Home / VIDЕOLAR / Tanishing! Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturining navbatdagi sovrindori — Raden Intan islom universiteti oʻqituvchisi Damanhuri ARMADI (Indoneziya)

Tanishing! Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturining navbatdagi sovrindori — Raden Intan islom universiteti oʻqituvchisi Damanhuri ARMADI (Indoneziya)

Avvalo, fikr bildirish imkoni berilgani uchun chuqur minnatdorlik izhor etmoqchiman.

Ismim Damanhuri, Indoneziyadagi Raden Intan islom universiteti huzuridagi Islom taʼlimi kollejida oʻqituvchilik qilaman. Bakalavr darajasini arab tili taʼlimi boʻyicha olganman, magistrlik va doktorlikni esa islom taʼlimi va islomshunoslik yoʻnalishlarida himoya qilganman.

Indoneziya jamiyatida Oʻzbekiston, ayniqsa, Samarqandga yuksak hurmat bilan qaraladi. Bizning nazdimizda Indoneziyada islom dinini ilk bor targʻib qilgan zotlardan biri Ibrohim Samarqandiy boʻlgan. U kishi mashhur avliyolardan boʻlmish Sunan Ambelning otasi sifatida ham eʼtirof etiladi.

Ibrohim Samarqandiyning “Bahjatul ulum” (Ilmlar sururi) va gʻofillikdan ogohlantiruvchi asarlari Indoneziyadagi islomiy taʼlim muassasalarida keng oʻrganiladi. Bu meros yurtimizda diniy-maʼrifiy taʼlimning muhim manbalaridan hisoblanadi.

Shu bois Oʻzbekistonni nafaqat tarixiy, balki islomiy maʼrifat nuqtayi nazaridan ham alohida ahamiyatga ega yurt sifatida bilamiz. Shundan boʻlsa kerak, ikki mamlakat aloqalari faqat rasmiy emas, balki maʼnaviy va ilmiy negizlarga ham tayanadi.

Albatta, Imom Buxoriyning nomi bizning jamiyatda ham alohida ulugʻlanadi va qadrlanadi. Zero, uning “Sahih” toʻplami musulmonlar uchun Qurʼoni karimdan keyingi eng muhim manbadir.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida izlanishlar olib borishni oʻzim uchun katta sharaf deb bilaman. Bu yerdagi ilmiy muhit, tadqiqotchilar bilan qiziqarli muloqotlar, kutubxona resurslaridan foydalanish – barchasi menga yangi ilhom bagʻishlab, ishtiyoqimni oshirmoqda.

Fikri ojizimcha, ushbu Markaz yaqin kelajakda nafaqat Oʻzbekiston, balki butun islom olamining muhim ilmiy maskaniga aylanadi. Bizning vazifamiz – Islom sivilizatsiyasining “oltin davri”ni qaytarish va uning maʼrifiy anʼanalarini davom ettirish.

Shu jarayonda qatnashish imkoniyatiga ega boʻlganim uchun Markaz rahbariyati va jamoasiga samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Tashakkur!

Tas-ix:

Check Also

SALOMNING FAZILATI

Tas-ix: