Turkiyadagi Islom tafakkuri institutida tashkil qilingan “Movarounnahr toʻrtinchi yozgi seminarlari” doirasida 9 mamlakatdan kelgan olim va tadqiqotchilar ishtirokida ilmiy-maʼnaviy muloqotlar boʻlib oʻtmoqda. Mazkur mashvaratlarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Qodirxon Mahmudov bilan Oʻzbekistondan yana yetti nafar tadqiqotchi ishtirok etyapti.
Oʻquv dasturiga binoan, “Oʻzbekistonda din va diniy taʼlim” mavzusida maxsus seminar oʻtkazildi. Unda mamlakatimizda soʻnggi yillarda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, vijdon erkinligi va diniy bagʻrikenglik tamoyillari, davlat bilan diniy konfessiyalar oʻrtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, islom taʼlimi muassasalarining koʻpayishi, ularning zamonaviy infratuzilmaga ega ekani va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati, ular tomonidan olib borilayotgan tarjima, nashr va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar alohida taʼkidlandi.
Seminar yakunida Islom tafakkuri instituti direktori, professor Mehmet Goʻrmez Oʻzbekistondagi diniy erkinliklar, tarixiy merosning tiklanishi va mamlakatimizning buyuk allomalar vatani sifatida xalqaro miqyosda eʼtirof topayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Professor Bunyamin Erol Oʻzbekistonning diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarini yuqori baholab, bu tajriba mintaqada oʻziga xos namuna boʻlayotganini taʼkidladi.
Bunday xalqaro muloqotlar Oʻzbekistonning din, ilm va maʼnaviyat sohalaridagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.