Home / YANGILIKLAR / BOSH MAQSAD — MILLIY OʻZLIGIMIZNI ANGLASH VA TARGʻIB ETISH

BOSH MAQSAD — MILLIY OʻZLIGIMIZNI ANGLASH VA TARGʻIB ETISH

Oʻtgan har bir soniya — tarix. Bu tarixning qanday yozilishi esa jamiyat, insonlar hamda davlat boshqaruvi tizimi qay darajada oqilona va adolatli ekaniga bogʻliq. Yangi Oʻzbekiston davrining oʻtgan toʻqqiz yili xalqimiz hayotida unutilmas voqealar, yuksak natijalar bilan yodda qoldi. Boshqacha aytganda, oʻzbek davlatchiligi buyuk oʻzgarishlar va samarali islohotlar bilan boyigan, inson qadri eng oliy qadriyatga aylangan, milliy maʼnaviyat va madaniy merosga munosabat yuksak bosqichga koʻtarilgan davr sifatida tarix zarvaraqlaridan joy olmoqda.

Bugun yurtimizning boy tarixini chuqur oʻrganish, bu yoʻnalishda ilmiy tadqiqot faoliyatini jadallashtirish, yosh avlodni milliy qadriyatlar va ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida tarbiyalash, jamiyatda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash yangi Oʻzbekiston strategiyasining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan.

Milliy tarix, madaniyat va maʼnaviyatga chuqur hurmat, ularni asrab-avaylash va yanada boyitish, shu bilan birga, yosh avlodni umuminsoniy va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash taraqqiyotga intilayotgan har qanday jamiyat uchun hal qiluvchi omildir. Ana shu haqiqat yangi Oʻzbekiston davrida barcha sohalarda namoyon boʻlmoqda.

Keyingi yillarda yurtimizda tarixni xolis va haqqoniy oʻrganish, ochilmagan sahifalarni tadqiq etish borasida keng imkoniyatlar yaratildi. Xususan, 2017-2021-yillar davomida Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi milliy maʼnaviyat va maʼrifatimiz yuksak qadrlanganining yorqin ifodasidir.

Bugun mazkur markazlarda bajarilayotgan fundamental tadqiqotlar nafaqat yurtimizda, balki xalqaro doirada ham katta qiziqish uygʻotmoqda. Bu markazlar dunyoning yuzdan ortiq davlati va nufuzli ilmiy muassasasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

Bunday samarali aloqalar tufayli yurtimizga tegishli, bir paytlar turli sabablarga koʻra xorijga olib ketilgan minglab tarixiy merosimiz oʻz vataniga qaytarilmoqda. Jahonning nufuzli muzeylari va fondlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, ularda Oʻzbekistonning boy madaniy merosi keng namoyish etilayotir.

2022-yilda Fransiyaning mashhur Luvr muzeyida oʻtkazilgan milliy meros koʻrgazmasi buning yaqqol isbotidir. Besh oy mobaynida davom etgan mazkur koʻrgazma 260 mingdan ziyod tomoshabinni jalb qildi. Koʻrgazmada yurtimiz muzeylarida saqlanayotgan 138 ta qimmatli eksponat namoyish etildi. Ular orasida kulollik, yogʻoch, metall, devoriy sanʼat va qogʻozga oid 70 dan ortiq nodir buyum restavratsiya qilinib, ilk bor xalqaro maydonga olib chiqildi.

Yangi Oʻzbekiston tarixi islohotlar va yutuqlar tarixi boʻlib, uning ajralmas bir qismi milliy oʻzlikni anglash, milliy meros va maʼnaviyatni yuksaltirishga qaratilgan ulkan ishlardir. Millat tarixi va madaniyatiga chuqur hurmat faqat ilmiy tadqiqot emas, balki yangi avlod ongini shakllantirish, kelajak taraqqiyotiga qoʻyilgan mustahkam poydevor hisoblanadi.

Shu bois, bugungi kunda tarixga eʼtibor kelajakka investitsiya sifatida qaralmoqda. Yangi Oʻzbekistonda tarixiy xotira, milliy meros va maʼnaviy qadriyatlar davlat siyosati darajasida eʼzozlanmoqda. Bu esa, shubhasiz, milliy ruhni mustahkamlaydi, xalqning oʻzligi va qadr-qimmatini yanada yuksaltirib, yangi taraqqiyot bosqichiga yoʻl ochadi.

Mustaqillik monumenti, Gʻalaba bogʻi, Adiblar xiyoboni kabi maʼnaviy maskanlarda shoir va yozuvchilarimizning haykal va byustlari oʻrnatilib, ularning xotirasiga munosib hurmat koʻrsatildi. Bu maskanlar xalqimiz, ayniqsa, yoshlar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladigan mazmunli makonga aylandi.

2019-yil 15-oktyabr kuni Ozarbayjondagi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida Prezidentimiz “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildli toʻplamni har bir mamlakatning ona tilida nashr etish gʻoyasini ilgari surgan edi. Ushbu tashabbus asosida ilk bor Oʻzbekistonda mazkur toʻplam nashr etildi va turkiy dunyo kutubxonalaridan munosib oʻrin egalladi. Bu orqali turkiy xalqlar adabiyotining maʼnaviy merosi yanada yaqinlashdi, qalblar va xalqlar oʻrtasida koʻpriklar barpo etildi.

Vatanimizning uch ming yillikdan ziyod tarixini chuqur va xolis oʻrganish, uni xalqimiz va jahon jamoatchiligiga keng targʻib etish maqsadida ham qator ishlar qilindi. Prezidentimiz qarori bilan 2019-yil 1-sentyabrdan faoliyatini boshlagan “Oʻzbekiston tarixi” telekanali bu borada muhim vazifani bajarib kelmoqda. Bugun u koʻplab mamlakatlarda tomoshabinlar qalbidan oʻrin olgan televideniye platformasiga aylanmoqda.

Shu bilan birga, kino sanʼati orqali tarix va maʼrifatni targʻib etishga ham jiddiy eʼtibor qaratildi. “Xalq yuragi” turkumi ostida 24 ta hujjatli film yaratildi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Avloniy, Abdulla Qahhor, Zulfiya, Muhammad Yusuf kabi buyuk adiblarimiz hayoti va ijodi haqidagi ushbu filmlar xalqimiz qalbidan chuqur joy oldi.

2024-yil 16-may kuni davlatimiz rahbarining Kinochilar uyiga tashrifi, kino sohasi vakillari bilan uchrashuvi, Oʻzbekiston kino sanʼati muzeyini koʻzdan kechirishi kinematografiyadagi yana bir muhim bosqichni boshlab berdi. Unda 2024-2027-yillarga moʻljallangan “Tirik tarix” strategik dasturi taqdim qilindi. Bu loyiha vatanimizning eng qadimgi tarixidan to yaqin oʻtmishgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olgan, milliy gʻururni oshirish, tarixni xolis aks ettirishni maqsad qilgan yirik media-loyihadir.

Prezidentimizning 2024-yil 5-iyundagi “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bagʻishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ushbu loyihaga qonuniy va moliyaviy poydevor boʻldi. Bu qaror orqali kinematografiya yangi bosqichga koʻtarildi, milliy davlatchiligimiz va tarixiy shaxslarimiz hayotini ekran orqali keng namoyon etish imkoni yaratildi.

“Tirik tarix” dasturi doirasida koʻplab badiiy va badiiy-publitsistik filmlar ishlanmoqda. Ular orasida “Bahodir Yalangtoʻsh”, “Ajiniyoz”, “Maxtumquli Firogʻiy” kabi filmlar xalqaro kinofestivallarda yuqori baholarga sazovor boʻldi. Shu yil oxiriga qadar buyuk sarkarda Amir
Temurga bagʻishlangan “Ulugʻ Amir va Donna Mariya” badiiy filmi hamda Ikkinchi jahon urushi qahramoni Mamadali Topvoldiyev haqidagi film tomoshabinlar eʼtiboriga havola etilishi rejalashtirilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, yangi Oʻzbekiston davrida adabiyot, tarix va kino sohalaridagi keng qamrovli islohotlar milliy maʼnaviyatni yuksaltirish, xalqning oʻzligini anglash, tarixiy xotirani tiklash va uni dunyoga tanitishda muhim qadamdir. Chunki millatni millat qiladigan asosiy unsur uning tarixi, adabiyoti va maʼnaviyatidir.

Buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganish, milliy maʼnaviy xazinamizni keng namoyon etish borasida bugungi kunda, ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati beqiyos. Ushbu markaz xalqimizning maʼnaviy qudrati, ilmiy va madaniy salohiyati ramzi sifatida yangi Oʻzbekiston davrida barpo etilgan eng yirik va betakror obidalardan biridir. Markaz tarixiy mazmunga boy, zamonaviy arxitektura yechimlari bilan jahonda yagona boʻlgan ilm-maʼrifat qasriga aylanmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 23-iyundagi qarori asosida tashkil etilgan mazkur markazning tamal toshi 2018-yilda, Ramazon hayitining muborak kunlarida qoʻyilgan. Bugun bu majmua “tarix, bugun va kelajakni bogʻlovchi, taraqqiyotimiz yoʻnalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi” sifatida shakllanmoqda.

Uch qavatdan iborat markaz qadimiy meʼmorlik anʼanalari asosida barpo etilmoqda. Majmua 34 metrli peshtoqlar bilan toʻrt tomonlama oʻralgan boʻlib, uning markazida 65 metrli bosh gumbaz qad rostlagan. Markazning yuragi sanalmish Qurʼoni karim zalida islom olamidagi eng qadimiy muqaddas manbalardan biri — Usmon Musʼhafi namoyish etiladi.

Bu yerdan somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, Oʻzbekxon, temuriylar va boshqa sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitoblar, ularning oʻzbek tilidagi tarjimalari, shuningdek, jahondagi eng nodir Qurʼon qoʻlyozmalari ham joy oladi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, avvallari bizga nomaʼlum boʻlib kelgan minglab yodgorliklar, manbalar va asarlar bugun ana shu markaz tufayli xalqimizga qaytarilmoqda, tadqiq etilmoqda, ommaga yetkazilmoqda.

Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “Oʻzbekiston XX asrda”, “Yangi Oʻzbekiston — yangi Renessans” kabi boʻlimlar tashkil etilib, ular orqali yurtimiz tarixidagi eng yorqin davrlar, maʼrifat va ilm-fan rivoji namoyon etiladi.

Oʻlkamizning Xorazmiy, Fargʻoniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Margʻinoniy, Zamahshariy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ali Qushchi kabi farzandlarining ilmiy va maʼrifiy merosi keng yoritiladi. Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqshband kabi islom ulamolarining maʼnaviyat taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi taqdim etiladi.

Oʻtmishda ilm-fan va maʼrifat taraqqiyotiga hissa qoʻshgan Bibixonim, Gavharshodbegim, Xonzodabegim, Nodira, Uvaysiy, Anbar Otin kabi alloma xotin-qizlarimizga alohida boʻlimlar ajratilgani ayni muddaodir.

Markazda zamonaviy multimedia vositalari, interaktiv suratlar, 3D maketlar, video-ekspozitsiyalar orqali koʻrgazmalar tashkil etiladi. “Vaqt devori”, virtual sayohatlar, axborot-resurs markazi kabi yechimlar bu yerga tashrif buyurgan har bir insonni uzoq tarix safariga yetaklaydi.

Bundan tashqari, markazda boy muzey va kutubxona, xalqaro anjumanlar zali, arxiv, qoʻlyozmalar fondi, ilmiy akademiya ham faoliyat yuritadi. Ularning fondlarini nafaqat yurtimizdagi, balki dunyodagi koʻplab muzey va arxivlardan keltirilgan nodir asarlar bilan boyitish davom etmoqda. 300 oʻrinli konferensiya zali va ilmiy tadqiqot uchun maxsus laboratoriyalar ham tashkil qilinmoqda.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bu markaz “oʻzimizning meʼmoriy tajribamiz, yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlik maktabi va ilmiy-maʼnaviy salohiyatimiz ramzi sifatida tarixga kiradi”. Bu yerdagi har bir boʻlim, har bir ekspozitsiya, har bir tarixiy asar bizni oʻzligimiz, kelib chiqishimiz, ota-bobolarimizning buyuk merosi bilan yanada yaqinroq tanishtiradi.

Islom sivilizatsiyasi markazi ming yillar avval asos solingan buyuk sivilizatsiyalar davomiyligining, yangi milliy uygʻonish va maʼnaviy tiklanishning amaldagi ifodasidir.

Yangi Oʻzbekiston zaminida barpo etilayotgan har bir obida xalqimizning maʼnaviy uygʻonishi, ilmiy merosimizga hurmat va eʼtibor ifoda etadi. Bugungi kunda Samarqand viloyatining Payariq tumanida qaytadan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi bu yoʻnalishdagi eng muhtasham inshootlardan biridir.

Tubdan qayta barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi umumiy 44 gektar maydonni qamrab olgan. Majmuadagi 10 ming kishiga moʻljallangan masjid, 75 metrli toʻrtta minora va mahobatli maqbara uning ulugʻvorligini yanada oshirgan. Shu bilan birga, bu yerda muzey, ayvonlar, maʼmuriy va xizmat koʻrsatish binolari, xiyobonlar, toʻrtta tahoratxona va ikki ming oʻrinli yigirmadan ortiq mehmonxona qurilmoqda.

Soʻnggi yillarda yurtimizda islom maʼrifatiga xos ilm-fan va diniy merosga yuksak eʼtibor Imom Abu Mansur Moturidiy shaxsi misolida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bu yoʻnalishdagi muhim ilmiy maydonga aylandi.

Markaz Imom Moturidiy va izdoshlarining aqida, kalom va maʼrifat sohasidagi ulkan merosini chuqur oʻrganish, asarlarini tarjima qilish, xalqchil risolalar, ensiklopediya va kataloglar tayyorlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish vazifalarini amalga oshirmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 14-martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori esa bu jarayonni yangi bosqichga olib chiqdi. Qarorda Imom Moturidiy merosini chuqur tadqiq etish, asarlarini keng jamoatchilikka yetkazish, xalqaro miqyosda ham hamkorlikni mustahkamlash kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Shu kunlarda “Tirik tarix” dasturi doirasida “Imom Moturidiy” badiiy filmi suratga olinayotgani bu ulugʻ zotning shaxsiyati va taʼlimotiga yuksak eʼtiborning yaqqol isbotidir.

Bir soʻz bilan aytganda, Samarqandda barpo etilayotgan Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualari xalqimizning yuksak maʼnaviy madaniyati, ilmga muhabbati, ajdodlar merosiga sadoqat va shu orqali dunyo tamadduniga qoʻshilayotgan beqiyos hissasining yorqin ifodasidir.

2017-yilda tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan shu kunga qadar Imom Buxoriy va boshqa allomalar qalamiga mansub 49 nomdagi noyob asar oʻzbek tiliga tarjima qilindi. 87 nomdagi monografiya, kitob, katalog va risola nashr etildi. “Imom Buxoriy saboqlari” ilmiy-maʼrifiy jurnalining 34 ta soni chop qilindi.

Markaz tomonidan islom tarixi, ilm-fani va madaniyatida muhim oʻrin tutgan alloma va mutafakkirlar hayoti hamda merosiga bagʻishlangan yuzga yaqin ilmiy-maʼrifiy kitob nashr etildi. Jumladan, “Imom Buxoriy”, “Abu Iso Termiziy”, “Muhammad Xorazmiy”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Alisher Navoiy”, “Gʻuluvning xatari”, “Moturidiylik haqiqati”, “Islom dinida tinchlik”, “Sahihi Buxoriy sharhi” kabi kitoblar aholining keng qatlamiga yetarli darajada yetkazilmoqda.

Markaz faoliyati xalqaro miqyosda ham yuqori baholanmoqda. Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Malayziya, Misr, AQSH, Germaniya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi 20 ga yaqin davlatdagi 47 ta ilmiy muassasa, turdosh markaz va universitet bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan.

Markazning qoʻlyozmalar fondida 644 ta qoʻlyozma, 856 ta toshbosma kitob va 114 ta tarixiy hujjat, jami 1614 manba jamlangan. Ular orasida jismoniy shaxslardan xarid qilingan va hadya etilgan nodir asarlar mavjud. Turkiya va Buyuk Britaniya manbalaridan olib kelingan 50 ga yaqin elektron qoʻlyozma nusxalari ham markaz fondini boyitmoqda.

Shuningdek, Imom Buxoriy asarlarining 41 davlatdagi 256 fondda saqlanayotgan 3300 ta nodir nusxasi aniqlanib, reyestr tuzildi. “Sahihi Buxoriy” qoʻlyozmasining 3161 ta elektron nusxasi jamlandi. 533 ta qoʻlyozmaning kataloglari chop etildi, 503 ta kitobning 173 ming varagʻi raqamlashtirildi. 678 ta qoʻlyozma annotatsiyasi www.bukhari.uz saytiga joylashtirildi, 392 ta kitob sahifasi tozalanib, konservatsiya qilindi.

Yangi Oʻzbekiston davrining yana bir muhim xususiyati jadidlar va qatagʻon qurbonlari nomini tiklash, merosini oʻrganish va xalq xotirasida abadiylashtirishga boʻlgan yondashuvdir. XIX-XX asrlar tarixiga yangicha nigoh bilan qarash, nomaʼlum sahifalarni ochish va inson qadrini ulugʻlash masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

1917-yildagi oktyabr toʻntarishidan boshlab SSSR parchalanguniga qadar siyosiy qatagʻon sovet jamiyatining ajralmas tarkibiy qismiga aylandi. Ayniqsa, 1930-1940 yillarda Oʻzbekistonda qattiq tazyiq, nohaq ayblov va jazolar yuz minglab inson taqdiriga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Ushbu davr bamisoli kafanga oʻralgandek, oʻrganish uchun yopiq va xatarli mavzu hisoblanardi.

Bugun esa ana shu qora sahifalar ochila boshladi. Siyosiy qatagʻon tarixi tadqiq etilib, fojiali oqibatlarini xalqimizga yetkazish, begunoh qurbonlar nomini oqlash, hayoti va faoliyatini chuqur oʻrganish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

2017-yil 31-avgustda Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining muzeyga tashrifi chogʻida bildirgan taklif va tavsiyalari bu yoʻnalishda yangi bosqichni boshlab berdi. Shu asosda 2017-yil 22-noyabrda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi va muzey Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga oʻtkazildi.

Muzey 10 ta boʻlimdan iborat boʻlib, tariximizdagi siyosiy qatagʻon davrini va bugungi oʻzgarishlarni toʻlaqonli aks ettirib kelmoqda. Agar 2017-yilda muzeyda 1000 dan ortiq material mavjud boʻlgan boʻlsa, bugun ularning soni 17 mingdan oshgan. Bu raqam yil sayin ortib bormoqda.

Shu yillar davomida Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahrida ham qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil etildi. Ushbu muzeylar mahalliy darajadagi qurbonlar hayoti va faoliyatini oʻrganish, xalqqa yetkazish, targʻibot ishlarini samarali yoʻlga qoʻyishda muhim oʻrin tutmoqda. Ular asosida kitob-albomlar, monografiyalar va fundamental tadqiqotlar yaratildi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 1937-1953 yillar oraligʻida 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz siyosiy qatagʻon qurboniga aylangan. Ulardan 13 ming nafari otib tashlangan, minglab kishilar nohaq qamoqqa olingan, quloq qilingan va badargʻa etilgan.

Shuningdek, 1980-yillarda ham minglab fuqarolar soxta “paxta ishi” va “oʻzbek ishi” deb nomlangan kampaniyalar qurboni boʻldi. Respublika boʻylab 40 mingga yaqin kishi tergov qilindi, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortildi. Bugungi kunda tarixchilar, arxivchilar va olimlar ushbu davr haqidagi yangi hujjat va maʼlumotlarni faol ravishda toʻplamoqda. Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va poytaxt boʻyicha tuzilgan “Xotira” kitoblariga 40 mingga yaqin qatagʻon qurboni haqida maʼlumot kiritildi.

Ulugʻ jadid Mahmudxoʻja Behbudiy bir asr muqaddam bunday degan edi: “Maorif yoʻlida ishlatturgʻon muallimlarning boshini silangizlar! Maorifga yordam etingiz! Oʻrtadan nifoqni koʻtaringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qoʻymangizlar! Har ish qilsangiz jamiyat ila qilingizlar!”.

Bu satrlar bugungi kun uchun ham aniq dastur, yoʻllanma sifatida xizmat qilmoqda. Zero, vatan taraqqiyoti, xalq farovonligi va milliy mustaqillikning poydevori taʼlim va maʼrifat ekani azaldan ravshan haqiqat boʻlib kelgan.

Taraqqiyot strategiyasida buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib etish borasida belgilangan maqsad bugungi maʼnaviy siyosatimizning ustuvor yoʻnalishidir. Shu maqsadda xalqimizga mansub allomalar asarlarining xalqchil tarjimalari nashr etilmoqda, ilmiy va ommabop risolalar tayyorlanmoqda.

Bugun mahallalarda “Ajdodlar merosi — ibrat va tarbiya maktabi” shiori ostida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar orqali yoshlarda milliy oʻzlikni anglash, tarixga hurmat va vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

“Temur tuzuklari bilimdoni”, “Jaloliddin izdoshlari” kabi harbiy-vatanparvarlik loyihalari orqali ham milliy tariximiz, ajdodlarimizdan meros boʻlib qolgan jasorat va fidoyilik anʼanalari yosh avlod ongiga singdirib borilmoqda.

Xalqning maʼnaviy salohiyatini belgilab beruvchi eng muhim mezonlardan biri kitobxonlik madaniyatidir. Bugungi kunda jadidlar merosini targʻib etish maqsadida “Jadidlar”, “Allomalar” ruknlari ostida qator avtobiografik, falsafiy va qomusiy risolalar nashr etilyapti. Axborot-resurs markazlari ushbu asarlar bilan boyitilmoqda. Yoshlar uchun moʻljallangan ana shunday goʻzal nashrlardan biri “Buyuk allomalar haqida 100 ta fakt” nomli sakkiz tilda chop etilgan kitoblar majmuasidir. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Oʻzbekiston tarixi” telekanali hamkorligida tayyorlangan mazkur kitoblar shu kunlarda yurtimizdagi mavjud 10 mingdan ziyod maktabga bepul tarqatilmoqda. Bu esa maʼrifatparvarlik gʻoyalarining jamiyatda mustahkam oʻrin egallashini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Gapning indallosini aytganda, millat taqdiriga befarq boʻlmaslik, taʼlim va tarbiya masalasini eng muhim ustuvor yoʻnalish sifatida belgilash, xalqimizni bilimli va faol fuqarolarga aylantirish bugungi maʼnaviy siyosatimiz markazida turibdi.

Shuhrat HAYITOV,
filologiya fanlari doktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2025-yil 26-iyul, №152(1478)

Check Also

Ong qudrati va maʼrifat masʼuliyati

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimligida “Jaholatga qarshi maʼrifat” …