Avval xabar berilganidek, oʻtgan hafta Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi hamda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Indoneziya Respublikasida boʻldi.
Safar doirasida ikki mamlakat oʻrtasida diniy-maʼrifiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator muhim uchrashuvlar va tashriflar uyushtirildi.
Indoneziya Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirining oʻrinbosari Diaz Hendropiano bilan muloqot chogʻida mamlakatlar oʻrtasidagi maʼnaviy yaqinlik va oʻzaro hurmat alohida taʼkidlandi. Vazir oʻrinbosari “Oʻzbekiston deganda, birinchi navbatda Imom Buxoriy va Indoneziyaning ilk Prezidenti Ahmad Sukarno yodga kelishi”ni alohida taʼkidladi. Shuningdek, Indoneziya xalqi Imom Buxoriyni yuksak qadrlashini, maqbarasini ziyorat qilishga intilish va ishtiyoqi juda kuchli ekanini qayd etdi. Uchrashuv asnosida Imom Buxoriyga chuqur ehtirom ramzi sifatida “Bogor” botanika bogʻiga daraxt koʻchati oʻtqazildi.
Tashrif doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Sharif Hidoyatulloh nomidagi Islom universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi imzolandi. Bu hujjat ikki tomonlama ilmiy aloqalarni mustahkamlash, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish va akademik almashuvni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini yanada yuksaltirishning huquqiy asosi boʻldi.
Mazkur tashrif ikki mamlakat oʻrtasidagi diniy-maʼrifiy va ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi shubhasiz.
Oʻzbekiston delegatsiyasining Indoneziyaga rasmiy tashrifi muvaffaqiyatli yakunlandi.