Home / VIDЕOLAR / “SAMARQANDDA ILM BOR, IRFON BOR, EHTIROM BOR”

“SAMARQANDDA ILM BOR, IRFON BOR, EHTIROM BOR”

Doktor Azziddin Mamish – Qatar universitetining ISESCO kafedrasi mudiri

 

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Men, Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom hamkorlik tashkilotining xalqaro muassasasi — ISESCOning Qatardagi vakilligi, Qatar Universiteti Shariat fakulteti huzurida faoliyat yuritayotgan boshqarma nomidan kelib mehmon boʻlib turganimdan xursandman.

Oʻzbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm kabi shaharlarining oʻziga xos tarixiy va maʼnaviy manzaralaridan bahramand boʻldim. Ayniqsa, Samarqand shahri menda unutilmas taassurot qoldirdi. Samarqand — bu shunday shaharki, uni qancha taʼriflasak-da, vasfiga yetib boʻlmaydi. Bu shahar oʻz vaqtida ilm-fan markazi sifatida tanilgan, islom ilmlari, riyoziyot, falakiyot va insoniyat hayotiga daxldor koʻplab ilmlarning beshigi boʻlgan. Buyuk Ipak yoʻli va u orqali rivojlangan savdo-iqtisodiy aloqalar Samarqandni chetlab oʻtmagan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga ziyoratim davomida men bu maskanning islom olami va jahon tamadduniga qoʻshayotgan hissasidan, ulkan salohiyati va binosining salobati, zamonaviy infratuzilmasi, koʻrsatayotgan mehmondoʻstligidan juda taʼsirlandim. Bu yerga bir bor kelgan kishi Imom Buxoriy merosining qadri va uni oʻrganish masʼuliyatini yuragi bilan his etadi. Allohning Kitobidan keyingi eng sahih manbalardan biri — “Sahihul Buxoriy”ni va uning muallifini oʻrganish ulugʻ saʼy-harakat talab qiladi.

Bu borada bir shoirning quyidagi satrlari yodimga tushdi:

 Bir guruh kishilar oʻzaro tortishib soʻrashdi:

“Buxoriymi yo Muslimmi — qaysini ilgari qoʻysang?”

Dedim: “Sahihlikda Buxoriy ustunroq,

Sanʼatda esa Muslim yetuk va mukammal!”

Imom Buxoriy markazida faqat u zotninggina emas, balki boshqa muhaddislar va turli ilm sohalarida faoliyat yuritgan ulugʻ ulamolarning merosini oʻrganish, targʻib etish, jamiyatga yetkazish borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Markaz kutubxonasida zamonaviy nashrlar bilan bir qatorda nodir qoʻlyozmalar saqlanmoqda. Ularni raqamlashtirish va keng jamoatchilikka taqdim etish maqsadida elektron baza shakllantirilmoqda.

Bizning tashrifimizdan koʻzlangan asosiy maqsad — markaz bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻldi. Markaz rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda bu boradagi kelishuvning dastlabki bosqichiga kirishdik. Ishonamanki, ushbu hamkorlik ikki tomonlama samarali boʻlib, jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi.

Markazga yaqin joyda tashkil etilgan Hadis maktabida talabalar olti buyuk muhaddisning asarlarini yod olmoqda. Bu holat koʻplab arab davlatlarida ham uchramaydigan, juda oʻziga xos va yuqori saviyadagi taʼlim jarayonini namoyon etadi.

Shuningdek, bu diyordagi meʼmoriy obidalarning salobati insonni oʻziga rom etadi. Goʻyo har bir binoda tarix soʻzlayotgandek, maʼnaviyat hayotiy tajriba bilan uygʻunlashganini his etasiz.

Tas-ix:

Check Also

MOʻMINLAR MASLAHAT BILAN ISH TUTADI

Tas-ix: