhammad ibn Abdurahmon Saxoviy. Zovʼul Lamiʼ liahlil qornit tasiʼ. – Bayrut: Dorul jiyl, 1992.
-
Suyutiy. At-tahaddus bi niʼmatillah. Tahqiq: Elisabeth Sartain. – Qohira: Matbaatul arobiyya alhadiysa, 1973.
-
Suyutiy. Bugʻyatul vuaʼt fi tobaqotil lugʻaviyyiyna van nuhat. Tahqiq: Muhammad Abulfazl Ibrohim. – Damashq: Dorul fikr, 1979.
-
Suyutiy. Husnul muhazara fi axbari Misr val Qohira. – Bayrut: Doru kutubil ilmiyya, 1997.
-
Suyutiy. Sharhu maqomatu Jaloliddin Suyutiy. Tahqiq: Mahmud Darubiy. – Bayrut: Muassasatur risala, 1989.
-
Tohir Sulaymon Hammuda. Jaloliddin Suyutiy aʼsruhu va hayatuhu va asaruhu va juhuduhu fid darsil lugʻaviy. – Bayrut: Maktabatul islomiy, 1989.