Islom sivilizatsiyasining yuksak maʼnaviy va ilmiy merosi qisman Markaziy Osiyodagi qishloq va shaharlarning boy tarixidan ham tashkil topgan. Uning muhim boʻgʻinlaridan biri Dabusiya shahridir. VIII-XI asrlarda Dabusiya ilmiy, iqtisodiy va harbiy jihatdan yuksak darajada rivojlangan. Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi qadimiy savdo yoʻlida joylashgan boʻlib, tarixiy, iqtisodiy va ilmiy jihatdan katta ahamiyatga ega maskan hisoblangan. Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar Narshaxiy “Buxoro tarixi” asarida bunday deydi: “Hali Buxoro shahri vujudga kelmagan, faqat qishloqlaridan baʼzilari paydo boʻlgan edi. Nur, Xarqonrud, Vardona, Tarovcha, Safna va Isvona oʻsha qishloqlar jumlasidandir. Hukmdor turadigan katta qishloq Boykand (Poykand) edi. Shahar “Qalʼayi Dabusiy” – “Dabusiy qalʼasi” boʻlib, shahar deb shuni atar edilar [1]”.
Dabusiya yodgorligi Samarqand viloyati, Paxtachi tumani Dabusqalʼa qishlogʻining shimoliy tomonida, Zarafshon daryosining chap qirgʻogʻida joylashgan.
Dabusiya nafaqat tarixiy maskan, balki ulugʻ allomalar vatani hamdir. Jumladan, Oʻrta asrlarda bu shahardan Abdulgʻushaym Zulaym ibn Hatit ibn Dovud Sulaymon ibn Mahni ibn Abdulloh Dabusiy (vaf. 866-y.)[2], Abu Zayd Ubaydulloh ibn Umar ibn Iso Dabusiy (978-1039-y.), Abulfath Maymun ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Bakr Dabusiy (1067-1137-y.)[3] va Abu Nun Yunus ibn Ibrohim ibn Abdulqaviy ibn Qosim ibn Dovud Dabusiy (1237-1329-y.)[4] kabi koʻplab mutafakkirlar yetishib chiqib, diniy va dunyoviy ilmlarning turli sohalarida faoliyat yuritgan.
Dabusiyalik buyuk allomalardan biri Abulqosim Dabusiydir. Toʻliq ismi – Abulqosim Ali ibn Abu Yaʼlo Muzaffar ibn Zayd ibn Hamza ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Hasan ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib Alaviy Husayniy[5] Dabusiy. Nasab jihatidan Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning oʻgʻli Imom Husayn roziyallohu anhuga borib taqaladi. Shu bois Husayniy va Sayyid (Sayyid Abulqosim Dabusiy) nisbalari bilan ham zikr etilgan.
Abulqosim Dabusiy boshlangʻich taʼlimni Dabusiyada Abu Amr Muhammad ibn Abdulaziz Qantariydan olgan. Soʻng Buxoro, Samarqand, Marv, Nishopur, Isfahon, Bagʻdod kabi shaharlarda Abu Sahl Ahmad ibn Ali Abivardiy, Abu Masʼud Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh Bajliy, Abu Sahl Abdulkarim ibn Abdurahmon, Kulaboziy va Abulhasan Ali ibn Ahmad Ansoriy Astraboziy kabi ulamolardan tahsil koʻrgan va hadislar rivoyat qilgan[6].
Alloma shofeiy mazhabining yetuk imomi, muhaddis, faqih va adib boʻlib, arab tili, usul, kalom va fiqh sohalarida chuqur qomusiy bilimlarni egallangan. Hozirjavobligi, notiqligi, bahs-munozarada hujjat va dalil bilan soʻzlashi, husni xulqi va saxovati bilan tanilgan.
Abulqosim Dabusiy 479/1086-yili Bagʻdodga borib, “Nizomiya” madrasasida mudarrislik qilgan. Shu asnoda koʻhna Bagʻdodning yetuk ulamolari bilan boʻladigan ilmiy muhokama va munozaralarda qatnashgan va ulardan hadislar yozib olgan[7].
Ibn Samʼoniy uning faoliyati haqida bunday deydi: “Abulqosim Dabusiy Abulmaoniy Juvayniy bilan Naysaburda bir masalada bahslashib qoladi. Dabusiy ustun kela boshlaydi. Bu holat Juvayniyning tarafdorlari tomonidan qoʻpollik bilan qarshi olinadi. Dabusiy bundan norozi boʻlib, Naysaburdan chiqib Asbahonga ketadi. Bu voqeaning xabari vazir Nizomulmulkka yetib boradi. U tafsilotlarni oʻrganib chiqadi va Dabusiyning soʻzlari va keltirgan dalillari ustun kelganiga ishonch hosil qiladi”.
Abulqosim Dabusiy koʻplab shogirdlar yetishtirgan. Jumladan, Abdulkarim Samʼoniyning “Ansob” asarida keltirilishicha: “Marv shahrida Abu Fazl Muhammad ibn Abu Nasr Masʼudiy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Muhammad ibn Abu Zarr Salomiy Javboniy (1058-1135), Banjdiyada Abu Fazl Abdurahmon ibn Hasan Sayrafiy, Asbahonda Abu Jaʼfar Muhammad ibn Ali ibn Muhammad Sufliy, Abu Abbos Ahmad ibn Fazl, Erondagi Burujird shahrida Abu Agʻnam Muzaffar ibn Husayn Mufazzaliy va Bagʻdodda Abul Barakot Abdulvahhob ibn Muborak Anmotiy kabi allomalar Abulqosim Dabusiydan hadis rivoyat qilgan”[8].
Samʼoniy “At-Tajbir fil moʻjamil kabir” asarida yozadi: “Abu Muhammad Abdulloh Fanduniy Abulqosim Dabusiydan koʻplab hadis tinglab, yozib olgan”[9]. Shuningdek Hibatulloh ibn Saqatiy, Abulizza Qalonisiy, Abul Barakot ibn Saqatiy, Abu Fazl Abdurahmon ibn Hasan Sharrofiy kabi allomalar ham Abulqosim Dabusiydan hadis rivoyat qilgan.
Shamsiddin Zahabiyning “Siyar aʼlomin nubalo” asarida keltirilishicha: “Hibatulloh ibn Saqatiy ustoziga: “Abulqosim Dabusiy shofeiy mazhabining yetuk va taniqli imomi, oʻz zamonasining tengi yoʻq allomasi, Qurʼon ilmi, hadis, aqida, fiqh, usul, lugʻat va arab tili kabi fanlarni mukammal oʻzlashtirgan, ijtihod borasida mujtahid darajasiga yetishgan, munozaralarda qoʻli baland kelib, fasohat bilan hal qiluvchi va fatvolari muvofiq kelguvchi olim edi”[10], deb taʼrif bergan”.
Abulqosim Dabusiy 482/1089-yili shaʼbon (oktyabr) oyida Bagʻdodda vafot etgan[11]. Baʼzi manbalarda uning vafoti jumodus soniy oyining 20 kuni (29-avgust) deb koʻrsatilgan[12].
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Abulqosim Dabusiy islom dunyosida oʻz bilimi, fiqh borasidagi yetukligi va bahs-munozaralardagi mahoratli uslubi bilan tanilgan olim boʻlgan. U ilmga bagʻishlangan hayoti, teran bilimi, ilmiy merosi va yetishtirgan shogirdlari orqali nafaqat oʻz davrida, balki keyingi asrlarda ham ilm ahli orasida chuqur hurmat bilan tilga olingan. Albatta, uning ilmiy merosi bugungi yoshlar uchun ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.